Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Ini»ga sig‘may qolgan grandlar yoxud Yevropa klublarining Osiyo va Amerikaga yurishi

«Ini»ga sig‘may qolgan grandlar yoxud Yevropa klublarining Osiyo va Amerikaga yurishi

Baho:
+1 | -

Iqtisodiy jabhadagi noxush an’ana sportga, jumladan, futbolga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Boy yanada boyib, nochor yanada kambag‘allashib ketmoqda. Ha, kambag‘al hech kimga kerak emas, u bilan hech kim qiziqmaydi.

Muhimi bunda emas. Iqtisodiy jihatdan imkoniyati cheklangan jamoalarda yetakchi klublardagi kabi qudratli manbalar, vositalar yo‘q. Shu bois ularning oti yugursada, changi chiqmaydi.

Ulkan zaxiralarga ega bo‘lgan badavlat klublar ta’sir doiralarini kengaytirib, yangi muxlislar va ularning sarmoyalarini o‘zlariga jalb etishmoqda. Iqtisodiy muhit esa raqobatning to‘xtovsiz kuchayishi evaziga tobora keskinlashib bormoqda. Oqibatda grandlar ham taraqqiyotning yangi vositalarini qidirib topish, tomoshabin e’tiborini jalb etish uchun jiddiy kurash olib borishga majbur bo‘lmoqdalar.

Biroq bu sa’y-harakatlarning barchasi kutilgan samarani ta’minlashi uchun jamoa muntazam ravishda yuksak natijalar qayd etishi shart. Aks holda, hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Misol uchun, Krasnoyarsk o‘lkasining «Enisey» klubini keltirish mumkin. Hududda jamoani yaxshi tanishadi.

Vaqti-vaqti bilan yetakchi sport nashrlari sahifalaridan joy oladi. Biroq «Enisey»ning o‘zi bundan hech qanday naf ko‘rmaydi - tribunalardagi muxlislar soni ham, jamoa daromadlari ham ko‘paymayapti. Natijalar esa hatto RPLga ko‘tarilish imkonini ham berolmayapti. Albatta, hozirgi futbol olami o‘tmishdoshidan keskin farq qiladi.

Dastavval bir shaharning ikki jamoasi uchun ichki auditoriyaning o‘ziyoq yetarli bo‘lgan, ular o‘zaro totuvlikda emin-erkin faoliyat olib borishgan. Endi har bir jamoa uchun nafaqat o‘z «ini», balki butun mamlakat, hatto qit’a ham torlik qilmoqda. Keskin raqobat muhiti klublarni shunday holatga olib keldi.

Oqibatda «ko‘hna qit’a»ning nomdor jamoalari o‘z nigohlarini Osiyo va Amerikaga qaratmoqdalar. Jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni ommaviy sport turlaridan hisoblanmish futbolni ham o‘z domiga tort­moqda. Xorijiy bozorlarni egallash strategiyasini «MYU» boshlab berdi.

Natijalar borasida u yangi natijalarga erisha olmayotgan bo‘lsada, marketing bobida bir necha yildan buyon futbol olamining bayroqdori bo‘lib kelmoqda.

Jamoaning Osiyo bozoridagi olamshumul muvaffaqiyati Piter Kenyon bilan bog‘liq. Manchesterdagilar uni Fergyuson davrining asosiy yulduzi hisoblashadi. Mutaxassislar orasida Kenyon genial menejer taxallusini olgan.

Birinchidan, Uzoq Sharqda muvaffaqiyatga erishish mumkinligini Piter boshqalardan ko‘ra avvalroq payqadi. Ikkinchidan, qo‘shimcha muxlislar auditoriyasiga ega bo‘lish uchun tijorat va seleksiya siyosatini uyg‘unlikda olib borishni taklif etdi.

Kenyonning innovasion strategiyasi tez orada o‘z samarasini bera boshladi: Guardian eskpertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, «qizil iblislar» muxlislari soni o‘tgan asrning boshlarida 10 mln. kishidan iborat bo‘lgan. XXI asr boshlanishi arafasida esa bu ko‘rsatkich 350 mln.dan oshib ketdi.

Ushbu muvaffaqiyatda osiyoliklarning o‘ziga xos mentaliteti muhim rol o‘ynadi. Gap shundaki, ular musofirlikda mashhurlikka erishgan vatandoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashadi.

Keysuke Xondaning SSKAdagi faoliyati yodingizdami? Futbolchi doimo bir qator yapon telekanallari operator guruhlarining kuzatuvlari ostida to‘p surgan. Vaholanki, u Yevropaning top-chempionatlarida emas, shunchaki o‘rtamiyona birinchiliklardan birida o‘ynardi. Endi Xondaning faoliyatini yoritish uchun yaponlar qancha mablag‘ sarflashganini tasavvur qilib ko‘ring.

Albatta, yolg‘iz shu yo‘lning o‘zi bilan ko‘p narsaga erishib bo‘lmasligini grand­lar tez orada tushunib yetishdi. Har holda, yuksak talablarga javob bera oladigan yulduz futbolchilar soni juda oz edi. Oqibatda «ko‘hna qit’a» futbolining yetakchilari mo‘may daromadning yangi manbalarini qidira boshlashdi. Shu tariqa safar uchrashuvlari g‘oyasi tug‘ildi.

Mavsumlar oralig‘idagi ta’til payti jamoalar Osiyoning badavlat mamlakatlariga yo‘l olib, klub yoki terma jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkaza boshladilar. Har bir spektakl o‘rtacha 7 mln. daromad keltirishi ma’lum bo‘lgach, tijorat safarining geografiyasi kengayib bordi.

Asta-sekin futbol yulduzlari, ular ortidan klublarning mustaqil tashriflari amalga oshiriladigan bo‘ldi. Keyinchalik Yevropaning nomdor klublari muayyan Osiyo davlatida turli musobaqalarni tashkil etishni yo‘lga qo‘yishdi. Ya’ni, o‘rtoqlik uchrashuvlari maqomidagi CHL. Stadion muxlislar bilan to‘lib-toshgan, fan-klublar oyoqqa turgan - faoliyat yuritish uchun bundan ortiq yana nima kerak?

Oradan ma’lum bir muddat o‘tgach, iqtisodiy yuksalish qoidalarida ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. Xitoy hukumati mahalliy ligani rivojlantirishga qaror qildi. Tadbirkorlar esa rahbarlar istagini bajarishga kirishdilar. Oqibatda, futbol olamining taniqli yulduzlari Xitoy tomon yo‘l olishdi, ayrim jamoalar byudjeti Yevropa grandlarinikiga tenglasha boshladi.

Shundan so‘ng «ko‘hna qit’a» grandlari «Yangi dunyo» AQSH tomon yuzlanishdi. Shu tariqa ummon ortida sokkerga bo‘lgan qiziqish kuchaya boshlandi. Albatta, ommaviylikda u Amerika futboli bilan bellasha olmaydi. Lekin risoladagidek manfaatga ega bo‘lish mumkin. Chunki Amerika auditoriyasi iqtisodiy jihatdan juda faol - sarflangan sarmoyalar bir necha barobar ko‘proq daromad keltirishiga shubha yo‘q.

Xullas, Yevropaning yetakchi klublari endi Shimoliy Amerika va Avstraliyaga safar uyushtirishmoqda. Iqtisodiy ko‘rsatkichlar rejalar yuz foizga o‘zini oqlayotganidan dalolat bermoqda. Masalan, natijalar borasida biroz oqsayotgan «Liverpul»ning Sidneydagi o‘yini 73000 muxlis kuzatuvida o‘tdi. «Milan» esa Xondani xarid qilganidan keyin bir oy ichida Yaponiyadagi muxlislarga avvalgi bir yildagidan ko‘proq futbolkalarni sotdi.

Ko‘rinib turibdiki, bugungi global iqtisodiy strategiya tobora yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda. Jamoa natijalar borasida yetakchi bo‘lmasligi mumkin, lekin to‘g‘ri tashkil etilgan marketing klubning moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi. Bu esa yuksak natijalarga erishishning muhim omillaridan biridir. Barqarorlik bor joyga ertami-kech muvaffaqiyat ham albatta keladi.

Bu haqiqatni anglab yetganlar yangi rejalar ustida qizg‘in ishga krishganlar. Misol uchun, Ispaniya La-ligasi AQSHda o‘zining rasmiy vakolatxonasini ochish arafasida.

RPL esa hozircha futbol olamidan chetda qolgandek. Bu yerda ham yangilik belgilari umuman ko‘zga tashlanmaydi, deb bo‘lmaydi - Moskvaning «Spartak» klubi Xitoyda o‘z akademiyasining filialini ochishga qaror qildi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:31, 23.07.2017.
O'qildi: 5398 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.