Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Kutilmaganda porlagan, keyinchalik "yo‘qolib" qolgan futbolchilar

Kutilmaganda porlagan, keyinchalik "yo‘qolib" qolgan futbolchilar

Baho:
+ | -

Ayrim futbolchilar kutilmaganda «yarq» etib porlashadi-yu, keyinchalik negadir ko‘rinmay qolishadi. Masalan, o‘tgan mavsum muvaffaqiyatning asosiy sababchisi bo‘lgan Jeymi Vardi hozirda chempionga xos o‘yin namoyish etolmayapti. Futbol tarixida bu kabi misollar juda ko‘p...

1. Pol Pauer («Everton», 1986|1987)

33 yoshli himoyachi «Man Siti»dagi 15 yillik faoliyati davomida hech narsaga erisholmadi. Uning baxtiga 1986 yil iyunda «Everton» bosh murabbiyi Govard Kendall o‘z jamoasiga taklif etdi. Pauerning Liverpulda shuhrat qozonishiga hech kim ishonmagandi. Ammo Piter Rid hamda Pol Breysvellarning jarohat tufayli uzoq muddatga safdan chiqishgani himoyachiga muntazam maydonga tushish imkonini berdi. U esa shohsupani zabt etishga bel bog‘lagan «Everton» talabi darajasida to‘p sura boshladi. Mavsum davomida murabbiy ishonchini oqlagan holda Pauer barqaror va yuksak professional darajasiga ko‘tarildi, sobiq jamoasi «Siti» darvozasiga urgan golini nishonlashdan o‘zini tiydi! (vaholanki, u paytda bunday olijanoblik an’anasi yo‘q edi). Qisqasi, «Everton»ning tarixiy zafariga salmoqli ulush qo‘shdi. Faxriy himoyachi ilk marta cho‘qqiga ko‘tarildi. Uning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi - murabbiy Ispaniya­ga yo‘l olgach, o‘rnini yoshlar egalladi.

2. Brayan Marvud («Arsenal», 1988|1989)

«Sheffild»ning sobiq a’zosi vinger pozisiyasida to‘p surgan bo‘lsada, tezlik bobida maqtana olmasdi. Lekin uning ustun jihatlari ham yo‘q emasdi - raqiblarni mohirlik bilan ortda qoldirish va jamoadoshlarini aniq uzatmalar bilan ta’minlash Brayan uchun odatiy hol edi. «Arsenal»ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Jorj Grem aynan shu jihatlarni inobatga oldi va 1988 yili 800 ming funt evaziga uni o‘z jamoasiga qo‘shib oldi. Debyutant Mavrud yangi mavsumda Alan Smit tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan beqarorlikka barham berib, hujum chizig‘iga yuksak samaradorlikni baxsh etdi. Oxir-oqibat, «to‘pchilar» chempionlikni nishonlashdi. Brayan muvaffaqiyatning asosiy sababchisi sifatida e’tirof etildi. Afsuski, futbolchining porloq faoliyati ham bahorgi chaqmoqdek qisqa bo‘ldi, jarohat tufayli safdan chiqqan Marvud bosh murabbiy bilan kelisholmay, «Sheffild»ga «surgun» qilindi.

3. Martin Palermo (Argentina, 2009|2010)

Taqdir taqozosi bilan bu futbolchi 1999 yili Kolumbiyaga qarshi bellashuvda Argentina terma jamoasining naq 3ta penaltisini havoga sovurgan va nazardan qolgandi. Biroq 10 yillik tanaffusdan so‘ng Diyego Maradona 2009 yili «Boka Xuniors» a’zosini safga qaytardi. Tabiiyki, murabbiyning tavakkalchiligi ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Ammo Palermo 93-daqiqada raqib darvozasiga hal qiluvchi zarbani yo‘llagach, barcha tanqidchilar tillarini tishlab qolishdi. «Martinning o‘yini - mo‘’jizaning o‘zi!», - degandi o‘shanda Maradona. Terma jamoadagi faoliyatini davom ettirgan Palermo JCH-2010da Gresiya darvozasini ishg‘ol etib, Maradona davridan keyin Argentinaning eng keksa goleadoriga aylandi.

4. Michu («Suonsi», 2012|2013)

Ispaniyalik hujumkor yarim himoya­chi APLdagi debyutini o‘ta shiddatli boshlab, «KPR»ga qarshi bahsda «dubl»­ga erishdi. Mavsumni 22ta gol bilan yakunlagan Michu Ispaniya termasidan taklif oldi, uning kamtarin klubi esa Liga kubogini qo‘lga kiritdi. «Arsenal» va «Chelsi» darvozalariga yo‘llagan fantastik zarbalaridan so‘ng Michuning xaridorlari ko‘payib ketdi. Biroq u «Liberti Stedium»da qolishni ma’qul ko‘rdi. Afsuski, ketma-ket olingan jarohatlar Michuni to‘p surish imkoniyatidan mahrum etdi. Shu bois Ispaniya 4-divizioniga yo‘l olgan futbolchi hozir Segundada «Ovyedo» sharafini himoya qilmoqda.

5. Marko Negri («Reynjers», 1997|1998)

Bu futbolchi glazgoliklar jamoasiga 3,5 mln. funt evaziga «Perudja»dan o‘tgandi. Shotlandiyadagi startni u fantastik natija - 10ta uchrashuvda 23ta gol urgan holda boshladi. 27 yoshli hujumchi mavsumni 32ta gol bilan yakunladi. Ammo uning «Reynjers»dagi faoliyatiga ko‘z tegdi - ko‘zidan jiddiy jarohat olgan Marko keyingi mavsumda atigi 3 marta maydonga tushdi. Keyinchalik italiyalik hujumchi boshqa jamoaga ijaraga berildi. Shu tariqa sermahsul to‘purar katta sahnadan yiroqlashib ketdi.

6. Frenk Uortington («Sautgempton», 1983|1984)

«Frenkni men shuning uchun xarid qildim-ki, eski uvadalar ichidan javohir topishni xush ko‘raman. Uning yorqin uslubi muxlislarga ma’qul kelishini yaxshi bilardim», - degandi «avliyolar»ning sobiq ustozi Lori Makmenemi. Darhaqiqat, bir paytlar yorqin faoliyat yuritgan Uortingtondan mo‘’jiza kutilmagandi. Uning klub ostonasiga tor jinsi shim va kovboylar shlyapasida tashrif buyurgani ko‘pchilikning kayfiyatini ko‘targandi. Tez orada 35 yoshli hujumchi mazkur oliftagarchiliklar bejiz emasligini isbotladi. «Sautgempton» mavsumni faqat «Liverpul»nigina oldinga o‘tkazib yuborgan holda vise-chempion maqomida yakunladi. Hujumchi «Brayton» bilan yangi sarguzashtlar sari otlandi.

7. Asamoa Gyan («Sanderlend», 2010|2011)

«Umid qilamanki Asamoa jamoamizga yangi cho‘qqilarni zabt etishda ko‘mak beradi. Boz ustiga, shunday bo‘lishiga shaxsan men ishonaman», - degandi Niall Kuinn ganalik yulduzni 13 mln. funtga xarid qilgan payt. Darhaqiqat, baquvvat hujumchining tajovuzkor uslubi tez orada o‘z samarasini berdi - debyutini «Stok» darvozasini ishg‘ol etish bilan boshlagan Gyan mavsumni jamoa to‘purari (10ta gol) sifatida yakunladi. «Sanderlend» esa marraga 7-o‘rinda yetib keldi. Atigi bir mavsum to‘p surgan hujumchi kutilmaganda jamoani tark etdi. BAAning «Al-Ayn» jamoasiga o‘tish orqali o‘z maoshini 3 baravarga kupaytirib olgan bo‘lsada, APL muxlislari xotirasidan unut bo‘ldi.

8. Brayan Kilklayn («Nyukasl», 1991|1992)

«Biz o‘ta nochor holatga tushib qoldik, quyi ligaga ravona bo‘lganimizda boshimizga ne kunlar tushishini tasavvur ham qilolmasdim. Xayriyatki, Kilklayn jamoaning xaloskoriga aylandi», - degandi 3-divizionga yo‘l olish xavfi ostida qolgan «Nyukasl»ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Kevin Kigan. Bir yil avval «Oldxem»dan taklif etilgan va kelishi bilan sardorlik mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan himoyachi orqa chiziqdagi muammolarga barham berdi. «U raqiblarimiz uchun qanchalik dahshatli bo‘lsa, jamoadoshlari uchun ishonchli qalqonga aylandi. Brayan murabbiylik davrimdagi eng muhim xaridim ekaniga shubha qilmayman», deydi Kigan. Sobiq jamoadoshi - Pol Breysvell­ning ta’biri bilan aytganda, «dahshatli Viking» laqabli «Koventri»ning sobiq sardori ayniqsa, «ikkinchi qavat»dagi ishonchli o‘yinlari evaziga «Nyukasl»ni halokatdan saqlab qoldi. Murabbiy u haqda qanchalik maqtovlar yog‘dirmasin, jamoani qaytadan shakllantirishga qaror qildi. Oqibatda Kilklayn chinakam qahramon sifatida «Nyukasl»ni tark etdi.

9. Brayan Robson («Midlsbro», 1994|1995)

O‘sha davrda izzattalab «Boro» yorqin o‘yinlarini namoyish etayotgan, yangi stadioni va yuksak maqsadlari bilan haqli ravishda maqtana oladigan jamoa edi. Klub direktori Stiv Gibson muvaffaqiyatni rivojlantirish maqsadida «MYU» afsonasi Brayan Robsonni o‘ynovchi murabbiy lavozimiga taklif etdi. Faxriy futbolchi esa o‘z saviyasi va kuch kudrati talab darajasida ekaniga shubha qilmasdi: «To‘g‘ri, tizza va belim holati navqironlikdan yiroq edi. Tejamkorlik bilan harakat qilsam, yarim himoya chizig‘ini talab darajasiga olib chiqa olaman». Chindan ham, Robsonning ko‘magi evaziga «Boro» APLga ko‘tarildi. Yangi mavsumda Bra­yan faqat murabbiylik bilan kifoyalanib, o‘rnini Juninyo kabi yosh iqtidorlarga bo‘shatib berdi. «Robsonning ulushini baholash juda mushkul. Usiz stadionni to‘ldirishning iloji yo‘q edi. Brayan xuddi ohanrabodek hammaning e’tiborini tortdi, nafaqat muxlislar, balki jamoamizda to‘p surish niyatida bo‘lgan yulduzlar ham ko‘paydi», - deydi Gibson.

10. Esteban KamByasso («Lester», 2014|2015)

«Kuchu» («Qariya») laqabli yarim himoyachi Argentinaning eng sovrindor futbolchisi hisoblanadi. 35 yoshli Esteban 23ta sovrindan iborat kolleksiyaning sohibi. «Lester» uchun jonini tikkanini e’lon qilganida, ko‘pchilikni taajjubga solgandi. Faxriy futbolchi qarori qat’iy ekanligini amalda isbotladi - Kambyassoning samarali harakatlari evaziga «tulkilar» muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritib, chempionshipga tushib ketishdan qutulib qolishdi. Bosh murabbiy Nayjel Pirson Estebanni barchaga ibrat bo‘ladigan o‘yinchi sifatida e’tirof etdi. Muxlislar ham uni yilning eng yaxshi futbolchisi unvoniga loyiq topishdi. Afsuski, APLdagi 31ta uchrashuvdan keyin Kambyasso yangi shart­nomani rad etib, YECHLda «Olimpiakos» safida paydo bo‘ldi. Albatta, futbolchining qarorini muhokama qilishga haqqimiz yo‘q. Lekin «Lester»dagi faoliyatini davom ettirganida, sovrinlari soni yana bittaga ko‘paygan bo‘larmidi...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:18, 30.03.2017.
O'qildi: 23239 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.