Zamonaviy futbol bo‘yicha ayrim savollar borki, ularga aniq javob berish mushkul. Deylik, «Lionel Messi kuchlimi yoki Krishtianu Ronaldu?» savoli doimo muhokama markazida.
Eng obro‘li agentlar - Jorje Mendesh va Mino Rayolaning pinhona raqobati xususida ham shunday deyish mumkin. Ya’ni ulardan qay biri og‘irroq tosh bosishini aytish oson emas.
Xullas, soccer.ru sayti aynan shu masalada izlanish olib borib, ikki agentning eng qimmatbaho mijozlarini o‘zaro solishtirib ko‘rdi.
10. Inyasio Abate (Rayola) vs Renatu Sanshesh (Mendesh) + Mendesh g‘alabasi
Inyasio hali katta transferlar «ob’ekt»iga aylanmadi: «Milan»da tarbiyalangan futbolchi ma’lum muddat ijara kelishuvlari asosida o‘ynadi, keyin «Torino»ga 2,2 million yevroga sotildi. Oradan bor-yo‘g‘i 1 yil o‘tgach esa, «Milan» deyarli shuncha to‘lab, uni ortga qaytardi. Mendesh mijoziga kelsak, Renatu Sanshesh kattalar futbolida yarim yilcha o‘ynaganidan so‘ng «Bavariya» nazariga tushdi. Yakunda myunxenliklar uning uchun «Benfika»ga 35 million yevro to‘lashdi, tabiiyki, ishbilarmon Jorje ham quruq qolgani yo‘q.
9. Serxio Romero (Rayola) vs Ederson (Mendesh) + Mendesh g‘alabasi
Shunday bo‘lib chiqdiki, Rayola va Mendeshning transfer bahosi jihatidan 9-o‘rindagi mijozlari - darvozabonlar. Ayyor Minoning Romeroni «MYU»ga ustalik bilan joylab qo‘yganiyu, o‘sha payt erkin agent hisoblangan Argentina terma jamoasi golkiperi uchun yaxshigina haq olgani aniq. Ammo birinchidan, Rayola mijozi Manchesterda David de Xea ortida turibdi, ya’ni o‘rindiqni «qo‘riqlayapti», xolos. Ikkinchidan esa, Mendesh shu yil yozda Edersonning «Benfika»dan «Manchester Siti»ga o‘tishini ta’minladi. Belgilangan baho - 40 mln. yevro Mendeshning o‘z ishini ideal darajada uddalaganidan dalolat.
8. Zlatan Ibragimovich (Rayola) vs Andre Silva (Mendesh) + Rayola g‘alabasi
Zlatan allaqachon 35 yoshni urib qo‘ydi, Andre esa yaqindagina 38 mln. yevro evaziga «Milan» safiga qo‘shilib, tezda o‘zini ko‘rsata boshladi va kimsan Krishtianu Ronaldudan ol-qishlar qabul qilyapti (Mendesh o‘zining bosh mijozidan bo‘lg‘usi yulduzni maqtashni so‘ramagandir...). Shved hujumchisiga kelsak, u samarali faoliyati davomida ko‘plab katta transferlarni boshidan o‘tkazdi va har bir yangi shartnomasi Mino Rayolani oltinga burkadi. Ha, kundalik hayot va futbolda buyuk o‘zgarishlarga moyil jahon darajasidagi yulduz agent uchun chinakam topilma ekanligi aniq.
7. Mario Balotelli (Rayola) vs Andre Gomesh (Mendesh) + Rayola g‘alabasi
Balotelli shu kungacha 3 marta yirik tranfserga sababchi bo‘ldi va ularning umumiy summasi 70 mln. yevroni tashkil qildi. Andre Gomeshning 2 marta klub almashtirishi esa 55 mln. yevroga tushdi. Qolaversa, portugaliyalik futbolchi «Barselona»ga moslashib ketolmayapti, Balotelli aksincha, avvalgi mavsum «Nissa»da yorqin nur sochdi. Umuman, Mario qanchalik iqtidorli bo‘lsa, shunchalik og‘ir tabiatli. Shuni nazarda tutsak, italiyalik hujumchi har qanday holatda Rayoladan minnatdor yurishi shart. Shuning barobarida Mendeshga ham qoyil qolish kerak. Axir u «Barselona» rahbariyatini Andre Gomesh klubga mos kelishiga ishontira oldi - bunda qanday yo‘l tutgani ikkinchi masala. Ammo mazkur duelda Balotelli ustunroq ko‘rinmoqda, baribir.
6. Jakomo Bonaventura (Rayola) vs Nikolas Otamendi (Mendesh) + Mendesh g‘alabasi
Rayola 6-raqamli mijozi - Bonaventurani o‘ziga yaqin «Milan» darajasiga ko‘tara oldi. Mana, Jakomo «rossonerlar» safida chakki o‘ynamayapti va taraqqiy etmoqda. To‘g‘ri, u chinakam yulduzga aylanmadi va aylanolmasa ham kerak. Mendesh esa Otamendi uchun g‘oyat qiziqarli faoliyat yo‘lini yaratdi: uni avvaliga Argentinadan «Portu»ga olib keldi, keyin «Valensiya»ga o‘tishini ta’minladi. Aytish joiz, Jorjening bu jamoa tarkibini shakllantirishga ta’siri juda katta. Xullas, Nikolas «ko‘rshapalaklar» safidagi o‘yinlari orqali «Manchester Siti» e’tiborini qozondi. Natijada Mendesh mijozining Angliyaga yo‘l olishiga ham bosh-qosh bo‘lib, «shaharliklar»dan 45 mln. yevro undirdi. Diqqat qiling, gap markaziy yarim himoyachi haqida ket-yapti. Eh, portugaliyalik agent bunday ishlarni qanday uddalayapti ekan-a...?
5. Janluiji Donnarumma (Rayola) vs Bernardu Silva (Mendesh) + Rayola g‘alabasi
Bernardu Silva shu yozda «Manchester Siti»ga o‘tish orqali Mendeshni yanada boyitgan bo‘lsada, Donnarummaga yuqoriroq baho berish kerak. Zero, uning yaqin kelajakda sayyoramizning eng qimmatbaho darvozaboniga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Harqalay, «Jiji-2»ning harakatlari shunday taxminga asos beryapti. Ha, Minoning darvozabon va «Milan» o‘rtasiga sovuqchilik solib qo‘yishiga sal qoldi. Janluiji hattoki, orada boshqa agent qidirishni ham o‘yladi. Ammo Rayola sabrni oltin sifatida ko‘ruvchi ital-yan oqsoqoli fazilatiga ega va Donnarumma transferidan kattagina ulush olish imkoniyatini qo‘ldan chiqarmaydi, albatta.
4. Blez Matyuidi (Rayola) vs Anxel di Mariya (Mendesh) + Mendesh g‘alabasi
Rayola nihoyat, o‘z so‘zi ustidan chiqib, Matyuidini «Yuventus»ga olib o‘tdi. Aslida Blezning o‘zi «PSJ»dan ketmoqchi emasdi, shuni hisobga olsak, Mino o‘z mijozlari fikrini o‘zgartirishga ham usta. Ammo Jorje Mendesh mijozi - di Mariya ancha salmoqli tosh bosadi, baribir. Eslatish o‘rinli, argentinalik yarim himoyachi yaqin-yaqingacha ham jami transferlari summasi bo‘yicha jahon rekordchisi hisoblanardi (179 mln. yevro). Endi bir tasavvur qiling, di Mariyaning navbati bilan «Real», «Manchester Yunayted» va «PSJ» libosini kiyishidan agent nechog‘li manfaat ko‘rgan...?
3. Genrix Mxitaryan (Rayola) vs Diyego Kosta (Mendesh) + durang
Aytish mumkinki, bu bahsda g‘olib yo‘q. Ammo agentlar o‘z futbolchilari faoliyatini qanday tashkil etishganiga qarab, ularga tasanno o‘qish kerak. Rayola armanistonlik futbolchini dastlab «Borussiya»ga boshladi, keyin uni «MYU»ga joylab qo‘ydi. Mendesh esa xarakteri oddiy sanalmagan Diyegoning top-forvard darajasiga ko‘tarilishi uchun katta xizmat qildi. Ha, bu yigitlar aqlli va dono agentlar xizmatidan foydalanishmaganida, futboldagi yo‘llari bu darajada muvaffaqiyatli chiqmasmidi...?
2. Romelu Lukaku (Rayola) vs Xames Rodriges (Mendesh) + durang
Oxirgi vaqtlarga qadar ustunlik Xames tomonida edi. Axir u JCHning eng yaxshi to‘purariga aylangan, «Portu»dan «Monako»ga 45 mln. yevro evaziga o‘tgandi. Keyin esa «Real» kolumbiyalik yigit transferiga 75 mln. yevro sarfladi. Yakunda u «Bavariya»ga otlandi - ijara. Ammo «MYU» va «Everton»ning belgiyalik forvard transferi bo‘yicha kelishuvga erishgani Rayola obro‘sini yanada oshirgani tayin. Har holda, italyan agenti Romeluning chinakam o‘sishiga katta hissa qo‘shdi va endi yana bir omadli operasiya ortidan tabriklar qabul qilishdan charchamayapti.
1. Pol Pogba (Rayola) vs Krishtianu Ronaldu (Mendesh) + Mendesh g‘alabasi
Rayola ma’lum muddat futbol tarixidagi eng qimmatbaho transfer bo‘lib turgan kelishuvda bosh rolni bajardi. Uning Pol Pogbani «Yuventus» «changali»dan olib, yana «MYU»ga topshirish asnosida kattagina moliyaviy yutuqqa erishgani o‘z-o‘zidan tushunarli. Eslang, u bir necha yil avval fransuz «qizil iblislar» safini transfer to‘lovisiz tark etishini ta’minlagandi. Ammo Ronaldu bilan bahslashishdan foyda yo‘q, baribir. Xullas, Mendesh billur mijoz - sayyoramizning eng yaxshi futbolchilaridan biri, katta musobaqalar sovrindori va shaxsiy mukofotlar sohibiga ega. Boshqacha aytganda, Krishtianu o‘z hamyurti bisotidagi brilliant. Shunday yulduz bilan ishlagan agentning mijozlar va pul masalasida muammo sezmasligi tayin.
Natija: Jorje Mendesh vs Mino Rayola: 5-3 (2ta durang)
Izoh: oxirgi transferlar hisobga olinmagan.
Ha, Mendesh o‘z bayrog‘i ostida tasavvurga sig‘mas jamoani yiqqan, ammo Rayola ham top-mijozlar borasida undan qolishmaslikka harakat qilyapti, buning uchun bor bilimini ishga solyapti. Minoning eng qimmatbaho 10 nafar mijozining umumiy bahosi 276 mln. yevroga teng, Mendeshda esa ko‘rsatkich nisbatan baland - 379 mln. Qiziq, agar maydonga «Rayola mijozlari» va «Mendesh mijozlari» jamoalari tushsa, qaysi tomonning qo‘li baland kelarkin?
Rayolaning ikkinchi o‘nligi: Kenni Tete, Paytim Kasami, Omar el Kadduri, Vladimir Vayss, Jastin Klyuyvert, Gregori van der Vil, Tomash Nesid, Rodrigo Eli, Ben Riyenstra, Bartosh Salamon
Mendeshning ikkinchi o‘nligi: Pissi, Nelson Semedu, Gonsalu Guedesh, Elyakim Mangala, Esekyel Garay, Karlos Vela, Radamel Falkao, Elder Koshta, Ruben Nevesh, Andre Grey