Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatini kuchli uchlikda yakunladi

Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatini kuchli uchlikda yakunladi

Baho:
+ | -

Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Musobaqada qatnashgan to‘qqiz sportchimizdan olti nafari sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. Jamoamizga dastlabki medalni 62 kg vazn toifasida qayd etilgan Adhamjon Ergashev keltirdi. Yosh sportchimiz bugungi kunda kattalar o‘rtasida ham qit’aning yetakchi atletlaridan biri ekanligini isbotladi. Garchi u dast ko‘tarishda 5-o‘rin (128 kg) bilan cheklangan bo‘lsa-da, siltab ko‘tarishda 158 kg og‘irlikdagi toshni ko‘tarib, bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ikkikurashda hamyurtimiz 286 kg natija bilan 4-pog‘onadan joy oldi.

Navbatdagi, 69 kg vaznda ro‘yxatdan o‘tgan iste’dodli sportchimiz, Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Doston Yoqubov ham jamoadoshining natijalarini takrorladi. Dast ko‘tarishda 5-o‘rin, ikkikurashda 4-o‘rin va siltab ko‘tarishda bronza medal. Tabiiyki, Dostonning ko‘rsatkichlari biroz yuqoriroq – 134+177=311 kg. Keyingi vazn toifalarida supachaga chiqqan Shahzod Xudoyberganov va Fayzullo Nabiyev mos ravishda 6-8-o‘rinlarni band etishdi.

Shundan keyin bir necha kun davomida Ashxobod shahridagi muhtasham og‘ir atletika zaliga to‘plangan muxlislar Osiyoning og‘ir vaznli pahlavonlari ishtirokidagi qiziqarli chiqishlarning guvohi bo‘lishdi. Quvonarlisi, Osiyo chempionatining so‘nggi uch kunini mamlakatimiz sportchilari o‘zlarining ajoyib harakatlari bilan bezab berishdi. Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Farxodbek Sobirov o‘zining 20 yoshida qit’aning barcha yetakchi polvonlarini tiz cho‘ktirib, chempionlikni nishonladi. Dast ko‘tarishda 175 kg – oltin medal, siltab ko‘tarishda 205 kg – kumush medal (eronlik kuchli raqibidan atigi 1 kg ortda qoldi) naqd. Ikkikurashda Sobirov 380 kg jamg‘arib, aynan Eron vakilidan oz emas, ko‘p emas 8 kg o‘zib ketdi va Osiyo chempioni deb e’lon qilindi.

Farxodbekning ajoyib yutug‘idan ruhlanib, qolgan zabardast pahlavonlarimiz ham murabbiylar va ishqibozlar ishonchini oqlashdi. Avvaliga 105 kg vaznli Ivan Yefremov o‘zining sevimli mashqi dast ko‘tarishda eronlik mashhur Muhammadrizo Baroriydan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi va jamoamizga kumush medal keltirdi. Tan olish kerak, Ivan siltab ko‘tarishda hali o‘zining haqiqiy sport formasini tiklay olmaganligi ko‘rindi. Ma’lumot uchun, ushbu vazn tofasida yana bir sportchimiz Avez Idiyev ham o‘z mahoratini namoyish etganligini aytib o‘tish joiz.

Chempionatning so‘nggi kunida yana o‘zbek sportchisining chiroyli g‘alabasi sharafiga Vatanimiz madhiyasi yangradi. Rustam Jangaboyev har qanday sport turida eng nufuzli hisoblangan o‘ta og‘ir vazn toifasi yakuniy natijalariga ko‘ra, Osiyo chempioni deb tan olindi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Rustam polvon dast ko‘tarishda 196 kg (2-o‘rin), siltab ko‘tarishda 241 kg (2-o‘rin) og‘irlikni zabt etdi. 1-mashq bo‘yicha Jangaboyev musobaqa mezboni Hojamuhammad To‘ychiyevdan atigi 1 kg ortda qoldi. 2-mashqda esa Xitoy Taypeyi vakiliga bor-yo‘g‘i 2 kg yon berdi. Darvoqe, Rustam yaqindagina mamlakat chempionatida siltab ko‘tarish bo‘yicha uzoq yillardan buyon saqlanib kelayotgan Igor Xalilovga tegishli O‘zbekiston rekordi (240 kg)ni 1 kilogrammga yangilagan edi. Ashxobodda u mazkur natijani takrorladi. Nima bo‘lganda ham, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Rustam Jangaboyev ikkikurashda 437 kg to‘plab, eng yaqin ta’qibchisini 9 kg ortda qoldirib ketdi. Shu tariqa Osiyo chempioni sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangradi.

Umuman olganda, mamlakatimiz erkaklar jamoasi kattalar o‘rtasidagi bu galgi Osiyo chempionatida 3 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza – jami 9 ta medal bilan jamoaviy hisobda Eron va Xitoydan keyin 3-o‘rinni egalladi. Ikki sportchimiz – Farxodbek Sobirov (94 kg) va Rustam Jangaboyev (+105 kg) Osiyo chempioni deb tan olindi.

Endi ikki og‘iz so‘z qizlarimiz ishtiroki xususida. Bu galgi qit’a chempionatida ayollar terma jamoamiz kamtarona tarkib bilan ishtirok etdi. Shunga qaramasdan, Ashxobodga yo‘l olgan ikkala qizimiz ham uchun musobaqa mazmunli o‘tdi. 75 kg vazn toifasida qayd etilgan Omadoy Otaqo‘ziyeva xuddi Adhamjon va Doston kabi dast ko‘tarishda 5-o‘rin (92 kg), ikkikurashda 4-o‘rin (212 kg)ni egalladi va siltab ko‘tarishda 120 kg natija bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi. Murosasiz kurashda u Yaponiya va Mo‘g‘ulistondan kelgan kuchli raqiblarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. 90 kggacha vaznli sportchilar orasida supachaga chiqqan Dolera Davronovaning chiqishi esa yanada zalvorli bo‘ldi. Uning siltab ko‘tarishdagi 115 kg va ikkikurashdagi 204 kg natijalari bronza medal qiymatiga teng keldi.

Eng muhimi, har ikkala qizimiz garchi, hali qit’aning yetakchi og‘ir atletikachi qizlariga nisbatan ancha yosh bo‘lsalar-da, kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati supachasida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi. Omadoy ham, Dolera ham murabbiylar tomonidan berilgan barcha buyurtmalarni samarali amalga oshirishdi. Boshqacha qilib aytganda, ular berilgan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishdi. Demak, ayollar jamoamiz qit’a chempionatini 3 ta bronza medal bilan yakunlashdi.

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 11:25, 01.05.2017.
O'qildi: 3640 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.