Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Unai Emeri: «Baland dorga osilma, yiqilish og‘ir»

Unai Emeri: «Baland dorga osilma, yiqilish og‘ir»

Baho:
+ | -

«PSJ» bosh murabbiyi Unai Emeri ta’til vaqti tugashi va yangi chempionat startini o‘zgacha intiqlik bilan kutgan bo‘lsa, ajabmas.

Har holda, ispan mutaxassisi Parij jamoasi muxlislariga yoqimli va yoqimsiz voqeliklar taqdim etgan avvalgi mavsum uchun o‘zini oqlamoqchi. U L’Equipe gazetasi jurnalistlari bilan musohaba chog‘i «PSJ» rejalariga kengroq to‘xtaldi, bajarilgan ishlar samara keltirishiga ishonch bildirdi.

Plyaj, tog‘, tennis...

- Unai, yangi mavsum boshida kayfiyat qanday?

- Butun yil davomida futbol bilan yashadim, yangi janglarni intizor kutdim. Hattoki, ta’til biroq cho‘zilib ketgandek tuyuldi...

- Umuman, ta’til payti futboldan birozgina chalg‘ish uddasidan chiqdingizmi?

- Odatda hordiq payti mavsum bo‘yi qolib ketgan yumushlarni bir yoqli qilishga urinasan. Deylik, o‘z-o‘zidan oilang va farzandlaringga ko‘proq vaqt ajratasan. Mana, joriy yoz Ondarribiya (Ispaniyadagi baliqchilar shaharchasi, Unai o‘sha yerda tug‘ilgan)da  qadrdon do‘stlarim bilan uchrashib, miriqib dam oldik. Zero, murabbiylik faoliyatim boshlanganidan buyon biror ish kunini o‘tkazib yubormagandim. To‘g‘ri, ta’til davomida ham Antero Enrike («PSJ» sport direktori) bilan doimiy muloqotda bo‘lib turdim. Muhimi, Valensiyada yashaydigan 14 yoshli o‘g‘limga ko‘proq vaqt ajrata oldim, baribir. Shuningdek, plyajlarga bordim, tog‘ sayohatiga chiqdim, sport bilan shug‘ullandim. Xususan, asosan tennis o‘ynadim. Bu sport bo‘yicha chakki emasman, ayniqsa, o‘z darajamdagi raqib bilan o‘ynasam, ko‘p narsani qoyillataman. 

Muhimi - jamoaviy o‘sish

- Bir qarashda, o‘tgan mavsum siz uchun faoliyatingiz davomidagi eng og‘iri bo‘ldi...

- Murabbiylik ishini ancha erta, 32 yoshimdan boshlagandim. Shunga qaramay, o‘zimni mudom debyutant murabbiydek tasavvur qilaman. Bilamizki, endi ishga kirishgan mutaxassis uchun ham ijobiy, ham salbiy tajriba birdek foydali. Shaxsan men o‘tgan mavsumga nisbatan «murakkab» emas, «qiziqarli» atamasini qo‘llashni xohlardim. Muhimi, biz jamoaviy o‘yin bobida o‘sishda davom etdik. Umuman, ko‘plab yaxshi kunlarni ko‘rdik, yomonini ham va ulardan tegishli xulosalar chiqardik.

- Mavsum yakuni bo‘yicha umumiy xulosangiz ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy...

- Aslida o‘tgan ishlarni o‘ylayveradigan insonlar sirasiga kirmayman. Chunki mudom oldinga intilish kerak. Qanday voqea kuzatilmasin, hammasi yaxshilikka. Xulosa shuki, 5ta sovrin uchun kurashdik va 3tasini yutdik (mamlakat superkubogi, Liga kubogi va Fransiya kubogi), ammo eng muhim 2ta musobaqa (Fransiya chempionati va Chempionlar Ligasi)da ishlarimiz o‘xshamadi.

- Bunda o‘zingizni nechog‘li aybdor hisoblaysiz?

- Qanday voqealar yuz berganini chuqur tahlil qilib chiqdim va klub prezidenti bilan nimalarga e’tiborni kuchaytirish lozimligi haqida gaplashib oldik. 3ta o‘zaro uchrashuvimizda Antero Enrike ham hozir bo‘ldi va qizg‘in muloqotlar yakunida yangi mavsum uchun mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqdik. Xususan, ta’til tugashi hamono yana uchrashib, ishlar qanday ketayotganligini muhokama etdik.

Darvozabonlarni «o‘z odami» shug‘ullantirishi darkor

- Darvozabon sotib olish rejasi yo‘qmi?

-  Alfons Areolya va Kevin Trapp meni to‘liq qanoatlantirishmoqda. Ammo barcha chiziqlarni birdek kuchaytirib borishimiz kerak. Oddiy aytganda, agar o‘ta yuqori saviyali golkiper xarid qilish imkoni topilsa, bunga qarshi chiqmayman. Muhimi, har ikki darvozabonimiz ham zaxirada qolishni istamaydi va shunga yarasha ishlamoqda. Kimning 1-raqamli kiper bo‘lishi esa ularning o‘zlariga bog‘liq.

- Bu borada Trappning imkoniyati balandroq, shundaymi?

- Avvalgi mavsum ikkisiga birdek ishonch bilan qaradim va navbati bilan maydonga tushirdim. Umumiy qarash bo‘yicha ular chakki harakat qilishmadi, biroq omadsiz o‘yinlari ham kuzatildi. Shuni hisob olsak, hozircha kim asosiy rolni qo‘lga olishiyu, kim o‘rinbosar bo‘lishi ma’lum emas.

- Darvozabonlar murabbiyini almashtirganingiz sababi nima?

- Xavi Garsiyani o‘tgan yiliyoq «PSJ»ga taklif qilmoqchi edim. Biroq rahbariyat bu boradagi iltimosimni o‘rinli hisoblamagandi. Mana, shu masalani yana o‘rtaga tashladim va maqsadimga erishdim. Albatta, Nikol Deon (iste’foga chiqarilgan darvozabonlar murabbiyi) ga rahmat, uning ishidan ko‘nglim to‘ldi. Biroq ayni payt bu rol uchun o‘z ishining chin ustasi kerak.

Har lahzada muloqot uchun ochiq

- Xatem Ben Arfa bilan xayrlashish qarori sizga tegishlimi yoki...?

- Bu masalasida prezident va Antero bilan maslahatlashdim. Demak, yakuniy qarorni birga qabul qildik. Albatta, umumiy guruhdan chetda qolish, yakka tartibda shug‘ullanish qiyin, lekin unga barcha zarur sharoitlarni yaratib berdik. Misol uchun, yordamchilarimdan biri Pablo Vilyanueva doimo Xatem bilan birga bo‘ldi, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Simon Koline ham uning xizmatida, shuningdek, massajchilar, shifokorlar... Ayni payt ixtiyorimizda asosiy tarkibda to‘p surishga qodir futbolchilar keragidan ko‘p. Shunday bo‘lgach, Ben Arfa bilan xayrlashish - o‘rinli qaror. Ha, u yaxshi futbolchi, ammo «PSJ» tarkibidan o‘rin olishi uchun shuning o‘zi yetarli emas.

- Yangi sport direktori bilan munosabatlaringiz qanday?

- U ishga kirishganidan buyon barcha masalalarni o‘zaro maslahatlashgan holda hal etyapmiz. Antero tajribali mutaxassis va sutkalab ishlashga tayyor. Xohlasangiz, ertalabki soat  4da qo‘ng‘iroq qiling - hech qanday muammo yo‘q.

- Nima, kechasi ham ishlayapsizlarmi?

- Shaxsan men kunning har lahzasida muloqotga tayyorman. «Valensiya»da klubning sobiq prezidenti bilan hamkorlik chog‘idayoq murabbiy qanday bo‘lishi kerakligini tushunganman. Zero, u xohlagan payt xohlagan xodimni huzuriga chorlardi.

- Murabbiylar shtabida o‘zgarishlar katta - Olivye Letang va Patrik Klyuyvert ketishdi. Ularning biri o‘rningizni egallashi mumkinligidan cho‘chidingizmi?

- Murabbiy uchun eng muhimi - uning ishi samarasi va qaror chiqarishda adolat mezonlariga amal qilishi. Tabiatan faqat shular haqida o‘ylayman: g‘alaba, jamoani olg‘a boshlash, vijdonim oldida adolatli bo‘lish... Xullas, mudom oldinga nazar solish kerak, qolgani ikkinchi darajada...

- Deylik, Klyuyvert bilan munosabatlaringiz qanday edi? Bilishimizcha, u har doim qarorlaringiz, jumladan, seleksiya bo‘yicha qarashlaringizni qo‘llab-quvvatlab kelgan...

- Ha, biz juda yaxshi til topishdik, Olivye Letang bilan munosabatlarimiz ham zo‘r edi. Misol uchun, meni «PSJ»ga birinchi bo‘lib aynan Olivye taklif qilgandi.  Ya’ni klub prezidenti bilan uchrashishdan oldin biz ko‘p bora suhbatlashgandik. Endi Patrikning ketganiga kelsak, klub shunday qarorga keldi. Tan olaman, ba’zan fikrlarimiz bir joydan chiqmasdi, ammo doimo bir-birimizni eshitardik. Axir bu darajadagi inson gapini inobatga olmaslik mumkin-mi!

Baland dorga osilsang...

- Yana o‘tgan mavsum haqida. Xulosalar yetarlimi?

- Avvalgi mavsum ikki bo‘limdan iborat bo‘lgandek. Birinchisida 4ta o‘yinni boy berdik - bu chempion uchun haddan ortiq ko‘p. Ikkinchisida esa xatolardan tegishli xulosalar chiqardik va ishlarimiz yaxshilandi: 30ta o‘yin, 25ta g‘alaba, 2ta mag‘lubiyat va 3ta durang. Ayniqsa, Anxel di Mariya va Edinson Kavani o‘zlarini ko‘rsatishdi, Kimpembe va Rabio ham. Shuningdek, Lukas chakki ko‘rinmadi. Endi yangi mavsumning boshlang‘ich qismini xuddi shunday ruhda o‘tkazish lozim.

- Aslida avvalgi mavsumoldi yig‘inlarida ham yaxshi ishlagan edinglar, ammo startdagi natijalar...

- Yig‘inlar va mavsum - bular bosh­qa-boshqa masala. Axir har doim o‘ylaganlaring to‘liq amalga oshmaydi. Tarkibda yulduzlar jamlanishgani jamoaviy o‘yin naqdligini anglatmaydi. Yashirmayman, murabbiylar shtabida tortishuvlar kuzatildi, umumiy yig‘ilishlar o‘tkazildi, yakkama-yakka suhbatlar bo‘ldi. Muhimi, bular samarasiz ketmadi. Klub hayoti shunaqa... Ish davom etaveradi va jamoa kuchiga kuch qo‘shish muhim sanaladi.  Futbol falsafalari o‘zgarmaydi, ammo ishonchim komil - taktik jihatdan kuchaydik, bir-birimizni yaxshiroq tushuna boshladik. Bu xulosa ham murabbiylar, ham futbolchilarga taalluqli.

- CHLda «Barselona»ga qarshi kechgan 2ta o‘yinni qanday eslaysiz?

- Eh, uy uchrashuvidagi 4:0dan ke-yin yettinchi osmonda edim, ammo mehmondagi 1:6dek kuchli zarbadan shunchaki, gangib qoldim... Yaxshisi, baland dorga osilmaslik kerak, chunki yiqilish og‘riqli bo‘ladi. Bu bir umrga tatiydigan saboq va o‘z o‘rnida foydali tajriba ham. Ha, futbolda qanday o‘ynashinggina emas, miyangda nimalar charx urishi ham muhim.

- Aslida Kataloniyadagi o‘yin oxirida sizlardan omad yuz o‘girgandi...

- Balki mehmonda barchasi uydagidek kechishiga qattiq ishonib yuborgandirmiz. Ammo «Kamp Nou»da «Barselona»ga qarshi o‘yinda bunday xayol bilan uzoqqa borish mumkin emas ekan. Raqib oldinga intildi, boz ustiga, hakam o‘yin nazoratini qo‘ldan chiqardi. Biroq 2ta uchrashuvdan birida chiroyli tarzda g‘alaba qozonganimizni unutmaslik kerak.

Barcha turnirlarda g‘alabani ko‘zlash mumkin, hatto CHLda ham...

- Yangi mavsumda hammasi nisbatan yaxshi bo‘lishiga umidvorsiz, albatta...

- Jamoa va o‘yinchilarni qancha yaxshi bilsang, o‘z falsafangni amalga tatbiq etishing shuncha yengil kechadi. O‘ylaymanki, hozirgi jamoa bilan ko‘prog‘iga erishaman.

- Taktikani almashtirish niyatida emasmisiz, misol uchun, 4-4-2 sxemasiga o‘tishni rejalashtirmayapsizmi?

- Hozir o‘yinimiz bir maromda va taktika futbolchilarga ham ma’qul. Axir ular birinchi raqam ostida to‘p surish va o‘yinni to‘liq nazorat ostiga olishni yoqtirishadi. Shunday ekan, nega endi 3 nafar hujumchi bilan o‘ynashdan voz kechishimiz kerak? Bu chizma - bizning qurolimiz. Statistikaga qarang, «PSJ» shu taktika qo‘llanilgan 30ta o‘yinda 85ta gol urdi. Xususan, di Mariya to‘p-urarlik salohiyatini namoyish etdi, Verratti darvoza tomon yanada ko‘proq zarba bera boshladi, Rabio va Matyuidi uchun ham raqiblar jarima maydoniga kirish oddiy holga aylandi. Xullas, jamoamiz uchun eng optimal sxema - 4-3-3 yoki 4-2-3-1 va ularni almashtirishga hojat yo‘q.

- Demak, rejalar juda ulkan...

- Hozir bashorat qilishni istamayman. Muhimi, jamoa uslubi, o‘yini va individual harakatlar joyida bo‘lsa, yigitlarni g‘oliblik ruhi tark etmasa, hech narsadan cho‘chimaymiz. Xullas, barcha musobaqalar, hattoki, CHLda ham zafar quchishimiz mumkin.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:32, 22.08.2017.
O'qildi: 6821 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.