Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Har soxadan bir shingil yoxud Osiyo futboli haqida siz bilmagan faktlar

Har soxadan bir shingil yoxud Osiyo futboli haqida siz bilmagan faktlar

Baho:
+ | -

1956 yili ilk marta o‘tkazilgan Osiyo kubogining qit’a futbolida 1-raqamli musobaqaga aylanishi oson kechmagan. Zero, o‘sha vaqtlar ulkan Osiyoda futboli rivojlangan mustaqil davlatlar sanoqli edi. Ha, Isroil va Gonkong terma jamoalari chindan ham, kuchli sanalgan. Janubiy Vyetnam milliy jamoasi esa faqat siyosiy sabablar tufayli o‘zini ko‘rsatishga zo‘r bergan.

Faqat 90-yillar boshiga kelib, hammasi nisbatan me’yorga tushdi. Ya’ni jamoalarda qit’a kubogiga nisbatan qiziqish bir muncha ortdi. Hozirgacha atigi 8ta terma jamoaga Osiyo futboli bosh sovrinini yutish nasib etgani ko‘p narsadan dalolat.

Bular - Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Eron, J.Koreya, Isroil, Quvayt, Iroq va «begona» Avstraliya. Ishonmasligingiz mumkin, lekin bu fakt: Hindiston va Myanma termalari vaqtida mazkur turnir finaliga chiqishgan (tegishlicha 1964 va 1968 yillarda).

*** Osiyo kubogi-2019 turniri mezboni bo‘lishga da’vogarlik qilgan, lekin keyinroq arizani qaytarib olgan mamlakatlar: Bahrayn, Xitoy, Livan, Malayziya, Ummon, Saudiya Arabistoni va Tailand.

*** FIFA jahon chempionati saralash o‘yinlariga hakam tayinlashning o‘ziga xos tizimiga amal qiladi. Lekin JCH-2002 saralashi doirasidagi Xitoy - O‘zbekiston o‘yini Kosta-rikalik Rodrigo Badilya va Osiyo kubogi-2004 guruh bosqichida kechgan O‘zbekiston -  Saudiya Arabistoni uchrashuvi beninlik Koffi Kojaga topshirilgani sababini tushuntira oladigan mutasaddi topilmasa kerak.

*** FIFA Ijroiy qo‘mitasida ishlaydigan osiyolik funksionerlar: vise-prezident: shayx Salmon Bin Ibrohim al Xalifa (Bahrayn), a’zolar: shahzoda Abdulloh (Malayziya), shayx Ahmad al Saboh (Quvayt), Kozo Tashima (YAponiya).

*** FIFA Odob-axloq (etika) qo‘mitasida ishlaydigan osiyolik funksionerlar: Alan Sallivan (Avstraliya), Akixiro Xara (YAponiya).

*** Osiyoda jahon chempionatlari saralashi mutlaq to‘purarlaridan biri - bu  Yaponiya termasi afsonasi «Qirol Kazu», ya’ni mashhur Kazuyoshi Miura. 50 yoshini qarshilaganiga qaramay, hamon professional darajada o‘ynayotgan hujumchi JCH-94 saralashida 13ta, keyingi siklda esa 14ta gol urgan. Demak, Miura hisobida jami 27ta gol bor.

Umuman, bu futbolchi «samuraylar» safida 11 yil (1990-2000) o‘ynab, 55ta golga mualliflik qilgan. Miura xususan, O‘zbekiston terma jamoasi darvozasini naq 5 marta ishg‘ol qilgan. Yuqorida ta’kidlandi, «Qirol Kazu» ayni payt ham yashil maydonlarda javlon urmoqda («Yokogama» FK safida).

*** Yaponiya J-ligasining 2016 yilgi mavsumida poytaxt - Tokio megapolisining o‘zidan 7ta jamoa qatnashdi: «Tokio», «Kashiva Reysol», «Kavasaki Frontale», «Omiya Arija», «Shoxan Bellmare», «Urava Reds Daymonds», «Yokogama Marinos». Joriy mavsum ham shu 7ta klub oliy divizionda ishtirok etyapti. Aytgancha, amaldagi chempion Tokiodan emas - «Kashima Antlers».

*** Qatarning «Al-Rayyan» klubi joriy mavsum 50 yillik yubileyini nishonlaydi. 1967 yili Al-Rayyan muzofotida tashkil topgan bu klubga ayni payt daniyalik taniqli murabbiy Mikael Laudrup bosh murabbiylik qilmoqda. «Al-Rayyan» Qatarning 8 karra chempionidir. Xususan, avvalgi mavsum ham aynan shu jamoa oltin medal sohibiga aylangandi. E’tiborli fakt: 1998 yildan buyon «Rayyan»ni faqat xorijlik murabbiylar boshqarishyapti.

*** «Qizilqum» klubi bundan 50 yil muqaddam Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishchilari tomonidan «Progress» nomi ostida tuzilgandi. Bu jamoaga Zarafshon shahri tashkil topganidan 2 yil o‘tib, asos solingan. Jamoa ortda qolgan 50 yillik davrda 3ta nom ostida faoliyat yuritdi: «Progress», «Zarafshon» va «Qizilqum». Navoiyliklar 2002 yili O‘zbekiston oliy ligasida 3-o‘rinni band etishdi va bu hozirgacha klub tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lib turibdi.

*** Yaponiya va J.Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi qarama-qarshilik Janubi-SHarqiy Osiyodagi eng shiddatli derbi sanaladi. Ikki jamoaning o‘zaro hisob-kitobi 1954 yilning 7 martidan boshlangan. So‘nggi to‘qnashuv esa 2015 yilning 5 avgustida kuzatildi. Ayni payt ustunlik koreyslar tomonida: 40ta g‘alaba, 23ta durang, 14ta mag‘lubiyat. To‘plar nisbati: 117-69. 

*** FIFA tomonidan joriy yil 9 mart kuni e’lon qilingan so‘nggi jahon reytingining  dastlabki yuztaligida Osiyodan 10ta terma jamoa bor. Taqqoslash uchun aytsak, AFK (Afrika)ning naq 27ta (!) a’zosi top-100dan joy oldi.

*** Futbol qiroli Pele o‘ziga xos «FIFA 100» ro‘yxatini tuzgan va bundan ko‘pchilik xabardor. Mazkur elit ro‘yxatga Osiyodan atigi 2 nafar futbolchi kiritilgan -  Xidetoshi Nakata (YAponiya) va Xon Myun Bo (Janubiy Koreya). Pele talqinidagi kuchlilar reytingi 2004 yilning 4 mart kuni Londonda e’lon qilingandi.

*** Sport ekipirovkalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan dunyoga mashhur Joma kompaniyasi qit’amizda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Maldiv orollari terma jamoalarini kiyintiradi.SHuningdek,Osiyodagibir qator klublar Ispaniya brendi bilan hamkorlik qilishadi: «Al-Ittihod», «Al-Tavon», «Al-Vahda», «Hajer» (Saudiya Arabistoni); «Piruzi» (Eron); «Safa» (Livan); «Istiqlol» (Tojikiston). O‘zbekistonning naq 12ta klubi aynan Joma mijozidir.

*** Transfermarkt.co.uk manbasi ma’lumotlariga tayansak, ota-bola futbolchilarning  milliy jamoada ko‘p o‘ynash bobidagi reytingida Janubiy koreyalik Bum Kun Cha (135ta o‘yin) va Cha Du Ri (74ta o‘yin) yetakchilik qilishmoqda. Ikkisi J.Koreya terma jamoa safida umumiy hisobda jami 209 marta maydonga tushgan. OFK bo‘yicha ikkinchi yaxshi natija singapurlik Fandi Ahmad va Irfan Ahmadga tegishli - 102ta o‘yin.

*** OFK miqyosidagi jahon chempionatlari saralashida eng ko‘p o‘yin boshqargan hakamlar to‘rtligi: Abdul Malik (Singapur, 13ta), Ravshan Ermatov (O‘zbekiston, 12ta), Kim Dong Jin (J.Koreya, 11ta), Benjamin Uilyams (Avstraliya, 11ta).

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:23, 01.04.2017.
O'qildi: 12397 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.