Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Q.Aslanov blogida: Xato qilish huquqi yoxud Javohir “Paxtakor”ga o‘tishi kerakmi?

Q.Aslanov blogida: Xato qilish huquqi yoxud Javohir “Paxtakor”ga o‘tishi kerakmi?

Baho:
+ | -

“Lokomotiv” yarim himoyachisi Quvondiq Ro‘ziyev ikki yil oldin ijara shartnomasi asosida “Qo‘qon 1912” safida o‘ynagandi. Ajoyib o‘yinlari orqali u qo‘qonliklarning e’tirofini qozongan, hammaning yoqimtoyiga aylangandi. Driblinglari, tezligi juda zo‘r edi. Keyin “Lokomotiv” uni qaytarib olib ketdi.

Kecha “Qo‘qon”ga qarshi o‘yinda Ro‘ziyev asosiy tarkibda harakat qildi. Menimcha, Ikrom Aliboyevning jarohatdan endi tiklanayotgani sabab bo‘lsa kerak. Uning o‘yini u qadar ko‘zga tashlanmadi. Agar men uni Qo‘qondagi faoliyati orqali bilmaganimda, deyarli e’tibor bermasdim. Ikkinchi taymda almashtirildi. Aytdim-u, qo‘qonliklar yoqimtoyi bo‘lgandi deb, rost ekan, hali ham eslashar ekan, qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishdi. Xuddiki, bir paytlar Messiga qiyoslangan Quvondiqdan mana shu qarsaklargina qolgandek, tuyuldi menga.

Hozir qo‘qonlik boshqa futbolchini – Javohir Sidiqovni “Messi “deyishadi. (yo‘q, kulmang, bu laqablar butun qo‘qonliklarning “barsachi” bo‘lib, doimo jamoada Messi bo‘lishi kerakligidan emas. “Real” muxlislari bor shaharda, ularni kutilayotgan chempionlik bilan tabriklayman). Uning uslubi ham Quvondiqqa o‘xshab ketadi. Men anchadan beri “Ro‘ziyev – Sidiqov – Akramov” uchligi jamoa yarim himoyasida ko‘rishni orzu qilib kelaman, lekin bu amalga oshmaydigan va boshqa mavzu. Mayli.

 

Avvalgi matbuot anjumanlarining birida “Qo‘qon 1912” bosh murabbiyi No‘’mon Hasanov jamoa yarim himoyachisi Javohir Sidiqov haqida fikr bildirar ekan, “agar Javohir Sidiqov jamoani tark etadigan bo‘lsa, biz uchun katta yo‘qotish bo‘ladi” degandi. Jamoaning so‘nggi o‘yinlarini kuzatayotgan muxlislar va mutaxassislar bu gapda jon borligini juda yaxshi bilishadi.

Misol uchun, “Qo‘qon 1912” ning ushbu mavsumda mazmun jihatidan eng yomon o‘yini o‘z maydonidagi “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvi edi, mening nazarimda. 4-daqiqadayoq hisobni ochgan mezbonlar o‘yinning oxirigacha tashabbusni o‘z qo‘llariga ololmagandilar, hujumlarni tashkil qilish, to‘pni nazorat qilish borasida jiddiy kamchiliklar ko‘zga tashlangandi. Sababi o‘sha o‘yinda Javohir Sidiqov maydonga tusha olmagan. Chunki 21 yoshli futbolchi “Paxtakor” a’zosi hisoblanadi, ijara shartnomasida futbolchining “Paxtakor”ga qarshi maydonga tusha olmasligi qayd etilgandi. Aniqrog‘i, og‘zaki shunga kelishilgan.

O‘sha ijara shartnomasida yana, “Paxtakor” agar istasa, Sidiqovni o‘z safiga qaytarib olish mumkinligi ham ko‘zda tutilgan. Katta ehtimol bilan, davralar oralig‘idagi tanaffusda shunday bo‘ladi ham. Bilishimcha, bosh murabbiyini almashtirgan “Paxtakor” ijaradagi barcha futbolchilarni o‘z safiga qaytarish niyatida ekan. Shundoq ham, birinchi davrada matbuot nigohiga tez-tez tushib turgan Sidiqov “Paxtakor”ning e’tiborida ekani shubhasiz.

Men bu holatda na “Qo‘qon 1912” ni ayblay olmayman – jamoa o‘tgan mavsumdayoq yetakchi o‘yinchilardan biriga aylangan Sidiqovni yana bir yilga olib qolish uchun “Paxtakor”ning har qanday shartiga ko‘nishga majbur edi. “Paxtakor”da hech qanday ayb yo‘q – mavsumni yaxshi boshlay olmagan va yangi murabbiyni tayinlagan murabbiy o‘z futbolchisidan foydalanishga urinishi tabiiy va mantiqiy holat. Javohirda mutlaqo ayb yo‘q – u maydonga tushmoqda va o‘zidan talab qilinadigan ishni uddalamoqda – yaxshi o‘ynamoqda.

Nima bo‘ldiki, aybdor qidirib qolding, deb hayron bo‘layotgandirsiz. Ha, shunaqa paradoks, go‘yoki hech kimning aybi bo‘lmagan tabiiy bir vaziyatda futbolimiz yana bir iste’dodni yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Shundan xavotirdaman.

Men Javohir Sidiqovni ilk bor ikki yil oldin, “Qo‘qon” va “Paxtakor” o‘rinbosarlari o‘rtasidagi o‘yinda ko‘rganman. “Paxtakor” o‘rinbosarlari tarkibida harakat qilgan Sidiqov chiroyli o‘yini bilan nafaqat menda, stadionga tashrif buyurgan juda ko‘p muxlislarda ham iliq taassurot qoldirgandi. Texnikasi, tezkorligi, o‘yin uslubi bilan Messini yodga soladigan bu yosh futbolchiga birov befarq qaray olmasdi. Ertasiga u asosiy bahsda ham zaxiradan maydonga tushdi. E’tibor berdim, u qadar ko‘zga tashlanmadi, agar bir kun oldin uning o‘rinbosarlar bahsidagi o‘yinlarini ko‘rmaganimda, ertasigayoq unutib yuborgan bo‘lardim.

Xullas, mana shu o‘yinchi ikkinchi davrada o‘z klubi – “Paxtakor”ga ketishi kutilmoqda. Menimcha, katta ehtimol bilan, Sidiqov u yerda asosan zaxirada qoladi. Hozirgidek ko‘p maydonga tusha olmaydi. Birinchi davra qahramonlaridan biri haqida ikkinchi davrada ko‘p eshitmaymiz, nazarimda.

Yo‘q, men Sidiqovning mahoratiga shubha qilmayman. To‘g‘ri, “Paxtakor” tarkib jihatidan, saviya jihatidan qo‘qonliklardan kuchli bo‘lishi mumkin, jamoaga e’tibor kuchaytirilmoqda, “Paxtakor” yanada kuchayishi aniq. Toshkentliklar tarkibida Sidiqovdan kuchliroq yarim himoyachilar borligini ham bilaman. Ammo gap bunda emas.

Javohir “Paxtakor” tarkibida ham xuddi “Qo‘qon”dagi harakatlarini amalga oshira olishiga ishonaman. Lekin yana shuni aniq ayta olamanki, bunday imkoniyat unda bo‘lmaydi.

Bilasizmi, “xato qilish huquqi” (ruschada – pravo na oshibku) degan holat bor. Bu tushuncha futbolda ham seziladi, nafaqat yurtimizda, butun dunyoda ham yuzlab iqtidorlarning yo‘qolib ketishida muhim faktor deb o‘ylayman buni. Tushuntiraman.

Masalan, “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda Javohir uch vaziyatda to‘pni qulay vaziyatda turgan sherigiga oshirish o‘rniga himoyachini aldab o‘tishga harakat qildi. Uchala harakat ham muvaffaqiyatsiz chiqdi. U to‘rtinchi marta ham shu ishni qilishga urindi va bu safar uddaladi. Beshinchi vaziyatda esa, yana himoyachini aldab o‘tishga qaror qildi, aldab o‘tdi va golli pasni amalga oshirdi.

“Paxtakor” u qadar uzoq emas, Javohir “Paxtakor“ safida turib ham, “Lokomotiv” himoyachisini aldab o‘tib, golli pas uzata oladi. Lekin sizga savol beraman, Javohirga o‘sha kechagi golli pasni amalga oshirishga imkon yaratgan omil – uning texnikasimi yoki unda “Qo‘qon” tarkibida “xato qilish huquqi”ga mavjud bo‘lganimi? Menimcha, ikkinchisi, shunday emasmi?

Sidiqov “Paxtakor” safida o‘ynab, raqib himoyachisini aldab o‘tishga urinishi mumkin, lekin birinchi vaziyat muvaffaqiyatsiz chiqsa, ikkinchi holatda undan to‘pni sherigiga oshirishni talab qilishadi. Uchinchi muvaffaqiyatsizlikni kechirishmaydi. Yo‘q, gap “Paxtakor”dagi muhit, saviya boshqacharoq ekanida emas, gap “Paxtakor”da ham o‘z yulduzlari, “xato qilish huquqi”ga ega bo‘lgan futbolchilari borligidadir. Har qanday jamoada bunday huquq hammaga berilmaydi, muvozanatni saqlash uchun faqat sanoqli o‘yinchilargina bunday statusda bo‘ladilar.

Bu tabiiy jarayon. Hamma joyda shunaqa. Yevropa ham. O‘sha Neymarlarni, Azarlarni Neymar va Azar qilib turgan jihat – ularning xato qilish huquqlaridir. “MYU” hujumchisi Antoni Marsiyalni oling. O‘tgan mavsumda u ana shunday huquqqa ega bo‘lgan yagona futbolchi edi. Natijada u juda foydali bo‘la oldi, ko‘p gol urdi. Mourinyo qo‘l ostida esa, hozir Marsiyal – yetakchi yulduz emas, undan o‘sha huquq olib qo‘yilgan. Marsiyal imkon qadar xato qilmaslikka harakat qiladi, oqibatda u biz bilgan Marsiyalga emas, oddiy futbolchiga aylanadi.

Yevropada Marsiyal kabi, xato qilish huquqisiz bir tiyinga qimmat futbolchilar ko‘p. Ular bundayroq jamoalarda porlaydilar, top klublarga qarshi ham ajoyib harakatlarni amalga oshira oladilar, zo‘r gollar uradilar. Ammo vaqt o‘tib, top klub o‘yinchisiga aylanganlarida, talab o‘zgargach, boshqa yulduzlar ichiga tushib qolgach, o‘sha huquqdan mahrum bo‘ladilar va go‘yoki, saviyalari tushib ketgandek tasavvur uyg‘otadi.

Javohirning “Paxtakor”ga o‘tishi uni aynan o‘sha ustunlikdan mahrum qilishi aniq. Busiz esa, Javohir “javohir” bo‘lmay qoladi. O‘rinbosarlar o‘rtasidagi qandaydir yoki hamma o‘yinda yana o‘zini ko‘rsatishi, stadionda o‘tirgan kimdir uni Messiga qiyoslashi, boshqa kimdirning yodida bir umrga qolib ketishi mumkin, lekin ertasiga zaxiradan maydonga tushganida, tomoshabinlar ko‘proq bo‘ladi. Ularning xotirasida qolmaydi u.

Qaniydi, adashayotgan bo‘lsam…

Qahramon Aslanov

Manba: maydon.uz
Kiritildi: 15:44, 18.05.2017.
O'qildi: 8474 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.