Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Oilaviy konveyer yoki futbolchilar sulolasi

Oilaviy konveyer yoki futbolchilar sulolasi

Baho:
+ | -

Olma daraxti tagiga olma tushadi yoxud futbol ham oilaviy qadriyatlardan uzoq emas. Hayotda ota kasbini tanlagan insonlar juda ko‘p. Buni nafaqat o‘zimizda, balki butun jahon tajribasida ko‘rish mumkin. Futbol olamida ham bir qator ajoyib sulolalar shakllangani hech kimga sir emas. Bugungi kunda yaqin o‘tmishning eng ilg‘or vakillari - Zayniddin Zidan, Patrik Klyuyvert, Ronaldinyo, Diyego Simeone kabilarning zurriyotlari katta sahnada otalari kabi nur sochish harakatini boshlab yuborishgan. Xullas, navbatdagi maqola 10ta eng mashhur sulola haqida.

MALDINILAR SHAJARASI

Bobo: Chezare Maldini; ota: Paolo Maldini; o‘g‘illar: Kristian va Daniele Maldini. O‘g‘ilning mashhur otadan o‘zib ketish tarixi. Chezare Maldini italyan futboli afsonasi edi, uning o‘g‘li Paolo esa butun dunyo darajasida shunday maqomga erishdi. Maldinilarning uchinchi avlodi vakillari - aka-uka Kristian va Daniele ham «Milan» akademiyasida shug‘ullanishdi. 20 yoshli Kristian «rossonerlar» tarkibiga o‘rnasholmadi, 15 yoshli Daniele esa otasi va bobosiga tegishli «3» raqamiga asosiy da’vogar sanalmoqda. Zero, «Milan» rahbariyati buni Maldinilar oilasiga meros qoldirgan.

KATALONCHA NOM

Ota: Yoxan Kroyff; o‘g‘il: Xordi Kroyff. «Ayaks» va «Barselona» afsonasi Kataloniyaga shunchalik bog‘lanib qoldiki, o‘g‘liga mahalliy ism tanladi - Xordi. To‘g‘ri, Gollandiyada bu nomni osongina boshqacha talqin qilishdi - Yordi. Golland futboli tarixidagi eng yaxshi o‘yinchining zurriyoti ham boshida katta umid uyg‘otdi. Deylik, debyut mavsumida «Barselona» uchun 9ta gol urdi, «lolaranglar» bilan Yevro-96ga borib, chakki taassurot qoldirmadi va «MYU»ga o‘tdi. Biroq shu transfer kichik Kroyff faoliyatini izdan chiqardi. Xullas, Xordi «qizil iblislar» asosiy tarkibiga kirolmay, Ispaniyaga qaytdi va o‘rtamiyona klublarda o‘ynash bilan cheklandi. 2000-yillar o‘rtalarida esa hattoki, Doneskning «Metallurg» jamoasida ko‘rinish berdi. Xordi Kroyff ayni payt «Makkabi» (Tel-Aviv)da sport direktori sifatida ishlamoqda.

BUSKETSNING ASOSIY «SEYV»I

Ota: Karles Buskets; o‘g‘il: Serxio Buskets. «Barselona»ning 90-yillardagi darvozaboni Karles Buskets o‘zining asosiy «seyv»ini futbol maydoni emas, balki shaxsiy xonadonida amalga oshirdi. Ya’ni kiper tasodifan qizigan dazmol mittigina o‘g‘li ustiga tushayotganini ko‘rib qoladi va jon holatda tashlanib, yalang‘och qo‘llari bilan elektrojihozni ushlab oladi, xuddi to‘pni ilgani kabi. Natijada katta Busketsning qo‘li kuyadi va u uzoq vaqt azob tortadi. Jarohatlanishdan qutqarilgan Serxio esa ajoyib yarim himoyachi bo‘lib ulg‘aydi va mana, nafaqat «Barselona», balki Ispaniya termasiga ham ko‘p naf keltiryapti.

«YUK TASHUVCHI» VA BASTAKOR FARZANDLAR

Ota: Mazinyu; o‘g‘illar: Tyago Alkantara, Rafinya. Braziliyalik tayanch yarim himoyachisi Mazinyu «qora ishlar» ustasi sifatida tanilgan. Deylik, JCH-94da Romario va Bebeto «chalgan» royalni aynan u «ko‘tarib» yurgandi. Taqdir ekan, Mazinyu faoliyatidan so‘ng Kataloniyadan qo‘nim topdi va «Barselona»ga ikki ajoyib futbolchini tortiq etdi. Eng qizig‘i, sobiq «yuk tashuvchi»ning o‘g‘illari haqiqiy futbol bastakorlari sifatida nom qozonishmoqda. Tyago Alkantara avvaliga «blaugrana» asosiy tarkibiga kirish uchun Xavi va Andres Inyesta bilan raqobatlashdi, keyin Xosep Gvardiola ortidan «Bavariya»ga yo‘l oldi. Rafinyaning esa «Selta»da ijara asosida o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. U endilikda «Barselona»da yetarli amaliyotga ega bo‘lmoqda.

GAMLETNING O‘G‘LI

Ota: Gamlet Mxitaryan; o‘g‘il: Genrix Mxitaryan. Katta Mxitaryan o‘tgan asrning 80-yillarida «Ararat» yulduzi darajasiga ko‘tarilgan. Yerevanlik hujumchi sobiq ittifoqning 1984 yilgi chempionatida 3ta «xet-trik» va bitta «poker» qayd etgandi. To‘g‘ri, u sobiq ittifoq terma jamoasida aytarli o‘ynagan emas. O‘g‘li Genrix esa zamonaviy Armaniston milliy jamoasining bosh umidiga aylandi. Yarim himoyachi avvaliga «Shaxtyor» (Donesk)da ko‘zga tashlandi, keyin Dortmund «Borussiya»sida yetakchilar qatoriga qo‘shildi. Ayni payt «MYU»da ham so‘nggi rollarda emas.

«YUVENTUS»GA «DUSHMAN»

Ota: Diyego Simeone; o‘g‘il: Jovanni Simeone. Yaqinda baxtiyor ota Diyego Simeone «Tvitter» tarmog‘iga bitta e’tiborni tortadigan kollajni joylashtirdi. Tepada - o‘zining «Yuventus» darvozasiga urilgan golni nishonlash paytidagi surati, pastda - o‘g‘lining shunday holati. Ikki surat bir xil. Xullas, Diyego va Jovanni «keksa sinyora» darvozasiga urgan gollarini o‘xshash tarzda nishonlashgan. Jovanni Simeone bemalol Madrid «Atletiko»si safiga qo‘shilib, yulduz otasi ko‘z ostida xotirjam o‘ynashi ham mumkin edi. Biroq u boshqacha yo‘lni tanlab, «Jenoa» taklifini qabul qildi. Kichik Simeone hozircha chakki ko‘rinmayapti. Deylik, yosh hujumchi «Yuventus»ni 2ta gol asnosida ranjitishga ham ulgurdi.

APL G‘OLIBINING OTASI

Ota: Peter Shmeyxel; o‘g‘il: Kasper Shmeyxel. «MYU»dagi faoliyati davomida afsona maqomini olgan Peter Shmeyxel bahorda «Tvitter»dagi sahifasi statusini o‘zgartirdi. Sobiq golkiper balandparvoz shiorlar o‘rniga  3tagina ibora yozib qo‘ydi - «APL g‘olibining otasi». Ko‘rinishidan, katta Shmeyxel «Lester»ning «sensasion» muvaffaqiyatidan o‘zgacha ilhomlangan, shekilli. Bunda hayron qoladigan tomoni ham yo‘q. Axir o‘g‘li - Kasper «tulkilar»ning chempion bo‘lishlariga misli ko‘rilmagan darajada katta ulush qo‘shdi. Aslida u g‘alaba yo‘lida uzoq ishladi. Ya’ni avvaliga «Manchester Siti»da Jo Xart bilan raqobatda ustun kelolmadi, keyin «Falkirk», «Beri» va «Darlington» kabi kamtarin jamoalarda ijara shartnomasini o‘tadi. «Lester» safiga qo‘shilishidan oldin esa «Lids» sharafini himoya qildi. Xullas, Kasper 2016 yilning may oyiga kelibgina mashaqqatli mehnatlari samarasini ko‘rdi.

OILAPARVARLIK EMAS

Ota: Danni Blind; o‘g‘il: Deyli Blind. Kichik Blind «Ayaks» asosiy tarkibidan joy olgan payt otasi klubda direktor lavozimini egallab turgandi. Biroq alohida aytish joiz, Amsterdam jamoasi sobiq himoyachisi bu borada hech qanday oilaparvarlikka yo‘l qo‘ygan emas. Misol uchun, Deyli ikkinchi mavsumda «Groningen»ga yuborildi - ijara. Universallik  xususiyatlaridan bebahra qolmagan himoyachi faqat mavsum-2012|2013ga kelibgina «Ayaks» yetakchilaridan biriga aylandi. Keyin JCH-2014da milliy jamoaci sharafini munosib himoya qildi va «MYU»dan taklif olib, uning safiga qo‘shildi.

AKA-UKA POYGASI

Ota: Zayniddin Zidan; o‘g‘illar: Enso va Luka Zidan. Aslida buyuk va betakror Zizuda 4 nafar o‘g‘li bor. E’tiborlisi, ularning barchalari aynan futbolni tanlashgan. Eng iqtidorlisi sifatida esa darvozabon Luka e’tirof etiladi. Zero, u 2008 yili «Real» bilan yoshlar o‘rtasidagi YECHLda g‘olib chiqish barobarida Fransiya o‘smirlar termasining Yevropa chempionatida zafar quchishiga yordam berdi. Biroq «Qurollik klubi»da birinchi bo‘lib, akasi Enso debyut qildi. Diqqatga sazovor tomoni, Zidanning to‘ng‘ich o‘g‘li ilk o‘yinini gol bilan bezadi.

«REAL» IXTIYORIDAGI O‘G‘IL

Ota: Dmitriy Cherishev; o‘g‘il: Denis Cherishev. Rossiya va sobiq ittifoq futbolida ham sulolalar yetarli: Aleksandr va Yuriy Sevidov, Shustikovlar oilasi vakillari (ularning «Torpedo»dagi rollari Maldinilar va «Milan» munosabatlaridan kam emas). Biroq oxirgi misol - Cherishevlarga to‘xtalish maqsadga muvofiqroq. Hujumchi Dmitriy Cherishev1996 yili Moskva «Dinamo»sidan Xixonning «Sporting» klubiga o‘tdi va Ispaniyada ancha uzoq yashab qolishiga to‘g‘ri keldi. Zero, bunga zalvorli sabab bor edi - o‘g‘li «Real Madrid» akademiyasida shug‘ullanayotgandi. Ha, Denis harchand urinmasin, «Qirollik klubi» asosiy tarkibiga o‘rnasholmadi. Lekin «Sevilya» bilan YEL g‘olibiga aylandi, keyin «Vilyarreal»da munosib to‘p surdi. Oxirgi vaqtlarda esa jarohatlar sabab, barqaror o‘ynashda qiynalyapti.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:02, 03.04.2017.
O'qildi: 8185 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.