Rossiyaning «Sovetskiy sport» nashri xodimlari JCH saralashining so‘nggi o‘yinlarini tahlil qilib, sobiq ittifoq mamlakatlaridan qaysi terma jamoalar 2018 yili bo‘lib o‘tadigan mundialga kelishi mumkinligini taxmin qilib ko‘rishdi. E’tiborlisi, maqolada O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyatlari hali mavjudligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Osiyodan – faqatgina O‘zbekiston
Ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, Osiyo mintaqasidan jahon chempionatiga chiqish uchun uchta saralash bosqichidan o‘tish talab qilinadi. Sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston terma jamoalari mundial uchun kurashni ikkinchi saralash bosqichida to‘xtatishgandi. O‘zbekistonliklar esa uchinchi bosqichga ishonch bilan yetib kelib, Eron, Janubiy Koreya, Suriya, Qatar va Xitoy terma jamoalari bilan bir guruhdan o‘rin olishdi.
So‘nggi bosqich yakunlanishiga uchtagina tur qolgan hozirgi paytda O‘zbekiston guruhda uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Aniqroq aytsak, Samvel Babayan shogirdlari ikkinchi o‘rindagi Janubiy Koreyadan bir ochko, peshqadam - Erondan esa besh ochko kam jamg‘arishgan. JCHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma yuqori o‘rinni egallagan ikkita termaga nasib qiladi. Guruhdagi uchinchi o‘rin sohibi esa narigi guruhdagi qismatdoshi bilan o‘tish o‘yinida to‘qnash keladi. Hozirgi natijalarni inobatga olsak, bu - Avstraliya termasi bo‘lishi ehtimoli yuqori. Chunonchi, «kengurular» keyingi uchrashuvlarda Yaponiya va Saudiya Arabistonini quvib yetishlari qiyin. «O‘tish o‘yini»da g‘alaba qozongan jamoa esa JCH-2018da ishtirok etish uchun hal qiluvchi uchrashuvda KONKAKAF vakili bilan kuch sinashadi.
Umuman olganda, hozircha hammasi O‘zbekiston terma jamoasining o‘z qo‘lida. Biroq qolgan uch raqibning ikkitasi o‘ta jiddiy - Eron va Janubiy Koreya. Demak, o‘zbeklar uchun birgina yo‘l bor: g‘alabaga erish va mundial orzusi ushaladi...
Yevropadan - ko‘pchilik
«A» guruhi
Fransiya, Shvesiya, Gollandiya kabi termalar bilan bir guruhdan o‘rin olgan Belorussiyaning bir yarimta (birinchi o‘rin to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCHga, ikkinchi o‘rin o‘tish o‘yiniga) yo‘llanma uchun kurashishi oson kechmasligi boshidanoq aniq edi. Navbatdagi uchrashuvda beloruslar Lyuksemburgni mag‘lub etishmasa, orzular butunlay sarobga aylanishi mumkin.
«B» guruhi
Mazkur guruhda joylashgan Latviya terma jamoasi mundialga chiqa olmasligi aniq, hisob. Chunonchi, saralash yakunlanishiga beshta tur qolganida latishlar ikkinchi o‘rindagi jamoadan 9 ochkoga ortda borishmoqda. Shveysariya va Portugaliya termalari shuncha ochko yo‘qotishmasa kerak, har holda.
«S» guruhi
Startdagi ikki g‘alaba ozarbayjonliklar uchun yaxshigina kayfiyatni tuhfa qilgandi. Ammo nemislar bilan bir guruhda bo‘la turib, quvonchga erta berilish ham yaramaydi, albatta. Tabiiyki, Germaniya guruhda yaqqol peshqadam, lekin ozarlar astoydil harakat qilishsa, Shimoliy Irlandiya va Chexiya termalari bilan ikkinchi o‘rin uchun kurashishlari mumkin.
«D» guruhi
Gruziya va Moldova termalari joylashgan ushbu guruhda vaziyat ancha murakkab. Deylik, gruzinlar o‘z uylarida Uels va Irlandiyani yengishsa ham, yo‘llanmadan quruq qolishlari hech gap emas. Moldovaliklar-ku, JCHdan butunlay umidni uzib bo‘lishgan - ular hamon so‘nggi o‘rinda turishibdi.
«E» guruhi
Bu guruhda Polsha peshqadamlik qilayotganidan ortiqcha hayratlanmaslik kerak. Chunki polshaliklarning hozirgi tarkibi havasga arziydi. Shuningdek, terma jamoa ustozi ham anoyi emas. Keyingi o‘rinlar taqsimoti qo‘yidagicha: Chernogoriya - yetti ochko, Daniya - yetti, Ruminiya - olti, Armaniston - olti. Demak, Artur Petrosyan jamoasi hali kurashdan chiqib ketmagan. Ammo qozoqlar borasida bunday deb bo‘lmaydi - terma jamoa atigi ikki ochko bilan so‘nggi pog‘onada turibdi.
«F» guruhi
Matematik nuqtai-nazar bilan qaralsa, Litva terma jamoasida mundialga chiqish uchun hali imkoniyat bor. Ammo real voqelikda bu juda murakkab. Chunki litvaliklar Maltani yengib, besh o‘yinda bir martagina g‘alaba qozonishgan, xolos. Ikkinchi o‘rindagi slovaklar bilan o‘rtadagi farq to‘rt ochkoni tashkil qilmoqda. Biroq navbatdagi o‘yinlarda litvaliklarni jiddiy sinovlar kutmoqda. Aytaylik, sloveniyaliklar va shotlandlar hech kimga osonlikcha taslim bo‘lishmaydi.
«N» guruhi
Shubhasiz, mazkur guruhda Belgiya termasi birinchi o‘rinni hech kimga berib qo‘ymaydi. Bizga notanish bo‘lmagan estonlar esa ikkinchi o‘rindagi Gresiyadan yetti ochko kam jamg‘arishgan. Xulosa o‘zingizdan...
«I» guruhi
Aslini olganda, taqdir Ukraina termasiga bu gal ham anchagina murakkab raqiblarni tuhfa qildi: Xorvatiya, Islandiya va Turkiya. Biroq shunisi ham borki, ukrainlar bu jamoalarning har biri bilan bemalol raqobatlasha olishadi. Teng kuchli raqiblar jam bo‘lgan mazkur guruhda yo‘llanmalar uchun kurash so‘nggi soniyalargacha davom etishi aniq. Biroq qizig‘i shundaki, aynan Ukraina termasi Yevropada joylashgan sobiq ittifoq vakillari orasida nisbatan kuchliroq tuyulmoqda va ukrainlar bemalol Rossiyaga kelishlari mumkin. Boshqalarda esa hammasi matematikaga borib taqalmoqda.