Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Edinson Kavani: «PSJ» YECHL finalida o‘ynashga yaqin»

Edinson Kavani: «PSJ» YECHL finalida o‘ynashga yaqin»

Baho:
+ | -

Yakuniga yetgan mavsum Edinson Kavani uchun butun faoliyati davomidagi eng yaxshisi bo‘ldi - u raqiblar darvozasini 49 marta ishg‘ol qildi.

Shunga qaramay, urugvaylik hujumchi France Football nashriga bergan intervyusida kamtarlikni saqlagan holda gapirdi: «Shunchaki, «yollanma ishchi»man, qolaversa, ayrim jihatlar ustida hali ko‘p ter to‘kishim lozim».

«BUYUK ADOLATSIZLIK BO‘LDI...»

- O‘tgan mavsum faoliyatingiz davomida kuzatilgan eng yaxshisi, shundaymi?

- Shaxsiy ko‘rsatkichlarga qarasak, shunday, shubhasiz. Statistika hammasini ko‘rsatib turibdi.

- Ammo klubingiz bu borada ortiqcha maqtanolmaydi...

- Fikringizga qo‘shilaman. O‘tgan yilning yozida yangi murabbiy keldi, uning uslubiga moslashishimiz talab etilardi. Ha, mavsum muvaffaqiyatsiz kechdi. Emerining o‘z g‘oyalari bilan ish boshlagani tayin. Ammo ishonchim komil, har qanday o‘zgarish avvaliga ba’zi yo‘qotishlarga olib keladi. Jamoamiz bilan xuddi shunday holat yuz berdi, birinchi davrada barqaror o‘ynolmadik, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik. Chempionatning ikkinchi qismida esa o‘yinimizda o‘sish kuzatildi. Eh, agar ertaroq uyg‘onganimizda-mi, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilardik.

- Qaysi muvaffaqiyatsizlik nisbatan og‘riqli bo‘ldi: chempionlik boy berilganimi yoki CHLni tark etish?

- O‘ylashimcha, ikkinchisi. Zero, o‘z maydonimizda «Barsa»ga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatdik, safarda esa... Bunday yakunga munosib emasdik. Futbolga xos bo‘lmagan voqelik kuzatildi. Hammasi o‘ta omadsiz keldi, yoqimsiz tasodiflar zanjiri pand berdi...

- May oyi oxirida bergan intervyungizda bu mag‘lubiyat futbol tarixida qolishini aytgandingiz. Sizningcha, ushbu bahs 30-40 yildan keyin ham yodga olinadimi?

- Xuddi shunday. Bu voqea klub tarixida qoladi. Yakuniy natija bizni «sindirdi». Tushunib bo‘lmaydigan darajadagi hodisa...

- Vaholanki, Kataloniyada aynan siz to‘p kiritib, hisobni o‘zgartirganingizdan (1:3) keyin «Barsa»dan yana 3ta gol urish talab etilgandi. O‘yin yakunlanishiga yarim soatcha vaqt qolgan pallada yo‘llanma taqdiri «PSJ» foydasiga hal bo‘lganini o‘ylagandirsiz...

- Yo‘q. Rostini aytsam, o‘sha payt aslo bo‘shashmasligimiz kerakligini to‘liq anglab turgandim. Ya’ni qarshi hujumlarda yana imkoniyat tug‘ilishi, «Barselona»ning oldinga o‘tishidan foydalanish lozimligini o‘ylaganim ham rost. To‘g‘ri, hisob 3:1 ko‘rinishini olgach, voqealar bunday rivojlanishi hech kimning xayoliga kelmagandi. Ammo... Bu - futbol tarixidagi buyuk adolatsizlik. Har holda, natija o‘yinga mos emasdi.

- Nega endi adolatsizlik?

- Bu shunchaki shaxsiy fikrim emas. O‘sha uchrashuvni qayta tomosha qiling-a!

- Hakamlikka sha’ma qilyapsizmi? Barchasiga referi aybdormi?

- Siz - jurnalistlar hammasidan juda yaxshi xabardorsiz. Detallarga to‘xtalmoqchi emasman, faqat bitta gap aytaman: o‘sha o‘yinda aqlga sig‘mas holatlar yuzaga keldi. Ammo nima bo‘lishidan qat’iy nazar, oldinga intilish lozim. Yo‘q, yoqimsiz vaziyatlarni darrov esdan chiqarish yaramaydi - ular o‘ziga xos saboq. Qolaversa, mavsum davomida ijobiy hissiyotlarni ham boshdan kechirdik.

«O‘SISHDA DAVOM ETISHIMIZ SHART»

- CHL finalini tomosha qilgandirsiz?! Nima deb o‘ylaysiz, «PSJ»ning «Real» darajasiga chiqishiga yana qancha bor?

- Hech qancha! Mana, Fransiya chempionatida ham, CHLda ham yuqori sifatli futbol ko‘rsatdik. Albatta, jamoa eng yaxshi ekanligini muntazam isbotlashi kerak. Millionlar o‘yini elitasidan mustahkam joy olish uchun yana birozgina tajriba orttirsak, bas. Ammo ishonchim komil, «PSJ» yaqin orada CHL finalida o‘ynaydi.

- Xo‘sh, yangi mavsumda «PSJ» uchun qaysi musobaqa muhimroq - ichki chempionatmi yoki CHL?

- Asosiysi, murabbiyimiz fikriga qo‘shilaman, o‘sishda davom etishimiz shart. To‘g‘ri, CHL - ajoyib, lekin Liga 1 ham muhim. Axir asosiy baza aynan shu turnirda shakllanadi. Xullas, shaxsan men uchun chempionlik unvonini qaytarish nisbatan ahamiyatliroq.

- Biroq Fransiya futbol jamoatchiligi va matbuoti klub uchun ichki chempionatdagi g‘oliblik naqdligiyu, asosiy e’tibor yevroturnirga qaratilishi lozimligini ta’kidlamoqda. Ommaning bunday yondashuvi jamoaga xalal bermasmikan?

- Ha, ko‘pchilik nihoyat, CHL kubogini yutishimizni kutyapti. Ammo turli gap-so‘zlarga jiddiy qarash unchalik to‘g‘ri emas. Inchunin, biz uchun hammasi o‘ta muhim. Ammo asosiy turnir sifatida ichki birinchilikni tanlaymiz, baribir. Zero, unda muvaffaqiyat qozonmay turib, CHLda yuqori o‘rinlarga da’vo qilish mumkinmi?

- Shunisi borki, «PSJ» Fransiyaning eng boy klubi sifatida Liga 1da chempion bo‘lishi shart. Bu fikr mantiqan to‘g‘rimi?

- Xalq futbolni o‘zi istagancha qabul qiladi. Ammo futbolchi sifatida shaxsiy fikrim sal boshqacha: millionlar o‘yini kutilmagan voqealar va «syurpriz»larga boyligi bilan ham jozibadordir. Xayriyatki, futbolda hamma narsani pul hal qilmaydi. Shunday ekan, «PSJ» boy bo‘lgani uchun chempionatda tinimsiz zafar quchishi shartligi haqidagi gap-so‘zlarga chek qo‘yish lozim. Hammasining o‘z mavridi bor, darajamiz yetgan taqdirda muvaffaqiyat qozonamiz. Buning uchun tabiiyki, ma’lum ishlarni bajarish kerak. Qolaversa, raqobatchilar jim qarab turishmaydi.

«HAM HUJUM, HAMHIMOYADA...»

- Keling, endi o‘z haqingizda gaplashamiz...

- Umid qilamanki, bu 10 daqiqadan ko‘p vaqt olmaydi (kuladi).

- O‘tgan mavsum nihoyat, hujumning oldingi chizig‘ida to‘p surdingiz. O‘yiningizda o‘zgarish sezildimi?

- Yo‘g‘-e, 2013 yili Parijga kelgan bo‘lsam, klub mendan aynan shunday o‘yin kutgandi. Bu yerga «Napoli»dan markaziy hujumchi sifatida kelgandim, axir. Mana, avvalgi mavsum o‘zimni qulay sezadigan nuqtada to‘p surdim va barchasi yaxshi chiqdi.

- Ammo «eski odat»ga ko‘ra, himoyaga ham ko‘maklashdingiz...

- Shunday futbol tarafdoriman. Ha, imkon qadar raqiblar darvozasiga yaqinroq hududda o‘ynashni ma’qul ko‘raman, harakatlanish chog‘i erkinlikka egaman. Shuning barobarida o‘yin uslubim mudofaa ishlariga bevosita ko‘maklashishni ham taqozo etadi.

- Agar himoyachilarga yordam bermaganingizda, yanada ko‘proq gol urishingiz mumkinmidi?

- Bunday fikrlash noo‘rin. Aksincha, ortga qaytib o‘ynashim raqib darvozasini ishg‘ol qilishda juda asqotadi.

- Axir tinimsiz yuguraverishdan so‘ng gol urishga kuch yetmay qolishi hech gap emas-ku...

- Tabiatingizga qarshi ish tutmasangiz bo‘ldi, hammasini uddalaysiz.

- Emeri bu borada qanday fikrda?

- Murabbiyimiz nimalarga qodirligimni bilgan holda, shunga muvofiq, oldimga aniq vazifalar qo‘yadi.

«ASOSIYSI - KEKKAYMASLIK...»

- Ibragimovich ketgach, jamoadagi rolingiz ancha o‘zgardi. Shu ma’nodagi qarashlarga qo‘shilasizmi?

- Yo‘q, hammasi avvalgidek. Deylik, fikrlash va o‘zimni tutish masalasida mutlaqo o‘zgarmadim. Hamon o‘sha Kavaniman. Ya’ni birinchi navbatda, o‘z ishimni professional darajada bajarishga intilaman. Muhimi - yaxshi tayyorlanish va imkon qadar ko‘proq o‘ynash.

- «PSJ» rahbariyati o‘rtadagi shartnoma muddatini uzaytirib, klub ramziga aylanishingizni xohladi. Bunday yondashuv va jarayon xarakteringizga zid emasmi?

- Yo‘q, rahbariyat uzoq muddatli kelishuvga shunchaki, tavvakkaliga imzo chekmadi. Hammasi avvalo, maydonda zimmamdagi ishlarni nechog‘li bajarishimga bog‘liq. Umumiy holatim talabga javob berishini o‘z o‘yinim bilan ko‘rsatishim kerak. Fransiyada yuqori saviya g‘alabaga eltishi haqida gapirishni yoqtirishadi, biroq ishonchim komilki, darajaning o‘zi yetarli emas. Yana bir muhim jihat bor - bu kekkaymaslik.

- Lekin «PSJ» sizni o‘ziga xos tijorat markasi sifatida ko‘tarmoqchi...

- Bularning barchasi - marketing. Yana nima deyishim mumkin? Hammasi klub manfaatlari yo‘lida amalga oshirilmoqda. Haqiqat shuki, men bo‘lmasam, boshqasidan shu maqsadda foydalanishadi.

- Ammo tanlov sizda to‘xtadi...

- Shunday. O‘zimni shunchaki, «yollanma ishchi» sifatida bilaman va klub rivoji yo‘lida har narsaga tayyor turishim shart. Omma oldida tez-tez ko‘rinish berish ham hayot tarzimga zarracha ta’sir o‘tkazmaydi.

- Kavani hayotda og‘ir-bosiq yigit, ammo maydonda buning aksi. Misol uchun, hakamlar bilan ko‘p tortishadi...

- Qanday bo‘lsam, shundayman. Maydonda futbol bilan yashayman, bor kuchimni sarflashni istayman. Albatta, hamma xato qilishi mumkin, jumladan, hakamlar ham. Men esa ba’zan o‘zgalar xatosidan qattiq achchiqlanaman.

- TV orqali ham futbol ko‘rasizmi?

- Ha! Faqat o‘zimga yoqqan o‘yinni. Mabodo u eski bo‘lsa ham, tomosha qilaveraman.

«TEXNIKAM MUKAMMAL EMAS...»

- O‘tgan mavsum «PSJ»da Kavaniga bog‘liqlik holati sezildi...

- Yo‘q, bunday emas. Har bir jamoada markaziy hujumchining asosiy vazifasi tayin - gol urish. Buni uddalash uchun samarali uzatma beradiganlar xizmatiga ehtiyoj sezasiz, baribir.

- Ammo duch kelgan hujumchi ham bitta mavsum davomida 50tacha gol uravermaydi...

- Hammaning faoliyatida oq va qora davr bo‘ladi. Ba’zan raqib darvozasini omading chopgani evaziga ishg‘ol qilasan, gohida esa ishing sira qovushmaydi.

- So‘nggi mavsum texnikangiz mukammal emasligi tanqid qilindi...

- Bu fikrga to‘liq qo‘shilaman! Texnik salohiyatni mukammallashtirish uchun ishlashim zarur jihatlar bor. Ammo futbolga qancha kishi qiziqsa, ulardan shunchalik ko‘p fikr chiqadi. Kimdir Messini yaxshi ko‘radi, boshqa birov Krishtianu Ronalduni. Biroq shubha yo‘q - Lionel eng zo‘ri. Albatta, bu ham shaxsiy fikrim. Umuman, ularning ikkisi ham jahon futboli gigantidir.

- Sha’ningizga yo‘llanayotgan tanqidlar sizni nechog‘li ranjitadi?

- Tanqidiy qarash - bu kasbimizning bir qismi. Ammo har bir fikrga jiddiy quloq solish yaramaydi. Harqalay, barchasini yurakka yaqin olish faqat zararingizga ishlaydi. Umuman, hech narsa meni asl maqsadimdan qaytarolmaydi. Maqtashsa, bu bejiz emasligini isbotlash uchun yanada ko‘proq ishlayman. Tanqid qilishyaptimi? Demak, kamchiliklardan qutulish yo‘lida harakatdan to‘xtamasligim kerak.

- Oxirgi savol: ayni hozir Parijda o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

- Hammasi ko‘ngildagidek. Axir 4-yilki, shu yerdaman. Aslida omma oldida ko‘rinish berishni uncha yoqtirmayman. Avvallari til masalasi qiyinchilik tug‘dirardi. Hozir esa fransuzchada bemalol gaplashaman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:48, 05.07.2017.
O'qildi: 4061 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.