Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Buyuk Buffonning buyuk rekordlari

Buyuk Buffonning buyuk rekordlari

Baho:
+ | -

Betakror Janluiji Buffon sermahsul faoliyati davomidagi yubiley - 1000-o‘yinini Italiya terma jamoasi libosida nishonladi va bunda o‘ziga xos ramziy ma’no bordek.

Zero, u avvalo, sadoqat namunasi va italyan xalqining fidoiy farzandi sifatida nom qozongan. Interfutbol.uz sayti ijodkorlari buyuk Jijining buyuk ko‘rsatkichi bahonasida darvoza qo‘riqchilari tomonidan qayd etilgan rekordlar daftarini ochishdi...

1816 daqiqa - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha jahon rekordi. Bu natija o‘tgan asrning 70-yillari «Vasko da Gama» muxlislarini behad quvontirgan Jeraldo «Mazaropi» Pereyraga tegishli. Faqat yevrofutbolni olsak, bu borada «Bryugge»ning sobiq kiperi Dani Verlinden eng yaxshi natijaga ega. U 1390 daqiqa davomida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.

1377ta o‘yin - yuqori darajadagi o‘yinlarda ko‘p qatnashish bo‘yicha jahon rekordi. Bunday natijani Angliya terma jamoasi va «Lester» hamda «Nottingem Forrest» klublari sharafini himoya qilgan Piter Shilton qayd etgan. Xizmat daftarchasiga 1000dan ortiq o‘yin yozilgan kamsonli darvozabonlar orasida yana Devid Simen, Rey Klemens va Andoni Subisarreta kabi mashhurlar bor.

1311 daqiqa - darvozani «qu-ruq» saqlash seriyasi bo‘yicha Yevropaning top-5ta  chempionati rekordi. Eng zo‘r milliy chempionatlar rekordini gollandiyalik Edvin van der Sar o‘rnatgan - 2009 yilning boshida «MYU» safida. Germaniyalik Manuel Noyer bundan 6 yil muqaddam ushbu rekordni qulatishga zo‘r berdi, ammo Xolger Badshtuberning avtogoli barchasini chippakka chiqardi. Ya’ni Noyerning «quruq» seriyasi 1147-daqiqada uzildi.

1127 daqiqa - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha sobiq ittifoq futboli rekordi. Muallif - Viktor Bannikov (Kiyev «Dinamo»si, 1968 yil).

974  daqiqa - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha «A» seriyasi rekordi. Bu kimga tegishli? Albatta, Janluiji Buffonga-da. Jiji o‘tgan yili «quruq» seriyasini deyarli 1000 daqiqaga yetkazdi.

952 daqiqa -  darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha Ispaniya rekordi (barcha turnirlar hisobidan). Iker Kasilyasning ajoyib seriyasi CHL doirasida «Shalke»ga qarshi kechgan bahsda uzildi. Ammo u Abel Resino («Atletiko») tomonidan o‘rnatilgan rekordni yangilashga ulgurgandi va bu «Real» fanatlariga alohida faxr tuyg‘usini bag‘ishladi.

941 daqiqa - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha Rossiya rekordi. Ruslan Nigmatullin 1999 yilning oktyabridan 2000 yilning mayigacha «Lokomotiv» (Moskva) darvozasiga gol urilishiga yo‘l qo‘ymagandi. Bunday uzun seriya hattoki, Ispaniya va Germaniya chempionatlarida ham kuzatilmagan.

912 daqiqa - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha Germaniya bundesligasi rekordi. «Boxum» darvozasini qo‘riqlagan Reyn van Deynxoven ketma-ket o‘yinlarda jamoasi joniga oro berib, shu bilan bundesliga golkiperlari uchun cho‘qqi hosil qilgandi. Ushbu rekordning 30 yildan buyon yangilanmayotganini ta’kidlash joiz.

776 daqiqa - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha La-liga rekordi.  Klaudio Bravo ushbu seriyani «Real Sosyedad» (21 daqiqa)da boshlab, «Barselona»da davom ettirgan. E’tiborlisi, chililik kiperning «qu-ruq» yurishiga 2014 yilgi «El-klasiko»da Krishtianu Ronaldu nuqta qo‘ygandi.

762 daqiqa - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha Ukraina futboli rekordi. Kiyev «Dinamo»si va mamlakat terma jamoasi darvozasini uzoq vaqt sharaf bilan himoya qilgan Aleksandr Shovkov-skiyning seriyasi shuncha daqiqaga cho‘zilgandi.

594 daqiqa - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha Yevropa chempionati final bosqichlari rekordi. Edvin van der Sar 3ta turnir (1996, 2000 va 2004 yillar) davomida shunday natijaga erishib, Dino Zoff­ga tegishli bo‘lgan 494 daqiqalik rekordni yangilagandi.

168ta o‘yin - Italiya terma jamoasi darvozasini ko‘p qo‘riqlash bo‘yicha rekord. Janluiji Buffon bu borada yana bir buyuk ampluadoshi Iker Kasilyasdan o‘zib ketdi, ammo uning jahon rekordiga yetishi amri-mahol. Axir Italiya futbolida uning milliy jamoadagi o‘rniga da’vogar ajoyib yosh kiperlar bor.

162ta o‘yin - darvozani «quruq» saqlash seriyasi bo‘yicha sobiq ittifoq|Rossiya futboli rekordi. Igor Akinfeev shuncha o‘yinda gol qo‘yib yubormay, afsonaviy Lev Yashin (sobiq ittifoq birinchiligida 160ta «quruq» o‘yin) rekordini yangiladi. Sobiq ittifoq oliy ligasi Rossiya premyer-ligasidan ancha kuchli bo‘lgani tayin, ammo fakt shuki, eng yaxshi natija SSKA darvozaboniga tegishli.

131ta gol - to‘purar darvozabon rekordi. Ayrim manbalarda futbol tarixidagi eng sermahsul golkiper - Rojerio Seni («San-Pau-lu»)ning hisobida 135ta gol borligi qayd qilingan. Braziliyalik darvozabon bu gollarining barchasini jarima zarbasi va penalti orqali urgan. Umuman, Seni 23 yilga cho‘zilgan faoliyati davomida 1257ta o‘yin o‘tkazgan.

102ta o‘yin - darvozani «quruq» saqlash bo‘yicha ayollar futboli rekordi. AQSH ayollar terma jamoasining afsonaviy golkiperi Xoup Soloning bu borada erkaklar bilan tenglashishi qiyin. Umuman, u tarixda 100 «quruq» o‘yin marrasiga yetgan birinchi darvozabon sanaladi. Aytgancha, Solo o‘tgan yili shvesiyalik ayollarni «Qo‘rqoqlar to‘dasi», deya ta’riflagani uchun 6 oyga diskvalifikasiya qilindi.

101ta o‘yin - darvozani «quruq» saqlash bo‘yicha Ispaniya terma jamoasi rekordi. Milliy jamoalar miqyosidagi jahon rekordi ham aynan Iker Kasilyasga tegishli. U gollandiyalik Edvin van der Sar (72ta o‘yin) natijasini ancha yaxshilab qo‘ydi.

75 million yevro - darvozabonlar transferi rekordi. Bunda inflyasiya hisobga olingan. Aslida Janluiji Buffon «Yuventus» safiga 2001 yili 54 million yevro evaziga qo‘shilgandi. Xullas, inflyasiya darajasi inobatga olinsa, bu summa ayni kunda 75 «limon»ga teng. Demakki, Jiji 16 yildan buyon futbol tarixidagi eng qimmatbaho darvozabon bo‘lib turibdi.

42,6 foiz - «quruq» o‘yinlar nisbati bo‘yicha rekord. Janluiji Buffon Albaniya termasiga qarshi uchrashuvda 1000-o‘yini nishonlashdan tashqari, 426-marta o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qoldi. Boshqacha aytganda, u o‘yinlarning deyarli yarmida gol jabrini chekmagan. Jiji katta futbolda 1995 yili buyuk «Milan»ga qarshi uchrashuvda debyut qilib, Jorj Vea, Roberto Badjo, Franko Barezi, Demetrio Albertini va Paolo Maldini kabi yulduzlarning «Parma» darvozasini ishg‘ol etishlariga yo‘l qo‘ymagandi.

41ta gol - alohida natija. Kolumbiya futboli afsonasi Rene Igita g‘aroyib taqdir egasi. U maydonda antiqa xatti-harakatlari bilan ajralib turardi. Deylik, Angliya termasiga qarshi uchrashuvda «chayon zarbasi» nomini olgan betakror «seyv»ni amalga oshirganki, muxlislar bu «hunari»ni hech qachon unutmasalar kerak.

28 nafar golkiper -  «Lev Yashin klubi» a’zolari. Ushbu faxriy ro‘yxatga sobiq ittifoq va Rossiya futbolida 100ta yoki ko‘proq o‘yinda gol qo‘yib yubormagan posbonlar kirishadi. Ayni payt reytingni Igor Akinfeev boshqarib boryapti, Rinat Dasayev va Yevgeniy Rudakov uning ortida joylashishgan. Sergey Rijikov esa 5-pog‘onadagi Vyacheslav Malafeev o‘rnini egallash imkoniyatiga ega. To‘g‘ri, uning 4-pog‘onadagi Yashinga yetishi ancha mushkul. Zero, afsonaviy kiper hisobida 200tadan ortiq «quruq» o‘yin bor.

26ta gol - Yevropa top-ligalari rekordi. «Bayer» va «Bavariya» klublari sobiq kiperi Xans-Yorg-Butt shuncha golga mualliflik qilgan. U shuningdek, CHL bahslarida 3ta gol urgan va bu ham rekord natijadir.

16ta «seyv» - jahon chempionati rekordi. Ushbu natija oxirgi JCHda qayd etildi. Ya’ni AQSH termasi posboni Tim Xovard Braziliya mundiali doirasida belgiyaliklarga qarshi kechgan bahsda naq 16 marta «seyv» ko‘rsatdi.

13ta gol - o‘ziga xos natija. Peter Shmeyxel o‘z faoliyati davomida shuncha gol urgan. E’tiborlisi, daniyalik kiper hattoki, o‘yin holatidan ham o‘z ampluadoshini ranjitish uddasidan chiqqan. Garchi katta Shmeyxelning APLda «quruq» o‘yinlar soni bobida o‘rnatgan rekordini yangilagan bo‘lsalarda, u xafa emas. Ya’ni Kasperning otasi faoliyatidan mutlaqo mamnun. Aytishlaricha, hozir bukmekerlik idoralarida uning nevarasi ham Angliya chempionatida g‘olib chiqishi yuzasidan pul tikishayotgan ekan (boz ustiga, bobosi va otasidan kam vaqt sarflagan holda).

10ta o‘yin - jahon chempionatidagi «quruq» o‘yinlar. Fabyen Bartez va Piter Shilton mundiallar final raundida aynan shunchadan o‘yinda o‘z darvozalaridan gol qo‘yib yuborishmagan.

7ta turnir - sovrindor bo‘lish bo‘yicha rekord. «Yuventus» sharafini himoya qilgan Stefano Takkoni (afsonaviy Dino Zoff o‘rinbosari) 7ta turnir g‘olibiga aylangan - Italiya chempionati, Italiya kubogi, Yevropa Chempionlar kubogi, Yevropa superkubogi, Qit’alararo kubok, UYEFA kubogi va Kubok egalari kubogi.

5ta JCH - mundiallarda ishtirok etish rekordi. Bu boradagi eng yaxshi natija 2 nafar  golkiper (Janluiji Buffon - Italiya va Antonio Karbaxal - Meksika) hamda germaniyalik xavbek Lotar Matteusga tegishli. Agar Jiji Rossiya-2018da ham o‘ynasa, bu masalada mutlaq rekordchiga aylanadi.

4ta penalti - o‘yindan keyingi seriya rekordi. «Styaua» darvozaboni Xelmut Dukadam «Barselona»ga qarshi kechgan Chempionlar kubogi finalining o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida 4ta zarbani bartaraf etgan. Bu elit turnir uchun rekord natija, albatta.

4 marta - yilning eng yaxshi darvozaboni bo‘lish bo‘yicha rekord. Oliver Kan UYEFA tomonidan 4 marta «Oltin qo‘lqop»ga munosib ko‘rilgan. Janluiji Buffon esa bu maqomga atigi bir marta sazovor bo‘lgan.

**** Aleksandr Shovkovskiy Germaniya-2006 mundiali doirasida Shveysariya termasiga qarshi kechgan o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida 3ta zarbadan birorta gol qo‘yib yubormay, 100 foizli natijaga erishgan.

*** Xose Luis Chilavert bitta o‘yinda 3ta penaltini aniq amalga oshirib, noyob «xet-trik» mualllifiga aylangan. Paragvay futboli faxri faoliyati davomida jami 67ta gol urgan.

*** 2 nafar golkiper Yevropa chempionatida ikki marta (2008 va 2012 yillar)-dan g‘oliblik nashidasini surgan. Gap Iker Kasilyas va uning o‘rinbosari Pepe Reyna haqida bormoqda.

*** Janluiji Buffon jahon chempionatida shohsupaga chiqishga qadar bo‘lgan 7ta o‘yinda atigi 2ta gol qo‘yib yuborgan - yana bir rekord ko‘rsatkich. Fabyen Bartez va Iker Kasilyas ham xuddi shunday natija qayd etishgan.

*** Iker Kasilyas Yevro-2012da atigi 1ta gol qo‘yib yuborgan. E’tiborlisi, u birinchi o‘yinda Antonio di Natale zarbasi oldida ojiz qolgani bo‘yicha hal qiluvchi o‘yinning final hushtagi chalinguniga qadar hech kimga imkon bermagan.

*** Futbol tarixida jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi maqomi atigi bir marta darvozabonga nasib etgan. Ya’ni 2002 yili Braziliya termasiga qarshi kechgan final bahsida Ronaldodan 2ta gol qabul qilgan Oliver Kan Osiyodan shu sovrin bilan qaytgandi.

*** «Oltin to‘p» ham atigi bir marta darvozabonga berilgan. Xullas, bu borada Lev Ivanovich Yashin hamon yagonaligicha qolmoqda.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:22, 07.04.2017.
O'qildi: 6365 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.