Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

"Mitti" terma jamoalarning katta sensasiyalari

"Mitti" terma jamoalarning katta sensasiyalari

Baho:
+ | -

Kamtarin Lyuksemburg termasi JCH-2018 saralash bosqichi doirasidagi o‘yinda Yevropa vise-chempionidan ochko tortib olib, faqat Fransiya emas, balki butun futbol jamoatchiligini hayratga soldi. Soccer.ru sayti esa Tuluzada qayd etilgan ushbu shov-shovli natija bahonasida UYEFA tarkibidagi «mitti» terma jamoalarning top-raqiblar bilan bahslarda ko‘rsatgan karomatlarini esga oldi.

LYUKSEMBURG

FIFA reytingida - 136-o‘rin

UEFA reytingida - 49-o‘rin

Lyuksemburg termasi fransuzlarni birinchi marta xijolatga qo‘ygani yo‘q. Ushbu «mitti» jamoa uzoq 1914 yili Fransiya termasini aqlga sig‘mas ssenariy ostida o‘tgan uchrashuvda dog‘da qoldirgan - 5:4. Shundan buyon ortda qolgan bir asrdan ko‘p vaqt mobaynida ikki jamoa futbol maydonida yana 16 marta to‘qnash keldi va «uchranglilar» har safar muammosiz g‘alaba qozonishdi. Mana, mag‘rur lyuksemburgliklar fransuzlarning o‘zaro bahslardagi g‘alabali seriyalariga nihoyat, chek qo‘yishdi. Diqqatga sazovor tomoni, faxriy darvozabon Jonatan Juber o‘zining xayrlashuv o‘yinida dahshatli raqiblarga gol urish imkoniyatini bergani yo‘q. Vaholanki, 90 daqiqa va qo‘shimcha vaqtda mezbonlar uning darvozasi oldida tinmay tahlikali vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Zarbalar nisbati 30:3ni tashkil etgani barchasini ko‘rsatib turibdi. To‘g‘ri, «qizil sherlar» ikkinchi bo‘limda 1-2ta o‘ta xavfli hujum uyushtirishdiki, Tuluzadan ertaknamo g‘alaba bilan qaytishlari ham hech gap emasdi. Aslida Lyuksemburg termasi Yevropada «mitti» jamoalar sirasiga kirsada, o‘zi kabi kamtarinlar havasini uyg‘otadigan natijalari bilan maqtana oladi. Demak, lyuksemburgliklar o‘tgan asrning 60-yillarida o‘z tarixlaridagi eng yorqin sahifalardan birini bitishgan. O‘shanda havaskorlar darajasidagi jamoa portugaliyaliklarni 4:2 hisobida yenggandi. E’tibor bering, buyuk Eysebioning «Evropa Braziliyasi» nomini olgan jamoadagi debyut o‘yini shunday sharmandalik bilan tugagandi. Eng asosiysi, 1964 yilga kelib, Lyuksemburg termasining atigi 4ta jamoa ishtirokidagi Yevropa chempionati final bosqichiga chiqishiga sal qolgandi. Lyuksemburgliklar saralash raundi hisoblangan 1|8 finalda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, Gollandiya milliy jamoasini «bort»dan tushirib yuborishadi. Daniyaliklarga qarshi kechgan chorak final janglari ham o‘ta dramatik tus oladi. Ya’ni g‘olib jamoani aniqlash uchun 3-o‘yinga ham ehtiyoj seziladi. Xullas, skandinavlar 2:2 va 3:3 hisoblaridan so‘ng uchinchi urinishdagina mag‘rur va yon bermas raqibni bir amallab yengishadi - 1:0. 1996 yilga kelib, «qizil sherlar» yana o‘zlarini eslatib qo‘yishadi. Ular bu safar Yevro-96 saralash bosqichi doirasida Pavel Nedved va Karel Poborski kabi ijrochilari bor Chexiya termasini mag‘lubiyat ko‘chasiga yetaklashgandi. Chexlarning keyinchalik qit’a vise-chempioni bo‘lishganini ham eslatish o‘rinli. Biroq shundan so‘ng lyuksemburgliklar rasmiy o‘yindagi keyingi g‘alabani naq 12 kutishgani ham rost. Umuman, «qizil sherlar» oxirgi yillarda Belarus, Albaniya va Shveysariya termalarini mag‘lub etishdi, ammo fransuzlar bilan safar o‘yinidagi durang jamoaning tarixidan alohida joy olishi muqarrar. Axir Didye Deshamning yulduz shogirdlari bir tur avval Gollandiya termasini 4:0 ko‘rinishida «savalashgandi».

 

ANDORRA

FIFA reytingida - 129-o‘rin

UEFA reytingida - 46-o‘rin

Andorra termasi JCH-2018 saralashida Vengriya milliy jamoasini yengish evaziga FIFA va UYEFA reytinglarida sezilarli yuqoriladi. Umumiy qaraganda esa, bu jamoaning barcha g‘alabalarini sanash uchun bitta qo‘l barmoqlari kifoya qiladi - 5ta, shundan 3tasi rasmiy uchrashuvlarda qo‘lga kiritilgan. Xullas, Vengriya termasidan tashqari, Makedoniya drujinasi ham andorraliklar oldida ojiz qolgandi, boz ustiga, ketma-ket 2 marta. Aniqroq aytsak, makedonlar JCH-2006 saralash bosqichi doirasidagi har ikki o‘yinni 0:1 hisobida boy berishgan. G‘alaba gollari mualliflari - Mark Bernaus va Mark Rebes esa Andorrada millat qahramoni darajasida ulug‘lanishgan, chinakam shuhratga ko‘milishgandi.

 

LIXTENSHTEYN

FIFA reytingida - 190-o‘rin

UEFA reytingida - 53-o‘rin

Yaxlit terma sifatida birinchi rasmiy o‘yinini 1994 yili o‘tkazgan Lixtenshteyn jamoasi kolleksiyasida «katta» raqiblar ustidan qozonilgan g‘alabalar yo‘q. Ya’ni «qizil-ko‘klar» hozircha faqat Ozarbayjon, Litva va Islandiya termalarini yengishgani bilan maqnatishlari mumkin. Ular shuningdek, saralash o‘yinlarida lyuksemburgliklarni 2 marta dog‘da qoldirishgan. Umuman, Lixtenshteyn futboli tarixidagi eng yorqin o‘yin durang natija bilan tugagan. Qanaqa durang deng? Chinakam fantastika! Xullas, «mittilar» JCH-2006 kvalifikasiyasida Yevropa vise-chempioni - Portugaliya termasi bilan to‘qnash keladi. O‘zaro o‘yinda hammasi odatdagidek boshlanadi - Krishtianu Ronaldu va uning do‘stlari birinchi bo‘limda 2:0 hisobida oldinga chiqib olishadi. Biroq tanaffusdan keyin Yevropa markazida joylashgan kichikkina mamlakatning g‘ururli yigitlari qayerdandir g‘ayritabiiy kuch olib, buyuk «kambek»ni amalga oshirishadi. Oddiy aytganda, Frans Byurgmayer va Tomas Bek tomonidan urilgan gollar Lixtenshteyn termasiga g‘alaba o‘rnini bosuvchi durang keltiradi. Aynan shu natija knyazlikning futbol olamidagi eng jarangdor muvaffaqiyati sanaladi.

 

MALTA

FIFA reytingida - 191-o‘rin

UEFA reytingida - 52-o‘rin

Malta termasi yetakchi jamoalardan hali biror ochko tortib olganicha yo‘q. Vaholanki, «ionitlar» jahon va Yevropa chempionatlari saralashidagi ishtiroklarini XX asr o‘rtalarida boshlashgan. Ular shu vaqtgacha chamasi 200ta rasmiy o‘yinda maydonga tushishga ulgurishdi va jami 5ta g‘alaba qayd etishdi. Qisqasi, Islandiya, Estoniya, Armaniston, Gresiya va Vengriya termalari maltaliklar bilan o‘yinda bir martadan omadsizlikka uchragan. Shunday ekan, Malta futbolining asosiy «sensasiya»si hali oldinda bo‘lsa, ajabmas. Orolliklar shuning barobarida eng ayanchli mag‘lubiyat ortda qolganiga ishonishni xohlashlari turgan gap. Tarixga murojaat etamiz - Ispaniya termasi Yevro-84 saralashida maltaliklarni Se- vilyada mehmon qilib, «mehmondorchilik» me’yorini biroz oshirib yuborgandi - 12:1. Darvoqe, Gollandiyada ispanlarni kelishgan holda o‘ynaganlikda ayblashgandi. Zero, turnir jadvalidagi holatga ko‘ra, «qizil furiya» 10tadan ko‘p gol farqi bilan g‘alaba qozonsagina Yevropa chempionati final bosqichiga chiqardi.

 

SAN-MARINO

FIFA reytingida - 204-o‘rin

UEFA reytingida - 54-o‘rin

Nafaqat «ko‘hna qit’a», balki butun jahondagi eng kuchsiz terma jamoalardan biri. San-marinoliklar 1990 yildan buyon jahon va Yevropa chempionatlari saralashida o‘ynamoqdalar. Asosiy fakt shuki, «serenissima»ga hozircha rasmiy o‘yinlarda g‘alaba qozonish nasib etganicha yo‘q. Shuni nazarda tutsak, San-Marinoda jamoaning har bir goli yoki ochkosi katta muvaffaqiyat sifatida baholanadi. Xullas, Latvia va Estoniya termalari bilan uchrashuvlarda qayd etilgan duranglar - ushbu yurt vakillari uchun tarixdagi eng muhim natijalar. «Yog‘duli jamoa» (go‘zal laqab!) yaqindagina katta bayramga yuz tutdi. Ya’ni marinoliklar naq 14 yillik tanaffusdan so‘ng yirik turnirlar saralashi doirasidagi safar uchrashuvida gol quvonchini tuyishdi. Qolaversa, bu ular uchun 5 yil davomidagi birinchi rasmiy gol edi. Yana bir hayratlanarli tomoni shuki, jahon chempionati saralashi tarixidagi eng tezkor golga aynan shu mittigina mamlakat futbolchisi mualliflik qilgan. Aniqroq aytsak, Davide Gvaltyeri ...Angliya terma jamoasiga qarshi o‘yin-ning 8,3-soniyasida aniq zarba yo‘llab, rekord o‘rnatgandi. To‘g‘ri, o‘sha uchrashuvda inglizlar bunga oz emas, 7 martagina javob berishgandi.

 

GIBRALTAR

FIFA reytingida - 206-o‘rin

UEFA reytingida - 55-o‘rin

Gibraltar aholisi chamasi 30 ming kishi, xolos. Mamlakat futbolining FIFA va UYEFA oilasiga kirganiga esa hali 5 yil ham bo‘lmadi. Bugungi kunda Gibraltar termasi xalqaro futbol federasiyasi reytingi tubida Somali, Angilya, Eritreya, Tonga va Bagam orollari jamoalari qatorida bormoqda. Gibraltarliklar Yevro-2016 saralashida barcha 10ta uchrashuvni boy berishdi. Umumiy hisob - 2:56. JCH-2018 kvalifikasiyasiga kelsak, jamoaning statistikasi quyidagicha: 8ta o‘yin, 8ta mag‘lubiyat, gollar farqi - 3:37. Demak, har qanday durang bu terma uchun haqiqiy «sensasiya» sanaladi va butun Gibraltar uchun tarixiy ahamiyat kasb etadi.

 

FARER OROLLARI

FIFA reytingida - 89-o‘rin

UEFA reytingida - 39-o‘rin

Yana bir mitti mamlakat jamoasi, lekin u o‘z qaddini nisbatan ko‘tarishga urinmoqda. Farer orollari jamoasining FIFA reytingida birinchi 100talikka ko‘tarilganiyu, UYEFA ro‘yxatida Estoniya, Litva, Gruziya, Kipr, Finlyandiya, Qozog‘iston, Latviya va Moldova termalaridan o‘zib, norvegiyaliklar ortiga joylashib olgani ko‘p narsadan dalolat. Alohida o‘yinlar haqida gapirsak, orolliklar asosiy g‘alabalarini Avstriya va Gresiya termalari bilan o‘yinlarda nishonlashgan. «Das Tim» «baliqchilar» uchun debyut hisoblangan jahon chempionati-90 saralashida sharmandalikka uchragan bo‘lsa, greklar Yevro-2016 kvalifikasiyasi davomida ikki bora (!) yengildi. O‘sha o‘yinlar vaqti Farer jamoasi FIFA reytingida 189-qatorda edi. Aytgancha, ilk sharmandalikdan so‘ng yunonlar Klaudio  Ranyerini iste’foga chiqarishdi va u keyinchalik «Lester» boshqaruvini qo‘lga olib, Angliya chempioni bo‘ldi...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:40, 13.09.2017.
O'qildi: 5066 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.