Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Eski gapni sudrash

Eski gapni sudrash

Baho:
+ | -

Qayerga bormay, kim bilan uchrashmay menga hamma bir xil savol bermoqda. “Endi nima bo‘ladi? Jahonga chiqa olamizmi? Babayan ketadimi?” Mening ishqibozligimni bilganlar, bilmaganlar futbolni nazarga ilganlar, ilmaganlar, og‘zida shu savol. Birgina savol. Hammaning ko‘nglida vatan tuyg‘usi bor-da. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Hamma  jahonga chiqishimizni xohlamoqda. Meni futbol jinnisi deb, menga past nazar bo‘lib, hayotimni alhazar, pastyozar qilib yurgan tanishlarim ham shu kunlari menga hamdardlik bildirib termamizga jonkuyarlik qilishmoqda. Qayg‘u barchamizni birlashtirib yuborgan.

TV orqali Zafar Qosimov, Norbek Niyozov “GOL” ko‘rsatuvida chiqish qilishdi. FIFA ko‘rsatuvida ham shu narsa bosh mavzu.  Termamizning hozirgi holatini har tomondan yoritishmoqda. Faqat termamizga mas’ul odamlar xalq bilan muloqot qilishmaydi, hech kim bilan nechundir hamdard bo‘lishmaydi. Tolqon chaynaganday jim turishibdi. Qayerdadir yurishibdi. Yurtimizda bu yil urf bo‘lgan, majburiy bo‘lgan, odat tusini olgan xalq bilan muloqot qilish O‘FF rahbariyatiga tegishli emas ekan. Butun yurtimizning bu yilgi hayotini shu nom bilan atasakda, yil bo‘yi bir marta ham futbol rahbariyatidan hech kim xalq bilan muloqot uyushtirmadi. Hammaning ulardan hafsalasi pir bo‘lgan. Mutasaddilar Babayan yoshlar o‘yinini barbod qilganidan keyin ham jim turishgan edi. Hozir ular nega jim?

Shunday holatda O‘FF  rasmiy bayonot bilan chiqdi. Nihoyat hamma kutgan voqea sodir bo‘ldi. O‘FF rahbariyati xalq bilan jonli muloqat uyushtirishini e’lon qildi.

O‘FFning rasmiy bayonotini qiziqib o‘qib chiqdim. Uning matnini Sanjar Rizayev O‘FF bosh kotibi Sardor Rahmatullayev topshirig‘i bo‘yicha yozib chiqqandir, balkim. Kimdir, qaysidir jurnalist yozib bergan, albatta. Bayonotda rahbariyat termamiz holatiga hech qanday baho bermagan. Terma atrofidagi vaziyatni sharhlab chiqmagan. Termamizning bugungi og‘ir holatidan kelib chiqib, qolgan ikki o‘yinda g‘alaba qozonish uchun qandaydir qat’iy chora ko‘rishini aytmagan ham. Voqelikni xaspo‘shlash uchun, xo‘ja ko‘rsinga, xo‘ja o‘qishi uchun qo‘l uchida yozilgan bayonot bo‘ldi.  Ertasi kuni jonli muloqot xuddi shunday xo‘ja ko‘rsinga xo‘jalar, aslzodalar bilan faqir kirmas dargohda o‘tkazildi.

Vaziyatni andavalash bo‘ldi. Yo‘q, rasmiy bayonot ustidan chaplama suvoq bo‘ldi. G‘adir-budirlarni silliqlab ko‘rsatish sahnasi bo‘ldi. Ahrol Inoyatov muloqotga kelishini tushunaman. Oq qorani kelishtirish rolini yaxshi bajarib yuribdi. Bu sahnada Ro‘ziqul Berdiyevga nima bor edi, bilmadim. Bayonotga qaytaman. Rahbariyat “Milliy termamiz keyingi taqdiri haqidagi bahs va munozaralarni... juda yaxshi tushunib turibdi” ekan. (gapda ma’no yo‘q). Matn muallifi meni kechirsin, ishqibozlar ushbu kunlar, masalan, jahon konfederasiyalar kubogi musobaqasi haqida “bahs va munozaralar” qilishmoqda. Milliy termamiz haqida esa, O‘zbekistonning butun futbol ommasi, yurtimizning barcha xalqi qay-g‘ur-moq-da.  “Bahs” emish. Federasiyamiz qarorgohidagilar balkim, termamiz haqida salqin xonalarga kirib olib bir-biri bilan “bahs” boylashib yurishgandir. Termamizning hozirgi holati, bugungi hayoti ular uchun oddiy bir ishxona hayotidir, O‘FF, TJM ular uchun oylik olib ishlaydigan joydir. Biz uchun Milliy terma jamoamiz Vatan ramzidir. Yurt sha’nidir.

“Xavotirli fikrlarga hurmat saqlagan holda” Babayanga yana ikki oy muxlat berishibdi. Fossatti va Shtilike kabi murabbiylik mahorati bo‘yicha poygada zamonaviy rusmdagi avtomobilga qiyoslash mumkin bo‘lganlar kuchlirog‘iga almashtirildi. 2 oy yetarli muxlat-da. Bizga kelgan Xougton bir hafta ichida yangi o‘yin yaratgani esimda. 2 oylik poygada bizning Rahbariyat mahorat bobida qiyosan zaporojesga teng keladigan Babayanga o‘z ishini “oxiriga yetkazib qo‘yish uchun imkoniyat beradi.” Yana 2 oy tarillashi kerakmi bizning “shalog‘i chiqqan moshina”?! Rahbariyat muloqot paytida ushbu “Zaporojes” uchun zo‘r sharoitli “garaj” qurib berdik deb maqtanishdan nega uyalishmadi.

Kosa sinib bo‘lgach, 5 sentyabrda chora ko‘rilar emish. TJM ishiga chega qo‘yilar emish. O‘FFning uzluksiz faoliyat yurgazib kelayotgan ijroiya qo‘mitasi bor ekanmi, azizlarim? Ular kimlar? Ushbu qo‘mitaning Byurosi bor ekanmi? Ular kimlar? Xonam to‘riga ularning suratini osib qo‘yay. O‘sha Byuroning qarori ekan-da sentyabrda ko‘rib chiqilar qat’iy “choralar”.

Muhtaram janobi Byuro, Sizni shunday deb atashga ijozat bering, Lippi Xitoy Milliy Termasi o‘yini darajasini yangi pog‘onaga ko‘tarish uchun, davlat rejasini tuzib chiqib uni amalga oshira boshlaganiga qancha bo‘ldi? Valaqlab ichib-chekib yurishni 5 sentyabrda tashlayman, deb ahd qilgan beta’sir, betarbiya bolaning va’davozligiga o‘xshab qoldi-ku bu gaplaringiz. Axir mundial yo‘lida hal qiluvchi ikkita rasmiy jangovor o‘yin darajasi keyin qachondir o‘tkazilajak 20ta o‘rtoqlik o‘yinidan baland-ku. Jahonga chiqsak-chiqmasak, yangi bosh murabbiy uchun bo‘lajak 2ta janglar-jangi juda foydali bo‘lar edi-ku. Shunga aminmanki, sentyabrda ham Milliy termamiz o‘yinini o‘stirar chorasini, futbolimizni ravnaq yo‘liga olib chiqar chorasini ko‘rmaysiz. Buni istamaysiz ham. Jahonga chiqib uzoq davomli qarsaklar eshitishni istaysizlar. O‘yinimiz darajasini o‘stirish yo‘lidagi mashaqqatlar emas, maqtovlar sizlar uchun muhim. O‘yinimiz o‘xshamay qolsa, aybdor qidirasiz. Muayyan shaxsi, yuzi, nomi, sha’ni, nomusi bo‘lmagan qandaydir eski Byuro-akamiz aybdor topiladi. Va u yangilanadi. Og‘zi shaloq fanatlar Babayanni haqoratga ko‘mib tashlashadi.

Mo‘jiza sodir bo‘larmikan deb umid qilgan Babayan Eron o‘yinidan oldin jahon chempioni bo‘lgan sportchilarimizning duosini olgan edi. Foyda bermadi. Siz, Byuro-aka, hech narsa qilmasdan, jon kuydirmasdan, aql ishlatmasdan, hatto bayonot matnini ham qo‘l uchida yozib ikki oy ichida Babayandan nimani kutmoqdasiz? Byuro-aka, Sizning boringiz shu bo‘lsa, ikki oydan keyin Babayan borim shu demaydi. “Borimiz shu” deydi. Yoshlar bilan aytgan shunday gapi Sizga kamlik qilgan ekan. Sizga yoqib qolgan ekan. Yoki Siz ham mo‘jiza istab qoldingizmi? Olma pish, og‘zimga tushmi? Mo‘jizani chol ibn Hattob soqolidan kuting.

Ertasi kuni Babayan xalq bilan bo‘lgan jonli muloqotga kelmadi. Uning holati og‘ir. Keyrush zarbasidan og‘zi-burni qonab ketgan bo‘lsa-da, o‘ziga to‘g‘ri baho bera olmayapti, chog‘i. Qachon, qancha toshni yelkasiga olishni Ruslan Nuriddinov yaxshi biladi. Samvel Babayan-chi? Moskvadan kelib o‘zining imkoniyatlarini to‘g‘ri baholab iste’fo berarmikan? Bilmayman?

Ahvolining dramatik zirqirashi menga noma’lum. Uning hozirga bir kunlik hayoti haqida yozar bo‘lsam, yuzta badihaga sig‘maydi.

Shu payt oddiy matbuot kotibining aprelda bo‘lib o‘tgan bir necha kunlik hayotiga,  voqealarning dramatizmiga men shohid bo‘lgan edim. Eng muhimi bu voqeada jurnalistning o‘z holatiga, bo‘lib o‘tgan voqelikka tahliliy baho bera olganidan xursand bo‘lgan edim. Babayan-chi? Uning ruhiy kechinmalari qanday bo‘lmoqda?  O‘z ahvoliga ob’ektiv baho bera olmoqdami? Buni hech kim bilmaydi. Babayanning ichki ruhiy hayoti men uchun noayon. Bo‘lajak ikki oylik kechinmalari o‘z oldida nopayon. Bularning hammasi ishqibozlar oldida nobayon bo‘lib qolmoqda. Nobayon. O‘ZI bilguvchi.

Shunday ekan bilgan, guvohi bo‘lgan bayonimni, ilgari yozgan “bayozimni” Sizga, azizlarim, yetkazmoqdaman. Qiziqarli bo‘lsa  o‘qib chiqarsiz, balkim. Balkim, termamiz og‘riqlaridan bir oz chalg‘irsiz.

Azizlarim, Jahonga chiqolmasak, kimnidir ayblashga, haqoratga ko‘mib tashlashga olg‘irsiz, olg‘ir. Chiqib qolsak, bir-biringizni maqtovga ko‘mib tashlaysiz. Hozirgi holatga Siz ham, men ham aybdormiz. Shu holatga yo‘l qo‘yib berganimiz uchun aybdormiz. Mutasaddilar, rahbariyat xodimlari sentyabrda ish joyini yoppasiga almashtirishmoqchi. Boshqa shinam xonalarga ko‘chishmoqchi. Sizu biz esa, termamiz bilan teshik tog‘ora oldida qolib keta beramiz. Hammasi eski hammom-eski tosligicha qola beradi. Eng achinarlisi shu.

Hasanali Qodirov

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 14:00, 24.06.2017.
O'qildi: 9623 marta.
Fikrlar: 25 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.