Ha, futbolda shunaqasi ham uchrarkan. Bunga misol tariqasida Shvesiyaning uchinchi divizionida qatnashuvchi «Vesteros» klubini keltirish mumkin.
2011 yili o‘yinchisini sotgan mazkur jamoa shu transfer orqali inqirozdan qutulib qoldi. Qanday qilib deysizmi? Unda quyidagi maqola bilan tanishing.
«Vesteros» baxti
«Benfika» skautlarini chin ma’noda sehrgarlarga qiyoslash mumkin. Aks holda, qaysi top-klub Shvesiya uchinchi divizionida to‘p suruvchi 17 yoshli himoyachiga e’tibor qaratardi? Agar ushbu pozisiyani skauting uchun eng murakkab deb hisoblasak (mudofaa markazidagi o‘yin parametrlariga to‘g‘ri baho berish juda mushkul), Viktor Lindelyof transferi mo‘ljalga aniq urilganidan darakdir.
«Vesteros»dagilar bir necha yildan so‘ng ushbu yigitning jamoa xaloskoriga aylanishini xayollariga keltirmagan bo‘lsalar kerak. Klubning direktorlar kengashi raisi, Shvesiyadagi mashhur yengil atletikachi, 1980 yilgi Moskva Olimpiadasi ishtirokchisi Kristina Liffner bir urinishda klubning barcha moliyaviy muammolariga chek qo‘ydi. Lindelyofni «Benfika»ga sotish chog‘ida shartnoma shartlariga ko‘ra, «Vesteros» 100 ming yevro, shuningdek, mabodo u boshqa klubga o‘tsa, ushbu transferning 20 foizini olishi ham kiritilgandi. Bundan tashqari, Viktorning Shvesiya yoshlar termasidagi uchinchi o‘yini va Portugaliya primeyrasida 10ta uchrashuvda maydonga tushishi ham uning sobiq jamoasi g‘aznasiga mo‘may foyda keltirdi. Ha, «Benfika»dagilar shunday daromad manbaini sotib olishayotganini taxmin qilmaganliklari aniq.
Oradan olti yil o‘tdi. Lindelyof yordamida Shvesiya ikkinchi ligasiga yo‘l olgan «Vesteros» yana uchinchi divizionga tushib ketdi. Moliyalashtirish bo‘yicha muammolar paydo bo‘ldi, aksariyat futbolchilar oylab maosh olishmadi, klub bankrotlikni e’lon qilish arafasida turgandi. Rahbariyat, o‘yinchilar va ishqibozlar Lindelyofning «MYU»ga transfer qilinishini orziqib kutishayotgandi. Va ularning niyatlari amalga oshdi. Angliya klubi to‘lagan 35 million yevroning 4,1 «limon»i «Vesteros» hisobiga o‘tkazildi. Agar Viktor «Benfika» bilan amaldagi shartnomani yangilamaganda, ushbu summa 7 million bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo mazkur kelishuvdan so‘ng shartlar biroz o‘zgardi.
- Biz uchun bu baribir, katta pul, - dedi Kristina Liffner. - Mazkur transfer o‘ziga xos qutqaruv vositasiga aylandi. Endi klub xodimlariga maosh berish haqida tuni bilan o‘ylanib chiqishimga hojat qolmaydi.
Liffnerning kelajakdagi rejalarida klub akademiyasini ochib, yangi Lindelyoflarni tayyorlab, ularni transfer qilish ham bor. Bu, shubhasiz, aksariyat mamlakatlarning quyi divizionlari uchun ajoyib namuna.
Kim o‘zi u Lindelyof?
Xo‘sh, «MYU» kim uchun 35 million yevro sarfladi? Zero, bu xarid futbol tarixidagi himoyachilar transferi orasida eng qimmatlaridan biriga aylandi. Viktor Lindelyof faqatgina «Vesteros» xaloskori sifatida tanilmagan. Bir necha yildan so‘ng u o‘z pozisiyasida jahonning eng kuchli futbolchilaridan biriga aylanishi muqarrar. Mourinyoning yanvar oyidan buyon «Yunayted» skautlarini «Benfika»ning har bir o‘yinini kuzatishga undagani bejiz emas, albatta. Shvesiya termasi ishtirokidagi bahs davomida kameralar «Benazir»ning yuz ifodasini suratga olib, o‘sha paytdayoq «MYU»ning ushbu o‘yinchiga befarq emasligini isbotlagandek bo‘ldilar. O‘shandayoq ko‘pchilikning xayolida fikr tug‘ildi: Lindelyof - «qizil iblislar»ga mos tushadigan ideal nomzod. Nazariy jihatdan Viktorning yangi mavsumda jamoa yetakchilaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Vaholanki, hozir Mourinyo qo‘l ostida to‘p surayotgan markaziy himoyachilar bilan solishtirganda, uning statistikasi u qadar maqtovga munosib emas.
Lindelyof hamda «MYU» mudofaa chizig‘idagi hamkasblari qayd etgan raqamlar o‘rtasidagi tafovut «Benfika»ning manchesterliklarnikidan ancha farqlanadigan futbol namoyish etganidan darak bermoqda. «Burgutlar» o‘tgan mavsum to‘pni egallab turish borasida o‘rtacha hisobda 60 foizlik ko‘rsatkich qayd etishgan. Bu esa haqiqatan ancha ko‘p. Raqib kam hujum uyushtiradi, demakki, himoyachilarning mudofaadagi harakatlar chog‘ida ochko to‘plash imkoniyatlari pasayadi.
Lindelyofdagi zaifliklardan biri - ko‘pincha pozisiya tanlashda muammoga yo‘liqadi. Shunga qaramay, bu kamchilikni u vaziyatni o‘z vaqtida to‘g‘ri baholash va raqibidan o‘zib ketishdagi aqlli o‘yini evaziga «yuvadi». Boz ustiga, Viktorning tezligi binoyidek. Qolaversa, Mourinyoning yosh himoyachilar bilan ajoyib tarzda ishlay olishini ham unutmaslik darkor. Portugaliyalik mutaxassis qo‘l ostida Lusio, Samuel, Karvalyu, Pepe, Varan va ko‘plab futbolchilar o‘sishga erishishgan.
Lindelyofning eng ustun jihatlaridan biri - pas berishdagi aniqlik. U «MYU» klubining internetdagi kanaliga bergan intervyusida «Vesteros»da dastlab yarim himoyada to‘p surgani, shu bois to‘p bilan ajoyib tarzda ishlashini aytgandi. Bunga raqamlar ham guvohlik bermoqda. Pas va yakkakurashlar bo‘yicha u Yevropaning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi. Har ikki oyog‘idan bir xilda unumli foydalanishi esa uning foydaliligini yanada oshirishi tayin. Lindelyof o‘tgan mavsum primeyrada paslar soni (1746) bo‘yicha uchinchi, uzatmalar aniqligi (90 foiz) borasida esa eng yuqori o‘rinni egalladi. Nazariy jihatdan bu futbolchi Gvardiola jamoasiga ko‘proq mos kelardi. Yangi mavsumda «MYU» bo‘ydor futbolchilarga yuqoridan to‘p uzatishlarga katta e’tibor qaratmasligini taxmin qilish mumkin. Demak, hujumlarni o‘zgacha tarzda tashkillashtirish chog‘ida Lindelyof Mourinyoning o‘ziga xos «ko‘zir»laridan biriga aylanishi aniq.
- Fikrimcha, men og‘ir-bosiq o‘yinchiman. To‘p bilan harakatlanishni yoqtiraman, uni oldinga aniq yo‘naltirishda muammoga yo‘liqmayman, deb o‘ylayman. O‘yinni o‘qib, oldindagi sheriklarim xotirjam o‘ynashlarini ta’minlayman. Chunki ular so‘nggi pallada to‘g‘ri himoyalanishimni bilishadi, - deydi Viktor.
Lindelyof o‘zining sovuqqonligi va xotirjamligi evaziga «Benfika»da Iceman taxallusiga loyiq ko‘rilgandi (bu nomning skandinavlarga mutlaqo aloqasi yo‘q). «MYU»da qizishib ketganda o‘zini nazorat qilolmaydigan Bayi, Smolling, Roxo va Jons o‘ynashini inobatga olsak, Mourinyo jamoasiga aynan shu toifa futbolchi kerak edi. Lindelyof agressiv himoyachilar muammolariga ters o‘laroq, ularning kamchiliklarini kerakli paytda yopishi mumkin. Hujumlarni sifatli tashkil etish masalasiga to‘xtalsak, bu yo‘lda ko‘pincha «MYU» markaziy himoyasida Deyli Blinddan foydalanilar, raqib jamoa o‘yinchilari esa uning ustidan to‘pni osongina oshirib qo‘ya qolishardi. Endilikda «qizil iblislar»da bunday muammo bo‘lmaydi.
Xullas, Lindelyof transferi - har taraflama ideal kelishuv. «Benfika» ushbu o‘yinchi evaziga mo‘may mablag‘ga ega chiqdi, «Vesteros» inqirozdan qutuldi, «MYU» esa APL chempionligi poygasida ko‘p asqotishi mumkin bo‘lgan ajoyib himoyachini o‘z safiga qo‘shib oldi.