Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

Nemanya Yovanovich: «Har bir futbolchida kamchilik bo‘ladi»

Nemanya Yovanovich: «Har bir futbolchida kamchilik bo‘ladi»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston chempionatining birinchi davrasi yakunlanishiga uchta tur qolmoqda. Oliy ligada yuzaga kelgan tanaffus chog‘ida ko‘plab jamoalar qisqa muddatli ta’tilga chiqishdi. Shu jumladan «Navbahor» ham. Fursatdan foydalanib, «lochinlar»ning amaldagi to‘purari Nemanya Yovanovichdan bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazgani, mavsum borasidagi taassurotlari, «Oltin to‘p»ga kim munosibligi va boshqa ko‘plab savollar bilan murojaat qildik. Serbiyalik legioner shuningdek kamchiliklari, kelajakdagi rejalari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

- Oliy ligada yuzaga kelgan tanaffus chog‘ida «Navbahor» a’zolariga qisqa ta’til e’lon qilingandi. Siz vataningizga ketgan ekansiz. Uni qanday o‘tkazdingiz?
- Ikki oydan buyon oilam bilan ko‘rishmagandim. Rafiqam va farzandlarim bilan birga bo‘ldim. Oilam davrasida ko‘plar joylarda dam oldik, bolalarim bilan birga yugurdim. Xullas, bo‘sh vaqtimni yaqinlarim bilan birga mazmunli o‘tkazdim.
- Intervyu boshida «Navbahor»da qanday paydo bo‘lganingizni aytib bersangiz.
- Agentim anchadan buyon Ilhom Mo‘minjonov bilan tanish. Ularning suxbatidan so‘ng Mo‘minjonov meni jamoasida ko‘rish istagi borligini aytgan. Men ham ushbu taklifga rozi bo‘ldim va barcha masalalar ijobiy xal qilindi. Shundan so‘ng «Navbahor»ga keldim.
- Birinchi davra yakunlanishiga 3 tur qolmoqda. Siz uchun mavsum qanday o‘tmoqda?
- Musobaqa jadvaliga qarab aytadigan bo‘lsam, agarda birozgina omadimiz chopganida hozir xotirjam ikkinchi o‘rinda turgan bo‘lardik. Omadsizlik oqibatida ko‘plab ochkolarni yo‘qotdik. Nima bo‘lganini ko‘rib turibsiz. Hozir oltinchi pog‘onadamiz. Xudo xohlasa, qolgan uchta turda ijobiy natijalarga erishsak, birinchi davrani kuchli to‘rtlikda yakunlashimiz mumkin bo‘ladi.
- «Buxoro»ga qarshi o‘yinda dubl muallifiga aylandingiz. Qachon Sizdan xet-trik ko‘ramiz? Buni o‘zingiz ham istayotgan bo‘lsangiz kerak…
- Albatta har bir futbolchi iloji boricha ko‘proq gol urishni xohlaydi. Aniq qachonligini ayta olmayman. Iloji boricha tezroq «xet-trik» qilishga harakat qilaman, ammo barchasi yaratiladigan imkoniyatlarga bog‘liq. Hujumchilar doimo maydonni ko‘proq gol bilan tark etishni niyat qiladi.
- So‘nggi marotaba qachon bir o‘yinda uchta gol urganingizni eslay olasizmi?
- Bunga ancha vaqt bo‘ldi. 3-4 yil avval «xet-trik» qayd etganman. Agarda undan ham ko‘proq bo‘lmasa…
- «Buxoro» bilan kechgan o‘yindagi hakamlik borasida fikringiz qanday?
- Hakamlik borasida izox bermayman. Bu mening ishim emas. Ularni baxolaydigan insonlar bor. Mening vazifam – futbol o‘ynash. Referilarni esa boshqalar muxokama qilaversin.
- O‘zbekiston chempionatida o‘tgan oy jamoa faqatgina durang qayd etdi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Bilmasam… O‘zingiz ko‘rib turibsiz, jamoa yaxshi o‘ynamoqda. So‘nggi 5-6 o‘yinda bunday natijalar bo‘layotganiga boshqa sabablar bo‘lsa kerak. Kubok doirasidagi so‘nggi o‘yinimizda «Neftchi» ustidan g‘alaba qozondik. To‘g‘ri, musobaqa bilan xayrlashdik, ammo ruxiy jixatdan bu futbolchilarga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Umid qilamanki, Jizzaxdan ham ijobiy natija bilan qaytamiz.
- «Navbahor»ni kimsiz tasavvur qila olmaysiz?
- (biroz o‘ylanib) Bunday o‘yinchilarni dunyoda bir yoki ikkita topish mumkin. O‘zbekistondagi har qanday klubda ham almashtirib bo‘lmas futbolchi yo‘q. «Barselona» yoki «Real»dagina siz aytgan o‘yinchilarni uchratish mumkin. Oliy liga miqyosida bunday sportchini topa olmaysiz.
- «Navbahor» nominal bir hujumchi bilan o‘yin o‘tkazadi. Ushbu sxema Sizga noqulayliklar tug‘dirmaydimi?
- Yo‘q, bu noqulaylik yaratmaydi. Chunki bir necha yildan buyon mazkur sxema asosida o‘ynab kelaman. Murabbiy qanday ko‘rsatma bersa, futbolchilar shunday o‘ynashadi. Professional futbolchi taktik sxemadan nolimasligi kerak.
- Uchrashuvlarda mehnatkashligingizni ko‘rsatib kelasiz. Biz ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashlarda ko‘pincha g‘olib bo‘lishingizga guvox bo‘lganmiz. Shuningdek driblingni ham ko‘rsatib kelasiz. Sizga nima yetishmaydi?
- Gavdam tufayli menga tezlik yetishmaydi deb o‘ylayman. Chunki 191 sm bo‘yim bilan albatta past bo‘yli futbolchilar kabi tez yugura olmayman. Balki buning yana boshqa sabablari bordir. Yana bilmadim… Har bir futbolchida kamchilik bo‘ladi.
- Ideal futbolchi bo‘lmaydimi?
- Ideal o‘yinchi bor, ammo u bu yerda o‘ynamaydi (kuladi).
- 33 yoshda futbolchi o‘z tezligini oshirishi mumkinmi?
- Yo‘q. Bunday yoshda tezlikni faqatgina bir maromda ushlab turish mumkin. Yillar o‘tgani sari tezlik faqatgina pasayib boradi. Boshqa fazilatlar evaziga buning o‘rnini qoplash mumkin. Har bir futbolchida o‘zining afzalliklari ham mavjud.
- «Navbahor» bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov borasida qanday fikrdasiz?
- U - yosh va kelajagi porloq mutaxassis. Mo‘minjonov juda ko‘p mexnat qiladi. U murabbiy sifatida o‘sishni istaydi. O‘ylashimcha, kelgusida murabbiyimiz albatta o‘z maqsadiga erishadi. Chunki u juda talabchan va agressif futbolni xo‘sh ko‘radi. Hozirgi vaqtda faqatgina bunday futbol evaziga natijaga erishish mumkin.
- O‘yin boshlanishidan avval an’naviy tarzda jamoa doira shaklida yig‘iladi. O‘shanda Mo‘minjonov nimalarni deydi?
- Biz o‘z futbolimizni ko‘rsatishimiz lozimligi, maydonning har bir qarichi uchun kurashishimiz va shunda ko‘zlagan natijamizga erishishimizni ta’kidlaydi.
- Stanoyevichdan tashqari jamoada yana qaysi futbolchi bilan do‘stona munosabatdasiz?
- Jamoadagi xamma bilan do‘stona munosabatdaman. «Navbahor»da axil kollektiv yig‘ilgan. Biz doimo bir-birimiz bilan muloqotda bo‘lib, xazillashib turamiz, birga kofe ichamiz. Bu borada muammo bo‘lishi mumkin emas.
- Tarkibda eng xazilkash o‘yinchi kim?
- Bundaylar bizda ko‘p. Bu borada aloxida ajralib turadigan odam yo‘q. Aytyapman-ku, «Navbahor»dagi ichki muxit a’lo darajada. Bu ham muhim jixatlardan biri.
- Agarda Mirzohid /ofurovning birinchi turda «Obod» darvozasiga urgan golini inobatga olmasak, «Navbahor»ning qolgan gollari standart vaziyatlardan so‘ng sodir bo‘lmoqda. «Navbahorchilar»ning gollari jarima va burchak to‘plari o‘yinga kiritilgach yoki penaltidan urilmoqda. Nima uchun shunday bo‘lmoqda?
- Biz mashg‘ulotlarda standart vaziyatlar ustida ko‘p ishlaymiz. Yana shuningdek safimizda standart vaziyatlarini yaxshi ijro qiladiganlar bor. Oybek Qilichev, Mansur Saidov va bunday vaziyatlardan unumli foydalana oladigan yoshlar ham mavjud.
- O‘zingizning ko‘rsatayotgan o‘yiningizga qanday baxo qo‘yasiz?
- O‘yindan-o‘yinga jismoniy xolatim yaxshilanib bormoqda. Boshida o‘yinim yaxshi bo‘ldi, biroq gollar kelmadi. Buning sababi nimadaligini bilmayman. Aytishadi-ku, tinmay mexnat qilsang, Xudo senga beradi. Ko‘rib turganingzdek gol urishni boshlab yuborganman. Shuning uchun shu ruhda ishlashda davom etamiz.
- Chempionat va kubok baxslarida jami 14 o‘yinda qatnashib, beshta gol urdingiz. Bu siz uchun yaxshi ko‘rsatgichmi?
- Buni yomon ko‘rsatgich deb bo‘lmaydi. Agarda gollarim soni yettita bo‘lganida, buni normal xolat desam to‘g‘ri bo‘lardi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, har bir futbolchi ko‘proq gol urishni istaydi. Lekin bu birgina o‘yinchiga bog‘liq emas. Bunga ko‘p omillar sabab bo‘ladi. Hozirgi paytda ko‘rsatgichimdan qoniqmoqdaman. Kelgusida gollarimni ko‘paytirish ustida astoydil mexnat qilib, «Navbahor»ga foyda keltirishga harakat qilaman.
- Chempionat doirasida so‘nggi uch o‘yinda hisobingizga uchta gol yozdirdingiz. Kubok o‘yinlarini ham qo‘shib hisoblaganda so‘nggi 5 o‘yinda to‘rtta golga mualliflik qilgansiz. Mavsum so‘nggigacha nechta gol urmoqchisiz?
- Bilmadim. Hech qachon mavsum oxirida shuncha gol uraman, de baniq raqamlarni ko‘rsatmaganman. Har bir vaziyatdan maksimal darajada foydalanishga urunaman. Mavsumni nechta gol bilan yakunlashimni vaqt ko‘rsatadi. Ko‘ramiz…
- O‘tgan mavsumning birinchi davrasida «Andijon» safida 5 ta gol urgansiz. Chempionatning ikkinch yarmini esa «Qizilqum»da o‘tkazib, 8 marotaba raqib darvozasiga yo‘l topdingiz. Bu nima bilan bog‘liq? Klubni almashtirganingiz shunday ta’sir qildimi yoki boshqa sabab bormi?
- Bilasizmi, «Andijon»da bir futbol namoyish etilgan bo‘lsa, «Qizilqum»da boshqacha o‘yin ko‘rsatilgan. Navoiyliklar tarkibida o‘shanda ham hozirgidek ancha tajribaliroq o‘yinchilar bor edi. U yerda ko‘proq vaziyatlarga ega bo‘lganman. Darvoza zarba yo‘llashimga ham ko‘proq imkon taqdim etilgan. Gol urish kim bilan birga o‘ynashga, ya’ni birga to‘p tepyotgan sheriklaringizni saloxiyatiga ham bog‘liq.
- 2015 yilni «Olmaliq» safida o‘tkazdingiz. U yerdagi faoliyatingizdan qanday xotiralar qolgan?
- «Olmaliq»dan juda ya’shi taassurot qolgan. Bizda o‘sha payt moxir futbolchilar yig‘ilgan, murabbiylar shtabimiz ham kuchli edi. O‘zingiz bilasiz, «Olmaliq»da sharoit va o‘yingoh borasida muammo yo‘q. Kuchli to‘rtlikdan joy olishimizga sal qolgandi. Ammo bu futbol…
- Statistikaga nazar tashlab, 2 yil avval «Olmaliq»da birinchi davrada atiga 2 ta gol urganingizni, ikkinchi davrada esa 7 gol urishga erishganingizni ko‘rdik. Demak, doimo mavsumning ikkinchi qismida kuchayar ekansizda?
- Xayronman. Bunga nima sabab bo‘layotganini sham bilmayman. O‘zbekistonga kelishimdan avval Qozog‘iston va Norvegiyada faoliyat olib borganman. Barcha to‘p surgan klublarimda iloji boricha foyda keltirishni maqsad qilaman. 30-40 ta gol urishni hech qachon oldimga vazifa qilib belgilamayman.
- Tasavvur qiling faoliyatingizni tugatdingiz. Qaysi klubni o‘zgacha xotiralar bilan yodga olasiz?
- Barcha o‘ynagan jamoalarimni o‘zgacha xotira bilan esga olish uchun sabab topiladi. Qayerda faoliyat olib borgan bo‘lsam, barcha joyda tarkib, murabbiylar shtabi va o‘yinlar yaxshi bo‘lgan. Ko‘plab do‘stlarni orttirganman. Biror bir jamoani aloxida ajratib ko‘rsata olmayman.
- Sobiq jamoalar xususida gap ketganida «Andijon» mavzusiga to‘xtalsak. Aytingchi, nima sababdan jamoa quyi divizionga tushib ketdi.
- Bu savolga men emas, o‘sha davrda «Andijon»da ishlagan murabbiylar shtabi va rahbariyat javom berishi kerak. Ularda almashuvlar ko‘p bo‘lgan. Adashmasam 10 turdan so‘ng Baxtiyor Ashurmatovni iste’foga chiqarishdi. Bu eng katta xato bo‘lgan deb hisoblayman. Boisi shaxsan o‘zim Ashurmatovni yaxshi tajribaga ega mutaxassis deb o‘ylayman. Unga imkon berishganida, «Andijon»ni Oliy ligada saqlab qolishni uddalagan bo‘lardim deb o‘ylayman. Bu vazifani u bemalol uddalardi. Ashurmatovni almashtirish qarorini noto‘g‘ri bo‘lgan. Shunday murabbiyga ega bo‘lgan jamoa murabbiyga erkinlik yaratishi kerak edi. Natija o‘zi kelaverardi.
- «Navbahor» muxlislari borasida fikringizni bilmoqchimiz?
- O‘zbekistonga kelganimdan so‘ng doimo aytib kelganman, mamlakatdagi eng zo‘r muxlislar «Navbahor»da. Namanganda futbolni juda ham qattiq sevishadi. Ular yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan klublarga munosib.
- Oilangiz to‘g‘risida gapirib bering.
- Ikki o‘g‘lim bor. To‘ng‘ichining ismi Viktor, kenjam - Nikolay. Viktor besh oydan so‘ng besh yoshga to‘ladi, Nikolay esa 1,5 yoshda. Ular hozirda Serbiyada yashashadi.
- «Intsagram» ijtimoiy tarmog‘idagi saxifangizga yaqin joylagan suratlaringizda o‘g‘lingiz «Barselona» libosida tushgan rasmini uchratdik. Unga kataloniyaliklar o‘yini yoqadimi?
- Yo‘q (kuladi). O‘g‘li biror jamoaga muxlislik qilish uchun xali yosh. Bu libosni unga bobosi sovg‘a qilgan. Yaqindagina o‘g‘lim futbol bilan shug‘allanishni boshladi. U mashg‘ulotlarga shu formada borishni yoqtiradi.
- Xalqimizda «Ot izini toy bosar» maqoli bor. Farzandlaringiz ham otasi singari futbolchi bo‘lishadimi?
- Har bir ota futbolchi farzandi kelajakda uning izidan borishini istasa kerak. Lekin, bolalarimni bunga majbur qilmayman. Agarda o‘zlari futbolni tanlashsa, bundan xursand bo‘laman. Bordi-yu boshqa kasbga qiziqishsa, bunga e’tirozim yo‘q. Istasa basketbolchi, gandbolchi, bankir yoki advokat bo‘lsin.
- Chet el klublaridan o‘zingiz qay biriga muxlislik qilasiz?
- Serbiyada «Srvena Zvezda»ga muxlislik qilaman. Yevropadan esa sevimli jamoa – «Real».
- Nima deb o‘ylaysiz, Ronaldu «Oltin to‘p»ga munosibmi?
- To‘g‘risini aytsam xa! U faoliyatida qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan deyarli barcha sovrinlarga ega bo‘ldi. Portugaliya terma jamoasi bilan Yevropa chempionatida g‘olib bo‘ldi, mana yaqinda ketma-ket ikkinchi bor Chempionlar ligasi bosh sovrini baland ko‘tardi, ko‘plab gollar urdi. Ronalduning maydonda qiladigan ishini «kosmos» deyish mumkin.
- Qaysi taniqli serbiyalik futbolchilar bilan tanishsiz?
- «Srvena Zvezda» bolalar maktabini o‘taganman. O‘shanda turli yoshdagi tarkiblar bilan bir mehmonxonada turganmiz. Nemanya Vidich, Branislav Ivanovich, Nemanya Matich va Aleksandr Kolarov kabi hozirgi yulduzlar bilan birga o‘sganman. Barchaning yoshidagi farq 2-3 yoshni tashkil qilgan. Darvoqe, «Lasio»dagi serbiyalik himoyachi Dushan Basta bilan ham birga katta bo‘lganmiz. Voyaga yetgach esa barcha o‘z yo‘lini topib ketgan. 
- Siz ko‘p jilmayar ekansiz. Bunga «Instagram»dagi suratlaringizni tomosha qilib amin bo‘lish mumkin. Sizni xafa qilish, jaxlingizni chiqarish osonmi yoki qiyinmi?
- Fe’l-atvorim bo‘yicha doimo quvonoqman. Xazillashish va kulishni xush ko‘raman. Bir so‘z bilan aytganda, quvonoq insonman. Xayotda meni g‘azabga keltirish qiyin. Chunki ko‘p chidashga qodirman. Tushunmovchiliklar yuzaga kelganida ham qiziqshmayman.
- O‘zbeklarning milliy taomi bo‘lmish palovning ta’mini tatib ko‘rgan bo‘lsangiz kerak?
- Yo‘q. Rostini aytsam, oshni xush ko‘rmayman. Bu taomni umuman tanovul qilmayman. Chunki palovda yog‘ ko‘p ishlatiladi. Kamin esa yog‘li taom yemaydi. Diyetaga amal qilgani tufayli faqatgina maxsus taomlar tanovul qilaman. Bu yerdagi, «Paxtakor» va «Buxoro»dagi do‘stlarimning barchasi palovni yeyishadi. Demak, oshni mazasi yaxshi va uni shunga yarasha mazali pishirsa kerak.
- Umuman oshni tatib ko‘rmaganmisiz?
- Bir necha bor yeb ko‘rganman. Ammo, aytyapman-ku diyeta saqlaganim uchun yog‘li taomlardan voz kechganman.
- O‘zbek tilida qanday so‘zlarni o‘rganishga ulgurdingiz?
- Faqatgina yomon gaplarni (kuladi). Futbol maydonida kerak bo‘ladigan bir qancha o‘zbekcha atamalarni bilaman. O‘zbek tilini o‘rganmoqchiman.
- Jamoada bunga kim o‘rgatadi?
- Hech kim. Shunchaki qulog‘imga chalingan so‘zlarni tarjimasini va ma’nosini sheriklarimdan so‘rab olaman. Shu tariqa so‘z boyligimni boyitib boraman. Balki bir yildan so‘ng o‘zbek tilini o‘rganib olarman (kuladi).
- O‘zbekiston to‘g‘risida eshitganingizda birinchi o‘rinda xayolga qanday fikr keladi?
- Qanday fikr kelishi mumkin? Faqatgina ijobiy! Bu mamlakatda futbol o‘ynab, pul toyapman, oilamni boyapman. O‘zbekiston borasida iliq fikrlar aytishim mumkin xolos.
- Agarda futbol bo‘lmaganida, qaysi kasb egasi bo‘lardingiz?
- Otam singari matematika fani bo‘yicha professor bo‘lsam kerak. Bolalar bilan ishlashni yaxshi ko‘raman. Shu bois futbol bo‘lmaganida, balki maktabda ishlagan bo‘lardim.
- Futbol Sizga nima berdi?
- Eng avvalo quvonch. Yoshim ulg‘aygan sari oilamga yordam berish imkoniyatim paydo bo‘ldi. Otam professor sifatida ta’minlay olmaydigan narsalarni futbol orqali ta’minlashga qodir bo‘ldim. Xayotda futbol menga ko‘p yordam keltirdi.
- Kelajakda murabbiy bo‘lishni rejalashtirganmisiz?
- Xa. Bu ish menga manzur. Chunki bu kasbda o‘zimni tasavvur qilaman. Futboldan boshqa faoliyatda o‘zimni ko‘ra olmayman. Futbolchilikni yakunlab, murabbiylik qilishni rejalashtirganman.
- Zlatan Ibragimovich hamon yuqori darajadagi o‘yinni namoyish etib kelmoqda. Necha yoshgacha Yovanovich yaxshi o‘ynay olishi mumkin?
- Bilmayman. Sog‘ligim qachongacha yaxshi saviyadagi futbol o‘ynashga imkon bersa, o‘shangacha o‘ynayman. Agarda ortiq avvalgi xolatda emasligimni xis qilsam, futbolchilikni to‘xtataman. Boshqalarga xalaqit qilmasdan, yaxshisi ketgan ma’qul.
- Amalda ko‘rib turibmizki, darvozabonlar maydondagi boshqa amplua vakillariga nisbatan uzoqroq faoliyat olib borishadi. Nima uchun shunday?
- Bu narsa barchaning individual xolatiga bog‘liq. Kimdir 30 yoshda faoliyatiga yakun yasaydi, kimdir 38 yoshda. Ba’zilar 40 yoshda futboldan ketadi. Futbolchi o‘ziga qanday e’tibor qaratishi, oziq-ovqat, vitaminlar va shug‘ullanishi ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
- Yurtimizda uch yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqdasiz. Aytingchi, O‘zbekistonning eng kuchli himoyachisi kim?
- Har bir jamoada yaxshi himoyachilar bor. Aloxida bir kishini ajratib ko‘rsata olmayman. Barcha klublarda o‘z ishini munosib tarzda bajaradigan himoyachi mavjud.
- Bolalikdagi yoqtirgan o‘yinchingiz kim bo‘lgan?
- Ronaldo. Braziliyalik «so‘yloq»ning o‘yinlaridan zavq olardim.
- So‘nggi savol: har bir insonning xayotda o‘z orzulari bo‘ladi. Sizning qaysi orzungiz ro‘yobga chiqdi-yu, qaysi biri amalga oshmadi?
- Asosiy orzum – chiroyli va sog‘lom oilam borligi. Bolaligimda bir kun kelib dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishni orzu qilganman. Shunisi ro‘yobga chiqmadi (kuladi). Qo‘limdan kelganicha, bor kuchim bilan maydonda to‘p tepyapman.
"Asr futboli" gazetasidan olindi.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 17:30, 14.06.2017.
O'qildi: 3353 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.