Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya
21/12 00:45 Verona - Milan
21/12 01:00 Jirona - Valyadolid
21/12 17:30 Aston Villa - Manchester Siti
21/12 18:00 Xetafe - Malyorka
21/12 19:00 Torino - Bolonya
21/12 20:00 Brentford - Nottingem Forest
21/12 20:00 Ipsvich - Nyukasl
21/12 20:00 Vest Xem - Brayton
21/12 20:15 Selta - Real Sosyedad
21/12 22:00 Jenoa - Napoli
21/12 22:30 Kristal Pelas - Arsenal
21/12 22:30 Osasuna - Atletik Bilbao

"Oltin to‘p" nomzodlari - faqat Messi yoki Ronaldu! Uchinchisi ortiqcha

"Oltin to‘p" nomzodlari - faqat Messi yoki Ronaldu! Uchinchisi ortiqcha

Baho:
+-1 | -

Iyun oyida futboldagi bosh individual sovrin - «Oltin to‘p» haqida gapirish biroz g‘alati, albatta. Yo‘q, bugun 2017 yil yakunida sovringa da’vogarlik qiluvchilar emas, balki oxirgi mavsumlarda tanlovga bog‘liq shakllangan bitta tendensiyaga e’tibor buramiz. Xabaringiz bor, 2016 yil yakunida «Oltin to‘p» tanlovi finaliga yana o‘sha Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi chiqishdi. Ularga qarshilik qilishdek mas’uliyat esa Antuan Grizmann chekiga tushdi. Biroq fransuz ham yakunda avvalgi 8 yildagi da’vogarlar singari 3-o‘ringa joylashish bilan kifoyalandi. «SE» nashri ayni shu jihatga nigoh tashlab, tanlovda argentinalik va portugaliyalik juftligidan ustun kelgan futbolchi ham borligini alohida eslatdi - braziliyalik Kaka. To‘g‘ri, bunga ancha bo‘ldi... Qolaversa, o‘shanda Kaka tanlovda uchinchi «kuch» emas, balki favorit sanalgan. Xo‘sh, 2007 yildan buyon Ronaldu va Messi qatori yana kimlar «Oltin to‘p»dan umid qilishdiyu, yakunda qanday natijaga erishishdi?

2007 yil: KAKA

O‘rin: 1

Ovozlar soni: 444

Messi va Ronaldu aynan 2007 yili ilk marta «Oltin to‘p»ga da’vogarlarning yakuniy uchligidan baravar joy olishdi. Lekin o‘sha vaqtda ularning tandemi jahon futbolida hali eng yaxshisi hisoblanmasdi. Shunga yarasha, France Football so‘rovida ishtirok etgan aksariyat jurnalistlar braziliyalik Kakaning nomzodini yoqlashadi. Bu adolatdan ham edi. Zero, «Milan» yetakchisi CHLda aqlga sig‘mas darajada yaxshi o‘ynagan va «pley-off»ning barcha bosqichlarida gol urgandi, birgina g‘alabali finalni hisobga olmaganda. Lekin braziliyalik futbolchi «Liverpul»ga qarshi kechgan hal qiluvchi jangda ham katta hajmda ish bajarib, Filippo Inzagi goliga assistent vazifasini bajargandi. Xullas, Kaka shu jasoratlari evaziga «Oltin to‘p» uchun kurashda ikkinchi bo‘lgan Ronalduni naq 167ta ovozga ortda qoldirgan.

2008 yil: Fernando TORRES

O‘rin: 3

Ovozlar soni: 179

Oradan bir yil o‘tib, jahon futbolidagi kuchlar balansi ancha o‘zgardi. Krishtianu Ronaldu «MYU»ning CHLda g‘olib chiqishiga katta yordam berdi, Lionel Messi esa bu kabi yorqin zafarlarni tantana qilmagan bo‘lsada, barcha so‘rovlarda yuqoriga intildi. Chunonchi, uning ijrosidagi o‘yin ko‘pchilikni mahliyo qila boshlagandi. «Liverpul»da chindan ham, ajoyib to‘p surgan va milliy jamoasi bilan Yevropa chempioni bo‘lgan Fernando Torres esa yakunda atigi 3-o‘rin bilan kifoyalandi. Ispan hujumchisi so‘rovda Messidan 102ta kam ovoz to‘plagandi.

2009 yil: XAVI

O‘rin: 3

Ovozlar soni: 170

Leo Messi bor ekan, «Barselona»ning har qanday futbolchisida «Oltin to‘p»ni yutish imkoniyati ma’lum darajada past bo‘ladi. Axir Kataloniya klubi muvaffaqiyatlari birinchi navbatda, argentinalik dahocha nomiga bog‘lanadi. Shu ma’noda aytsak, hattoki, uning eng saviyali jamoadoshlari ham qirolni qurshab turgan ayonlarga o‘xshaydilar. Deylik, 2009 yili aynan shunday qarash Xavining «Oltin to‘p» laureti bo‘lish imkoniyatini yo‘qqa chiqargandi. Vaholanki, yarim himoyachi CHLda hayratlanarli to‘p surgan va haqli ravishda turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgandi. Yana bir tomoni, o‘sha mavsum Messi aynan Xavining zargarona to‘p uzatishlari sabab, yetarlicha gol urgandi. Biroq ispaniyalik futbolchi tanlov yakunida nafaqat jamoadoshi, balki Ronaldudan ham ortda qoldi. Oddiy aytganda, Xavi faqat Angliyada sovrindor bo‘lgan (chempionlik va Liga kubogi) va so‘rovda 2-o‘rinni  band etgan portugaliyalikdan 63ta kam ovoz olgandi.

2011 yil: XAVI

O‘rin: 3

Ovozlar miqdori: 9,23 foiz

2010 yili France Football ta’sis etilgan «Oltin to‘p» va FIFAning «Yil futbolchisi» so‘rovlari birlashtirildi. Natijada ovoz berish tizimi o‘zgardi. Xususan, yangi nominasiyalarga asos solindi - eng yaxshi murabbiy, eng yaxshi jamoa va hokazo. Asosiysi, nafaqat jurnalistlar, balki milliy jamoalar sardorlari va bosh murabbiylari ham ovoz bera boshlashdi. E’tiborlisi, aynan o‘sha yili inqilobiy natijalar qayd etildi - Ronaldu kuchli uchlikka kirolmadi. Lekin keyingi yili hammasi yana o‘z joyiga qaytdi: aksariyat jurnalistlar, murabbiylar va sardorlar Messi uchun ovoz berishdi, 2-o‘rin esa Ronalduga nasib etdi. Shu tariqa «bechora»  Xavi yana 3-«kuch» bo‘lib qolaverdi. Unga bu safar portugaliyalikka yetish uchun 11 foiz ovoz yetmadi.

 

2012 yil: Andres INYESTA

O‘rin: 3

Ovozlar miqdori: 10,91 foiz

Yana bir yildan so‘ng tarix qayta takrorlandi. Andres Inyesta «Barselona» klubi va Ispaniya terma jamoasida qanchalik yaxshi o‘ynamasin, Messi - Ronaldu juftligiga qarshi kurashda hech vaqoga erishmadi. Qisqasi, uning Yevro-2012da «qizil furiya» g‘alabasiga asos solganiyu, CHL bahslarida qoyilmaqom harakatlangani va UYEFA tomonidan mavsum-2011|2012ning bosh qahramoni sifatida tan olingani xalqaro tanlovda zarracha ahamiyat kasb etmadi. Jurnalistlar, sardorlar hamda murabbiylardan tarkib topgan jamoa ahillik bilan 1-2-o‘rinlarni yana tegishlicha argentinalik va portugaliyalikka ravo ko‘rishdi.

2013 yil - Frank RIBERI

O‘rin: 3

Ovozlar miqdori: 23,39 foiz

Yuzida chandig‘i bor fransuz mavjud an’anani buzib yuborishi hech gap emasdi. «Bavariya» uchun ideal mavsum CHLdagi yorqin g‘alaba bilan tugadi. Zafarning asosiy ijodkorlaridan biri Riberi UYEFA mehrini qozonish (tashkilot uni yevrokuboklarning eng yaxshi futbolchisi, deb topdi) barobarida jurnalistlar e’tiboriga ham tushdi. Harqalay, matbuot vakillari «Oltin to‘p» so‘rovida yarim himoyachiga 524ta ovoz berib, uni o‘z reytinglarida 1-o‘ringa qo‘yishdi. Biroq terma jamoalar bosh murabbiylari va sardorlari jurnalistlar talqinini bekorga chiqarishdi. Ularning ovozlari natijasida Ronaldu 1-o‘ringa ko‘tarildi, Messi esa 2-qatordan joy oldi. Riberiga achinish mumkin - u umumiy hisob-kitobda portugaliyalik va argentinalikni ozgina oldinga o‘tkazib yuborgandi.

2014 yil: Manuel NOYER

O‘rin: 3

Ovozlar miqdori: 15,72 foiz

Germaniya termasi darvozaboni nemislarning g‘alabalari bilan tugagan JCH-2014 bosh qahramonlaridan biriga aylandi. Biroq ovoz beruvchilar Braziliyada omadsizlikka yuz tutgan Ronalduning klub futbolidagi natijalarini salmoqliroq baholashdi. Portugaliyalik «Re-al»ni CHLda zafar cho‘qqisi sari yetaklagandi. Boz ustiga, Krishtianu tanlovda ikkinchi bo‘lgan Messidan ancha ko‘p ovoz oldi. Aytish joiz, har uch toifadagi ovoz beruvchilar (jurnalistlar, murabbiylar va sardorlar) uni «toj» bilan siylashdi. Argentinalik yulduz esa Noyerdan atigi 0,4 foiz o‘zib ketdi - bu 1tagina ovoz demakdir. Deylik, bosh murabbiylar va jurnalistlar germaniyalik kiperni 2-o‘ringa munosib ko‘rishdi, ammo terma jamoa sardorlari o‘z odatlariga ko‘ra, Messini yoqlashdi. Vaholanki, u o‘sha yili birorta sovrin yutgan emasdi.

2015 yil: NEYMAR

O‘rin: 3

Ovozlar miqdori: 7,86 foiz

2 yil kuchli uchlik orasida o‘rinlar taqsimoti bo‘yicha nisbatan real «intriga» kuzatilgach, mavsum-2015da yana eski holat takrorlandi. Messi «Barselona» bilan Ispaniya chempionatida g‘olib chiqdi, mamlakat kubogini yutdi, CHL bosh sovriniga ega chiqdi, Yevropa superkubogini o‘ziga bo‘ysindirdi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida zafar quchli. Shu samaradorlik evaziga «Oltin to‘p» so‘rovida Ronalduni ancha ortda qoldirdi. Portugaliyalik esa o‘z navbatida, Lionelning Kataloniya jamoasi hujumidagi sherigi Neymardan deyarli 20 foiz ko‘p ovoz jamg‘ardi.

2016 yil: Antuan GRIZMANN

O‘rin: 3

Ovozlar miqdori: 7,53 foiz

O‘tgan yili mavjud tendensiya barham topishi kutilgandi. Harqalay, Messining ishlari uncha yurishmadi. Har holda, u Yevro-2016da «oltin»ga burkangan Ronaldu kabi yorqin nur sochgani yo‘q. To‘g‘ri, 3-«kuch» rolida gavdalangan Antuan Grizmann ham ikki buyuk final (CHL va Yevropa chempionati)da mag‘lubiyatni tan oldi. Shunga qaramay, uning tanlovda loaqal 2-o‘rinni band etishi taxmin qilindi. Ammo FIFAdan «ajrashgan» fransuz nashri fransuz hujumchisini uncha siylagani yo‘q. Xullas, Antuan Messidan deyarli 20 foiz kam ovoz oldi va 3-«kuch» yana 3-o‘rinda... Ehtimol, joriy yil yakunida Messi - Ronaldu duetining yakka hukmronligi barham topar... Bilmadik, buni bilish uchun sabr bilan kutish kerak.

FAKT. 2007 yildan keyingi davrni olsak, atigi bitta holatda «Oltin to‘p» da’vogarlarining uchligida Ronaldu - Messi juftligi qayd etilmadi. Portugaliyalik yulduz mavsum-2010 yakunida nafaqat Messi, Xavi va Andres Inyesta, balki yana Uesli Snayder va Diyego Forlandan ham ortda qolgandi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:26, 19.06.2017.
O'qildi: 22950 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.