Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Paulu Fonseka: «Ko‘p aldanganim bois, yolg‘on gapirmayman»

Paulu Fonseka: «Ko‘p aldanganim bois, yolg‘on gapirmayman»

Baho:
+ | -

Ukrainaning amaldagi chempioni «Shaxtyor» yangi mavsumni yomon boshlamadi - o‘tkazilgan 6 o‘yinning 5tasida g‘alaba va 1 mag‘lubiyat.

To‘plar nisbati - 12-4. Xo‘sh, jamoaning kelgusidagi rejalari qanday, o‘tgan yilgi yutuqlarning siri nimada, nega jamoa yetakchilaridan biri Aleksandr Kucher hozir «Shaxtyor»da emas?

Ukrainalik hamkasblarimiz shu kabi savollar bilan klubning portugaliyalik murabbiyi Paulu Fonsekaga murojaat qilishdi.

- Tanlash imkoni berilsa, kimni bir finjon qahvaga taklif qilgan bo‘lardingiz?

- Murakkab savol... Futbol odami bo‘lsa, Gvardiolani.

- U bilan muloqot qilganmisiz?

- Yo‘q. Ammo o‘yin uslubi menga juda yoqadi va ishonchim komilki, gaplashadigan mavzularimiz ham ko‘p bo‘lardi.

- Sizda Gvardiola singari millionlar o‘yiniga biror-bir yangilik olib kirish xohishi bormi?

- O‘zim ishongan narsalarni bajarishni, g‘oyalarimga ishonishlarini xohlayman. Futbolni juda sevaman, ammo unda inqilob qilish niyatim yo‘q.

- Kuniga necha soat ishlaysiz?

- Hisoblab ko‘ring, ertalabdan mashg‘ulot, keyin murabbiylar shtabida yig‘ilish bo‘lishi mumkin. Agar u o‘tkazilmasa, uyga yo‘l olaman - o‘yinchilarning qanday shug‘ullanishganini kuzataman, raqib o‘yinlarini tomosha qilaman. Har qaysi murabbiy sutkasiga 24 soat futbol haqida o‘ylaydi va bundan qochib-qutulishning iloji yo‘q.

- Futboldan bo‘shaganda nima qilasiz?

- Trenajyor zaliga boraman. Do‘stlarim bilan tushlik qilaman. Filmlar ko‘raman, kitob o‘qiyman. Uslublarim juda ham oddiy.

- Uyquga yotishingiz va turishingiz-chi?

- Kechki soat 2dan erta yotgan paytlarim juda kam bo‘ladi, ammo 7 bo‘lmay yana uyg‘onaman. Mashg‘ulotlarga hammadan oldin yetib borishim lozimligi uchun uyquni yengishim shart.

- Mashg‘ulotlarda doim yoningizda noutbuk bo‘ladi, boshqa texnikalaringiz ham bisyor. Jiddiy analitik bo‘limingizgacha bor. Raqamlarga shu darajada e’tiborlilik haddan ortiqday tuyulmayaptimi?

- Bizdagi murabbiylar shtabi fantastik darajada va u ishimni sezilarli darajada yengillashtirmoqda. Mash-g‘ulotlarni tasvirga tushiramiz, tahlil qilamiz. Bu esa muayyan rejim tuzish, bahslarga to‘g‘ri tayyorlanish, muammolarga alohida e’tibor qaratishda asqotadi. Zero, raqibni o‘rganishda analitikaning o‘rni beqiyos - o‘z o‘yin uslubingni to‘g‘ri tashkil etmasdan g‘alaba qozonishning imkoni yo‘q.

- Fergyuson va van Gal o‘z kitob-larida futbolni kompyuterlashtirish ko‘pchilik kutganiday istiqbolga ega emasligini yozishgan. Chunki texnika o‘yinchining tayyorgarligi va qabul qilingan qaror tezligini hech qachon ko‘rsata olmas ekan. Boz ustiga, murabbiylar raqamlarga qanchalik ko‘p berilishsa, o‘yinchini his qilish fazilatidan ayrilib qolisharkan.

- Bu fikrlarning ko‘piga qo‘shilaman. Futbol albatta, his-hayajon va aslo raqamlar emas. Murabbiy ham tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim, ammo men bunday narsalarga katta e’tibor qaratadiganlar toifasidan emasman. Boisi, futbolda bir xillik yo‘q. Ko‘rsatkichlar esa bir o‘yindan ikkinchisiga o‘tib o‘zgarishi mumkin. Men uchun o‘yinchilarga munosabatda ularning taktik, texnik va jismoniy holatlari asosiy o‘rin tutadi.

- Sizningcha, futbol haddan ortiq mexaniklashib qolganga o‘xshamayaptimi? Taktika va intizomga katta e’tibor qaratilmoqda, haqiqiy pleymeykerlar hamda improvizasiya kamayib bormoqda...

- Bu hozirda murabbiylar orasida keng muhokama qilinayotgan masala. «Nima uchun o‘yinchilar bir paytlari Maradona qilgan fintlarni bajarishmayapti?», kabi savollar barchaning boshini qotiryapti. Buning sababi esa oddiy, himoyachilar yaxshiroq harakatlanishyapti. Futbol evolyusiya davrini bosib o‘tdi, jamoaviy o‘yinlarni tashkil etish birinchi o‘ringa chiqdi.

- Jamoada 11 nafar Krishtianu Ronalduning bo‘lishi - siz uchun fojiami yoki taqdir tuhfasi?

- O‘ylaymanki, buning umuman iloji yo‘q. Hatto bir nafarining bo‘lishi ham. Tarkibdan o‘z ishini aniq va vijdonan bajaruvchi o‘yinchilar joy olishi kerak. Kri so‘zsiz - mamlakatimiz faxri, u fantastik darajadagi futbolchi, bahs taqdirini yolg‘iz o‘zi hal qilishi mumkin. Ammo mendek murabbiy uchun jamoada bunday yulduzning bo‘lishi - katta muammo.

- Boshqa misol - Krivsov. O‘zidan ajoyib iqtidor egasidek xulosa qoldiradigan ushbu o‘yinchi «Shaxtyor» darajasiga mosmi? Uning intellekti siz uchun qanchalik muhim? Bu kabi futbolchilar qandaydir ustunlikka ega bo‘lishadimi?

- Bizga aqlli o‘yinchilar kerak. Hozir futbolchilarning intellekti men to‘p surgan paytdagiga qaraganda ancha yuqori. Chunki futbol shu darajada murakkab va taktik o‘yinga aylandiki, buni tushunib yetmaganlarga oson bo‘lmasligi aniq. Umuman, mening jamoamda o‘ynaydigan futbolchi o‘ta iqtidorli bo‘lishi shart. Biz hatto ularni rivojlantirish haqida o‘ylaymiz, ko‘proq mushohadaga chorlaymiz, tavakkalchilik qilmay, o‘yinni uqishlarini istaymiz.

- Yaqinda ikki matematik futbol murabbiyligi dunyodagi eng qiyin kasb, degan xulosaga kelishdi. Ularning statistikasiga ko‘ra, top-chempionatlardagi jamoa ustozlari o‘rtacha 1 yil yoki 2 oydan so‘ng ishdan bo‘shatilarkan. Ularning 90 foizi o‘z imkoniyatlarini 1-2 klubdagina ro‘yobga chiqarish imkoniga egalar. Sizningcha, murabbiylik chindan ham eng og‘ir kasbmi?

- Siz aytgan raqamlar haqiqatan juda qiziq, bu haqda to‘liqroq ma’lumot olish uchun o‘sha statistikani o‘qishni istardim. Savolingizga kelsak, dunyoda bundan-da og‘ir kasblar bisyor. Men uchun futbol - muhabbat. Undan tashqarida o‘zimni tasavvur qilolmayman.

- Doimiy stresslar-chi?

- Bu o‘z-o‘ziga o‘ta talabchanlik oqibati. Muvaffaqiyat qozongan taqdirimizda ham ko‘pincha o‘z ishimdan qoniqmayman. Ammo balansni topish muhim. Aksariyat hamkasblarim yuqori darajali mutaxassislardir, lekin ko‘pincha o‘z hayajonlarini yashira olisholmaydi. G‘olib chiqishda esa bu juda muhim. Muntazam ravishda o‘yinchilar bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘lish to‘g‘risida o‘ylash, ularning jamoaga munosabatini tahlil etish lozim.

- Sizni ko‘p aldashganmi?

- Futbolchilik davrimda shunaqasi bo‘lgan. Natijada, murabbiylik kasbini tanlagach, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka qaror qildim.

- U holda rostini ayting, «Yang Boyz»ga yutqazib qo‘ygach, jamoadan ketishingiz mumkinmidi?

- Bu ishni istalgan lahzada qilishim mumkin. Portugaliyada bir gap bor: «Murabbiyning lash-lushlari doimo taxt turishi lozim». Agar klubdagi ishlar joyida bo‘lmasa, eng avvalo, aynan menga: «Bo‘pti, ko‘rishguncha», deyishadi.

- «Shaxtyor»dagi faoliyatingiz boshida qo‘llangan 4-4-2 sxemasidan keyinroq voz kechdingiz. Bu xatomidi?

- Yo‘q. Jamoa 4-2-3-1 sxemasida o‘ynashga odatlanganligini sezgach, dastlabki qarorimni o‘zgartirishga ahd qildim. To‘p darvozaga kirmasa, hamma aybni uslubga ag‘darish oson. Ammo «Yang Boyz»ga qarshi o‘yin yoki bir yil oldingi superkubok bahsida biz 4-4-2 asosida to‘p surib, mag‘lub bo‘ldik. Hamma «Shaxtyor» yaxshi o‘ynadi va g‘alabaga munosib edi, dedi.

- 4-4-2ning hozirgi sxemadan farqini tushuntirib bering-chi?

- «Shaxtyor»dagi bugungi holat murabbiylarga qiyinchilik tug‘dirishi tayin. 80 foiz o‘yin qarama-qarshi darvozaga yaqin 30-40 metrda o‘tadi, raqibning 11 o‘yinchisi himoya­ga mixlanadi, «avtobus qo‘yiladi». Biz esa bularning barini yorib o‘tishimiz shart. Taktik sxema - eng muhim narsa emas. Ammo 4-4-2 asosida harakat qilganda bizda raqib jarima maydoniga imkon qadar chuqurroq kirib borish imkoni tug‘iladi. Hozir bunday imkonga ega emasmiz, lekin maydon markazida uyushqoqlikni ta’minlayapmiz. Umuman olganda, 4-4-2 biz hozir qo‘llayotgan uslubga juda o‘xshash. Har ikki sxemada vingerlarning joylashuvi deyarli bir xil. Chap qanot himoyachilari bir xil harakat qilishadi, tayanch futbolchisi ham. Yagona o‘zgarish - hujumni nihoyasiga yetkazish. Ya’ni, farq bir o‘yinchida.

- Kelajakda 4-4-2ga qaytish niyatingiz yo‘qmi?

- Balki qaytarman ham, zero uni mukammallashtirgan jamoaga qarshi o‘ynash o‘ta qiyin bo‘ladi.

- Sizning jamoangiz Lucheskuning «Shaxtyor»idan yana nimasi bilan farqlanadi? Aytmoqchimanki, futbolchilaringiz to‘pni yo‘qotishgani zahoti darhol ortga qaytishga ulgurish-yapti. Buni qanday uddaladingiz?

- Jamoamizning asosiy uslublaridan biri shu, bu borada mashg‘ulotlarda ko‘p ishlaymiz. O‘yinchilar to‘pni qaytarib olish uchun 5 metr kifoya qilishini, faqat shundagina ortiqcha 40 metr yugurishga hojat qolmasligini tushunishadi. Shunday ekan, to‘pni qancha erta qaytarib olsak, qarama-qarshi tomondagi darvozaga ham shuncha yaqin bo‘lamiz. Boz ustiga, raqib himoyachilari ortga qaytishga ulgurishmaydi. Jamoamiz juda uyushqoq, futbolchilarimiz va raqib o‘ynchilari o‘rtasida bo‘sh hudud yo‘q hisobi va aynan shu narsa to‘p uchun kurashda son jihatidan ustunligimizni ta’minlab bermoqda. Raqib ruhiy tushkunlikka tushyapti va to‘p nazoratini boy bermoqda. Luchesku masalasiga kelsak, o‘zimni unga hech qachon tenglamaganman. «Shaxtyor»da olib borgan mehnatlarini qadrlayman. To‘g‘ri, biz jamoa uslubini to‘liq o‘zgartirdik, ammo bu Luchesku jamoasidan yaxshi yoki yomonligini aytishni xohlamagan bo‘lardim.

-Joriy yozda jamoa yetakchilaridan bo‘lgan Aleksandr Kucher masalasida hal qiluvchi qarorga keldingiz, ammo aynan uning mehnatlari sabab «Shaxtyor» o‘tgan mavsum birorta o‘yinda mag‘lub bo‘lmagandi...

- Men Kucherni juda yaxshi ko‘raman va hurmat qilaman - u chindanam yetakchilardan biri, g‘alabalarimizga ulkan hissa qo‘shgan. Ammo har narsaning intihosi bo‘ladi. O‘yinchilar ham murabbiylar kabi boqiy emas. Biz esa jamoa kelajagi haqida o‘ylashimiz lozim. Xabaringiz bo‘lsa, «Shaxtyor»ga qadar birorta ham klubda 1 yildan ortiqroq faoliyat ko‘rsatmaganman. Aniqrog‘i, ketishni xohlamasamda, men bilan xayrlashishgan. Kucher masalasida esa... Balki bu qaror murabbiylik faoliyatimdagi eng og‘iri bo‘lgandir. Vaziyatni unga tushuntirish esa yanada qiyinchilik tug‘dirgan.

- Uning statistikasida qaysi raqam hal qiluvchi rol o‘ynadi?

- Hech qaysi. Agar raqamlarga suyanganimda, u jamoada qolardi. Futbolchiga hammasini yotig‘i bilan tushuntirdim va u meni tushundi.

- «Konyaspor»ga qarshi bahsda Stepanenko atayin «sariq» ishlagani uchun UYEFA tomonidan jazolandi. Bu sizning fikringiz edimi?

- Yolg‘on gapirishni istamayman. Zero, bu avvaldan o‘ylangan vaziyat edi. Shunday ekan, yolg‘iz men buning uchun javobgarman. O‘yinchi aslo aybdormas.

- Sizningcha, bu adolatdanmi?

- Buni sal boshqacharoq, yashiribroq amalga oshirish ham mumkin edi. Ammo ayni holatlar barcha jamoalarda sodir bo‘ladi.

- Ijaraga berilgan futbolchilarning «Shaxtyor»ga qarshi o‘yinlarda maydonga tushirilishiga ruxsat bermas ekansiz...

- Yevropa top-chempionatlariga nazar solsangiz, u yerda ham shu holatni ko‘rasiz. Tasavvur qiling, bu futbolchi o‘zi istamagan holda avtogol urib qo‘ysa yoki penaltiga sababchi bo‘lsa oqibatini tasavvur qilish og‘ir. Demak, biz futbolchilarimizni shunday vaziyatlardan himoya qila bilishimiz shart.

- Salbiy jihatlar borligi ma’lum. Ammo ijobiy tomonlari ham yo‘q emas-ku...

- Ya’ni...

- Futbolchilar aynan shunday uchrashuvlarda o‘sishadi, raqiblaringizning ham raqobatbardoshligi ortadi.

- Mavsum davomida 1-2ta uchrashuvda bunga erishish murakkab. Ammo faoliyatiga nuqta qo‘yish ehtimoli yuqori.

- Berishimiz shart bo‘lgan yana bir savol: so‘nggi paytlarda hakamlar ishini qattiq tanqid ostiga olyapsiz. Hatto quyidagi so‘zlarni ham aytishdan tiyilmadingiz: «Nima yuz berayotgani endi yaqqol ma’lum bo‘ldi. Meni ahmoq qilmanglar». Bunga oydinlik kirita olasizmi?

- «Shaxtyor» g‘alaba qozonishi uchun raqibdan anchagina ustun bo‘lishi shart. Aks holda, bunga yo‘l qo‘yishmaydi. Meni aldash qiyin va Ukrainadagi ikki top-klubga nisbatan qarashlar turlichaligini isbotlovchi misollar yetarli. Ko‘pchilik bunday vaziyatlarni sezmaydi ham, chunki ular futbolni unchalik tushunishmaydi. Boshqa davlatlar bilan solishtirganda, Ukrainada har taraflama boshqalardan qolishmaydigan hakamlar ko‘p. Biroq ularda jasurlik yetishmasligi ham bor gap.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:37, 06.09.2017.
O'qildi: 3159 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.