«Real» himoyachisi Nacho o‘zining davosi yo‘Qdek xastaligining futbol bilan «Qorishib» ketgani xususida. «Madrid» himoyasida tobora ishonchli to‘p surayotgan Nacho o‘tgan hafta klubining CHL finali javob bahsida ham «Bavariya»dan ustun kelishiga baholi qudrat hissa qo‘shdi.
Diqqatga sazovor jihati, «Qirollik klubi»ning hozirgi tarkibida eng tezkor futbolchi maqomi aynan Nachoga tegishli. Uning yugurish sur’atiga hattoki, Garet Beyl va Krish-tianu Ronaldu ham havas qilishsa, ajabmas. Misol uchun, himoyachi o‘yinlarning birida soatiga 34,6 kilometr tezlikni qayd etdi. Umuman, mavsum uning uchun o‘ta omadli kechmoqda. Vaholanki, Nachoning futboldagi faoliyati boshlanmay turib, yakunlanishi hech gap emasdi. Zero, u diabet (qand kasalligi) xastaligiga uchragan. Futbolchi L`Equipe gazetasiga bergan intervyusida aynan shu yoqimsiz qismati haqida atroflicha gapirib berdi.
- Aytishlaricha, 12 yoshingizda sizda diabet xastaligini aniqlashgan ekan...
- Esimda, o‘shanda «Real» safida qaysidir turnirda qatnashib qaytgandim. Butun hafta davomida o‘zimni noqulay sezdim - qandaydir og‘irlik, horg‘inlik.... Shuningdek, doimiy chanqoq sabab, juda ko‘p suv ichardim. Onam mendagi bu o‘zgarishlarni payqab, darhol shifoxonaga olib bordi. Xullas, shifokorlar chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan so‘ng diabet alomatlarini aniqlashdi. Qonim tarkibidagi qand moddasi haddan ortiq darajada oshib ketgan ekan. O‘shanda juma kuni edi va shifokorlar birdaniga barchasini ro‘y-rost aytishgan: «Bolakay, ahvol chatoq, futbolni butunlay unutishingga to‘g‘ri keladi». Men uchun bundan-da xunuk xabar bo‘lishi mumkin emasdi. Xullas, dam olish kunlarini ayqash-uyqash xayollar, to‘g‘rirog‘i, azob ichida o‘tkazdim. Dushanba kuni esa meni oilamiz shifokori huzuriga olib borishdi. Baxtimga, u mutlaqo boshqacha gaplarni aytdi: «Yo‘q, bola muntazam sport bilan shug‘ullanishi kerak. Xususan, futbolni zinhor tashlab qo‘ymasin». Bularni eshitib, qanchalik quvonganimni hozir so‘z bilan ifodalab berolmayman. Xuddiki, yettinchi osmonda parvoz qilayotgandek yengil tortgandim. Shuning borabarida vrach qat’iy ko‘rsatmalarni berdi va salomatligimga oddiy odamlardan ko‘ra, 10 chandon e’tiborli bo‘lishim zarurligini qayta-qayta uqtirdi. Tan olishim kerak, ayni shu maslahat-tavsiyalar faoliyatimda katta yordam bermoqda. Axir to‘g‘ri ovqatlanish va vaqtida talab darajasida hordiq chiqarish ayniqsa, professio-nal sportchilar uchun juda muhim ahamiyatga ega. Yaxshi tomoni, diabet tufayli zo‘riqishlar masalasida qandaydir cheklovlar yo‘q. Ya’ni xohlagancha jismoniy yuklama olishim mumkin. Maqtanishga yo‘ymangu, mudom hammadan ko‘proq mashq qilish, ishlashga urinaman. Zero, bilamanki, agar o‘zimni nazorat ostida ushlab tursam, qandaydir muammo chiqmaydi.
- Baribir, diabet bilan og‘rigan holda, yuqori saviyali sportchi bo‘lib yetishganingizga ishonish qiyin. Bunga qanday erishdingiz?
- Qand kasaliga duchor bo‘lganlarning umumiy muammolari bitta - organizm insulin moddasini ishlab chiqarolmaydi. Insulin me’yorini shunchaki, sun’iy aralashuv yordamida o‘rniga keltirsangiz, bas. Men pastali ruchkaga o‘xshash maxsus tibbiy vosita bilan shunday qilaman. Barchasini asosan taomlanish vaqtida amalga oshirish kerak. Tabiiyki, mashg‘ulotlar chog‘i ham ancha hushyorroq bo‘lish talab etiladi. Ayniqsa, qon tarkibidagi qand moddasi bir xil turishini nazorat qilib borish zarur. Lekin buning uchun shifokorlar bor. Umuman, shaxsan men bu kabi qo‘shimcha jarayonlarning barchasiga ko‘nikib ulgurganman. O‘z tajribamga tayanib, aytishim joiz, sport bilan shug‘ullanish ushbu kasallikka qarshi kurashishdagi turli noqulayliklarni ancha yengillashtiradi.
- Bilishimizcha, siz biror marta jiddiy jarohatga yo‘liqqan emassiz... Bu ham kuchliroq e’tibor foydasimi?
- Ochig‘i, bu masalada darhaqiqat, omadim chopyapti. To‘g‘ri, ehtimol, muntazam ravishda o‘zimga alohida qarab yurishimning ham ta’siri bordir...
- Sport dunyosiga qarasak, siz kabi diabet bilan og‘rigan va top-saviyaga ko‘tarilganlar safi juda tor bo‘lsa kerak.