Kirish Ro'yxatdan o'tish

Bezingendan «Alyans-arena»gacha yoki Yosua Kimmixning hayoti va faoliyati

Bezingendan «Alyans-arena»gacha yoki Yosua Kimmixning hayoti va faoliyati

Baho:
+ | -

«Sovetskiy sport» nashri Germaniya terma jamoasi va Myunxenning «Bavariya» klubi yarim himoyachisi - Yozua (Yosua) Kimmixning hayoti va futboldagi faoliyati haqida to‘xtaladi.

Oynaning chil-chil singani atrofni tutadi. Biz aybdorlarcha bir-birimizga qaradik. Bu tovushni oyimiz juda yaxshi bilar hatto nima bo‘lganini va bu qanday yuz berganini so‘ramasdi ham. U shunchaki ko‘chaga chiqardi-da, bizga qarardi:

 «Xo‘sh, bu safar kim aybdor?»

Men nemislarning chog‘dekkina qishlog‘i - Bezingenda, Shvarsvald va Shtutgart zamini markazida tavallud topdim. Chog‘dekkina deganimda men haqiqatan ham kichikkina qishloqni nazarda tutgandim - unda 1700 nafar aholi yashardi. Hammamiz futbolni yaxshi ko‘rardik, ammo biz bolalar uchun futbol o‘ynaydigan maydonning o‘zi yo‘q edi. Buning oqibatida esa, uyimiz derazalaridagi oynalar jabr ko‘rardi.

Yozda biz ota-onamiz bog‘iga chiqardik va onamning gullari biz ko‘ngil ochadigan narsaga aylanardi. Qishda esa, uyimiz oldidagi ko‘chaga ko‘chardik, ammo shunda ham oynalar xavf ostida bo‘lardi.

Ota-onamning bog‘i men futbol o‘ynashni o‘rgangan va uni sevib qolgan joy edi. 4-5 yoshligimda dadam bilan o‘sha yerga yo‘l olardik va u menga to‘p oshirishni, o‘ng va chap oyoqda o‘ynashni o‘rgatardi. Ulg‘ayganim sari u yerga do‘stlarim bilan futbol o‘ynash uchun yig‘ila boshlardik.

Adashmasam, 7 yoshdaligimda har safar bir derazadagi oynani aniq mo‘ljalga ola boshlagandim. Oradan ma’lum fursat o‘tgach, ota-onam bunga chek qo‘yish kerak, degan qarorga kelishdi. Bir kuni uyga qaytganimda uyimiz oldida bir juft futbol darvozasi turganiga ko‘zim tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, mahalliy futbol klubiga bu jihozlar kerak bo‘lmay qolgan, shu bois ota-onam uni men uchun olib kelishgan ekan. Dadam egasiz yotgan yerga meni boshlab bordi va shunday dedi: «Bolalar bilan endi shu yerda to‘p tepasizlar».

Shu tariqa o‘zimizning futbol maydonimiz paydo bo‘ldi. Butun bir maydon faqat bizgagina tegishli edi. Maktabdan keyingi oqshomni va dam olish kunlarini biz o‘sha yerda o‘tkaza boshladik. Hatto o‘z «stadion»imiz uchun tribunalar ham yasadik. Yaqindagina uy qurgan qo‘shnimizda bir qancha tuproq va yog‘och mahsulotlari ortib qolgan edi va biz ularni isrof qilmaslikka qaror qilgandik-da. Maqsadimiz odamlar bizning o‘yinimizni tomosha qilishini, qaysidir bir jamoaga muxlislik qilishini xohlash edi, chunki barchamiz o‘zimizni professional futbolchi deb hisoblardik. Kelajakdagi orzuimiz edi, bu.

Maydonga vaqt o‘tgani sayin ortib borayotgan futbol kolleksiyamdagi liboslarni kiyib tushardim: Zidan, Shvaynshtayger yoki Tomash Rosiski futbolkalarini. O‘zimni tribunalari muxlislar bilan to‘lgan stadionda o‘ynayotganday his qilardim, meni olqishlayotgan fanatlar kiyimida esa KIMMICH yozuvi muhrlangan bo‘lardi.

Ammo kunlarning birida bu ham barham topdi. Zero, qishlog‘imizdagi barcha odamlar men va do‘stlarim kabi futbol ishqi bilan yashamasdi. Ota-onam qishloqdoshlarimizdan biri bu yerni sotib olganini va tez orada qurilish boshlash niyatidaligini aytdi. O‘shanda men juda kichkina bo‘lganim bois o‘yingoh bizga tegishli emasligini tushunmasdim. Rosa jahlim chiqdi, achchiqlandim. Chunki, bu maydon bizniki edi, tribunalar bizniki edi. Uyimiz yotoqxonasidagi derazadan o‘yingohimiz tomon yo‘l olgan qurilish materiallari ortilgan yuk mashinalarini kuzatdim, katta mehnatimiz evaziga barpo qilingan stadionimizni yakson qilishayotganida ko‘zlarimga yosh keldi.  Va, nihoyat, o‘yingohimiz o‘rnida sun’iy ko‘l va bog‘ barpo qilishdi.

Yurakni larzaga soluvchi voqea bo‘lgandi, bu.

Qo‘shni qishloqda yashagan bobom bizni futbolga bo‘lgan mehrimizni qutqaruvchi bo‘ldi. Uning uyi oldida qarovsiz yer bo‘lib, biz o‘yingohimizdagi barcha narsalarni o‘sha yerga ko‘chirdik, kichkinagina uy barpo etdik va yana kechgacha to‘p tepish imkoniga ega bo‘ldik. Futbol men uchun ahamiyatga ega bo‘lgan yagona narsa edi. Do‘stlarim bilan futbol o‘ynamagan paytlarimda mahalliy klub yoshlari bilan mashg‘ulotlarda qatnashardim. Bir safar hududdagi eng yaxshi klub yoshlaridan iborat bo‘lgan «Shtutgart»ga qarshi to‘p surdik. Ushbu klubda ko‘pgina professional futbolchilar o‘z karyeralarini boshlashgan. O‘sha bahsda men 3ta gol urdim va biz 3:2 hisobida g‘alaba qozondik.

Ammo «Shtutgart» meni o‘z safida ko‘rish istagida ota-onamga taklif bilan chiqqanida ular rad javobini berishdi. O‘shanda endigina 8 yoshda edim va bu taklif qabul qilinganida men har kuni qo‘shni shaharga 2 soat mashinada qatnashimga to‘g‘ri kelardi. Ammo xafa bo‘lmadim, zero shundoq ham a’lo jamoada to‘p surar va kutilmaganda katta akademiyaga tushib qolish har doim ham ijobiy natijaga olib kelmasligini tushunardim. 8 yoshida shunday akademiyaga olib ketilgan bolakay oradan 2 yil o‘tgach u yerdan haydalgani haqida ham eshitgandim.

Men esa har doim maydonga tushishim mumkin bo‘lgan, o‘sishda davom etishimda yordam beradigan joyda qolishni istardim. Ammo keyingi 3 yil davomida ham «Shtutgard» o‘z taklifi bilan ota-onamga murojaat qilishda davom etdi. Ular bizni hatto o‘z bazalariga kelib, sharoitlar bilan tanishishga taklif qilishdi ham.

Ammo ota-onamning qarorlari qat’iy edi.

 «Agar ularga biror narsa kerak bo‘lsa, marhamat, o‘zlari kelishsin», - derdi otam.

Bilishimcha, ular otamning bu so‘zlarini boricha qabul qilishdi shekilli, tez orada eshigimizni «Shtutgart» akademiyasi direktorining shaxsan o‘zi taqillatdi. U taklif ustida yana bir necha kun o‘ylab ko‘rishni aytdi. Ota-onam ham bir necha hafta oldin beshinchi bor Germaniya chempionligini rasmiylashtirgan klubning bir qismiga aylanish qanday sharaf va o‘g‘illari uchun eng yaxshi variant ekanligini tushunib yetishgandi. Shu tariqa ikki yil davomida otam meni Shtutgartga olib borib yurdi. Bu esa osonmasdi: har kuni ertalab soat 7da uyqudan turar va kech soat 10da uyga qaytardim. Uy vazifasini mashinada tayyorlashga va qorong‘u tungacha o‘qishimga to‘g‘ri kelardi. Nimanidir almashtirish payti kelgandi.

Aynan o‘shanda menga doimiy ravishda «Shtutgart» akademiyasiga o‘tishni taklif qilib qolishdi. Har yili klub 18 nafar yangi o‘yinchilarni jalb qilar va men ularning biri bo‘lishim mumkin edi. Ammo bu uydan ketishim kerakligini ham anglatardi. Men bu haqda ota-onam bilan gaplashganimda ular shunday qilish eng avvalo, o‘zimga foydaligini aytishdi. Shu tariqa narsalarni yig‘ishtirib mashinaga joyladik-da, akademiyaga yo‘l oldik. Oyim xayrlashayotgan chog‘imizda ko‘z yoshlarini arang tiyib turardilar, boisi ular yig‘layotganliklarini ko‘rishimni istamasdilar. Men ham shunday qilishga intilardim.

Men bilan shu yerlik yana bir bola ham bor edi va biz «Shtutgart»dagi eng kichkina futbolchilar edik - 14 yoshda. Internat bo‘ylab aylanib chiqishni va yangi do‘stlar orttirishni istardik. «Salom! Men Yosuaman!», — derdim men o‘zimni do‘stlarday tutishga intilarkanman, ammo yuragim qo‘rquvga to‘la edi.

Ko‘p o‘tmay men akademiyadagi yosh o‘yinchilar qanday yashashini tushundim: ular oshxonani tozalashar, hamma ovqatlanib bo‘lgach esa stollarni yuvishardi. Ammo bularning barchasi dars va mashg‘ulotlar o‘rtasidagi tanaffuslarda futbol o‘ynash imkoni yaratilganidan bilinmasdi. Akademiyada o‘tgan 4 yillik hayotim davomida men yanada ko‘prog‘iga erishishim kerakligini angladim. O‘shanda yoshim 18da edi va o‘zimni «Shtutgart»ning ikkinchi jamoasida - nemislarning 3-ligasida to‘p surishga tayyorligimni bilardim. Ammo klubda boshqacha o‘ylashardi.

 «Hozircha jismoniy tarafdan bunga tayyor emassan», - deyishdi murabbiylar va yana shuni qo‘shimcha qilishdi: «Yoshlar jamoasida yana bir yil o‘ynashing lozim». Professional jamoada pozisiyamda mendan yaxshiroq o‘ynaydigan bir nechta futbolchi bor ekan.

«Senda ularni tarkibdan siqib chiqarish imkoni yo‘q».

Ammo men tayyorligimni, yagona imkon berilsa basligini bilardim. Hammaga maydonda nimalarga qodirligimni ko‘rsatgim kelardi. Agar bu jamoada menga ishonishmas ekan, boshqa klubni topishga qaror qilgandim.

O‘sha paytlarda men anglab yetgan eng muhim narsa, bu futbolchi karyerasida unga ishonadigan menedjer va murabbiyning birday muhim ahamiyat kasb etishi bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda - uyimizga meni «Shtutgart»ga o‘tishimni istab kelgan jamoa akademiyasi direktori boshqa klubga - «RB Leypsig»ga o‘tib ketgan ekan. Men jamoa sport direktori Ralf Rangnik bilan uchrashdim. U Yevropa futbolida ko‘pchilik hurmat qiladigan yetuk va ertasi porloq mutaxassis hisoblanardi. Aynan Ralf ko‘pchilik yosh iqtidor egalari bilan ishlaganidan ham xabardor edim. Ammo Leypsig uyimizdan yanada uzoq edi, biroq men professionallar bilan o‘ynashni istardim. Biz yana oila a’zolarimiz bilan bu masalani muhokama etdik.

Ralf va klub tomonidan ishonch bildirilgach, shunday imkon tug‘ilganda nega undan foydalanmasligim kerak, degan qarorga keldim. Bu hayotimdagi eng murakkab davr edi.

«Leypsig»ga men jarohat bilan o‘tgan va qachon jismoniy tomondan to‘liq tiklanishimni bilmasdim. To‘rt oy davolanishga ketdi, lekin hamon jamoa bilan birga tayyorlanolmas, yakka tartibda shug‘ullanardim. Jamoadoshlarim bilan tanishish imkoni ham menda yo‘q edi. Uydan 550 km. uzoqdagi mehmonxonada turardim. Faqat televizor, noutbuk va mobil telefonim bor edi, xolos. Har kuni uyga qo‘ng‘iroq qilardim.

«Xohlasang yoningga boraman va bir necha hafta birga turamiz», - derdi onam.

Barcha murakkabliklarga qaramay bu davrni boshdan o‘tkazishim lozimligini bilardim. Jarohatimni tuzatishim va hammaga nimaga qodirligimni ko‘rsatishim shart edi. Shu tariqa asta-sekin maydonga qaytdim, jamoadoshlarim bilan tanishdim. Bir necha oydan keyin biz «Shtutgart»ga qarshi maydonga tushdik. O‘sha davrga borib men mutlaqo sog‘ayib ketgan va hatto bir necha bahslarda maydonga tushishga ham ulgurgandim. Shu bois, asosiy tarkibda to‘p surdim. O‘sha uchrashuvda biz g‘alaba qozondik. Borimni berib o‘ynagandim va bildirilgan ishonchni oqlay bilgandim. Men uchinchi ligada o‘ynardim, professional futbolchi edim. Hammasi o‘ylaganimdan ham a’lo borardi. «Leypsig»da men birga to‘p surgan yigitlar 19 yoshli jamoalar o‘rtasida Yevropa birinchiligini qo‘lga kiritishgandi va o‘sha mavsumda biz 2-ligaga ko‘tarildik. Yanvarda esa agentim qo‘ng‘iroq qildi.

«Myunxenning «Bavariya»si seni o‘z safida ko‘rishni  istayotganiga nima deysan?»

- Kechirasiz, nima? Ammo buning imkoni yo‘q.

- Yosua, ular seni sotib olishmoqchi.

Men agentga ishonmasdim.

- Men bu gapni menedjerdan eshitmoqchi edim, - dedim men.

Futbol tarixidagi eng taniqli klublardan biri meni sotib olmoqchi? Ikki haftadan so‘ng men bu gapni «Bavariya» ofisidagi konferens-zalda Pep Gvardiola bilan uchrashuvni kutgancha o‘tirganimda menedjerdan eshitdim.

Avvallari Pepni faqat televizorda ko‘rgandim. Shu bois, avvaliga rosa hayajonlandim, lekin u menga ishonishini anglagach, «Bavariya»da o‘ynashni istayotganimni tushundim. Pep kuchli va zaif tomonlarimni gapirarkan, menga yordam bermoqchiligini ta’kidladi: «Seni jamoamda ko‘rishni xohlayman», - dedi u. Bu soniyalarni aslo unutmayman.

Pep va «Bavariya» menda nimanidir ko‘rishayotganligini anglar va buni isbotlashni, ular xato qilmayotganliklarini ko‘rsatishni xohlardim.

Sizga qanday tuyuladi bilmadim-u, ammo o‘tgan yil orzular ro‘yobga chiqqan yil bo‘ldi. Yoshim endigina 21da, ammo har kuni jahon futbolining eng yaxshi o‘yinchilari bilan yelkama-elka maydonda to‘p suraman. Jahon birinchiligi, Yevropa va Chempionlar Ligasi g‘oliblari jamoadoshlarimdir. 

Albatta, «Alyans-Arena»dagi birinchi o‘yinim oldidan bosimni sezdim, hayajonlandim - axir, Manuel Noyer, Tomas Myuller, Filipp Lam, Jerom Boateng va boshqa yigitlar bilan o‘ynash katta mas’uliyat. Muxlislar ham bor. Har hafta 75000 ming tomoshabin «Alyans-Arena»ni liq to‘ldiradi. Bolaligimda «Bavariya» o‘yinlarini tomosha qilgani otam bilan birga borardim, ammo hech qachon katta stadionlarda to‘p surmagandim. Bu - ajoyib. Barchasi hayratlanarli. O‘n yildan so‘ng otam bu tribunalarga «Bavariya» safida birinchi uchrashuvimni tomosha qilish uchun qaytdi. Men Chempionlar Ligasida o‘ynadim, bundesligada g‘olib bo‘ldim - bu mo‘’jiza edi.

Ba’zida do‘stlarim bilan Bezingen stadionidagi uchrashuvlar va nomimni olqishlayotgan fanatlar haqida o‘ylayman. Bugun men bilan sodir bo‘layotgan voqealar haqida o‘shanda hatto tasavvur ham qilolmasdim.

O‘tgan yil yozini uyda o‘tkazdim. Barcha mening o‘tgan mavsumdagi hamda Yevropa chempionatidagi muvaffaqiyatlarimdan xursand ekanlikgini ko‘rdim. Men uchun, barcha uchun ham nomim Yevro-2016 ramziy termasidan joy olgani kutilmagan voqea bo‘ldi. Mazkur termadan, shuningdek, «Bavariya»dagi jamoadoshim Jerom Boateng va Antuan Grizmann hamda Krishtianu Ronaldular ham o‘rin olishgandi.

Mo‘’jazgina qishloqdagi ba’zi narsalar hech qachon o‘zgarmaydi. Bu yerda doim futbol desa barcha narsa unutiladi, bolalar esa futbol liboslarida to‘p tepishda davom etaverishadi. Ammo, baribir, nimalardir o‘zgargan. Bizning o‘yingohimiz endi yo‘q. Biroq  darvozalarning biri bobomning uyiga olib borib qo‘yilibdi, u yerda bog‘ bor va darvoza uchun joy hamisha topiladi.

Bobom bu narsani kichik jiyanim uchun asrayapti, zero u ham kelajakda professional futbolchi bo‘lishga ahd qilgan. Hozircha to‘p uzatishni va zarba berishni o‘rganyapti - dastlab chap oyoqda, keyin o‘ngida. Ustida esa Myunxenning «Bavariya» klubi libosi va unga KIMMICH deb yozib qo‘yilgan.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:29, 15.04.2017.
O'qildi: 4749 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.