«Axmat»ning braziliyalik futbolchisi Leonardo Lima mavsum boshidan buyon barcha o‘yinlarda ishtirok etayotgandi. Ammo SSKAga qarshi uchrashuvda futbolchi hattoki, «zayavka»ga ham kiritilmadi.
Uchrashuvdan so‘ng «Sovetskiy sport» nashri futbolchi bilan suhbat uyushtirdi. Eslatib o‘tamiz, moskvaliklar bilan bo‘lgan o‘yinda Grozniy klubi kichik hisobda g‘alaba qozondi.
- Leo, nima uchun o‘ynamadingiz?
- Oldingi o‘yinda jarohat olgandim. Endi «Lokomotiv»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushaman.
- «Arsenal» bilan uchrashuvda penaltini aniq amalga oshira olmadingiz, birga-bir vaziyatdan foydalanmadingiz. Siz uchun dahshatli o‘yinmi bu?
- Juda qayg‘urdim. Mendan umuman boshqacha o‘yin kutishlarini bilaman. Jamoadoshlarim menga ishonishadi. Shuningdek, jamoamizning yaxshi natijalar qayd eta olishiga ham. Shunday ekan, xotirjamman. Terma jamoalar o‘yinlari tufayli yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanib, hordiq chiqarib olmoqchiman. Besh kun bo‘shmiz. Keyin «Lokomotiv»ga qarshi og‘ir o‘yin o‘tkazamiz.
- Besh kunni qayerda o‘tkazasiz? Grozniyda bo‘lmasa kerak?
- Yo‘q. «Axmat»ning barcha braziliyaliklari oilalarimiz bilan Dubayga boramiz.
- SSKAga qarshi o‘yinni zaxira o‘rindig‘idan kuzatish qanchalik qiyin bo‘ldi?
- Ha. Raqib butun o‘yin davomida nafas olishga qo‘ymadi. SSKA yaxshi jamoa. Bizni birinchidan so‘nggi daqiqagacha pressing qilishdi. Shunga qaramay, «Axmat» gol urib, g‘alabani ilib ketdi.
- SSKA ustozi hakamlarni tanqid qildi. Jamoangiz o‘yin oxirida vaqtni cho‘zdi, Ismael maydonda ko‘p yotdi. Bunga nima deysiz?
- Hakam ham oddiy inson. U xato qilishi mumkin. Hammasini hakamlarga ag‘daraverish yaramaydi. O‘yin ancha tezkor bo‘ldi. Murabbiyimiz barcha uchta almashtirishdan foydalandi. Jarohatidan endi forig‘ bo‘lib maydonga qaytgan Ismael bahs oxirida charchab qoldi. Oyog‘ida og‘riq sezgani uchun yotib oldi.
- Uchrashuvdan so‘ng SSKAning braziliyaliklari bilan gaplashmadingizmi? Vitinyo mag‘lubiyatdan juda qayg‘uda edi.
- Yo‘q. Garchi tanish bo‘lsakda, gaplashishning iloji bo‘lmadi. Lekin maydonda barchamiz o‘z jamoamiz uchun kurashamiz.
- «Axmat» qatorasiga to‘rtta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
- Biz ham hayron qoldik. Bunday mazmunsiz o‘yinlar tufayli o‘z-o‘zimizni tanqid qildik. Vaholanki, chempionatni ajoyib tarzda boshlagandik. Xayriyatki, tanaffus oldidan uch ochkoga ega bo‘ldik. Endi shu kabi g‘alabali seriyani davom ettirishimiz kerak.
- Tezligingiz tufayli Rossiyada sizni Garet Beylga tenglashtira boshlashdi. Bu boradagi fikringiz qanday?
- Tezlik mening eng kuchli taraflarimdan biri. Lekin hali yoshman. O‘yindagi jihatlarimni yanada kuchaytirishim kerak. «Axmat»da endigina ikki oy o‘ynadim. Oldin Braziliyadan tashqariga chiqmagandim. Rossiyada futbol umuman boshqacha. Hali ko‘p narsani o‘rganishim kerak.