Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Azamat Abduraimov: "O‘zbek futboli tirik, lekin..."

Azamat Abduraimov: "O‘zbek futboli tirik, lekin..."

Baho:
+ | -

O‘zbek futbol jamoatchiligi natijalarni ko‘rib chiqadigan, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qiladigan va yangi rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadigan payt keldi, deb hisoblaydi "Paxtakor" va O‘zbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Azamat Abduraimov

"Sputnik" nashri o‘zbek futboli nima uchun inqirozga uchradi va bu vaziyatdan qanday qilib chiqish mumkin — mana shunday savollar bilan "Paxtakor" va O‘zbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Azamat Abduraimovga murojaat qildi.

— Aksariyat mamlakatlarda milliy terma jamoalarning natijalari futbol rivojining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Bugungi kunda futbol bir chempionatdan ikkinchi chempionatgacha davriy ravishda rivojlanmoqda. 5 sentyabrdan keyin yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qilar ekanmiz, buni qulash deb atash mumkin. Biz Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishga umid qilgandik, terma jamoa esa guruhda hattoki uchinchi o‘rinni ham olmadi.

Savol tug‘iladi — nega shunday bo‘ldi? Keyingi bir necha yil davomida O‘zbekiston futbol federasiyasi (O‘FF) turli ob’ektiv sabablarga ko‘ra o‘z talablariga javob bera olmadi. Federasiya prezidenti, futbol rivoji uchun ko‘p ishlarni amalga oshirganini e’tirof etish lozim, keyingi vaqtda ikkita ishda — Milliy olimpiya qo‘mitasi va Futbol federasiyasi rahbari sifatida faoliyat olib bordi. Albatta, bu barcha uchun foyda keltirmasdi.

Federasiyada o‘zgarishlar davri keldi. Oddiy misol — agar ilgari, uch-to‘rt yil oldin o‘smirlar terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqqan bo‘lsa, o‘tgan yili o‘smirlar va yoshlarimiz Osiyoning eng yaxshi jamoalari to‘rtligiga kira olmadi va tabiiyki, to‘rt yillikning eng muhim musobaqasiga ham chiqa olishmadi.

O‘tgan yili Olimpiya termasi ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Menimcha bu milliy va olimpiya termalariga bir kishining bosh murabbiylikka qo‘yilishi sababli yuz berdi. Biz Vadim Abramov xuddi shunday holatga tushganida bir marta pand yeganmiz, lekin afsuski, bundan kerakli saboq chiqarmadik. Ikki quyonning ketidan quvdik va bittasini ham tuta olmadik.

- Babayan va uning murabbiylik shtabiga yog‘ilayotgan tanqidlar qay darajada adolatli?

— Aytish mumkinki, termamizning jahon chempionatiga chiqa olmagani barcha uchun so‘nggi tomchi bo‘ldi. Babayan murabbiylik shtabi tomon o‘tgan yildan beri mutaxassislar, ishqibozlar va jurnalistlar tomonidan salbiy fikrlar yangramoqda. Bosh murabbiy terma jamoadan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalangani, u ilgari "Paxtakor" vise-prezidenti bo‘lgani uchun muntazam ravishda terma jamoaga mana shu klub o‘yinchilarini chaqirgani haqida haqqoniy fikrlar aytildi. Bu tushunarli — u keyinchalik bu futbolchilarni xorij klublariga sotish uchun ularni chaqirgan.

O‘z manfaatlarini o‘ylab qilingan bu siyosat milliy terma zarariga ishladi. Bizning ishqibozlarimiz judayam yaxshi, tushungan, o‘zbek futboli an’analari asosida tarbiyalanishgan, ularning barchasi ko‘rishdi, haqqoniy savolni o‘rtaga tashlashdi — nima uchun gol urmaydigan yoki xorij klubida amaliyotga ega bo‘lmagan hujumchi termada o‘ynayveradi.

Bu shunchaki mulohaza emas, norozilikka asos bor. Saralash guruhidagi jadvalga nazar tashlaymiz, terma jamoa o‘tkazgan 10ta o‘yinda atigi oltita gol urgan, bu ko‘rsatkich bo‘yicha biz jadvalning oxiridamiz. Bu bir uchrashuvda yarimtadan sal ko‘proq gol urganimizni anglatadi.

Bunday ko‘rsatkich bilan hech qanday jahon chempionatiga chiqishni o‘ylamasa ham bo‘ladi. Demak, nafaqat bosh murabbiy va uning shtabi, balki birinchi navbatda ularni tayinlaganlarga savollar paydo bo‘ladi.

- O‘zbek futbolini inqirozdan olib chiqish uchun nima qilish kerak?

— O‘zbek futboli shartli qilib aytganda, nafaqat Alining o‘rniga Valini qo‘yishga, balki butkul tizimli o‘zgarishga muhtoj. Futbol federasiyasi tuzilmasini o‘zgartirish kerak, masalan, ilgari mahoratli sport ustalaridan tarkib topgan maxsus murabbiylar kengashi ishlagandi. Terma jamoalarning bosh murabbiylari ular oldida hisobot topshirishar, nima uchun aynan biror o‘yinchini tarkibga chaqirganini tushuntirib berishardi. Eng yaxshilar maydonga tushishi, terma jamoalar qanday tayyorgarlik ko‘rishi ustidan nazorat bor edi.

Bandligi sababli federasiya rahbari boshqaruv tizginini faoliyati nazorat qilinmaydigan bosh murabbiy qo‘liga topshirdi. Shu sababli ana shunday murabbiylar kengashi kerak. Federasiya o‘zgarishi, zamonaviy talablarga javob berishi shart. Hozirda O‘FFda marketing bo‘limi yo‘q, sport direktori lavozimi yo‘q,faqat vise-prezident bor.

Yana bir muhim jihat — O‘FFda ishlaydigan kishilar o‘z pozisiyalariga ega bo‘lishlari kerak. Har doim kelishib ketaverish kerakmas, vujudga kelgan muammolar haqida gapirish kerak. Doim aytganing bo‘lishini istasang, doim faqat sening og‘zingga qarab turishlarini xohlaydigan bo‘lsang, unda fikrlar xilma-xilligi haqida unutsak ham bo‘laveradi.

Biz federasiyaga o‘ziga tegishli vazifa uchun javob beradigan haqiqiy professionallar kelishi tarafdorimiz. Hozirda federasiya qo‘l rejimida boshqariladi, na bosh kotib, na vise-prezident kichkina muammoni ham hal qila olmaydi, hamma narsa birinchi shaxs ixtiyorida. Bunday boshqaruv uslubi eskirdi, u bizni orqaga tortmoqda.

Davlat amaldori O‘FF prezidenti bo‘lishiga qarshi emasman, bu yerda u atrofiga jamlaydigan jamoa muhim. Kuchli professionallarni yig‘ish kerak va bizda har bir yo‘nalishda bunday kishilar bor, faqat ularga ishonch bildirish va o‘zlarini ko‘rsatishlari uchun imkoniyat berish lozim.

Men o‘zbek futboli o‘ldi, degan fikrga qo‘shilmayman. Men o‘zbek futboli tirik va uni hech o‘ldirolmaydi deb hisoblayman. 2008 yil mamlakatda futbol rivoji yili bo‘lgan, bizda Rivaldo o‘ynagan, Ziko va Skolari murabbiylik qilgan. Messi va Ronaldu kelishi shov-shuvga aylangan, shundan so‘ng ko‘plab futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatishdi.

Hozirda ko‘pchilik ishqibozlar biz jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz yaxshi bo‘ldi, chiqqani bilan yomon natija ko‘rsatardi deyishmoqda. Bu noto‘g‘ri. Agar jamoamiz JCHga chiqqanida yana bir bor futbol rivojlanishi davri boshlanardi, bolalar futbol maktablariga borishardi, 5-7 yildan keyin o‘zbek futboli saviyasi yuqorilardi. Afsuski, biz bu imkoniyatni qo‘ldan chiqardik.

Agar biz O‘zbekiston prezidenti rahbarligida bu muammolarni hal qilishga kirishsak, hammasini o‘nglash mumkin deb hisoblayman. Hozirda sport bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimini joriy etish masalasi ko‘tarildi. U vaziyatni tahlil qilishi va aslida nimalar bo‘layotganini prezidentga bildirib turishi mumkin bo‘lardi. Va u sportdagi muammolarni ich-ichidan biladigan professional shaxs bo‘lishi lozim, amaldor emas.

Yaqinda O‘FF bosh kotibi xalqaro press-klubdagi chiqishi chog‘ida omma muhokamasiga qo‘yish uchun futbolni rivojlantirish dasturi tayyorlanganini aytgandi. Ammo shu paytgacha hech qanday dastur e’lon qilinmadi, uni hech kim muhokama qilmadi, federasiya saytida hatto yangi prezident lavozimiga nomzodlar ro‘yxati e’lon qilinmadi.

Hozirda professionallar ovoziga quloq tutish darkor, ularni federasiya faoliyatiga jalb etish, chempionatni isloh qilish kerak. Usmonovning hissasi shundaki, u zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratdi, 12ta stadion qurildi. Lekin bahslarga o‘rtacha 4 ming kishi kelmoqda, yaqinda bo‘lib o‘tgan "Obod" va "So‘g‘diyona" o‘yinida esa tashrif buyurish bo‘yicha antirekord o‘rnatildi — 150ga yaqin muxlis o‘yinni ko‘rgani keldi. Shu bois stadionlar qurish mumkin, lekin u erga muxlis bormasa, qanday futbol rivoji haqida gapirish mumkin.

Muxlisga spektakl, tayyor mahsulot kerak, biz hozir bunday mahsulot taqdim etmayapmiz. Professional futbol ligasining homiylari yo‘q, pul topishni bilmaymiz, umuman olganda, bozor mexanizmlari ishlamayapti. Bozor mexanizmlari futbolimizga kirib kelsagina u davlatga shuncha kam boqimanda bo‘ladi.

Hozirda futbol tarkibiy qismlari va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar mexanizmini ishlab chiqish muhim, u rahbariyatni saylash, dasturni belgilashni mutaxassislarning o‘zlari hal qilishlariga imkoniyat berishi lozim. Hozirda futbolda korrupsiya ham, qonun buzilishlari ham va salbiy natija ham mavjud, men respublika rahbariyati bundan norozi, tartib o‘rnatish istagida deb o‘ylayman.

Biz rezolyusiyani ko‘pchilik imzolashini maqsad qilmadik, biz uchun muammoni ko‘rsatish va uni birinchi shaxsga yetkazish muhim edi. Bugungi kunda professionallar futboldagi umumiy holatdan qoniqishmayapti. Agarda mamlakatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashlari ostida federasiya rahbariyati bilan birgalikda ishga kirishsak, muammolarni hal qilish mumkin. O‘zbek futboli tirik, faqat juda sekin rivojlanmoqda, biz hozircha bir joyda depsinib turibmiz.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentyabr kuni O‘FF prezidentligiga saylovlar o‘tkazish muddatini ortga surishni so‘rab O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Birodar Abduraimov, "Paxtakor" faxriylari Vyacheslav Soloxo, Nikolay Lyubarsev va boshqa murabbiy hamda faxriylar O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilishgan edi.

Bugun bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston futbol federasiyasining O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assosiasiyasi Raisi o‘rinbosari va "Paxtakor" klubi vise-prezidenti lavozimida ishlab kelgan Umid Ahmadjonov O‘zbekiston Futbol Federasiyasining yangi prezidenti sifatida e’lon qilindi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:32, 12.09.2017.
O'qildi: 9684 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.