Konfederasiyalar kubogida Germaniya futboli kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanligi tasdiqlandi.
Axir Yoaxim Lyov rus diyoriga terma jamoaning asosiy yulduzlarini olib kelmagan bo‘lsada, yaqin yillar zaxirasi hisoblangan yoshlar qoyilmaqom harakatlanib, ortga bosh sovrin bilan qaytdilar.
Demak, quyida Germaniya terma jamoasining yangi «qiyofa»si sifatida ko‘zga tashlangan yigitlar haqidagi 6ta tarixga e’tibor qaratamiz.
Yonas XEKTOR. 3 yilda oberligadan milliy jamoaga
Yonas Xektor katta futboldagi yo‘lini 20 yoshida «Kyoln»ning ikkinchi jamoasida boshladi. Unga klub bazasi va jonajon shaharchasi - Auersmaxer o‘rtasidagi masofa atigi 300 kilometrga tengligi qo‘l kelgani ta-yin. Zero, Xektor konchilar qishlog‘iga aqlga sig‘mas darajada bog‘lanib qolgandi. Misol uchun, o‘z o‘lkasining o‘smirlar jamoasida o‘ynab yurgan payti uni «Saarbryukken» akademiyasiga chorlashadi, ammo... Xektor shunchaki, uyi va yaqinlaridan uzoqlashishni istamay, manfaatli taklifdan ko‘z yumadi. Yonas shuningdek, «Bavariya», «Xoffenxaym» va «Frayburg» klublari ko‘rigida ham hafsalasiz qatnashadi. «Kyoln» bilan shartnoma tuzish chog‘i esa klub vakillari oldiga bitta shart qo‘yadi: «Yana yarim yil bezovta qilmay, oberligada mavsum oxiriga qadar do‘stlarim bilan o‘ynashimga imkoniyat bersanglar, mayli». Aytish joiz, yigitcha «Kyoln»ning asosiy tarkibida maydonga tushishiga qadar biror marta chap qanot himoyachisi vazifasini bajargan emasdi. Hammasi tasodifan ro‘y beradi - Yonas bir safar Xolger Stanislavski uzatmasidan so‘ng notanish pozisiyaga chiqib, «Duysburg» vakilini shunchaki, «er tishlatadi» va murabbiy uni boshqatdan kashf etadi. Vaholanki, bungacha barqarorlikdan yiroq edi - uni gohida oltinchi ligada o‘ynaydigan «Kyoln-2» ixtiyoriga yuborishardi, ba’zan asosiy jamoaga qayta chaqirib olishardi. Maydondagi yangi rolga nechog‘li mos kelganini esa oddiy statistikadan ham bilish mumkin: Xektor qanotda harakatlana boshlagach, «Kyoln» ketma-ket 14ta o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmaydi. Uning Yoaxim Lyov nazariga tushishi va milliy jamoadan chorlov olishi uchun esa bundesligada 10 martacha maydonga tushishi kifoya qildi. Endilikda markaziy himoya hududini ham «betonlash»ga qodir futbolchi yevropalik yetuk skautlarga tinchlik bermayapti - hamma uning ishqida «devona».
Fakt. Yonas Xektor 2012 yili Germaniyaning oltinchi divizionida o‘ynardi, mavsum-2014 davomida esa mamlakat milliy jamoasidan chorlov oldi va hozirda uning asosiy himoyachilaridan biriga aylandi.
Shkodran MUSTAFI. Albaniyalik ilk jahon chempioni
Kosovoliklar Shkodran bilan alohida faxrlanishadi va uni albaniyalik ilk jahon chempioni sifatida ta’riflashadi. Chunonchi, Mustafining o‘zi alban ekanligini ochiq e’tirof etadi. Nemis jamiyatida ulg‘aygan yigitning JCH-2014 finalidagi g‘alabani Albaniya davlat bayrog‘ini hilpiratgancha nishonlagani ko‘p narsadan dalolat. Uning oilasi vaqtida Makedoniyaning Gostivara shahridan Germaniyaga nochorlik tufayli ko‘chib o‘tgandi. «U yerda odamlar oyiga atigi 300 yevro topishadi, Germaniyada esa shuncha pulni birgina avtomobilga yoqilg‘i quyish uchun sarflashadi»,-degandi Shkodran. Futbolchining otasi - Ali Bulut Germaniyada qurilish ob’ektlarida ter to‘kish orqali oila boqadi. Oradan yillar o‘tib esa, o‘g‘lining «Arsenal» bilan shartnoma tuzishida shaxsan o‘zi vositatachilik qildi. To‘g‘ri, u Neymarning otasi kabi katta haq olgan emas. Mustafi e’tiqodi mustahkam musulmon, hozircha klubdoshi Mesut Ozildan farqli o‘laroq, Makka ziyoratiga bormagan bo‘lsada, shariat qoidalariga to‘la-to‘kis rioya etadi: alkogol ichimliklarini umuman iste’mol qilmaydi, hattoki, mini-mojarolarga ham aralashmaydi. Deylik, 2 yil oldin «Valensiya»da o‘ynagan payti matbuot anjumaniga kirar ekan, oldiga qo‘yilgan pivo butilkasini muloyimlik bilan chetga surib qo‘ygandi. Eslasangiz, vaqtida Frederik Kanute ham klub homiysidan shunga o‘xshash holatda yuz o‘girgandi.
Fakt. Shkodran Germaniya termasining JCH-2014 uchun «zayavka»siga mutlaqo kutilmagan holda kirgandi - Marko Roys jarohati tufayli. U shunga qaramay, «bundesmannshaft»ning «pley-off» raundida Jazoir termasiga qarshi kechgan o‘yinida maydonga tushdi. Yevro-2016da esa Ukraina termasi darvozasiga gol urdi.
Leon GORESKA. Asosiy masala - salomatlik
Leon Goreska bundesliga o‘yinida ilk marta 4 yil oldin ko‘rinish bergandi. U o‘shandayoq «Shalke» ijrosidagi futbolga o‘zgacha mazmun olib kirgan, biroq darhol chinakam nur sochishiga salomatligiga bog‘liq muammolar yo‘l qo‘ymadi. Zero, pay jarohatlari va oshqozon muammosi tufayli tez-tez safdan chiqishiga to‘g‘ri kelgandi. Xullas, 3ta mavsum badaliga naq 33ta o‘yinni majburan o‘tkazib yubordi. 2016 yilning yoziga kelib, Goreska diyetolog bilan uchrashdi va dahshatli tashxisni eshitdi - ichak tizimining surunkali yallig‘lanishi. U shundan so‘ng ovqatlanish tartibini butunlay qayta ko‘rib chiqdi. «Shu-shu ayrim mahsulotlardan mutlaqo voz kechdim - yog‘li taomlar, yong‘oq, to‘ng‘iz go‘shti, sut... Natijada o‘yinlardan keyin ancha tez tiklanayotganimni yaqqol sezdim»,-deydi Goreska.
Fakt. Parhez Leonga katta yordam berganini oxirgi mavsum va Konfederasiyalar kubogi nitajalari ko‘rsatib turibdi. Bundesliga doirasidagi 30ta o‘yinda ishtirok etgan (shaxsiy rekordi) futbolchi Rossiya turnirida 3ta gol urdi. Ayniqsa, Meksika termasi darvozasiga yo‘llagan 2ta goli futbolcha aql va bo‘sh hududga chiqish iqtidori mahsuli bo‘ldiki, xotirjam Yoaxim Lyov ham Leonni alohida maqtashdan o‘zini tiyib turolmadi.
Karim DEMIRBAY. Eng original jazo
Demirbay Konfederasiyalar kubogida Germaniya va Turkiya futbol federasiyalari o‘rtasidagi janjal sababchisi va bundesliga kashfiyoti sifatida qatnashdi. Vaholanki, Karimning o‘zi bundan 1,5 yil oldin bunday daraja haqida hattoki, o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Axir ikkinchi bundesligada kamtarin «Fortuna» tarkibidan joy olishga urinayotgandi. Boz ustiga, u «Frankfurt»ga qarshi kechgan uchrashuvda mojaro keltirib chiqargandi. Aniqrog‘i, o‘yinni boshqarib borgan ayol hakam - Bibiana Shtaynxausdan ikkinchi sariq kartochkani olgach, o‘zini tutib turolmadi. «Ayollarga futbolda nima bor?» - tabiiyki, bunday keskin gapi Germaniya jamoatchiligi tomonidan rosa muhoka qilindi.
Fakt. Yakunda Germaniya futbol ittifoqi Demirbayni 5ta o‘yinga dis-kvalifikasiya qildi, «Fortuna» ichki kodeksi esa unga antiqa jazo tayinladi - Dyusseldorfda o‘tadigan qizlar o‘rtasidagi o‘yinda hakamlik qilishni. «Xatoga yo‘l qo‘ygan yosh futbolchilarni shunday tarbiyalaymiz»,-deya izoh berishdi «Fortuna» vakillari. Xullas, Karim tiliga erk bergani oqibatida o‘smir qizlar jamoalari - «Xaas» va «Langenberg» o‘rtasidagi uchrashuvda hakam rolini bajardi.
Lars SHTINDL. Konservator bo‘lishga moyillik
Lars Shtindl o‘z intervyularida konservatorlik g‘oyalariga moyil ekanligini yashirmaydi. Agar futbol taqdiri unga bog‘liq bo‘lganida, o‘yindan tashqari holat qoidasini bekor qilardi va W-M taktikasini yoqlardi. Lars xususan, yirik turnirlar ishtirokchilari soni oshirilishiga ham qarshi: «Ha, Yevro-2016da Islandiya termasi chakki o‘ynagani yo‘q, biroq 24ta jamoa ko‘p, baribir. Jahon chempionatida 48 jamoa ishtirok etsa, hammasi yanada yomonlashadi». Uning aytishicha, bundesliga o‘yinlarini shanba kuni soat 15:30dan boshlash maqsadga muvofiq, xuddi tarixdagi kabi: «Muayyan qadriyatlar borki, ularni himoyalash muhim». Eng qizig‘i, Larsning konservatorcha qarashlari va faoliyat yo‘li bir-biriga mos emas. 2 yilcha oldin «Borussiya» M. klubini boshqargan Andre Shubert qahramonimizni hujumchi pozisiyasiga surib, yuqori «pressing»ni talab qilganida, u bunga xotirjam qarab, barchani hayratlantirgandi.
Fakt. Shtindl oxirgi mavsum barcha turnirlar hisobidan 18ta gol urdi. Ayniqsa, Florensiyada ulkan jasorat ko‘rsatdi. Ya’ni «Fiorentina» - «Borussiya» M. uchrashuvida «xet-trik»ka erishib, nemis jamoasini yolg‘iz o‘zi YELning keyingi raundiga olib chiqdi. Gap shundaki, Lars gol urishni boshlashiga qadar menxengladbaxliklar 2ta o‘yin natijasiga ko‘ra, 0:3 ko‘rinishida orqada borishayotgandi.
Sandro VAGNER. Bosh murabbiy bilan tengdosh
Yulian Nagelsmann 2006 yilning aprel oyigacha «Myunxen 1860»ning ishonchli himoyachisi sanalgan, biroq keyin omadsiz jarrohlik amaliyoti oqibatida butsalarini mixga ilib, o‘zini analitik ishga urdi. E’tiborlisi, Nagel-smann Germaniya yoshlar ligasida o‘ynaganida, «Myunxen derbisi»da Sandro Vagner bilan maydonda to‘qnash kelgan. Ular tengdosh. Endi Vagner «Xoffenxaym»da aynan Nagel-smann boshchiligida ishlamoqda. «Biz tengdosh, qolaversa, bitta joydanmiz, ammo agar bor kuch bilan ishlamasam, Yulian boshqalar qatori meni ham zaxiraga ravona qilishi hech gap emas»,-deydi Vagner. U 2009 yili o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa chempionati finalida gol urib, Germaniya termasi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Biroq keyinchalik o‘sha jamoaning ko‘plab asosiy o‘yinchilari - Manuel Noyer, Mats Xummels, Jerom Boateng, Benedikt Xyovedes, Sami Xedira va Mesut Ozil milliy termada top-ijrochilar qatoriga chiqqan bo‘lsalar, Sandro ikkinchi ligada sarson yurdi. Mana, u «Oltin zanglamas» maqoliga muvofiq, bir yilcha oldin «Darmshtadt»da qayta nur socha boshladi.
Fakt. Vagner avvalgi jamoasida uzun to‘p oshirishlarga tayanib, ish tutardi. «Xoffenxaym»ning nisbatan kombinasion futbol ko‘rsatishini inobatga olsak, Sandro endi mahsuldorlikni ancha oshirsa, ajabmas.