Tarixni buyuklar quradi, degan gap bo‘lardi tarix darsida. Viktor Gyugo esa bu iqtibosni sal o‘zgartirib aytgan: “Tarix qaysarlarning yelkasidadir!” Mantiqan olganda, ikkisi ham bir narsani izohlaydi. Buyuklarni bog‘lab turadigan eng asosiy jihat ham shu – qaysarlik!
Biz murabbiy deganda, faqat o‘yinga tushadigan tarkibni aniqlab berib, maydon chetida shogirdlariga ko‘rsatmalar berib turadigan odamnigina tasavvur qilishga o‘rganib qolganmiz.
...Aslida, chin murabbiy mana shu O‘YIN uchun javobgarligi va bu javobgarligi natijasida haqiqatni so‘ylay olishi, futbol deb atalmish jozibador o‘yinga o‘z fikri bilan ta’sir o‘tkaza olishi kerak.
...U maydonda futbolchilar bilan 12-o‘yinchi bo‘lib o‘ynamog‘i kerak.
...O‘yin tugagach ham futbolchilar gapira olmaydigan joyda o‘yin haqida o‘zining samimiy fikrini bildira oladigan shaxs bo‘lmog‘i kerak.
...Ekranda ham ko‘proq uni ko‘rsatishlari kerak.
...Futbolga bo‘lgan ta’siri yaqqol sezilib turmog‘i kerak.
O‘tgan yili Joze Mourinyo “MYU” bosh murabbiyi bo‘lib, bu masalada chanqog‘imizni qondirishiga ishongandik, qaysidir ma’noda oqlamoqda ham. Maur siymosi orqali murabbiy degani qanday bo‘lishini ko‘rsak bo‘ladi – ketishida ham shov-shuv ko‘taradi, kelarida ham. “Chelsi”dagi muvaffaqiyatsiz mavsumdan qay holda ketganini eslang! Dunyodagi hamma nashrga mavzu topilgandi o‘shanda. Ana endi futbolga qaytgan holatiga qarang! Dahshat!!!
Murabbiylik salohiyati e’tibori ila Pep Gvardiola portugaliyalik mutaxassisdan ustun, albatta. Buni ko‘pchilik e’tirof etadi. Biroq, Maurning Manchesterga ko‘chib o‘tganligi o‘sha paytlari Gvardioladek shaxsni-da ikkinchi planga tushirib yuborgandi. “Manchester Siti” muxlislari tomonidan yarim yil davomida nishonlangan bayram – Pepni kutish marosimi shaharning g‘arbiy tomonidagi shovqin-suron tufayli yo‘qqa chiqarildi go‘yo. “G‘ata-g‘atag‘u” qilib chalinayotgan karnay-surnay ovozini narigi mahalladan o‘tib borayotgan poyezdning guvillashi yopib yuborgandek bo‘ldi. Karnay-surnay ovozini shamol uchirib yubordi...
Portugaliyalik mutaxassis shaxsiyati ustida ko‘p o‘ylanaman. Butkul boshqacha inson. Uning transfer borasidagi o‘z qarashlari, sotib olgan futbolchilari orqali maydondagi strategiyani qay suratda belgilashidan ko‘ra boshqa jihat e’tiborimni tortaveradi. O‘yindan oldingi va o‘yindan keyingi ta’siri!
Har bir musobaqani, o‘yinni jangga aylantira olishi, har qanaqa rangsiz kurashlarga motivasiya taqdim eta olishini gapirmay qo‘ya qolay. Uning jangchilari kurashdan chiqishni boshlagan zahoti o‘yinlar boy berilaveradi. Xotirjam, eski “MYU”ga o‘xshab bir tekisda ochkolar jamg‘arib chempion bo‘lishni eplay olmaydi u. Uning “Chelsi”si, “Real”i, “Inter”i aynan shu nuqtalarda birlashadi. Bu nomlar safiga “Manchester” ham qo‘shilmoqda.
Siti emas, qo‘rqinchliroq sanalgan, Fergyusondan keyin o‘ziga kela olmayotgan Yunayted! Ser ketib, yetim bo‘tadek bo‘zlab qolgan “qizil iblislar” har turli odamlarni chorlab ko‘rdi. Bo‘lmadi. “Real”, “Inter” va “Chelsi”larga o‘xshab, hech kim eplay olmagandan keyin shu qaysar shaxsni chaqirdilar. Aslini olganda, manchesterliklar o‘laqolsa-da azaliy raqibi bo‘lgan Mourinyoni chorlamasdilar, bu insonni murabbiylar o‘rindig‘ida o‘tirishini-da tasavvur qilmasdilar. Lekin na iloj...
Maurning kelishini qarang-da endi. Manchesterning sharqiy tomonida Pep o‘z qo‘shinini to‘playotgan bir paytda qal’a himoyasiga yetib keldi. Tag‘in ham, futbolchilar ichidagi eng qaysar yigit – Zlatan bilan! Yechinish xonasida Pepni do‘pposlagan, borgan jamoasida chempionlikdan boshqa narsani tan olmaydigan Ibrohimovich variantini o‘ylab topganiga nima deysiz endi?! Ha, hozircha Maur natijalar bilan maqtana olmaydi. Birinchi mavsumida uni kechirishlari ham mumkin. Kechirishlari shart. Sababini aytaman. Bu fikrni anchadan buyon tilimga ko‘chirolmay yurgandim. Ser Aleks Fergyusson jamoadan ketish oldi portugaliyalik mutaxassis bilan birga tanavvul qilgan va o‘zidan keyin MYUga kelishini ishora qilgandek bo‘lgan. Joze shunga ishongan holda, chemodonlarini Manchesterga ketishga tayyorlab qo‘ygan. Kutilmaganda Moyes varianti ustunroq chiqib qoladi va qizil iblislarning obro‘sini tushirishda benazir hissa qo‘shgan mutaxassis “Old Trafford”ga kelib qolgan. Ushbu qarorni kutmagan Mourinyo bir necha kun uyidan chiqmay, telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermagan, deyishadi. Karaxt ahvolga tushib qolgan.
Ser Aleks Moyesni jamoaga taklif qilishdan ikkita maqsadi bo‘lgan deb o‘ylayman: birinchisi millatdoshi ekanligi, ikkinchisi o‘z qadrini bildirib qo‘yish egosi. O‘sha holat e’tibori bilan qarasak, Maur uzoq yillik olib borilgan ishlarni bemalol davom ettirib ketaverishi mumkin edi – nom ham, siymo ham Serdan qolishmaydi. Buning natijasida Fergyuson faktori muxlislar uchun u qadar yuksak bo‘lib qolmasdi. Chiroyli qizlar ko‘pincha o‘zlaridan xunuk qizlar bilan yurganlari kabi, Fergyuson ham o‘zining qadrini Moyes orqali bildirgandek tuyulaveradi menga. Lekin taqdir ekan, Mourinyo baribir Manchester shahriga keldi. O‘zidan oldin kelgan buzg‘unchilar qoldirgan chandiqlarni tez orada yo‘qotib bo‘lmasligini sezmoqda. Shu bois, barcha e’tiborni Yevropa ligasiga qaratmoqdaki, hech bo‘lmasa shu tomondan YECHL hududiga kirib olish va “qizil iblislar”ni yana katta o‘yinlarga qaytarish.
Mourinyoga muxlislik qilishda davom eting, emyuchilar, chunki u cho‘qqi sari intilmoqda, to‘xtash nimaligini bilmaydi. Bu ham aynan sizning baxtingiz...
Xayrulla HAMIDOV