Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Bahodir Nasimov: «O‘zbekiston JCH-2018ga chiqishiga ishongandim»

Bahodir Nasimov: «O‘zbekiston JCH-2018ga chiqishiga ishongandim»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2018 final bosqichiga chiqa olmadi. Samvel Babayan va uning shogirdlari mundialga chiqish uchun berilgan so‘nggi imkoniyatdan ham foydalana bilishmadi.

«Bunyodkor» stadionida kechgan o‘yindagi birgina g‘alaba bizga jahon chempionati eshiklarini ochar edi. Ming afsuski, armonlarimiz ro‘yobi haqida qayg‘urish yana to‘rt yil keyinga surildi.

Biz hal qiluvchi bosqich o‘yinlarida murabbiyga yolchimadik. Ishonchimiz komil, tajribali murabbiy bo‘lganida, terma jamoamiz albatta Rossiyaga borish masalasini ijobiy hal qilardi. Babayanga nisbatan murabbiy jumlasini ishlata olmaymiz.

Buni o‘zingiz ham juda yaxshi bilasiz. Bu borada ko‘plab misollarni keltirish mumkin, lekin endi bundan ne naf? Poyezd Rossiya tomon ketib bo‘ldi. Guruhimizdan Eron va Janubiy Koreya terma jamoalari mundial chiptasini qo‘lga kiritishdi.

Suriya esa o‘z omadini «pley-off» bosqichlarida sinab ko‘radi. Bir necha yildan beri urush iskanjasida bo‘lgan Suriya asosiy vazifani bajarib bo‘ldi. Endi har bir erishilinadigan muvaffaqiyat mamlakat futboli uchun tarixning yangilanishiga aylanaveradi.

Biz esa tez orada O‘FFda bo‘ladigan keskin o‘zgarishlarning amalga oshishini kutib qolamiz. Janubiy Koreyaga qarshi kechgan uchrashuvdan so‘ng aynan Koreya chempionatida to‘p surayotgan terma jamoamizning kengaytirilgan tarkibiga nomzod hujumchi Bahodir Nasimovdan intervyu oldik.

- Bahodir, avvalo Uxanda kechgan Xitoy - O‘zbekiston o‘yini haqidagi fikringizni bilmoqchi edim. Mag‘lubiyatimiz bilan yakunlangan uchrashuv haqida xulosalaringiz qanday bo‘lgandi?

- Afsuski, o‘sha o‘yinni ko‘ra olmadim. Boisi, bu uchrashuvni Koreya hududida namoyish etishmadi. Faqat o‘yindan keyin uchrashuvning eng qiziqarli vaziyatlari jam bo‘lgan video rolikni tomosha qildim. Futbolchilarimiz o‘zlari yuzaga keltirgan ko‘plab golli vaziyatlarni ko‘kka sovurishdi va buni ko‘rib, ochig‘i juda hafsalam pir bo‘ldi. Odatda vaziyatlardan foydalana olmaslik - bu raqib jamoaning yakunda jazolashi bilan yakunlanardi. Bizning o‘yinimizda ham xuddi shunday holat ro‘y berdi. Aslida bu biz uchun saboq bo‘lishi shart edi. Agar Igor Sergeevning o‘zi o‘sha vaziyatda darvozani ishg‘ol qilganida o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ygan bo‘lardi. Hatto yirik hisobda ham g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Mabodo, xuddi shunday vaziyatlar Eron yoki Suriyaga qarshi kechgan o‘yinlarda yuzaga kelganida, biz mehmondan g‘alaba bilan qaytgan bo‘lardik. Lekin Eron va Malayziyada kechgan o‘yinlarda deyarli vaziyatlarga ega bo‘lmagandik. So‘nggi daqiqalarda darvozamizga belgilangan penalti ham juda shubhali edi. Hakam xuddi futbolchi yiqilishini kutib turgandek hushtagini chalib, 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Boshqa tomondan, bu biz uchun bahona bo‘la olmaydi. Futbolchilarimiz penalti belgilanguniga qadar o‘yin taqdirini hal qilib qo‘­yishlari kerak edi. Shunda hakamlarga ish qolmasdi. Mag‘lubiyatga o‘zimiz aybdormiz. Aynan o‘sha o‘yinda yo‘qotilgan qimmatli ochkolar hozir bizga juda ham asqotardi.

- Avvalgi suhbatlarimizning birida koreyalik futbolchilar bilan garov bog‘ladim, deb aytgandingiz. Afsuski, terma jamoamiz qatori siz ham bu garovda yutqazdingiz...

- Ha, afsus shunday bo‘lib qoldi. Men Janubiy Koreya terma jamoasining JCH-2018 final bosqichiga chiqishiga ishonmagandim. Aksincha, milliy terma jamoamiz bir necha yillik noxush an’anaga chek qo‘yib, mundial chiptasini qo‘lga kiritishiga astoydil ishongandim. Nachora, shunaqasi ham bo‘lib turar ekan.

- Terma jamoaga nomzod hujumchi sifatida hujumchilarimizning Xitoy va Janubiy Koreya bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinlardagi xatti-harakatlariga qanday baho berasiz?

- Xitoy bilan o‘yinda Igor Sergeevda bitta yuz foizli imkoniyat yuzaga kelgandi. Afsuski, u bu sovg‘adan foydana olmadi. Agar o‘sha vaziyatda sovuqqonlik bilan darvozani ishg‘ol qilganida, hozirgidek ta’na-dashnomlar iskanjasida qolib ketmasdi. Muxlislar u haqida umuman boshqacha fikr bildirishayotgan bo‘lardi. Ammo bu futbol, unda har qanday holat ro‘y berishi mumkin. Janubiy Koreya bilan kechgan uchrashuvda u raqib darvozasi tomon umuman xavf solmadi. Aleksandr Geynrix haqida tayinli fikr bildira olmayman. Xitoy bilan o‘yinda o‘zini ko‘rsatish uchun unda vaqt kam bo‘ldi. Koreyaga qarshi bahsda esa u ko‘rinmadi hisob.

- Tarkib borasida shaxsiy fikringiz qanday? U to‘g‘ri tanlanganmi?

- Tarkibga ham, o‘yinning natijasiga ham bosh murabbiy javob beradi. Shunday ekan, murabbiy qanday tarkibni tushirishni o‘zi hal qildi. U futbolchilarning holatini yaxshiroq biladi. Shaxsiy fikrim, bugungi kunda terma jamoada o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan futbolchilar o‘ynashi shart edi. Xitoy bilan o‘yinda tarkib masalasida bahs yuritsa bo‘ladigan holatlar kuzatildi. O‘yin amaliyoti juda kam bo‘lgan futbolchilarga ishonch bildirildi. Aksincha, kuchli chempionatda to‘liq 90 daqiqa o‘ynayotganlar zaxirada qolib ketdi. Murabbiylar Igor Sergeevga 5-6ta o‘yindan beri imkoniyat berishyapti va unga ishonishyapti. Lekin u bunga munosib javob qaytara oldimi? Nima uchun, bunday vaziyatda Temurxo‘ja Abduxoliqovga imkoniyat taqdim etilmadi? Ikkala o‘yinda ham Temurxo‘ja zaxirada olib qolindi. Nachora, endi terma jamoaning aksariyat futbolchilari faoliyatlariga yakun yasashadi. Yangi O‘FF rahbariyati keyinchalik tayinlaydigan murabbiylar shtabi yoshartirilgan tarkibni shakllantirib, asosiy e’tiborni BAAda o‘tadigan Osiyo kubogi-2019 musobaqasiga qaratadi. Eng muhimi, murabbiy tanlovida adashilmasa bo‘lgani.

- Endi bu haqda gapirishning mavridi bo‘lmasa kerak. Shunday bo‘lsada so‘raymiz, hozirgi Janubiy Koreya avvalgi saralashlardagi terma jamoadan zaifroq ko‘rin­yapti. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Ha, J.Koreya avvalgidek kuchli jamoa emas. Lekin ana shu o‘yini bilan ham mundial chiptasini naqd qildi. Yangi tayinlangan bosh murabbiyi ikkita o‘yinda nursiz durangga erishib, jamoasini mundialga olib chiqdi. Murabbiy omadli ham bo‘lishi kerak. Men Janubiy Koreya terma jamoasining o‘z maydonida o‘tkazgan 3ta o‘yinini hamda Doxada Qatarga qarshi kechgan uchrashuvini ko‘rgandim. Ishoning, hozirgi J.Koreya avvalgidek kuchli emas edi.

 

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:52, 09.09.2017.
O'qildi: 6231 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.