Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Yurgen Klopdan ajabtovur va «o‘tkir» fikrlar

Yurgen Klopdan ajabtovur va «o‘tkir» fikrlar

Baho:
+ | -

Zamonaviy futbolning murabbiylar yo‘nalishidagi eng yorqin, shuning barobarida «telbanamo» siymolardan biri - Yurgen Klopp 50 yoshli yubileyini nishonladi. Shu bahona germaniyalik mutaxassisning turli vaqtlarda turli masalalar yuzasidan aytgan e’tiborli iboralarini yodga olishni lozim ko‘rdik. Zero, uning «o‘tkir» so‘zlarida butun faoliyat yo‘li namoyon...

Angliya. Britaniyaning o‘ziga xos tomonlari haqida: «Shaharlar  markazida futbol stadionlari - bu Angliya uchun oddiy hol va ko‘p narsani anglatadi».

«Bavariya». «Borussiya»ning bosh raqobatchisi haqida: «Ixtiyorimizda kamon va o‘qlar yo‘q emasdi, agar mo‘ljalni to‘g‘ri olganimizda, «nishon»ni urardik. Muammo shundaki, «Bavariya»da bazuka (tankka qarshi dinamoreaktiv qo‘l granatomyotining amerikacha nomi) bor ekan».

«Barselona». G‘alabalarga chempioncha munosabat haqida: «Shogirdlarimga «Barsa» ishtirokidagi o‘yin-lar videoyozuvini hech qachon ko‘rsatmayman. Chunki kataloniyaliklarning mavsum davomida 5 868ta golni qanday nishonlashlarini ko‘rsatishdan ma’no yo‘q. Axir ular har safar klub tarixidagi birinchi golni urgandek xursandchilik qiladilar. Aslida g‘alabadan haqqoniy quvonish hissini saqlab qolish muhim»

Gyotse. Marioning «Bavariya»ga o‘tgani haqida: «U ketdi, chunki Gvardiolani yoqtiradi. Bu mening xatoim, boshqa hech kimniki emas. Chunki bo‘yimni 15 sm. pastroq qilolmadim va ispanchani ham o‘rganmadim».

Dortmund. «Borussiya»dagi davri haqida: «Dortmundda yomon lahzalarga duch kelmadim. Hattoki, bir soniya ham...».

Yoshlik. 2011 yili «Bavariya»ni Myunxenda mag‘lub etgan «Borussiya»ning yosh tarkibi haqida: «Dortmund» bundan 19 yil avval shu yerda g‘alaba qozonganida, ko‘plab shogirdlarim ko‘krak suti bilan oziqlanishardi».

Yoaxim. Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyiga munosabati haqida: «Lyov menga yoqadi va uni hurmat qilaman. Chunki aynan men ishlatadigan shampun va dezodorantni tanlaydi».

Ishtiyoq. O‘xshamagan birinchi bo‘limdan keyingi ko‘rsatmasi haqida: «Tanaffusda futbolchilarga «yomshoq» gapirdim - «Bu yerda baribir, yana 45 daqiqa vaqt o‘tkazishimiz kerak ekan, futbol o‘ynasak bo‘lmaydimi...?»

Iqtidor. Futbolchilik faoliyati haqida: «Xayolimdagi ishni maydonda namoyish etish hech qachon nasib etmadi. Yashirmayman, iqtidorim 5-liga darajasida edi, aqlim esa bundesligaga tortardi. Natijada futbolchi sifatida ikkinchi diviziondan yuqoriga ko‘tarilolmadim».

Kamolot. Hayoti va natijalari haqida: «Juda ko‘p narsaga egaman - oila, pul, futbol. Ustozlarim ham, ota-onam ham kelajagim shunday bo‘lishini tasavvur qilmagandilar. Xullas, havas qilsa arziydigan hayot».

Kumir. Sport olamidagi yoqimtoyi haqida: «Aslida hech qachon Norvegiyaga borgan emasman, ammo qishki sport turi vakili - Ule-Eynar Byorndalendan shunchaki, hayratlanaman. Nazarimda, u butun tarix bo‘yicha  eng yaxshi sportchilardan biridir. Xullas, imkon tug‘ilsa, biatlon tomoshasidan sira qaytmayman».

«Liverpul». Hozirgi ish joyi haqida: «Er yuzidagi o‘ziga eng ishongan odamdek ko‘rinishni istamaymanu, ammo o‘ylashimcha, «Liverpul» uchun eng munosib tanlovman».

«Mayns». Himoyachi sifatida o‘ynagan davri haqida: «Mayns jamoasi tarkibida to‘p surganimda, ba’zi o‘yinlarimizda stadionga taxminan 800 nafargina  muxlis  kirardi. Shanba, yomg‘ir, tribunalarda zerikib o‘tirgan bir necha yuz kishi. Mabodo maydonda o‘lib qolganimizdami, buni hech kim sezmas va dafn marosimiga ham kelmasdi».

Mas’uliyat. G‘alaba va mag‘lubiyatlardan keyingi hissiyoti haqida: «Barchasiga ijobiy tomondan qarashga o‘rganganman. To‘g‘ri, g‘alabani xotirjam qabul qilamanu, mag‘lubiyat uchun o‘zimni aybdordek hisoblayman. Bunday payt o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman, lekin ayni shunday tuyg‘u tabiiy mas’uliyatimni oshiradi».

Maqom. O‘zi va darajasi haqida: «Agar Mourinyo «benazir» bo‘lsa, men  oddiyman - shvarsvaldlik yigit. Oddiy futbolchi edim, murabbiylik bobida ham o‘zimni buyuklar sirasiga qo‘shmayman».

Muammo. Asosiy muammosi haqida: «Hayotimda bitta ko‘rgilik bor - oldin juda ko‘p bema’ni gaplarni aytib yuborganman va ularni hech kim unutmagan».

Muhit. «Enfild»ning muhimligi haqida: «Menimcha, murakkab uchrashuvlarda stadiondagi muhit hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin».

Norasmiylik. Shaxsiy imidji haqida: «Bilasizmi,  «Gamburg»ga nima uchun to‘g‘ri kelmaganman? Ikki yigit uyimga keldi va ularga ko‘rinishim yoqmadi: sport kostyumi va shunga o‘xshash narsalarni kiyib olgandim. Keyin shunchaki, uzr so‘rashdi va... Bilishimcha, ularga savlatli murabbiy kerak ekan...».

Nuqta. Kelajagi haqida: «Shunday kun keladiki, o‘zim uchun hammasiga nuqta qo‘yaman. 60 yoshdan o‘tgach, murabbiylik qilishim ehtimoli juda-juda past».

Ob-havo. Kubok finalida «Bavariya» ustidan qozonilgan 5:2 hisobli  g‘alaba haqida: «Ob-havo yanada issiqroq bo‘lishi ham mumkin edi».

Reja. Futbolda voqealar rivojini oldindan bilib bo‘lmasligi haqida: «Birinchi bo‘lim uchun ajo-yib rejamiz bor edi, lekin 2ta gol qo‘yib  yubordik. Endi o‘sha rejani axlat qutisiga tashlab yuborsak ham bo‘laveradi».

Robin Gud. «Real» ustidan qozonilgan g‘alaba haqida: «Real»ni 4:1 hisobida tor-mor etganimizdan so‘ng yigitlarga baralla gapirdim - «Ha, boylarni xuddi Robin Guddek talashga qodirmiz».

Romantika. Futbolga umumiy yondashuvi haqida: «Yo‘q, oddiy orzumand emasman, balki o‘yin masalasida chin romantik hisoblanaman».

Sadoqat. Futbolchilarni jarohatdan so‘ng safga qaytishlarini qanday kutishi haqida: «Sadoqatli ayol qamalgan erini ozodlikka chiqishini qanday kutadi? Men chetda qolgan shogirdlarimning qaytishlariga xuddi shunday ilhaqman».

Saxiylik. Rojdestvodagi qimmatbaho sovg‘a haqida: «Bolaligimda meni   sovg‘alar bilan erkalatishmagan, ammo bir safar Santa velosiped olib kelib, g‘oyat quvontirdi. Afsuski, sovg‘ani zinadan olib chiqayotib, g‘ildiragini qiyshaytirib qo‘ydim».

Sovrin. «Liverpul» bilan sovrin yutishi haqida: «Bordiyu, 4 yil ichida loaqal bitta sovringa ega chiqolmasak, keyingi mavsum Shveysariyada ish boshlayman».

Sog‘lom fikr. O‘zining kuchli tarafi haqida: «Menda hammasidan ham sog‘lom fikrlash yaxshi rivojlangan. Hayotni to‘liq tushunaman».

Stadion. «Anshlag» qadriga yetish zarurligi haqida: «Agar har ikki hafta stadionimizda 80 ming kishi zerikadigan bo‘lsa, kelajakda o‘zimiz uchun yangi arena topishimizga to‘g‘ri keladi».

Taqdir. Tug‘ilishi va oilasi haqida: «2 nafar opam bor va men ham qiz bola bo‘lib tug‘ilganimdami, oilamizdagi bolalar soni yanada ko‘payardi. Tushunarliki, otam o‘g‘il farzand kutgan va Yurgenning dunyoga kelishi bilan uning orzulari ro‘yobga chiqqan».

Telbalik. O‘zini yoqtiruvchilar haqida: «Tentak futbolchilar meni boshqacha hurmat qilishadi. Nima uchun? Ochig‘i, bilmayman».

Turmush o‘rtog‘i. Sadoqatli umr yo‘ldoshining faoliyati haqida: «Ulla bolalar uchun kitob yozadi. Garri Potterga o‘xshash, ammo faqat futbol mavzusida. Uning asarida kaltakda uchadigan Garri Potter yo‘q - sof futbol».

Fanatlar. Chetdagilar munosabati haqida: «Odamlarning nima deyishlariga e’tibor bermayman. Axir hammasi natijaga bog‘liq. Kecha - zo‘r yigit, ertaga  - jinnisiz, agar jamoangiz yutqazib qo‘ysa, albatta...».

Final. CHL finalida «Bavariya»ga yutqazilgan o‘yin haqida: «Faqat bitta gap bor - hammasi a’lo darajada o‘tdi. London - Olimpiada poytaxti. Ob-havo - yaxshi, hammasi zo‘r. Faqat natija...».

Xevi-metal. Venger tayanadigan futbol haqida: «Arsen to‘p nazorati va «pas» orqali o‘ynashni xush ko‘radi. Uning jamoasi xuddi orkestrday, lekin sokin musiqani ijro etadi. Men esa to‘s-to‘polon - xevi-metal tarafdoriman!»

Xummels. 2014 yili Xummelsning «MYU»ga o‘tishi xususidagi gap-so‘zlar haqida: «Agar bu yangilik rost bo‘lsa, shupurgini butunligicha yeyman».

Chak Norris. Buyuk va dahshatli aktyorning futboldagi o‘rni haqida: «Chak Norris «Borussiya» tayanch yarim himoyasida chakki ko‘rinmasdi, menimcha».

Chidam. «Plimut»ning «Liverpul» bosimiga dosh bergani haqida: «Plimutda qancha odam yashashini bilmayman-u, ammo bugun butun shahar aholisi jamoaning jarima maydonchasiga tizilib olganday tuyuldi».

«Shalke». «Shalke» muxlisiga bundesligadagi g‘alaba hayajonini tushuntirolmagani haqida: «Tushunmaydigan odamga turli ranglar qanday jilo berishini anglatish imkoni bormi?»

Shvarsvald. Qadrdon o‘lkasida o‘tgan bolaligi haqida: «Shvarsvaldda voyaga yetdim. Qishlog‘imizda 1500 kishi istiqomat qilardi. Men ketgach, 1499 nafar qoldi. Siz bilishingiz kerak bo‘lgan narsa faqat shu».

Energiya. Imkoniyat va mehnatsevarlik haqida: «O‘z salohiyatim va ojiz tomonlarimni bilaman va kuch-quvvatimni shunga mos ravishda sarflashga intilaman. Umuman olganda, ishlashni xohlagan inson buni sutkasiga 24 soat davomida amalga oshiradi. Hattoki, uxlayotganida ham».

Qizil kartochka. Murabbiylik faoliyatidagi birinchi qizil kartochka haqida: «Ilk chetlatilish masalasida ozgina g‘ururlanaman. O‘shanda zaxira hakamiga yaqinlashib, uni savolga tutdim - «Shef, sizda xatolar limiti qancha? Agar 15ta bo‘lsa, unda 1tagina qoldi».

Qur’a tashlash. Raqib tanlash haqida: «Kubok qur’asi? Yo‘q, uni ko‘rmadim, nima bo‘lgan taqdirda ham, «Bavariya»ga qarshi o‘ynashimizga to‘g‘ri keladi. Buning o‘rniga «Qonun va tartib» seriali lavhalariga ko‘z tikdim».

Quvonch. His-hayajonga to‘la reaksiyasi haqida: «Hayot juda qisqa, shuning uchun har qanday quvonchli lahzani bayramga aylantirish kerak».

G‘azab. Nimaga toqat qilolmasligi haqida: «Futbol yoki shaxsiy hayotda ayrimlarning boshqa kishi ishiga aralashishidan qattiq g‘azablanaman. Bu xuddi avtohalokatni xotirjam tomosha qilib turishga o‘xshaydi: yordamga shoshilish o‘rniga smartfonni qo‘lga olib, bemalol barchasini tasvirga tushira boshlaydilar. Bundaylarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q».

Klopp - zamonamizning eng oqko‘ngil murabbiylaridan. Zero, atayin bunchalik his-hayajonga berilish barobarida beg‘ubor va «yovvoyi»likni saqlab qolish mumkin emas. Hozircha APLda rok-n-roll urf bo‘lgani yo‘q, ammo murabbiyning «Liverpul»dagi ishini quruq raqamlar bilan baholash allaqachon boshlandi. «Qizillar» hozircha «otishmadi», lekin Yurgen endi 50 yoshini qarshiladi va Angliya futbolini lol qoldirish uchun vaqti yetarli. Axir nemis murabbiyining o‘y-fikrlariyoq uning oddiy odam emasligidan  dalolat, garchi o‘zi oddiylikka da’vo qilsada...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 00:38, 22.07.2017.
O'qildi: 7748 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.