Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Xayrulla Hamidov maqolasi: Neymar voqeasida bosh qahramon kim?

Xayrulla Hamidov maqolasi: Neymar voqeasida bosh qahramon kim?

Baho:
+ | -

Filmlarda bosh qahramon boshidan ma’lum bo‘ladi. Hech qursa o‘rtarog‘ida. Chunki u oxirigacha nima uchun qahramon bo‘lajakligini isbotlab boradi. Bugungi filmimizda qahramon endi tug‘iladi, shekilli. Maqola mantig‘iga ko‘ra, qahramonni oxirida aytaman.

Uzoq davom etgan “ko‘pikli opera” nihoyat o‘z yakuniga yetdi. Ochig‘i, bu “opera” boshlangan paytda Neymar xuddi Ronaldu singari o‘zining moliyaviy tomonini yaxshilab olish uchun “Barsa” rahbariyatiga “o‘yin” qilyapti deb o‘ylagandim. Yo‘q, braziliyalik yulduz chindan ham ketmoqchi bo‘lgan ekan. Oxiri ketdi ham. Buni kataloniyaliklarning rasmiy tvitter akkaunti ham tasdiqladi, Messi ham instagramida rolik ko‘rinishida xayrlashdi. Buyog‘iga ertak Parijda davom etadigan bo‘ldi.

Neymar voqeasi menga qattiq ta’sir qilishiga uning Fransiya poytaxtiga o‘tishiga ishonmaganim ko‘proq sabab bo‘lgandir, lekin boshqa jihatlari ham borligini sal keyin payqab qoldim. Neymar haqidagi xabarlar va bugungi yakunni Barselona tomonidagilar ko‘zi bilan ko‘rishimiz zarur. Ispaniya mustamlakasi tomonidan turib izohlash to‘g‘riroq bo‘ladi, har holda Neymar hali PSJ libosini kiyganicha yo‘q.

Hech sezganmisiz, bir inson uzoq kasal bo‘lib yotib qolsa, atrofida girdikapalak bo‘lganlar ham o‘sha inson vafot etgach g‘alati bo‘lib qolishadi, o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay qolishadi. Bu odamni uzoq vaqt ko‘rmaganlardan-da oshirib yig‘lashadi. Vaholanki, ular har kuni kasalning yonida bo‘lishgan, bu kasallik erta-indin ajal bilan yakunlanishini bilib turishgan, lekin baribir o‘lim duch kelgan paytdagi holatlari o‘zgacha bo‘ladi. Tayyorgarliklaru tasavvurlar butunlay yolg‘onchi bo‘lib chiqadi. Hozir Kataloniyada shunga o‘xshash holat. Neymarning transferi borasida ko‘p gaplar ularni ham ranjitgan, hatto ich-ichlarida braziliyaliksiz mavsumni ham tasavvur qilib ko‘rgan bo‘lishlari mumkin. Biroq, voqea sodir bo‘lganida, Kataloniya aza libosini kiyib oldi. Daraxtlari-da boshini egib oldi.

Bu transferning boshqa transferlardan farq qiladidigan jihati faqatgina pulida emas. Pogba “MYU”ga kelayotganidagi gap-so‘zlar bilan bugungi izohlar o‘rtasida katta farq ko‘ryapmiz. Sotib olayotganlardan ko‘ra sotib yuborayotganlarning holati haqida gapirilyapti faqat. “Barsa”dagilar uchta ikki va buyog‘iga millionni izohlovchi nolli raqamni yozayotgan paytida bu summa yetib bo‘lmas cho‘qqi deb o‘ylagan bo‘lishsa kerak, biroq bugun bu son juda ham qo‘rqinchlik summa emasligi ma’lum bo‘ldi. Avvalo bunga futbolchining o‘zi rozi bo‘lsa, kifoya ekan. Hay, insof nuqtai nazaridan Pogba transferini Neymar voqeasi bilan taqqoslasak noto‘g‘ri bo‘ladi. Braziliyalik yulduzga o‘z darajasidagi yigitlarni topish kerak.  

Avvalo, oxirgi paytlarda yulduzlarning oxirgi bekati Madrid yo Kataloniya bo‘lib qolganini, bunga nomi chiqqan yulduzni shu ikki jamoadan biri sotib olishiga hamma ko‘nikib qolganini aytib o‘tsak. Tabiiyki, bu ikki superklub muxlislari ham. Hozir esa, navqiron yigit yanada yulduzroq bo‘lish uchun aynan Barselonadan ketmoqda. Qaysiki, hamma intiladigan, kuboklarni qalashtirib tashlashga umid yog‘diradigan Kataloniya shahridan chiqib ketmoqda.

Ko‘pchilik bu transferda birinchi navbatda Figuni eslayotganiga sabab bor: Neymarni ham jamoa sotqini deyotgan katalonlar talaygina. Lekin Figu transferidan ko‘zlangan maqsad boshqa ekanligini unutib qo‘yishmoqda. Unda Luish Madridga ketgan, shuning o‘zi yetarli gap. Keyin, futbolchi biz boya aytgan ikki superklubdan boshqa tomonga ketib qolmagan. Ya’ni, o‘sish mantig‘iga ko‘ra, to‘g‘ri qaror edi u. Sotqin deb uni bitta tomondagilar aytadi, xolos. Figu “Real”ga o‘tar ekan, niyati katta natijalarni qayd etish ekanini hamma tushungan. Bugungi voqeada Neymar o‘sha bekatdan orqaga ketayotgandek tuyulmoqda.

Yana bir transferni eslab o‘taylik. Krishtianu Ronalduni. O‘xshash jihati – u ham deyarli shu yoshda boshqa jamoaga o‘tgan. Lekin Manchester – Madrid yo‘nalishi Krishga nisbatan ham, uni sotib olayotgan jamoaga nisbatan ham o‘sish deb baholangan edi. “Manchester Yunayted” tomonlarda ham bu savdoni to‘g‘ri tushunishgan. Bundan buyon Roni qizil libosda qololmasligini faxmlashgan. Hozirgi transfer ko‘pchilikni shokka tushirib qo‘yganiga ham yo‘nalishning g‘alatiligi sabab bo‘lmoqda. Cho‘qqida turgan odam o‘zidan o‘zi pastlayotgandek go‘yo.

Bu transfer yana Ronaldinyoni ham eslatib yubormoqda. Uning Barselonadan ketishida albatta, butkul boshqa sabab yotganini hamma biladi. O‘sha paytda kataloniyalik ishqibozlar jamoa rahbariyatida norozi bo‘lishganiga qaramay, Gvardiolaga topshirilajak kelajak katta va’dalar berib turgan davr edi. Ya’nikim, Ronaldinyoning ortidagi yigitlarga ishonch bor edi. Xususan, olovli Messining ko‘zi yonib turganini eslang o‘sha paytda. Hozir-chi, hozir asta-sekin qariyotgan Messining o‘rni aynan Neymarga qoladi, deb turganda ko‘pchilik, birdan bu transfer sodir bo‘ldi.

Mayli, Neymar Parijga borib o‘zi o‘ylaganidan-da yulduzroq ham bo‘lib ketar. “Oltin to‘p”ni ham olar. Lekin o‘ylashimcha, futbol o‘z tarixidagi eng ajoyib uchlikdan ayrildi. Mana shuning o‘zi “Barselona” tomonidan turib emas, istalgan tomondan turib qaralganda ham fojiaga o‘xshash manzarani keltirib chiqaradi.

PS: Bosh qahramon masalasiga yetib ham keldik. Messining nigohiga qarab turib, mana qahramon, deyapsizmi? Yo‘q, afsus, u emas. Messi nari borsa, Parijga chipta olayotgan Neymarga: “El klasikoda tashlab ketganingda, bir amallab epladim, lekin butun mavsumga... shu ham insofdanmi?” deyayotgan bo‘lsa kerak.  

Bosh qahramonimiz hammaning esidan chiqayozgan Valverde edi. “Barsa” bosh murabbiyi. U endi “buyuk uchlik”ka tayana olmaydi. O‘zi yaratmoqchi bo‘lgan o‘yin uslubini, kataloniyaliklarni hozirgi vaziyatda qutqarib qolishi mumkin bo‘lgan yangi o‘yin nazariyasini maydonga tadbiq etishga yaqin turibdi. “Barselona”ga murabbiyning keragi yo‘q, degan gaplar ana endi eskiradi. Parijdan Kataloniya hisobiga tushajak pullarni qanday sarflashni ko‘proq shu inson hal qilsa, yangi o‘yinchilar bilan yangi “Barselona”ni kashf eta olsa, o‘ylaymanki, ikki-uch yildan so‘ng kataloniyalik ishqibozlar Neymardan o‘sha payti yaxshiyam ketgan ekan, deb rozi bo‘lib yuradilar. Hozircha esa, bu film endi-endi boshlanish arafasida...

Xayrulla HAMIDOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 23:40, 02.08.2017.
O'qildi: 14059 marta.
Fikrlar: 10 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.