Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Abramov, Inileev, Qosimovlarning qaytishi omadli ko‘rinish oldimi?

Abramov, Inileev, Qosimovlarning qaytishi omadli ko‘rinish oldimi?

Baho:
+ | -

O‘zbekiston chempionatining joriy mavsumi o‘zgacha o‘tayotganiga yana bir isbot shuki, bir vaqtlar milliy terma jamoamizni boshqargan 3 nafar murabbiy ayni payt oliy liga klublarida ishlayapti.

Rauf Inileev, Vadim Abramov va Mirjalol Qosimov - bu murabbiylar vaqtida yurtimiz futbolidagi eng old mutaxassislar qatorida yurishardi. Biroq boy tajribalariga qaramay, orada uzoq vaqt ishsiz qolishdi.

Nihoyat, bu yil avvaliga Rauf Talgatovich, keyin birin-ketin Mirjalol Qo‘shoqovich va Vadim Karlenovich o‘zlarini yana katta futbolga urishdi. Ammo bu qaytish qay darajada omadli chiqdi?

Bunisi endi bahsli masala...

INILEEV

Rauf Talgatovich avval O‘zbekiston olimpiya termasi, keyin esa milliy jamoa boshqaruvida olib borgan ishi bilan nafaqat yurtimiz, balki butun qit’ada ma’lum darajada obro‘ orttirgandi. U Osiyoning eng yaxshi murabbiyi maqomini aynan o‘sha vaqtlarda qo‘lga kiritdi. Ammo terma jamoadan ketgach, faoliyati negadir ko‘pchilik o‘ylagandek tus olgani yo‘q. Eng ajablanarli tomoni, oliy liga yetakchilaridan Inileevga hech qanday talab bo‘lmadi, o‘rtamiyonalar bilan olib borgan ishi esa o‘xshamadi.

Ha, Rauf aka «Buxoro»da bir muddat ishladi, ammo o‘shanda klub oldiga jiddiy maqsad qo‘yilmagani bois, tarkib haminqadar edi. Umuman, Inileev qo‘lidan kelganini qildi, ammo... Oqibatda bu hamkorlik uzoqqa cho‘zilmadi. Murabbiyning keyingi faoliyati xorijda davom etdi.

Ham-yurtimiz Qozog‘iston chempionati quyi ligasida ishtirok etgan «Maqtaral» klubini bosh murabbiy sifatida boshqarishga rozi bo‘ldi. Butun boshli mamlakat terma jamoasini ancha omadli  boshqargan mutaxassisning xorijning quyi ligasida faoliyat yuritishi biroz g‘alati, albatta.

Ammo Rauf Talgatovichda tanlov imkoniyati katta emasdi va u Qozog‘istonga yo‘l oldi. Ta’kidlash joiz, xorijdagi ish murabbiy uchun katta tajriba maktabi bo‘lgandir, ammo aytarli obro‘ keltirmagani aniq.

Mana, joriy mavsum boshlanishi oldidan Inileevga nihoyat, oliy ligadan taklif tushdi. Aslida «Obod» rahbariyatining bu qarorini tushunish biroz qiyin. Boisi, o‘tgan yili Ja’far Irismetov ancha samarali ish olib borgan va klubni elitada saqlab qolish uddasidan chiqqandi. Ammo rahbariyat uning o‘rniga tajribaliroq mutaxassis chorlashni ma’qul ko‘rdi. Inileev uchun esa yangi joydagi ish silliq boshlanmadi.

Aksiga olib, xuddi shu vaqt bir paytlari futbolchilik davrida orttirgan eski jarohati pand berdi. Natijada tizza operasiyasi va u mavsumning dastlabki qismini o‘tkazib yubordi. Keyin esa Inileev «Obod»ga ko‘nikolmadi yoki «Obod» Inileevga.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, klub butun birinchi davra mobaynida 2tagina g‘alabaga erishdi va yana 3ta o‘yinda durang qayd etdi. Qolgan barcha uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchragani holda, ayni turnir jadvalida so‘nggi o‘rinda bormoqda. Rauf Talgatovichning tan olishicha, jamoa a’zolari 3 oydan buyon maosh olishmayapti va muvaffaqiyatsizlikda buning o‘rni katta, albatta. Biroq murabbiy uchun «Obod»dagi ishidan so‘ng jiddiyroq taklif tushishiga ishonish qiyin...

ABRAMOV

Vadim Karlenovich O‘zbekiston terma jamoasidan obro‘ bilan ketgan kam sonli murabbiylar sirasiga kiradi. U iste’foga chiqarilgan payt ko‘plab muxlislar o‘z hayratlarini yashirmagan va attang qilib qolgandilar. Umuman olganda, murabbiy termadan ketgach, ko‘p vaqt ishsiz yurmadi va mamlakatning yetakchi klublaridan biri - «Lokomotiv»ni boshqardi. «Temir-yo‘lchilar» anchadan buyon chempionlikni orzu qilayotganlari sabab, ko‘pchilik Abramovdan bu vazifani uddalashini kutdi. Taqdir hazilini qarangki, klub ham, murabbiy ham shunga qadar biror marta oliy ligada g‘olib chiqmagandi.

Ammo tarix o‘zgarishsiz qoldi - Karlenovich ushbu noxush statistikani o‘nglay olmadi, «Lokomotiv» esa faqat u ketganidan keyingina chempionlik marrasiga yetdi. Xullas, Abramov uchun «temir-yo‘lchilar» boshqaruvidagi davrdan esdalik sifatida milliy kubok va yurak og‘rig‘i qoldi. Murabbiy iste’foga chiqqach, Moskvada yurak tizimiga bog‘liq jarrohlik amaliyotini o‘tab qaytganini endi hamma bilsa kerak.

Uning «Lokomotiv»dagi faoliyati nima sababdan muvaffaqiyatsiz kechganini tushunish qiyin. Bir tomondan olib qaraganda, Vadim Karlenovich termada ishlaganida o‘zbek futboli uchun yangilik bo‘lgan hujumkor uslubni taklif etgandi. Aynan shu falsafa «Lokomotiv»­ga ham mos keladigandek tuyuldi.

Chunki klub saviyali ijrochilarni o‘z qanotiga olgandi. Biroq 2,5 yillik davr mobaynida «Loko» kutilgan o‘yinni namoyish qilolmadi, baribir. Klub rahbariyatining sabr kosasiga so‘ngi tomchi «Qo‘qon-1912»ga qarshi safarda kechgan o‘yinda tomdi. Ya’ni o‘sha uchrashuvda 1:1 natijasi qayd etilgach, Abramov iste’foga chiqarildi.

Vadim Karlenovichning katta futbolga qaytishi uchun ancha vaqt talab qilindi. Biroq unda Inileevdan farqli o‘laroq, tanlash imkoniyati mavjud edi. Zero, murabbiyga bir qator klublardan taklif tushdi. Ammo Karlenovich Toshkentdan chetga chiqishni istamadi va poytaxt klublaridan taklif kutdi. Bu orzusi hali-veri ro‘yobga chiqmasligi oydinlashgach esa, «Neftchi»ni tanladi. Bilasiz, murabbiyning Farg‘onadagi ishlari hozircha yurishmay turibdi. «Neftchi» uning boshqaruvi ostida 4ta o‘yinda maydonga tushdi va birorta g‘alabaga erisholmadi. Bu esa tabiiyki, ancha-muncha omadsiz-likdir... Endi bor umid ikkinchi davraga qaratilgan. Aytishlaricha, Abramov «Neftchi»da tarkib borasida katta o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi. Jamoadan 9 nafar futbolchining ketishi aytildi. Ular o‘rni kimlar bilan to‘ldirilishi esa hozircha noma’lum.

QOSIMOV

Mirjalol Qo‘shoqovichning murabbiylik qismatiga «Bunyodkor» klubi va O‘zbekiston termasi o‘rtasida sarson yurish bitilgan ko‘rinadi. Axir u bu sohada faoliyat boshlabdiki, faqat shu ikki jamoani boshqarmoqda. E’tibor bering, Qosimov 9 yil badalida «Bunyodkor»da 3 marta va O‘zbekiston terma jamoasida 2 marta bosh murabbiy sifatida ishlashga ulgurdi. Shu bilan birga oxirgi 2 yilni ishsiz o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi.

Uning klub va terma jamoadagi davrini bir-biriga o‘xshamagan ikki hikoyaga qiyoslash mumkin. Agarda «Bunyodkor»ning eng yaxshi davrlari aynan Mirjalol Qosimov bilan bog‘liq bo‘lsa, O‘zbekiston termasining omadsizligida mudom u ayblandi. Shunga monand, muxlislar munosabati turlicha.

Umuman, yurtimizda Qosimovga befarq qaraydigan muxlis topilmasa kerak. Bu masalada 2 xil yondashuv bor - uni o‘ta yomon ko‘rishadi yoki qattiq hurmat qilishadi. O‘zbekiston termasidan iste’foga chiqarilgach, muxlislar nechog‘li quvongan bo‘lsalar, «Bunyodkor» tarafkashlari uning qaytishidan shunchalik shodlanishdi.

Biroq Mirjalol Qo‘shoqovichning «qaldirg‘ochlar» boshqaruviga bu safargi qaytishi hozircha o‘xshamayroq turibdi. «Bunyodkor» oxirgi 6ta o‘yinidan 2tasidagina g‘alaba qozondi, durang va mag‘buliyatlari soni ham shuncha. Bunday statistika jamoaga yarashmasligi turgan gap. Garchi g‘alabalar «Qo‘qon-1912» va «Lokomotiv» kabi yetakchilarga qarshi o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan bo‘lsa hamki, Mirjalol Qosimovning ishini hozircha ijobiy baholash mushkul.

Ha, O‘zbekiston terma jamoasi sobiq ustozlarining oliy ligadagi faoliyatlari hozircha shunday notekis kechmoqda. Xo‘sh, vaqtida mamlakatning eng sara futbolchilarini boshqargan murabbiylar ichki birinchilikda nima sababdan yaxshi ishlay olmayaptilar? O‘z o‘rnida bu savolga atroflicha javob qidirdik va 3ta sabab topdik.

1. O‘ZGARISH

Rauf Inileev oliy ligada oxirgi marta 7 yil oldin ishlagandi, Mirjalol Qosimov esa elitaga 4 yillik tanaffusdan keyin qaytdi. Ular orasida Vadim Abramov nisbatan tajribali hisoblanadi - «Lokomotiv»dan ketganiga endi 2 yil bo‘ldi. Biroq shu 2 yil davomida ham oliy liga ancha-muncha o‘zgarishlarga uchraganini hech kim inkor etmasa kerak. Xullas, bu murabbiylar oliy liga jamoalarida faoliyat yuritgan vaqtlar ichki birinchiligimiz mutlaqo boshqacha holatda edi.

Chempionlik uchun kurash asosan 2ta jamoa o‘rtasida kechardi - «Paxtakor» va «Bunyodkor». Vadim Abramov ming urinib ham, bu jamoalardan «non»ni tortib ololmagandi, harqalay. Axir 2-3 yilcha oldin ham «sherlar» mavsum bo‘yi 2-3ta o‘yinda ochko yo‘qotishlari mumkin edi. Shuningdek, Mirjalol Qosimov ham «Buxoro» va «Navbahor»ga o‘xshash klublardan osongina ochko olishga o‘rganib qolgandi. Endi esa o‘zi ochko yo‘qotishga majbur. Shunday ekan, hozirgi oliy liga bilan avvalgisini o‘zaro taqqoslash mantiqqa zid.

2. TAJRIBA

Rauf Inileev ilgari o‘rtamiyona klublarda ishlab ko‘rgan, Vadim Abramovda ham shunday tajriba ozmi-ko‘p mavjud. Ammo shunga qaramay, har ikkisida autsayderlik ko‘nikmasi yo‘q. Oliy ligada bu yil kurash juda qizg‘in kechmoqda. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu-quruq baravar yonishi xususida gap bor. Inileev va Abramov o‘sha yong‘in ichida qolib ketishmoqda, go‘yo.

Mirjalol Qosimovda esa bunday tajriba mutlaqo yo‘q. U boshqargan jamoa hech qachon 2-o‘rindan pastga tushmagandi. Hozir esa «qaldirg‘ochlar» medallar uchun kurash emas, balki yuqori o‘nlikka kirib, loaqal o‘rtamiyonalik mavqeini mustahkamlash haqida o‘ylashga majburlar. Qolaversa, Qosimov futbolchilik davri ham mudom yetakchilar safida yurgan, murabbiy sifatida yiliga loaqal bitta sovrin yutardi. Endi esa...

3. TARKIB

O‘zbekiston terma jamoasi safida eng sara futbolchilar to‘p surishadi. Shuningdek, ichki birinchilikning yetakchi klublarida ham. U yog‘ini so‘rasangiz, o‘rtamiyona klublarda ham o‘ziga yarasha kuchli futbolchilar bor. Gapning indallosi, Rauf Inileev, Vadim Abramov va Mirjalol Qosimov ishlagan jamoalarda har doim saviyali futbolchilar to‘p surishgan. Endi esa ular ixtiyorlarida bor tarkib bilan ishlashga majburlar. Bir o‘ylab ko‘ring, shunday sharoitda Inileev tezkor, Abramov hujumkor va Qosimov yuqori samarali pragmatik o‘yinni yo‘lga qo‘ya oladimi? Javob berishda ko‘p bosh qotirishga hojat yo‘q. Rauf Inileevda hozirgi vaziyatni o‘zgartirish imkoniyati ancha pastligi tayin.

«Obod» bu ketishda katta ehtimolki, oliy ligadan tushib ketadi, agar tarqab ketmasa. Jamoaning moliyaviy ahvoli shunday gapirishni taqozo etmoqda. Ammo Vadim Abramov va Mirjalol Qosimov uchun hammasi hali oldinda. Bu murabbiylar ikkinchi davra oldidan tarkibda o‘zgarish yasash imkoniyatiga egalar.

Shu holatida ham «Bunyodkor» eng sara futbolchilarni o‘z tarkibida o‘ynashga ko‘ndira oladi. Shuningdek, «Neftchi»ning shonli davri ortda qolgani bilan ancha-muncha o‘yinchi Farg‘ona klubida to‘p surish variantidan bosh tortmasa kerak. Ko‘ramiz, oliy liganing ikkinchi davrasi qanday kecharkin? Ayniqsa, milliy jamoaning sobiq bosh murabbiylari hozirgi holatdan qanday chiqib ketishlari (yoki bunga urinishlari)ni kuzatish ham qiziq...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:15, 08.07.2017.
O'qildi: 8000 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.