Kirish Ro'yxatdan o'tish
31/10 00:45 Atalanta 2-0 Monsa
31/10 00:45 Yuventus 2-2 Parma
31/10 18:15 Paxtakor 3-1 Andijon
31/10 22:30 Jenoa 0-1 Fiorentina
01/11 00:45 Komo 1-5 Lasio
01/11 00:45 Roma 1-0 Torino
02/11 01:00 Alaves - Malyorka
02/11 17:30 Nyukasl - Arsenal
02/11 18:00 Osasuna - Valyadolid
02/11 20:00 Bornmut - Manchester Siti
02/11 20:00 Ipsvich - Lester
02/11 20:00 Liverpul - Brayton
02/11 20:00 Nottingem Forest - Vest Xem
02/11 20:00 Sautgempton - Everton
02/11 20:15 Jirona - Leganes
02/11 22:30 Vilyarreal - Rayo Valyekano
02/11 22:30 Vulverhempton - Kristal Pelas

Intervyu. Marsel Desayi: «Rossiya termasi Gresiya-2004 qiyofasini olishi kerak»

Intervyu. Marsel Desayi: «Rossiya termasi Gresiya-2004 qiyofasini olishi kerak»

Baho:
+ | -

Avvalgi shanba kuni Moskvadagi Gorkiy nomli istirohat bog‘i hududida Konfederasiyalar kubogi-2017 turniri xiyoboni ochildi. Tadbirga taklif etilgan martabali mehmonlar orasida yaqin o‘tmishning nomdor futbolchisi Marsel Desayi ham bor edi. Qulay fursatdan unumli foydalanishni istagan «SE» muxbiri vaqtida «Marsel», «Milan» hamda «Chelsi» klublarida muvaffaqiyatli to‘p surgan, shuningdek, jahon va Yevropa chempionatlarida zafar quchgan fransiyalik sobiqhimoyachini darhol suhbatga chorladi.

G‘alabalar va fojia

- Rossiya JCH va Konfederasiyalar kubogidek muhim musobaqalarni qabul qilish arafasida turibdi,-deya suhbatga kirishdi Marsel Desayi. - O‘z misolimda aytsam, Konfederasiyalar kubogida 2 marta ishtirok etganman va ulardan unutilmas taassurot-xotiralar qolgan. Chunonchi, men qatnashgan 2001 va 2003 yilgi turnirlarda Fransiya terma jamoasi g‘olib chiqqandi. Bu galgi musobaqa bir qator milliy jamoalar salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi. Jumladan, Rossiya va Germaniya termalariga qiziqish katta bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, musobaqa bahonasida mundialga tayyorgarlik jarayoni va jamoatchilikning futbolga munosabati xususida muayyan xulosalar chiqarish mumkin.

- Umuman, shaxsan siz Konfederasiyalar kubogiga qanday baho berasiz: bu JCH tashkilotchilari  uchun o‘ziga xos repetisiyami yoki alohida yirik musobaqa?

- Masalani bu qadar keskin qo‘yish shart emas. Ha, turnir o‘yinlari ishtirokchi jamoalar uchun JCH oldidan jiddiy tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tashi mumkin, ya’ni repetisiya. Lekin FIFA tizimida o‘ziga yarasha nufuzga ega xalqaro musobaqani shunchaki, tayyorgarlik mashg‘uloti sifatida qabul qilish noto‘g‘ri.

- Darhaqiqat, vaqtida 2ta Konfederasiyalar kubogida Fransiya terma jamoasini sardori sifatida maydonga olib tushgansiz va g‘alabani tantana qilgansizlar. O‘sha musobaqalarda kuzatilgan qaysi voqeani alohida ta’kidlay olasiz?

- Tushunarliki, har ikkisi yakunida bo‘ynimizga oltin medal taqqanimiz o‘chmas iz qoldirgan, albatta. Lekin 2003 yili Fransiya mezbonlik qilgan turnirda yuz bergan fojiani xotiradan o‘chirib tashlash qiyin. Eslasangiz, Lion shahrida Kamerun va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasida kechgan yarim final bellashuvida Mark-Vivyen Foe yurak xuruji tufayli hayotdan ko‘z yumgandi. «Stad de Frans» arenasida tashkillangan finalda esa biz aynan kamerunliklar bilan kuch sinashdik. Uchrashuvdan avval marhum futbolchining xotirasiga bag‘ishlangan tadbir uyushtirildi - har qanday inson qalbini titratadigan lahzalar. Shuningdek, yarim finaldagi o‘yinimizni ham yaxshi eslayman. Chunonchi, bizga o‘sha davr yuksak saviyaga ko‘tarilgan Turkiya terma jamoasi raqiblik qilgan va butun uchrashuv davomida keskinlik pasaymagandi. 3:2 hisobi maydonda qanday kurash borganidan dalolat. Ha, futbolda kuchlar nisbati tez-tez o‘zgarib turadi - ayni payt yetakchi o‘rinlarga boshqa jamoalar ko‘tarilgan.

- Ochig‘i, Konfederasiyalar kubogi-2001 yarim finalida Braziliya terma jamoasi darvozasiga urgan golingizni tilga olishingizni kutgandik. Birinchidan, o‘sha gol jamoangizga g‘alaba keltirgandi. Ikkinchidan, u siz uchun milliy jamoadagi eng muhim gollardan biri sanaladi.

- Hammasi to‘ppa-to‘g‘ri. Boz ustiga, milliy jamoa libosida ko‘p gol urgan emasman. Asosiy fakt shuki, Konfederasiyalar kubogi bahslari ishtirokchilar qatori muxlislarga ham olam-olam hissiyotlarni hadya etgan. Chunki har bir qit’aning eng kuchli jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlarda keskinlik va murosasizlik yaqqol sezilar va umumiy saviya JCHnikidan sira qolishmasdi.

- Bu galgi turnirda Fransiya termasining ishtirok etmasligi siz uchun afsuslanarli holat bo‘lsa kerak...

- Ha, vatandoshlarimga ozgina omad yetishmadi. Vaholanki, Yevro-2016 final o‘yinida zaxiradan maydonga tushgan Jinyak hal qiluvchi golni urishga juda yaqin kelgandi. Ehtimol, shakllanish jarayonini boshdan kechirgan Fransiya termasi o‘sha payt yirik g‘alabaga to‘liq tayyor bo‘lmagandir... Xursand qiladigan tomoni, Yevro-2016ga mezbonlik qilish ta’sirida jamoamiz kuch-qudratiga ishonch tug‘ildi. Rossiya mundialida ana shu ijobiy o‘zgarish qo‘l kelsa, ajabmas. Eh, afsuski, Konfederasiyalar kubogida Fransiya termasi emas, portugaliyaliklar ishtirok etishadi.

Fransiya futbolisalohiyati

- Xo‘sh, Fransiya termasining mundialga bog‘liq rejalari, imkoniyatlari qanday?

- Nokamtarlikka yo‘ymangu, mamlakatimiz milliy jamoasi hayratlanarli salohiyatga ega. Shaxsiy fikrimcha, hozirgi tarkib bizning davrdagi jamoadan ham kuchliroq. Pogba, Kante, Grizmann, Varan, Kosyelni - har bir chiziqda o‘ziga yarasha yorqin yetakchi bor. Mana, bu yigitlar turli chempionatlarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqdalar.

- Demak, bugungi jamoani kuch-salohiyat nuqtai nazaridan JCH-98 va Yevro-2000da zafar quchgan termadan ustun qo‘yasiz...

- Iqtidorlar darajasidan kelib chiqib aytsak, shunday. Qarang, Mbappe, Bakayoko va Dembele kabi yigitlarimiz hali juda yosh bo‘lishlariga qaramay, yuksak saviyani namoyish etmoqdalar. Ayni shu noyob iqtidorlar endi terma jamoada ham karomat ko‘rsatishlari kerak. Bu yigitchalar ayni payt odatiy muhit va o‘zlariga mos uslubda to‘p surishmoqda. Terma jamoada esa ulardan umuman boshqacha vaziyatdan muvaffaqiyat bilan chiqish talab etiladi. Notanish jamoadoshlar bilan til topishish va terma jamoaning og‘ir mas’uliyatiga dosh berish oson emas, albatta. Bularga ko‘nikma hosil qilish uchun ma’lum vaqt kerak. Biroq yosh o‘yinchilarimizning noyob iqtidorlari shundoq ko‘rinib turibdi. Bungacha himoya chizig‘i qanotlaridan biroz xavotirda edik. Lekin baxtimizga, «Monako»da Benjamin Mendidek ishonchli himoyachi yetishib chiqdi.

- Qit’a birinchiligi finalidagi mag‘lubiyat bolalikdan qadrdon do‘stingiz sanalgan milliy jamoa ustozi Didye Deshamga kuchli zarba bo‘lgandir...

- Yana qanday zarba-ya... Axir biz doimo oxirigacha kurashishga odatlangan chinakam jangchilarmiz. Albatta, 2-o‘rin ham chakki natija emas, terma jamoamiz istiqboli risoladagidek. Ammo Fransiyada hamma faqat chempionlikni kutgandi. Afsus, orzu ro‘yobga chiqmadi. «Vise» qo‘shimchasiga ko‘nikish qiyin. Xayriyatki, Desham tushkun kayfiyatdan tezda xalos bo‘ldi va jamoaning texnik-taktik mahoratini maromiga yetkazish yo‘lida tinmay izlanmoqda.

- Tarixga nazar tashlasak, JCH-98 arafasida jamoangizning toj kiyishiga hech kim ishonmagandi. Hozir Rossiya termasiga ham ishonch yo‘q. Uning mundialda chorak finalga chiqishi ham jasoratdek qabul qilinadi, go‘yo.

- Chindan ham, bu ko‘ngildagidek natija hisoblanardi. Rossiya termasining  oxirigacha kurashadigan salohiyatga egaligi hanuzgacha sezilmayapti. Jamoa Gresiya termasining Yevro-2004da ko‘rsatgan karomatini takrorlashga intilsa, zo‘r bo‘lardi. Lekin tarkibida o‘ta yuqori saviyali o‘yinchilar yo‘q, shekilli. Demak, jamoaviy hamjihatlikka umid bog‘lash kerak. Yana jamoaning o‘z kuchiga nisbatan ishonchini keskin ko‘tarish talab etiladi.

- Darhaqiqat, Rossiya terma jamoasi ayniqsa, so‘nggi yillarda nihoyat sustlashib ketdi...

- Musobaqalar - chinakam sinov. Jumladan, Konfederasiyalar kubogida jamoaning o‘zini qanday his etayotgani namoyon bo‘ladi. Avvalo, tarkib uchun chinakam yetakchilarni aniqlab olish kerak. Umid qilamanki, Rossiya jamoasi Kamerun termasi Afrika millatlar kubogi-2017da amalga oshirgan ishni uddalaydi. Gabonda o‘tgan o‘sha musobaqani bevosita kuzatib bordim. Avvaliga kamerunliklar tarkibida yetakchilar ko‘zga tashlanmadilar - jamoaning ko‘plab taniqli futbolchilari turli sabablar bilan turnirdan chetda qoldilar. Biroq jamoa ularsiz ham muvaffaqiyatga erishishiga ishondi. Nazarimda, Kamerun termasiga ayni shu ishonch hissi qo‘shimcha kuch berdi.

- Portugaliya termasining Yevro-2016da qat’iy o‘yin intizomi evaziga muvaffaqiyatga erishgani xususidagi xulosaga qo‘shilasizmi?

- Bu jamoaga bir necha omillar uyg‘unligi qo‘l keldi. Birinchidan, uning finalga chiqishini hech kim kutmagandi. Ikkinchidan, garchi Portugaliya termasi yorqin sahifalar bitmagan bo‘lsada, jamoaviy ruhiyatga ega. Qolaversa, portugallarni yetakchilar, xususan, Krishtianu Ronaldu ruhlantirib turardi.

- 7 yil muqaddam JARdagi JCH chog‘i suhbatlashganimizda, Ganada yashayotganingizni aytgandingiz.

- O‘sha vaqt Afrika futboli uchun juda zarur sanalgan akademiya va sport infratuzilmalarini bunyod etish loyihasi ustida ishlayotgandim. Hozir esa yana Fransiyada istiqomat qilib, BeIN Sport telekompaniyasida sharhlovchi-ekspert sifatida faoliyat olib boryapman.

- Yana bir do‘stingiz Zayniddin Zidanning ham hozirgi ishlari joyida. Futbolchilik davri uning «Real»dek grand jamoani binoyidek boshqarishga yetadigan qobiliyati hech sezilganmidi?

- Yo‘q. Zidan o‘z maqsadiga bosqichma-bosqich yaqinlashish orqali erishdi: avvaliga o‘zini telesharhlovchi rolida sinab ko‘rdi, biznes bilan shug‘ullandi. Keyin institutda tahsil oldi va shunday xulosaga keldi: «Menga futbol yetishmayapti!» Natijada murabbiylik lisenziyasini qo‘lga kiritdi va «Real» akademiyasida ishga kirishdi. Beqiyos obro‘siga qaramay, yoshlar bilan ishlashga ko‘nganining o‘zi uning murabbiylikka qat’iy bel bog‘laganidan dalolat edi. Demoqchimanki, unda futbolga nisbatan muhabbat shaxsiy obro‘-e’tibor va izzattalablikdan ustun keldi. Qolaversa, Zayniddin «Real»da Karlo Anchelotti qanoti ostida ishlab, bebaho tajriba hosil qildi. Shunda ham yuqoriga oshiqmadi. Nihoyat, Rafael Benites o‘rnini egallash fursati kelgach, «Real»ga o‘z falsafasini singdirish harakatini boshladi. Mana, Marselo va Ronaldu kabi yigitlar endi to‘p bilan ko‘proq muomala qilish imkoniyatiga ega bo‘lishyapti.

- Antonio Kontening «Chelsi»dagi muvaffaqiyatli odimini ham alohida kuzatib boryapsizmi?

- Avvalo, Mourinyodek murabbiyga javob berishdan cho‘chimagan Abramovichga qoyil qolish joiz. Konte esa dadillik bilan taktik uslubni o‘zgartirdi va hujumkor o‘yinni yo‘lga qo‘ydi. «Chelsi» endi chempionlikni qo‘ldan chiqarmasa kerak.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:13, 04.05.2017.
O'qildi: 3410 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.