Shohjahon Ergashev – bugungi kunda O‘zbekistonning eng iste’dodli professional bokschilaridan biri. Aslida Shohjahon keng omma e’tiboriga ancha kech tushdi. Ko‘pchilik uni professional ringda raqiblarini ketma-ket nokautga uchratganidan so‘ng taniy boshladi. Uni mashg‘ulotlar va janglarga bag‘ishlangan internet tarmog‘idagi videoroliklari mashhur qildi.
Ayni paytda Shohjahon Ergashev nafaqat o‘zbek boks muxlislari balki xorijdagi yetuk mutaxassislar nazariga tushgan. Ayrim murabbiylar mushti zo‘r bu yigit bilan ishlash ilinjida uning janglariga kelgani va hamkorlik taklif qilgani ham bor gap.
Hozir biz Shohjahonni nokautchi bokschi sifatida yaxshi taniymiz. Lekin uning muxlislar nazaridan chetda qolgan va el nazariga tushguncha bo‘lgan hayoti ko‘pchilik uchun qorong‘u va ayni paytda hamma uchun qiziq hamdir. Zero, Shohjahon bir kunda nokautchi bokschiga aylanib qolgani yo‘q...
SPORTS.uz sayti tahririyatida mehmon bo‘lgan Shohjahon Ergashev muxlisu mutaxassislar uchun qiziqarli bo‘lgani ko‘p faktlarni ochib berdi. Bugungi kunda mashhurligi kun sari ortib borayotgan bokschimiz hikoyasini navbatma-navbat e’tiboringizga havola qilamiz.
Men asli professional futbolchiman!
Ha, bu ayni haqiqat. Shohjahon boks bilan shug‘ullanish bilan barobar yuqori darajada futbol ham o‘ynagan. Buni bugungi kunda professional bokschiga aylangan sobiq futbolchining o‘zi quyidagicha hikoya qiladi.
- Agar men bir-ikki yil to‘p tepganimda professional futbolchiman, deyishga ma’naviy haqqim bo‘lmasdi, - deydi Shohjahon Ergashev. – Lekin men 2008-2013 yilgacha Farg‘ona viloyatining turli jamoalarida o‘ynaganman.
O‘zbekiston chempionatining oliy ligasida “Neftchi” jamoasi sharafini himoya qilganman. Hujum chizig‘ida o‘ynaganim uchun oliy liga uchrashuvlarida gol urishga muvaffaq bo‘lganman. Adashmasam, birinchi golimni Farg‘onada “Dinamo” jamoasi darvozasiga kiritgan edim. O‘yinda ko‘proq assistentlik qilganim ham esimda.
- Futboldan nega ketgansiz?
- Aslida futbolni davom ettirganimda futbolchilar orasida yo‘qolib qolmas edim. Bunga aminman. Chunki o‘sha paytlar jamoadoshlarim bilan tengma-teng o‘ynardim. Qolaversa, men ular kabi bor e’tiborimni futbolga qaratib, mashg‘ulotlarda ular darajasida ter to‘kmaganman. Lekin o‘yinda bu kamchiligim umuman bilinmagan.
Futboldan tashqari, boks bilan jiddiy shug‘ullanardim. Vaqti kelib ikkalasidan birini tanlashimga to‘g‘ri kelishini bilardim. Chunki, eng ommaviy hisoblangan bu ikki sport turining talablari umuman bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Tarixda bir paytni o‘zida bir necha yakkakurash turi bilan shug‘ullangan yoki jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha musobaqalarda qatnashgan sportchilar ko‘p bo‘lgan. Lekin ham futbol, xokkey, gandbol, voleybol singari jamoaviy o‘yin turlari bilan boks, taekvondo, kurash kabi individual mahoratga asoslangan sport yo‘nalishlarini teng olib borish deyarli imkonsiz. Shunga men ham vaqti kelib, futbol yoki boksni tanlashim shartligini doim his qilib kelganman.
- Nega boksni tanladingiz?
- Futbolda o‘yin taqdiri uchun o‘n bir kishi kurashadi. Beshtasi zo‘r o‘ynasa, qolganlari u darajada to‘p sura olmaydi. Ya’ni “aravani hamma teng tortmaydi”. Tabiiyki, bunday vaziyatda ana shu zo‘r o‘ynagan besh kishi ko‘pincha o‘z maqsadiga yetolmay qoladi. Boksda esa aksincha. Hammasi ringga chiqqan bokschining qo‘lida bo‘ladi. Shunga futbol menga begonadek tuyulgan. Xarakterimga futbol to‘g‘ri kelmagan. Lekin futbolni qattiq ushlaganimda balki mendan ham yaxshi futbolchi chiqardi.
Tan olishim kerak, hozir ham futbolga jiddiy qiziqaman. O‘zbekistonda “Bunyodkor”ga muxlislik qilaman. Akrom Komilov, Dostonbek Hamdamov bilan munosabatlarim yaxshi. Xabarlashib, gaplashib turamiz.
Xorij jamoalaridan “Real” yoqadi. Futbolchilardan Krishtianu Ronaldu va Serxio Ramosning o‘yinlarini maroq bilan tomosha qilaman. Shu o‘rinda, Lionel Messining ham mahoratini tan olaman.
Ko‘pincha, Krishtianu Ronaldu va Lionel Messining qay biri kuchliligini mendan ham so‘rashadi. Men uchun ularning ikkisi ham zo‘r.
Ispaniya, Angliya, Germaniya futbol jamoalaridan o‘rganadigan jihatlar juda ko‘p. Bu mamlakatlar jamoalari yirik hisobda yutqazayotgan pallada ham vaqt oz qolganiga qarama, oxirigacha kurashadi. Bu boksda ham o‘ta muhim xislat. Ayrim holatlarda hisobda ortda qolayotgan bokschi kurashni erta tugatadi. Aksincha, jang tugagunicha harakat qilish kerak. Chunki kuchli zarba bilan raqibni nokaut qilib qo‘yish ham mumkin. Yutqazgan taqdirda muxlislar oldida yuzi yorug‘ bo‘ladi. Muxlislar “Yutqazsa ham oxirigacha kurashdi, balli”, deyishadi. Har bir sportda so‘nggi soniyagacha harakatni to‘xtatmaslik kerak.
Bektemir Meliqo‘ziyev ideal bokschi
Shohjahon bilan suhbatimiz boks haqida davom etdi. Poytaxtimizda o‘tgan Osiyo chempionati muloqotimizni qizg‘in o‘tishiga sabab bo‘ldi. Shohjahonning ayrim qarashlari shu paytgacha yangragan fikrlarga umuman zid bo‘lib chiqdi. Xususan, mamlakatimizning eng kuchli bokschisi haqidagi savolga Shohjahon Ergashev kutilmagan javobni berdi...
- Shohjahon Osiyo chempionatini tomosha qildingizmi?
- Osiyo chempionatining qator uchrashuvlarini “O‘zbekiston” sport majmuasidan tomosha qildim. O‘zbekiston terma jamoasining ayrim bokschilari bilan birga shug‘ullanganman. Ko‘pi bizdan keyingi yosh avlod vakillaridir.
Umuman olganda, Osiyo chempionati davomida yigitlar o‘zbek boks maktabi qudratini namoyish eta oldi. Ayniqsa, Rio Olimpiadasidagi g‘alabalardan keyin bokschilarimizning nimalarga qodirligini yana bir karra isbotlab qo‘yishi alohida ahamiyat kasb etardi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, bokschilarimizning aksariyati qatorisiga bir nechta janglarni muddatidan oldin yakunladi. Havaskorlar boksida bu ko‘p narsadan dalolat beradi. Professional boksdan farqli o‘laroq, havaskorlar o‘rtasidagi janglarda raqibni nokaut qilish oson ish emas. Qolaversa, murabbiylar havaskor boksda bir zarbaga ishonib, nokaut qilishni kutib, jang o‘tkazishni tavsiya qilishmaydi. Hozir “olimpiya boksi” deb ta’rif olgan bu yo‘nalishda tezkor va aniq zarbalar ko‘proq qadrlanadi.
- O‘zbek boks maktabining kuchi nimada?
- Darhaqiqat, O‘zbekiston doimo kuchli terma jamoaga ega bo‘lgan. Ayniqsa, hozirgi jamoamiz juda qudratli. Bugungi kunda Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm, Jizzax, Toshkent viloyati va poytaxtdan chiqqan bokschilarning reytingi baland. O‘zbek boks maktabining qudratli bo‘lishini ta’minlayotgan omil - joylarda iste’dodli, kuchli bokschilarning ko‘pligida. Hozir o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida terma jamoaga nomzod bokschilar asosiy tarkib vakillari bilan birga shug‘ullanadi. Albatta, kuchli bokschilar bilan yonma-yon shug‘ullanish va sparring janglarida qatnashish har tomonlama o‘sishga ijobiy ta’sir qiladi.
Osiyo chempionatida eng kuchli bokschilarimizning ishtirokiga guvoh bo‘ldik. Ularning ortidan yetishib kelayotgan va ularga raqobatchi bo‘lgan yigitlarning iste’dodi, mahorati, imkoniyatlari birinchi raqamli bokschilarimizdan kam emas. Ayni paytda, terma jamoamizga kirishga nomzod bo‘lgan, hozircha ikkinchi, uchinchi, xatto to‘rtinchi raqamli bokschilarimizning aksariyati O‘zbekiston chempionatlarida oltin medal ola bilmagan. Lekin ular boshqa mamlakatlarda albatta chempionatni yutib, terma jamoasi asosiy tarkibidan muqim joy olgan bo‘lardi. Chunki bizda terma jamoaga nomzod bo‘lganlar boshqa ko‘plab mamlakatlarning asosiy bokschilaridan ustun. Sababi bokschilarimiz yoshligidan kuchli raqobatga dosh berib ulg‘aymoqda.
Men bugun o‘z iste’dodini namoyon qilgan har bir bokschi kelajakda o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishiga ishonman.
- Shohjahon, havaskorlar o‘rtasida ideal bokschi kim?
- Bektemir Meliqo‘ziyev.
- To‘g‘risini aytsam, bu savolga Olimpiya o‘yinlari va Osiyo chempioni, 2016 yildagi jahonning eng kuchli bokschisi, Vel Barker kubogi sohibi Hasanboy Do‘smatov, deb javob berishingizni kutgandim. Ko‘pchilik Hasanboyning zo‘rligini tan oladi.
- Men ham Hasanboyning zo‘r bokschi ekanini tan olaman. Lekin har bir inson kabi mening ham shaxsiy fikrim bor. Men O‘zbekistonning yaqin kelajakdagi boks yulduzi Bektemir Meliqo‘ziyev bo‘lishiga ishonaman.
- Bu fikringizni qanday izohlaysiz va Bektemirning qaysi xususiyatlarini alohida ko‘rsatgan bo‘lardingiz?
- Bektemirning ustunligi u har qanday raqibni yengish usulini bilishida. Zarbalari aniq, zalvorli, himoyasi mustahkam. Zarbasini yegan bokschi uning kuchini darov his qiladi. Ringda Bektemirga qarshi turish qiyin.
U hali yosh. Demak, tajribasi oshgani sari uning boksi yanada kuchayib boraveradi. Agar Bektemir hozirgiday o‘z ustida ishlashni kanda qilmasa, ringda ko‘p yutuqlarga erishadi. Hatto Tokio Olimpiadasida oltin medal olishga ham qurbi yetadi.
- Yana qaysi bokschilarimizning mahoratini tilga olgan bo‘lardingiz?
- Isroil Madrimov juda sabrli bokschi. Janglarini kuzatsangiz, u qachon zarba berish kerakligini bilishini ko‘rasiz. So‘nggi bir yil ichida juda katta o‘sishga erishdi. Shuningdek, Shahobiddin Zoirov, Elnur Abduraimov, Shahram G‘iyosov ham o‘z vazn toifasida o‘ta kuchli bokschilar sirasiga kiradi.
- Siz ham havaskor boksda qolganingizda balki terma jamoaning asosiy tarkibidan joy olgan bo‘lardingiz. Professional boksga erta o‘tib ketganman, deb afsuslanmaysizmi?
- Men o‘z vaqtida O‘zbekiston chempionatlarida g‘olib chiqqan va terma jamoaga nomzod bokschilardan bo‘lganman. Balki profiboksga o‘tmaganimda men hozir terma jamoa a’zosi bo‘lishim ham mumkin edi. Lekin qaror qabul qilib bo‘lganman va bundan sira afsuslanmayman. Bokschi sifatida nimalarga qodirligimni professional ringlarda ham sinab ko‘rishim mumkin.
Oldimda AQSH ringlarini zabt etish masalasi turibdi
Shohjahon Ergashev bilan suhbatimizning uchinchi qismi uning professional boksdagi faoliyatiga bog‘landi. Suhbat jarayonida Shohjahon ringga o‘zbek do‘ppisi bilan chiqish fikri kimga tegishli ekanini va o‘z maqsadlarini oshkor qildi...
- Shohjahon, professional boks haqida gaplashsak. Keyingi paytda professional boksga o‘tganlar soni ko‘payib bormoqda. Bu nima bilan bog‘liq?
- Umuman olganda, yurtimizda iste’dodli va kuchli bokschilar ko‘p. O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etadigan yirik musobaqalar o‘nta vazn toifasida o‘tkaziladi. Demak asosiy tarkib o‘n kishidan iborat bo‘ladi. Lekin shu asosiy tarkibga nomzod bo‘lgan bokschilarning soni juda ko‘p. Albatta, vatan sha’nini himoya qilish uchun eng kuchli bokschilarga imkoniyat beriladi. Ikkinchi yoki uchinchi raqamli bokschilar ham ayrim holatlarda xorijdagi musobaqalarda qatnashadi. Ularning ortidan yanada kuchli avlod yetishib chiqmoqda. Havaskor boksdagi murabbiylarda tanlash imkoni juda keng. Lekin hammaga ham terma jamoa safida muntazam ringga chiqadigan bokschi mavqeiga erishish nasib etmaydi.
Shuning uchun ayrim bokschilar professional boksga o‘tishni ma’qul ko‘radi. Keyingi yillarda profiringga ko‘tarilgan hamyurtlarimiz orasida terma jamoa tarkibida natija ko‘rsatganlar, havaskorlar boksida o‘zi ko‘zlagan maqsadga erisholmaganlar yoki hali o‘zini ko‘rsatishga imkoniyat bo‘lmagan yoshlarni ham ko‘rishimiz mumkin.
Menimcha, professional bokschilar sonining ortayotgani eng avvalo yurtimizda yaxshi saviyadagi bokschilarning ko‘pligi bilan izohlanadi. Havaskorlar orasida bokschining kelajagi ko‘proq murabbiylarning tanloviga va o‘zining musobaqalarda erishayotgan yutuqlariga bog‘liq. Professional boksda esa imkoniyat kengroq.
- Professional bokschilarimizdan kimlarning salohiyatini yuqori baholaysiz?
- Qudratillo Abduqahhorov erishayotgan g‘alabalarni kuzatib boraman. U irodali bokschi va maqsad sari tinmay harakat qiladi. Qudratilloning oxirgi jangini ham ko‘rdim. Afrikalik chempion uni mensimay harakat qildi. Qudratillo o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Darrov jang tizginini o‘z qo‘liga oldi va bir zarba bilan maqtanchoq raqib masalasini hal qildi.
Aziz Abdug‘ofurovni ham juda kuchli boks ustasi, deb bilaman. Shuningdek, professional boksga o‘tgan olimpiya chempioni Fazliddin G‘oibnazarov ham ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi. Yana o‘zini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yosh bokschilar bor. Ularning imkoniyati qanday ekanini vaqt ko‘rsatadi.
- Professional boksga qadam qo‘ygan bokschini nimalar kutadi?
- O‘z misolimda aytadigan bo‘lsam, professional boks umuman boshqa olam. Ayniqsa, 12 raundlik janglar juda og‘ir bo‘ladi. O‘zim hali buncha raund boks tushmadim. Lekin sparringlarda o‘zimni sinab ko‘rdim. Professional bokschilarning uslubi ham har xil. Ayrim raqiblarni jangning dastlabki raundida rosa urasiz. Bu boksni bilmasa kerak, degan fikr ham tug‘iladi. Beshinchi-oltinchi raundlarda vaziyat tenglashadi. Uchrashuvning oxirida esa raqib ustunlik qiladi. Birorta bokschini yengaman, deb oldindan aytib bo‘lmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, havaskorlar va professionallar boksi bir-biridan keskin farq qiladi. Havaskorlar boksida Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari g‘olibi bo‘lgan bokschilar profringda o‘zini ko‘rsatolmasligi mumkin. Aksincha, havaskorlar o‘rtasida ishi yurishmagan charm qo‘lqop ustalarining professionallar orasida dunyoni larzaga solganlari ko‘p bo‘lgan. Bu tarixdan ma’lum.
- Siz uchun eng zo‘r professional bokschi kim?
- Ayni paytda Menni Pakyao eng mashhur professional hisoblanadi. Lekin so‘nggi janglarida uning avvalgi holatidan ancha uzoqlashgani ko‘rinib qolmoqda. Menimcha, hozir Pakyaoning nomi qolgan xolos.
Ideal professional bokschi, deb Floyd Meyvezerni tan olaman. Chunki u g‘alaba qozonishni biladi. Kuchli bokschilarning deyarli barchasini yengdi. Shu bilan birga Floyd hech qachon o‘z karyerasini boshi berk ko‘chaga olib kirmagan.
U zo‘r bokschi bo‘lishdan tashqari, usta ishbilarmon va biznesmen hisoblanadi. Hozir ham ko‘pchilik u bilan jang qilishni istaydi. Promouterlar, menejerlar ringga chiqishi uchun katta-katta gonorarlar va’da qiladi.
Albatta bu harakatlarning hammasi Floyd Meyvezerni ko‘z oldimizda tirik afsonaga aylantiryapti. Agar Floyd o‘zi g‘alaba qozongan 49 ta jangidan birortasida yutqazganida shu darajaga yetarmidi? Demak, g‘olib bo‘lishni uddalagan bokschi, o‘z vaqtida ketishni ham bilishi kerak.
- Yengilmas bokschi Gennadiy Golovkinning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Menimcha, Gennadiy Golovkin hali o‘ziga munosib raqib bilan jang qilgani yo‘q. Uni oldinda bir necha muhim janglari bor, deb umid qilamiz.
- Shohjahon, o‘z navbatida ayrim muxlislar sizni ham o‘ziga munosib raqib bilan jang qilmayapti, deb hisoblamoqda. Bunga qanday qaraysiz?
- To‘g‘risi shu paytgacha 9 ta jang o‘tkazgan bo‘lsam, turli saviyadagi raqiblar bilan to‘qnash keldim. Lekin oxirgi uch raqibim nisbatan kuchli va tajribali edi. Xususan, Marat Xuzeev o‘z vaqtida reytingi baland bokschilardan bo‘lgan. Ayni paytda jahon reytingini boshqarib turgan Saul Alvares, mashhur bokschilar – Dmitriy Chudinov, Konstantin Ponomaryov, Seljuk Aydin, Viktor Plotnikov va Rida Zamzam bilan jang qilgan.
Men professional bokschilik faoliyatimni ikki yil muqaddam boshlagan bo‘lsam, darrov kuchli raqiblarga qarshi jang uyushtirish qiyinchilik tug‘diradi. Faoliyatimning dastlabki yillarini reytingimni oshirish uchun sarfladim. Aslida o‘tgan yilning oxirida Afrika chempioni bilan titul jangini o‘tkazishim kerak edi. Agar raqib rad javobini bermaganida va men uni yengganimda qo‘limdagi sovrin bilan kuchli raqibni jangga ko‘ndirishim oson bo‘lardi.
Lekin oldinga o‘tib shuni aytamanki, ayni paytda menejerim Oleg Bogdanov men uchun nufuzli sovrin qo‘yilgan jang tashkillashtirishga harakat qilyapti. Hozircha bu jang 3 iyun kuni Rossiyaning Rostov shahrida bo‘lishi rejalashtirilgan.
Bu jangda men bilan raqobatlashish uchun huddi men kabi o‘z oldiga yuksak natijalarni qo‘ygan va bu yo‘lda sovringa erishishni maqsad qilgan amerikalik kuchli bokschi taklif etiladi. Hozir bir necha bokschilarning varianti o‘rganilmoqda.
Agar titulni qo‘lga kiritsam, mashg‘ulotlar lagerini AQSHga ko‘chiraman va yuqori reytingli janglarda qatnashish imkoniyatim oshadi. Hozirgi holatimda ummonortiga boradigan bo‘lsam, hammasini yana qaytadan boshlashimga to‘g‘ri keladi. Shunga biroz sabr qilaman va tez orada faoliyatini yangi bosqichga ko‘taraman.
- O‘z-o‘zidan bundan buyog‘iga kuchli raqiblar bilan jang qilasiz. Nokautlar seriyasi uzilib qolishi mumkinligi sizga bosim o‘tkazmaydimi?
- Yo‘q. Men hech qachon ringga raqibimni faqat nokaut qilaman, deb tushmayman. Ustozlarim bu yo‘ldan qaytargan. Ochkolar hisobidagi g‘alaba ham yutuq. Demak, raqibni nokaut qilolmasam buning hech qanday zarari yoki bosimi bo‘lmaydi.
- Keyingi paytda ringga boshda do‘ppi bilan chiqyapsiz. Bu kimning tashabbusi?
- Jasur Haydarov degan akam bor. Bu g‘oya unga tegishli. Akam meni doimo nazorat qilib, kerak vaqtda ham ma’nan, ham moddiy tomondan qo‘llab turadi. G‘alabalarimda ularning hissasi katta. Hozir akam menga bir shart qo‘ydi. Agar faoliyatimni AQSHda davom ettiradigan bo‘lsam ingliz tilini o‘rganishim kerakligini uqtirdi. Bokschiligimni inobatga olib, kuniga beshta so‘z yodlashimni tayinlagan. Qayerda bo‘lishimdan qat’iy nazar har kuni internet orqali bog‘lanib, yodlagan so‘zlarimni erinmay birma-bir imtihon qiladi.
Jasur akam menga ko‘p narsani o‘rgatmoqda. Hozir har qanday sportchi yaxshi natija qayd etishi uchun oilasi muhim rol o‘ynashini chuqur his qilaman. Ilgari bu narsalarga e’tibor bermasdim. Eng katta yutug‘im oilam, ota-onam, yaqinlarimning xotirjamligi ekan.
- Shohjahon bokschi sifatida kuchli va nozik jihatlaringizni o‘zingiz bilasizmi?
- Ustunlik tomonim zarbam kuchli va tezligim yaxshi ekanini mutaxassislar ta’kidlashmoqda. Bunga o‘zim ham qo‘shilaman. Hozirgi darajamda bitta kamchiligim paydo bo‘lganini sezdim.
Raqib menga tez moslashyapti. Buni janglarda his qilganim yo‘q. Lekin kuchli bokschilar bilan sparringlarda shuni sezib qoldim. Ya’ni men yo‘l qo‘yayotgan xato har bir zarbani kuchli yo‘llashga harakat qilishimda ekan. Men raqibni bor kuchim bilan uraman. Bu dastlabki raundlarda samara beradi. Jangning ikkinchi yarmida raqib zarbalarimga moslashib qolyapti.
- Bu kamchilikning yechimi topildimi?
- Vladimir Klichko, Terri Noys, Zaur Baysangurov, Samuel Peter, Karlos Baldomir kabi mashhur sportchilar bilan hamkorlik qilgan va Gennadiy Golovkin hamda Murat Gassiyevni chempionlik janglariga tayyorlagan taniqli murabbiy Abel Sanches bir maslahat berdi. Uning tavsiyasiga ko‘ra, raqibni besh-olti marta urgandan keyin eng kuchli zarbani kutilmaganda berishni o‘rganyapman. Hozir murabbiyim Xursanali Majidov bilan mashg‘ulotlarda shu jihatga ham e’tibor qaratyapmiz.
- Siz odatda, janglarni tez tugatyapsiz. Ko‘p raundli janglarga yaraysizmi?
- To‘g‘risi ko‘pchilik shuni so‘raydi. Raqibni nokaut qilolmay qolsam nima bo‘lishiga qiziqishadi. Men professional ringda uzog‘i olti raund jang qilganman. Shu ham oxiriga yetmagan. Lekin mashg‘ulotlarda jismoniy holatimni kuchaytirishga ishlayman. Sparring janglarda kuchli bokschilar bilan 14 raund ishlayman. Uzluksiz 35 daqiqadan ikki raund sparring tushaman. Shularga tayangan holda ko‘p raundlik janglarda charchab qolmayman, deb ayta olaman.
- Siz raqiblarni ko‘p nokaut qilasiz. O‘zingiz ham ularning holatiga tushgan paytingiz bo‘lganmi?
- O‘zim nokaut bo‘lmaganman. Musobaqalarda biror marotaba nokdaun holatiga tushmaganman. Faqat ochkolar bo‘yicha yutqazganman. Lekin sparring janglarida nokdaunlar bo‘lgan, qo‘lim va burnim singan holatlar ham yuz bergan.
- Shohjahon, sizni ko‘chada odamlar taniyaptimi, o‘zingizni yulduz bokschi, deb hisoblaysizmi?
- Ochig‘i, boks muxlislari taniyapti. Ko‘chada birga rasmga tushishni taklif qiladiganlar ko‘p. Osiyo chempionatini tomosha qilish uchun “O‘zbekiston” majmuasiga borganimda ham ko‘p muxlislar men bilan muloqot qilishdi. Bundan xursand bo‘laman, albatta. Chunki, sport muxlislar bilan qiziq. Muxlisi bo‘lmagan bokschi o‘zini sportchi sanamasa kerak.
O‘zimni mashhur yoki yulduz bokschiman, deb hisoblamayman. Menimcha, sportda yulduzlik kasaliga uchragan odam u yog‘iga o‘sishdan to‘xtaydi. Qolaversa,men hali o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarga yetganimcha yo‘q. Boksda hali e’tiborga molik cho‘qqilarni zabt etmadim. Men oddiy yigit va o‘z maqsadlari yo‘lida harakat qilayotgan bokschiman xolos.
- Shohjahon, har bir ustozingizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishingizni bilamiz. O‘zingiz ham murabbiylik ishini boshlashingiz mumkinmi?
- Kelajak uchun rejalarim bor. Faoliyatimni yakunlaganimdan keyin ham Vatanimiz koriga yaraydigan mutaxassis sifatida ishimni davom ettirishni istayman. Lekin men bolalarga boks tushishni o‘rgatolmasam kerak. Lekin hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Samimiy suhbat uchun rahmat.
SPORTS.uz