Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Mahmayusuf Berdiyev: «G‘alaba ham, mag‘lubiyat ham ishonchning farzandlaridir»

Mahmayusuf Berdiyev: «G‘alaba ham, mag‘lubiyat ham ishonchning farzandlaridir»

Baho:
+ | -

Yaqinda Mahmayusuf Berdiyevning “Orzu” kitobi nashrdan chiqdi.

Hali keng omma qo‘liga yetib bormagan bo‘lsada, kitobga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda.  Fikrimizcha,     «Orzu» kitobi – har bir futbolchini  BUYUK MUVAFFAQIYATIga  olib boradigan, yo‘lini yoritadigan MAYOQdir! 

Suhbatni e’tiboringizga havola qilishdan avval, kitobning kirish qismida berilgan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy, professor Rustam Akramovning kitob haqidagi bildirgan fikrlaridan parchalar keltiramiz.

“Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, sizning mahallangizda bir bola yoki qiz o‘z tengdoshlaridan hech bir jihatidan ajralib turmas ham qatori o‘qir yoki sport bilan shug‘ullanar yoki bo‘lmasa o‘y-ro‘zg‘or ishlarida ota-onasiga yordam berib yurar edi. Ammo oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ularning taqdiri haqida quvonchli xabarlar eshitasiz. Ularni qanchalik mashhur bo‘lib ketgani haqida eshita boshlaysiz. Ular haqida matbuotda maqolalar chop etishadi, sha’niga she’rlar bitishadi, kitoblar yozishadi, filmlar suratga olishadi.

Mahmayusuf Berdiyevning “Orzu” nomli bu “sehrli” kitobini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Avvalo, ushbu kitobni ma’lumoti bo‘yicha fizik-matematik, sobiq futbolchi va murabbiy yozganligi uchun ham kitob menda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Ikkinchidan, bu kitob muallifi futbol olamida mashhur bo‘lgan sulola – Berdiyevlar oilasidan ekanligi qiziqishimni ikki hissa oshirdi.

Agar siz “Yulduz” bo‘lishni hohlasangiz, agar sizda millioner bo‘lish niyati bo‘lsa, mening aziz va yosh hamkasblarim, bu kitobni o‘qib chiqishga shoshiling, uning har bir bobiga singib keting.

Faqat bir  jihatdan afsuslanaman. Menig o‘smirlik yillarimda yuksak maqsadlar sari eltuvchi “Orzu” kabi kitobning bo‘lmaganligi…

Yetishib, chiqayotgan yosh avlodga, kelajagimiz egalariga Mahmayusuf Berdiyevning bu kitobini qunt bilan o‘qib chiqishni tavsiya qilaman. Ishonchim komilki, o‘shanda jonajon O‘zbekistonimizni bizning boshqa “yulduz”larimiz yanada mashhurroq qila olishadi.”

Endi, “Orzu” kitobining muallifi Mahmayusuf Berdiyev bilan suhbatimizni e’tiboringizga havola qilamiz.

-Avvalo mening «Orzu» deb nomlangan kitobimni o‘rganib chiqib, o‘zlarining bu kitob haqida munosabatlarini va qimmatli maslahatlari uchun ustozlarim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy, professor Rustam Akramovich Akramovga va futbolimiz darg‘asi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, ustoz Axbor Rustamovich Imomxo‘jayevga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Ushbu kitob Rustam Akramov taqrizi ostida futbol jamoatchiligi va keng o‘kuvchilar ommasiga xavola kilinadi.

Futbol siz uchun nimani anglatadi?

-Futbol men uchun xayotimning ma’lum bir davrlarida har xil ahamiyat kasb etgan. Masalan, bolaligimda futbol men uchun zavq olish manbai bo‘lgan. Futbolni jamoada rasmiy ravishda o‘ynaganimda, o‘z iqtidorimni namoyish kilish va shu bilan birga «qora qozonni qaynatish» vositasi bo‘lgan. Hozirgi davrga kelib, futbol men uchun bu – ILMdir. Futbolni tadqiq qilish kerak.  

-Bu kitobni yozish g‘oyasi qayerdan paydo bo‘ldi?

-Mazkur kitob futbolchilarni tezkor o‘qitish uslubida yozildi. Men bu kitobimni yozish jarayonida, har doim qarshimda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishni hohlaydigan futbolchi turganligini his qilganman. Va bu g‘oyibona shogirdim bilan dialog ko‘rinishida suhbat qurganman. 

Tabiatan yaxshigina kuzatuvchiman. Jahon, Yevropa va vatanimiz futbolini doimiy ravishda kuzatib boraman. Muvaffaqiyatga erishayotgan jamoalar, futbolchilar, murabbiylarni kuzataman va ularning qanday qilib muvaffaqiyatga erishayotganlarini, mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, nima sababdan mag‘lub bo‘lishayotganlarini tahlil qilishga intilaman. Va ularning barchasini o‘zimizning futbolchilarga solishtiraman hamda taqqoslayman.

O‘zimning ko‘p yillik murabbiylik faoliyatimda o‘z shogirdlarimni va boshqa ko‘plab futbolchilarni kuzatganimda, ular o‘z imkoniyatlarini qay tarzda boy berayotganligini ko‘rish men uchun doimo juda achinarli bo‘lgan. 

Hozirgi davrga kelib futbolchilarimizning 100dan 98 nafari o‘zlarining ichki dunyosidan norozi, ular o‘z maqsadlarini qanday holatda ko‘rishni bilishmaydi. 

Siz bir tasavvur kilib ko‘ring! Hayotda maqsadsiz qalqib yurgan, hamisha norozi,  ko‘p sonli tusiqlarga qarshi kurashayotgan, o‘z oldiga hyech qanday aniq maqsad qo‘ymagan futbolchilar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Ayni paytda futbolchilarimiz hayotdan nimalarni istashayotganini aytib bera oladilarmi? 

Inson ruhiyatiga oid ko‘plab kitoblarni o‘qib chiqdim. Tahlil qildim. Va bitta katta XAQIQATga guvoh bo‘ldim. Futbolchilarimizning bugungi dunyo futbolini qabul qilishi va atrof-olamni anglashi noto‘g‘ri shakllangan va shakllanmoqda. Buning natijasi ularoq futbolchilarimizning ongi futbol maydoniday keladigan cheklashlar bilan chegaralangan.  Bu xuddi yildan yilga erib bitayotgan Arktika muzliklariga o‘xshaydi. Bu chegara kishi bilmas,  yildan yilga qisqarib boraveradi,  ammo uni payqash va o‘z vaqtida bartaraf etish biz kabi murabbiylarning burchidir. 

Biz gohida futbolchilarimiz va futbolimiz saviyasi haqida gapirib qolamiz. Saviyaning o‘zi nima va u nima bilan o‘lchanadi?

Saviya bu – futbolchining fikrlash qobiliyati, dunyo futbolidagi tutgan o‘rni va o‘z oldiga qo‘ygan orzu-maqsadlari bilan belgilanadi. 

Hozirgi ko‘plab futbolchilarimizning o‘z oldiga qo‘ygan eng katta orzu-maqsadlari O‘zbekiston terma jamoasida futbol o‘ynash bilan chegaralanmoqda. Ammo futbolchilarimizning aqliy salohiyati va potensial imkoniyatlari ulkan muvaffaqiyatlarga erishish uchun yetarli. Aslida, har bir futbolchimizda,  o‘zlariga xos yalqovlik, yoki xatolar tufayli ko‘pchilikka rasm bo‘lib qolgan hatti-harakatlar, hakikatlar, tushunchalar iskanjasida qolib ketgan BUYUK, ZABARDAST, DAHO futbolchi yashiringan. 

Inson ruhiyatini chuqurroq o‘rganganimda, futbolchilarimiz uchun to‘siq bo‘layotgan sabablar yaqqol ko‘zga tashlandi. Ular muvaffaqiyatga erishishi uchun barcha sabablar yetarli, faqatgina fikrlash qobiliyatida va oldiga qo‘ygan maqsadlarida xatolik bor. 

Shuning uchun, o‘zim yozuvchi bo‘lmasamda,  futbolchilarimizga o‘z xatolarini ko‘rsatib berish, futbolchilik hayotida to‘g‘ri harakatlanish tadbirini ishlab chiqishga ko‘maklashish, muvaffaqiyatga olib boruvchi yo‘lni ko‘rsatish va ichida ochilmay yotgan ko‘plab qobiliyatlarini ishga tushirish uchun, bu kitobni yozishga qaror qildim.

«Orzu» kitobi – har bir futbolchini Buyuk Muvaffaqiyatiga olib boradigan yo‘lini yoritadigan mayoqdir! 

«Orzu» kitobi – har bir futbolchini ulkan xazinasi tomon yo‘l ko‘rsatuvchi xaritadir!       

-Kitobning dastlabki bobida bizning futbolchilarga «turtki» yetishmasligi haqida yozgansiz. Sizning tasavvuringizda bu qanday turtki?

-O‘zimizda bo‘la turib boshqa joydan axtarishga ne hojat. Kamtargina kamsuqumgina bir o‘zbek yigiti Ravshan Ermatovning hakamlik sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlaridan hayratga tushaman. Ravshan Ermatov fenomenini «asos»ga tayanib o‘rganishimiz kerak. «Asos» bu katta Fan!

«Asos» nimalardan iborat? 

Mana o‘sha asoslar: 

U qanday qilib fikrlaydi?

U qanday qilib orzu qiladi?

U qanday qilib o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yadi?

U qanday qilib orzu-maqsadlariga erishish rejalarini tuzadi?

U qanday qilib o‘z qurquvini yengadi?

U kanday kilib o‘zida ishonch va kati’yatni shakllantiradi?

U qanday qilib o‘z kelajagini tasavvur qiladi?

U qanday qilib Xudo tomonidan berilgan ILMdan foydalanadi? 

Mana shu jihatlar har bir futbolchining kelajakdagi erishadigan muvaffaqiyatlarining asosini tashkil qiladi. 

Bu kitobda yuqoridagi savollarning barchasiga javob bor. Faqatgina, futbolchilarimiz bu kitobni qunt bilan qayta, qayta, qayta o‘qib chiqib, urganganlarini amalda qo‘llash qoladi, xolos.

Sportda, xususan futbolda o‘z kuchiga ishonish, inson irodasining shakllanishida qanchalik muhim deb hisoblaysiz?

-Har bir futbolchi yuksak darajada muvaffaqiyatga erishishi uchun bitta chuqur g‘oyaning o‘zi kifoya. Muvaffaqiyat tamoyillaridan biri – nimaga erishishni istashni qat’iy bilishdir.

Barcha omadli insonlar eng birinchi chuqqini belgilab olib, so‘ngra uni zabt etish uchun ongli ravishda rejalar ishlab chiqishgan. Agar har bir futbolchi o‘ziga haddan ziyod ishonib, ruhlangan bo‘lsa qo‘l yetmas yuksaklikka ko‘tariladi.

   Eng muhimi – Fikr yoki G‘oya! 

Unga ishonchni chorlash va mustahkamlash mumkin. Ishonch shunday narsaki, hatto u yo‘q deb tasavvur etilgan joyda ham u takomillashuvi mumkin. Ishonch barcha aqliy qobiliyatlar uchun qo‘zg‘atuvchidir. Ishonch bu «mo‘jizalar» va barcha sir-asrorlar asosi bo‘lib, fan qoidalari asosida kashf etilishi mumkin.

Sizning botiniy ongingiz universal qonun asosida ishlaydi. Unga nima bersangiz u shunga ishonadi. Faqat bizga tanlash imkoniyati berilgan, xolos.

Siz har qanday fikrni, hatto «Men jahon chempioniman!» degan fikrni ham botiniy ongingizga o‘tkazib olishingiz mumkin. Har qanday fikr takrorlash orqali botiniy ongga «tushadi». Albatta, botiniy ong osongina kiriladigan auditoriya emas. Ishonchni qo‘lga kiritish bu – jarayon. Eng qiziq jarayon mana shu yerda boshlanadi. Aynan mana shu yerda ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Aynan shu yerda futbolchi ongli ravshda fe’l – atvorini, imkoniyatlarini, o‘zini – o‘zi bir holatdan boshqa holatga o‘tkazishni dasturlash boshlanadi. Eng katta tartibbuzarlar, eng katta boshboshdoqliklar futbolchining ongida joylashgan.

Bitta mikrondek keladigan nutfadan inson dunyoga keladi. Insonning dunyoga kelishi bu – jarayon. Insonning dunyoga kelishi uchun 9 oy 9kun vaqt kerak bo‘ladi.

     G‘oya ham, xuddi shunday.

     G‘oya bu – urug‘.

Har qanday g‘oya futbolchining botiniy ongiga «tushadi» va bu g‘oya o‘zida ishonchni paydo qilish uchun rivojlanish bosqichiga o‘tadi. 

Vladimir Jikarensevning yozishicha, fikr – orzularning amalga oshishi uchun tuqqiz oy vaqt kerak bo‘lar ekan. Shu muddat ichida ular quvvat to‘playdi, ro‘yobga chiqishi uchun yetiladi, shakllanadi. 

   Eng muhimi g‘oyaga bo‘lgan ishonchni qo‘lga kiritishdir. 

Ishonchni, qat’iyatni  qo‘lga kiritgan futbolchilar guyo rudaga o‘xshaydilar, ularda po‘lat qo‘yib olish mumkin. Bu toifa futbolchilarga Odil Axmedovni misol qilib keltirish mumkin. Odilning yuzida, ko‘zida, gapirishida va futbol maydonidagi hatti – harakatlarida ishonch ufirib turadi. Hyech e’tibor berganmisiz, uning o‘ziga bo‘lgan ISHONCHI uning o‘zidan oldin «jarchilik» qilib boradi. Albatta, o‘zbek futbolida Odil Axmedovga nisbatan texnik salohiyati yuqori va jismoniy jihatdan barkamol bo‘lgan futbolchilar ko‘p. Lekin ular Odildek fikrlash qobiliyatiga ega emas, uningdek ISHONCH va XARAKTERni qo‘lga kiritishmagan.

Bizda «olmos»lar bor! Ularga ozroq ishlov berish kerak, xolos. Men har doim aytaman: «Olmoslarni sabzavotlar rastasida sotish mumkin emas!», – deb. 

    «G‘alaba ham, mag‘lubiyat ham ishonchning  farzandlaridir!» 

Aslida g‘olib bo‘lish uchun o‘zimizning aqliy to‘sig‘imizdan boshqa bu olamda hech qanday to‘siqning o‘zi yo‘q. Butun olam sizning muvaffaqiyat va g‘alaba qozonishingizni kutadi. Bizga faqat tanlash imkoniyati berilgan, xolos. Qaysi birini tanlash sizning hukmingizga havola qilingan.

 – Bu kitob yosh avlodga, jumladan futbolga endi-endi kirib kelayotgan bolalarga nima beradi? 

-Menimcha, bolalar futbolini murakkablashtirish kerak emas. Bolajonlarga shunday futbol muhitini yaratib berishimiz kerak-ki, ular faqat futboldan zavq olishsin va ularning qalbida futbolga nisbatan ishq va muhabbat o‘yg‘onsin. Futbolga nisbatan ISHQ va MUHABBATda katta FALSAFA bor, katta XAQIQAT bor, katta ILM bor. Bolajonlarning kelajakdagi muvaffaqiyati asosini mana shu tuyg‘ulari tashkil qiladi.  Faqat, bitta sharti bilan: Futbol bo‘yicha bolalar murabbiylarimiz ularga bot-bot jahon darajasidagi futbolchi bo‘lishlarini, kelajakda ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishlarini eslatib turishlari lozim. Bolaning ongi «oppoq qog‘oz»ga o‘xshaydi. Unga nima yozsangiz, u shunga ishonadi. 

Bu kitob 15-16 yoshli o‘smir futbolchilarimiz, bu yoshdan katta futbolchilar va farzandlarini kelajakda o‘zlari orzu qiladigan darajada futbolchi bo‘lishlarini hohlaydigan ota-onalar uchun yozildi. 

Nima uchun ota-onalar? 

Hozirgi kunda uzbek futbolining eng katta muammolaridan biri, eng og‘riqli nuqtalaridan biri bu – ota-onalardir. Biz o‘z farzandlarimizni bizdanda yuksakroqda bo‘lishlarini hohlaymiz. Ularni bizdan ham uzoqroqqa borishlarini orzu qilamiz. Ular har jihatdan bizdan yaxshiroq bo‘lishiga harakat qilamiz. Ammo… 

Biz yoshligimizda futbol o‘ynar edik. Futbol o‘ynaganimiz uchun ota-onamiz oldida javob berar edik. Bizning QANDAY? futbol o‘ynaganimiz ota-onamizni hyech qachon qiziqtirmagan. Ular har doim bizga futbol o‘ynashni ta’kiklashardi: «O‘qi, odam bo‘l! Futbol senga non osh bermaydi!», – deyishardi. 

Lekin, baribir biz har qanday ta’kiqqa qaramasdan qochardik, usha zavqni, usha lazzatni axtarardik. 

Hozirgi paytga kelib yosh futbolchilar futbol o‘ynolmagani uchun ota-onalari oldida javobgardir. Ota-onalarning futbolga bo‘lgan munosabati 180 darajaga o‘zgarib ketdi. Ota-onalarning istak hohishi farzandlarinikidan oldinga  utib ketmoqda. Bolalar hali yosh, atrof-olamni anglab yetishi hali to‘la shakllanmagan, ota-onalarning istak-hohishlarini hali tushunishmaydi. Ular futbol maydonida o‘z hissiyotlari bilan kurashish asnosida ota-onalari hissiyotlari bilan kurashishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa yosh futbolchilarga «bosim» yuklaydi. Bu esa yosh futbolchilarimiz uchun futbol «hohish-xursandchilik» o‘rniga «hohish-azob»ni yuzaga keltiradi. Ota-onalarning hissiyotlari ijobiy bo‘lsa, xo‘p-xo‘p. Mabodo salbiy bo‘lsa-chi? Bolalar o‘z ota-onalarini his qilib turadilar. Bittagina salbiy munosabat bolani bor iqtidoridan, iste’dodidan mahrum qilishi mumkin. Albatta, men bugungi kunda yuzaga chiqqan futbolchilarning ota-onalari haqida gapirmayapman. Yuzaga chiqish uchun ko‘plab to‘siqlarga qarshi kurashayotgan iste’dodli futbolchilarning ota-onalari haqida gapirayapman. Meni maqsadim tanqid qilish emas, balki e’tiboringizni, diqqatingizni mana shu jihatlarga qaratish. Axir, hammamiz farzandimizni, shogirdlarimizni jahon darajasidagi futbolchi bo‘lishlarini hohlaymiz. 

Bu kitobni birinchi bo‘lib ota-onalar o‘qib chiqishini hohlardim. Keyin, murabbiylar va futbolchilar. Bu kitob ota – onalarning futbolga bo‘lgan munosabatini, farzandlarining futbolga bo‘lgan munosabatini va ota – ona va farzandi o‘rtasidagi munosabatlarga oydinlik kiritib beradi. Bu  juda ham muhim. 

Manba: voha.uz
Kiritildi: 11:53, 22.04.2017.
O'qildi: 3533 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.