Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/12 00:45 Milan 1-1 Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche
31/12 00:45 Bolonya - Verona
31/12 00:45 Ipsvich - Chelsi
31/12 00:45 Aston Villa - Brayton
31/12 01:00 Man. Yunayted - Nyukasl

«Eh, agar hozir o‘ynaganimda-mi…?» O‘tmish yulduzlaridan o‘ziga xos «da’vo»

«Eh, agar hozir o‘ynaganimda-mi…?» O‘tmish yulduzlaridan o‘ziga xos «da’vo»

Baho:
+ | -

Futbol tarixida yorqin iz qoldirgan ba’zi yetuk ijrochilar o‘yinning hozirgi holatiga nisbatan past baho berishadi. «Eh, hozir o‘ynaganimdami, bitta mavsumda 60tadan kam gol urmasdim» - shu mazmundagi «da’vo»lar nechog‘li o‘rinli?

Tabiiyki, buni aniqlash imkonsiz. Axir insoniyat vaqtga hukm o‘tkazolmaydi - Rivaldo, Fabrisio Ravanelli va boshqalar o‘tmishini ortga qayratishning iloji yo‘q.

Shunday bo‘lgach, ularning hozir o‘ynaganlarida, hammani bir boshdan «savalash»lari xususida baralla «va’da» berishlarini qiziqarli (ehtimol, kulguli) va oddiy xayol sifatida qabul qilish kerakdir...

- Agar xuddi JCH-94dagi kabi nur sochganimda, ayni payt transferim 50 mln. yevrodan kamga baholanmasdi. O‘sha vaqtdagiday Ispaniyada to‘p surishni xohlardim. Xususan, «Valensiya»ga mehrim baland. Oleg Salenko (2011 yil oktyabr).

- Hozir o‘ynaganimda, transferimga qancha to‘lashlari mumkin edi? Bilmadim. Ukrainada eng qimmatbaho futbolchi bo‘lardim, balki Rossiyada ham. To‘g‘ri, hozir rus diyorida Samuel Eto~O bor. Taxminan uning darajasida to‘p surardim. Lekin Rossiyada emas, «Barselona»da o‘ynardim... Viktor Leonenko (2011 yil oktyabr).

- Agar hozir o‘ynaganimda, avvalo, jismoniy tayyorgarlikni zamonaviy futbol talablariga muvofiqlashtirishimga to‘g‘ri kelardi, ammo eng yaxshisi bo‘lardim, baribir. Bunga asosim shuki, Xudo meni mislsiz iste’dod bilan siylagan. Tasavvur qiling, agar Betxoven o‘z vaqtida emas, boshqa davrda musiqa bastalaganida, nima bo‘lardi? Javob tayin - u qanday asar yozmasin, o‘sha-o‘sha noyob musiqa yuzaga kelardi. Bitta farqi shuki, yetuk bastakor barchasini boshqa, mukammalroq asbob-anjomlarda amalga oshirardi. Xo‘sh, Neymar mendan o‘zib ketadimi? O‘ylashimcha, yo‘q. Umuman, yangi qirol - yangi Pelening sahnaga ko‘tarilishi ilojsiz ishdir. Axir ota-onam endi boshqa farzand ko‘rishmaydi. Ha, Neymar - ajoyib yosh futbolchi va shubha yo‘q, kelajakda katta yulduzga aylanadi. Pele (2014 yil iyun).

- Agar bugungi futbolda ham o‘sha eng yuqori saviyamni namoyish etganimda, yana bemalol dunyoning eng yaxshi futbolchisi maqomini olardim. Bir marta emas, takror-takror... Zero, hozir xorijda, ayniqsa, Ispaniyada qanday futbol hukmron ekanligini inobatga olib aytamanki, bitta mavsumda 50tadan ko‘p gol urardim - bunga zarracha shubhalanmang. Umuman, bugungi futbol o‘tmishdagisiga sira o‘xshamaydi. Nafaqat Braziliya, balki butun jahon futbolini nazarda tutyapman. O‘yinchilar saviyasi mutlaqo boshqacha. O‘zingiz o‘ylang, oldinlari hattoki, eng kuchli futbolchining ham bugungi yulduzlar - Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kabi 38ta o‘yinda 50ta gol urishini tasavvur qilib bo‘larmidi? Rivaldo (2015 yil iyul).

- Tezlik va kuch nuqtai nazaridan menga eng o‘xshash futbolchi Krishtianu Ronaldumi? Yo‘q, bir xil darajadagi ikki o‘yinchi bo‘lishi mumkin emas. Tan olaman, Krishtianu sayyoramizdagi eng yaxshi futbolchilardan biri. Shuning uchun ham u har yili «Oltin to‘p» yo‘lida Lionel Messi bilan raqobatlashyapti. Hozirgi zamonda o‘ynaganimda, ularning saviyasini ko‘rsata olarmidim? Ha, bunga to‘liq ishonaman. Oleg Bloxin (2015 yil noyabr).

- Yaxshi turnir - bu nima? Finalga chiqsang va g‘alaba qozonsang - shu eng yaxshisi. Ammo hozirgi futbolda himoya tufayli bunday qilolmasdik, menimcha. Har holda, Angliya milliy jamoasining bugungi himoyachilariga qarshi to‘p surganimda, ular biror harakatlari bilan meni cho‘chitolmasdilar. Alan Shirer (2016 yil iyun).

- Sharmandalik, dahshat va yana dahshat. Aytishim mumkin bo‘lgan eng yumshoq gaplar shu. 0:3 bilan cheklangani uchun Uels termasiga rahmat. Axir Igor Akinfeev yana 3-4ta vaziyatda goldan qutqardi. Garet Beyl maydon uzra uchdi va uni to‘xtatish uchun darvoza ortida o‘tirgan muxlislarni ham maydonga tushirish kerak edi, go‘yo. Umuman, hozirgi futbolchilarimiz oldida men ham xuddi Beyl kabi uchardim. Maydon markazida ro‘y bergan voqealar - dahshat. Yo‘q, bu tanqid emas, balki tasdiqlangan fakt... Aleksandr Mostovoy (2016 yil iyun).

- Gonsalo Iguainning «Yuventus»ga transferi? Eh, Pipito uchun 90 million yevro to‘lashibdimi, hozir men qancha turardim? Bobo Vyeri-chi? Biror raqamni aytishga hattoki, ozgina xijolat qilyapman... Filippo Inzagi(2016 yil noyabr).

- Yuqori saviyaga ega yigitlar davrasida to‘p surish ancha oson. Menga Marko Verratti va Anxel di Mariya yonida o‘ynash imkoniyatini beringlar, shunda to‘xtamay gol urishimni ko‘rasizlar. O‘ylaymanki, hozirgi holatimda kamida 10ta gol ulashardim. Edinson Kavani o‘rinbosari bo‘lishga tayyorman-mi? Yo‘q, axir ancha qarib qoldim. Nikolya Anelka (2017 yil fevral).

- Hozirgi holatga nisbatan olganda, oldinlari gol urish ancha qiyin edi. Demoqchimanki, buyuk himoyachilar davri tugadi. Futbolda Alessandro Nesta, Paolo Maldini va Yap Stam kabi aslar yo‘q. Bir o‘ylang, hujumchi har bir o‘yinda darvozani ishg‘ol etish uchun 5-6ta yaxshi imkoniyat hosil qilyapti. Avvallari 1-2ta, ko‘pi bilan 3ta vaziyat yuzaga kelardi. O‘zimni maqtamoqchi emasman, ammo bu fakt - mavsum-1995|1996da «Yuventus» uchun 34ta gol urganman, keyingisida esa «Midlsbro» libosida 31ta. Shuni nazarda tutib aytsam, hozir bir mavsumda bemalol 60ta goldan xirmon yasardim va transferim chamasi 80 million funtga baholanardi. Umuman, zamonaviy futbolda mendan tashqari, Janfranko Zola, Erik Kantona va Teddi Sheringem ham duch kelgan raqibga saboq bera olardilar. Fabrisio Ravanelli (2017 yil iyul).

Bonus

Aks holat. Yo‘q, o‘tmish yulduzlarining hammalari ham zamonaviy futbol masalasida imkoniyatlarini yuqori baholashmaydi.

- O‘sha vaqtlar (1960-1970 yillar) menga juda mos kelgan. Zero, Braziliya terma jamoasi o‘yinida nafislik, yengillik, noziklik va yorib o‘tish salohiyati zarur elementlar hisoblanardi. Futbolchilar oyoq bilan qancha harakatlanishsa, miyani ham shuncha ishlatishardi. Zamonaviy sportda ham menga o‘sha vaqtdagi kabi katta talab bo‘larmidi? Yo‘q, bunga shubham bor. Chunki tezkor emasdim va alohida jismoniy kuch bilan maqtanolmasdim. Tostao (2010 yil oktyabr).

- Lionel Messi bilan bitta jamoada qanday o‘ynardim? Ochig‘i bilmadim. Lekin bir gapni aniq ayta olaman: bu holatda ancha kam gol urardim. O‘ylaymanki, shunday taqdirda, futboldan ancha erta yuz o‘girib, pologa vaqtliroq o‘tib ketardim. Umuman, hozirgi Argentina terma jamoasida menga o‘xshash hujumchi yo‘q va murabbiylar shtabi bunday o‘yinchi qidirmasa ham kerak. Gabriel Batistuta (2013 yil may).

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:49, 02.09.2017.
O'qildi: 12621 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.