Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Asian Fight tashkilotchilari: “Stiven Sigal stadionga keladi, deb va’da bermagandik”

Asian Fight tashkilotchilari: “Stiven Sigal stadionga keladi, deb va’da bermagandik”

Baho:
+ | -
9 sentyabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida Asian Fight 2017 jang san’atlari bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga qaraganda, turnirga chipta xarid qilgan ko‘plab tomoshabinlar o‘zlarini aldangan deb hisoblamoqdalar, chunki kelishi e’lon qilingan Stiven Sigal tadbirda ko‘ringani yo‘q. Biroq, tashkilotchilar Sigalning stadionga kelishini va’da qilmaganliklarini aytishadi. 

Asian Fight 05

9 sentyabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida Asian Fight 2017 jang san’atlari bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi. Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport  bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Sharqona yakkakurash va jang san’atlarini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Penchak-silat federasiyasi va Uzmobile kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

Mahalliy sportchilar bilan bir qatorda g‘alaba uchun Singapur, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Ozarboyjon, Rossiya, Kiprdan ham sport ustalari qatnashdilar.

Asian fight 10

Tadbirning tashkiliy saviyasi tomoshabinlarda ko‘p e’tirozlar uyg‘otdi.

Musobaqaga tayyorgarlik bosqichidayoq shubhalar tug‘ila boshladi. Tashkilotchilar turnirga gollivud aktyori Jan-Klod Van Damm, aralash jang san’atlari bo‘yicha to‘rt karra chempion Fedor Yemelyanenko, mashhur MMA kurashchisi Jeff Monson, dunyoga mashhur didjey Armin Van Byuren kelishini e’lon qilgandilar.

Keyinroq Yemelyanenko ham, Van Byuren ham Toshkentga kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Tadbirga ikka kun qolganda tashkilotchilar okean ortidan keladigan eng asosiy mehmon – Jan-Klod Van Damm ham musobaqaga tashrif buyura olmasligini ma’lum qildilar. Shu bilan birga, tashkiliy qo‘mita so‘zlariga ko‘ra, Monson bilan shartnoma ham bekor qilinibdi. Van Damm o‘rniga jangari filmlari bilan shuhrat qozongan boshqa yulduz – Stiven Sigalni taklif qildilar. U Uzmobile kompaniyasi aksiyasining g‘olibini taqdirlash marosimini o‘tkazishi va unga “oltin” raqamni topshirishi kerak edi.

Aktyor Toshkentga keldi, Toshkent Davlat san’at institutiga, Babos ot klubiga, O‘zbegim an’anaviy madaniyat festivaliga tashrif buyurdi, lekin musobaqada ko‘rinmadi – yulduzni ko‘rish istagida bo‘lgan tomoshabinlarning umidlari puchga chiqdi.

Asian fight 12

Stiven Sigal turkum savol-javoblar o‘tkazishi kerak bo‘lgan matbuot konferensiyasi bir soatga kechiktirilib, yulduzning o‘zisiz boshlandi.Penchak-silat federasiyasi vakillari oxirgi daqiqalargacha Sigal musobaqaga kelishini ta’kidlardilar. Ko‘ngillilarning ba’zilari u allaqachon stadionda ekanligini, uning tansoqchilarini ko‘rganliklarini aytishardi. Biroq, keyinroq, Kommersant.uz federasiya matbuot kotibi Jamshid Hojiakbarovga murojaat qilib, nima sababli mashhur aktyor Asian Fightga kelmaganligini so‘raganda, “Biz Sigal stadionga keladi, deb va’da bermagandik” degan javobni oldi.

Janglarning tashkil etilishi ham ko‘p savollar tug‘dirdi. Ba’zi kurashchilar qanday tartibda va kimga qarshi ringga chiqishlari haqida ogohlantirilmagandilar. Bundan tashqari, shouga O‘zbekiston vakillaridan biri – muay-tay bo‘yicha ko‘p karra jahon chempioni Anvar Boynazarov kelmadi.

Terma jamoamiz to‘qqiz jangdan yettitasida g‘alaba qozondi. Isroil Rasulov singapurlik Muhammad Xairni yengdi, Ayubxon Kamolov hindistonlik Vikash Daxiyani mag‘lub etdi. Muhammadali Toshturgunov qirg‘izistonlik Bektur Mangiyevdan ustun kelgan bo‘lsa, Ahliddin Mirzadavlatov qozog‘istonlik Xolmurod Xizirovni taslim etdi. Shuningdek, Mahmud Murodov Ozarboyjon vakili Ziyo Mirzayevdan, Hasanxon Baratov rossiyalik Mixail Xoldorkindan, Jasur Mirzamuhammedov kiprlik Vartan Apariandan ustun keldi. Ulug‘bek Umarov esa, afg‘onistonlik raqibi Abdulsami’ Fayziga yutqazib qo‘ydi. Afg‘onistondan kelgan sportchilar yana ikkita chempionlik belbog‘ini o‘zlari bilan olib ketdilar, e’tiborlisi, bu g‘alabalardan biri o‘zbekistonlik sportchi musobaqaga kelmaganligi sababli qo‘lga kiritildi.

Asian fight 08

Asian fight 09

Asian fight 11

Asian fight 01

Asian fight 02

Asian fight 03

Asian fight 04

Asian fight 05

Asian fight 06

Asian fight 07

Musobaqa vaqtida aksariyat jurnalistlar va fotograflarni OAV uchun maxsus ajratilgan joyga kiritmadilar. Voqealar kechishini eng chekka qatorda, zerikib o‘tirgan huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan birga kuzatishga majbur bo‘ldik.

Tashkilotchilar vaqtni cho‘zish maqsadida sahnaga mashhur qo‘shiqchini chiqarmoqchi bo‘lganlarida, “Artistlarni emas, sport musobaqasini ko‘rgani kelganmiz”,– deb hayqirishdi tomoshabinlar.

Tadbir yakunida, ancha huvillab qolgan stadionda rossiyalik ijrochi Loc Dog bir nechta qo‘shiqlar kuyladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga ko‘ra, musobaqaga chipta xarid qilgan ko‘plab tomoshabinlar o‘zlarini aldangan sanamoqdalar. Tashkilotchilardan bu vaziyat bo‘yicha izoh olishning hozircha iloji bo‘lmadi – tashkiliy qo‘mita vakillari aloqaga chiqmayaptilar.

Manba: kommersant.uz
Kiritildi: 12:59, 11.09.2017.
O'qildi: 12200 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.