Kirish Ro'yxatdan o'tish
17/05 00:30 Almeriya 0-2 Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad 1-0 Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina 2-2 Napoli
18/05 21:00 Lechche - Atalanta
18/05 23:45 Torino - Milan
19/05 00:00 Alaves - Xetafe
19/05 15:30 Sassuolo - Kalyari
19/05 18:00 Monsa - Frozinone
19/05 18:00 Udineze - Empoli
19/05 20:00 Manchester Siti - Vest Xem
19/05 20:00 Sheffild Yunayted - Tottenhem
19/05 20:00 Arsenal - Everton
19/05 20:00 Brentford - Nyukasl
19/05 20:00 Brayton - Man. Yunayted
19/05 20:00 Byornli - Nottingem Forest
19/05 20:00 Chelsi - Bornmut
19/05 20:00 Kristal Pelas - Aston Villa
19/05 20:00 Liverpul - Vulverhempton
19/05 20:00 Luton - Fulhem
19/05 21:00 Inter - Lasio
19/05 22:00 Valensiya - Jirona
19/05 22:00 Vilyarreal - Real Madrid
19/05 22:00 Atletik Bilbao - Sevilya
19/05 22:00 Atletiko - Osasuna
19/05 22:00 Barselona - Rayo Valyekano
19/05 22:00 Betis - Real Sosyedad
19/05 22:00 Kadis - Las-Palmas
19/05 22:00 Malyorka - Almeriya
19/05 22:00 Granada - Selta
19/05 23:45 Roma - Jenoa
20/05 00:00 Loryan - Klermon
20/05 00:00 Monako - Nant
20/05 00:00 Lill - Nissa
20/05 00:00 Lion - Strasbur
20/05 00:00 Reyms - Renn
20/05 00:00 Lans - Monpelye
20/05 00:00 Tuluza - Brest
20/05 00:00 Gavr - Marsel
20/05 00:00 Mets - PSJ

Ngolo Kante: «Bosib o‘tgan yo‘lim o‘zim uchun ertak kabi emas»

Ngolo Kante: «Bosib o‘tgan yo‘lim o‘zim uchun ertak kabi emas»

Baho:
+ | -

Futbol mezonlariga ko‘ra, pakana hisoblangan  N`Golo Kante (bo‘yi - 169 santimetr) kichik jussasiga mos keladigan laqablarga ega - «taqir yer» va «generator».

Qarang, kamtarligi bilan ajralib turuvchi bu yigit 4 yil ichida Fransiyaning uchinchi divizionidan APL darajasiga ko‘tarildi va tez orada ikki karra chempionga aylandi - avvaliga o‘zi kabi kamtarin «Lester» safida, keyin shohona «Chelsi» bilan.

E’tiborlisi, u shohona ismga ega, bolaligida sayohatga chiqishni xush ko‘rgan va hisobchilik ixtisosi bo‘yicha tahsil olgan. «Chelsi» vakili Fransiyaning L`Equipe haftanomasiga bergan in-tervyusida shu kabi qiziqarli ma’lumotlarni ham taqdim etdi.

SAYOHATCHI VA HISOBCHI BO‘LISHGA MOYILLIK

- To‘g‘risini ayting, bosib o‘tgan yo‘lingiz ertakdek tuyulmayaptimi?

- Yo‘q, aslo. Harqalay, o‘zim uchun ertak emas. Axir yuqoriga ko‘tarilish uchun muayyan darajada harakat qildim, tirishdim. Ha, tan olishim joiz, bir necha yil avval kimdir shunday yorqin voqealar ichiga tushishimni aytganida, uni sof xayolparastga chiqarib qo‘yishim tayin edi. Axir qisqa vaqt ichida quyi diviziondan APL va Fransiya terma jamoasi darajasiga chiqish oson emas - bu ulkan omad va muvaffaqiyat!

- «Er yuzasining 70 foizi suv bilan qoplangan, 30 foizi esa xuddi N~Golo Kantedek taqir yer» yoki «N~Golo Kante elektr quvvati uchun haq to‘lamaydi, uning o‘zi generator» qabilidagi hazillarga munosabatingiz qanday?

- Sira jahlim chiqmaydi, hazilni to‘g‘ri qabul qilish xislatidan bebahra qolmaganman. Deylik, o‘tgan yili «Chelsi»da Jon Terri va Tibo Kurtua menga aslo tinchlik berishmadi, ammo hazil qilaverib, o‘zlari charchashdi, shekilli.

- Ha, bunday hazillar hayratomuz jismoniy qudratingizga nishona. Maktabda ham barcha sport musobaqalarida g‘olib chiqqan bo‘lsangiz kerak...

- Yo‘q. Masalan, yugurish bo‘yicha eng yuqori natijam - 3-o‘rin. Eh, shunga ham qancha quvonganimni ko‘rsangiz edi (kuladi). To‘g‘ri, qandaydir qobiliyatim borligini bilardim, muvaffaqiyatlar esa asosan ichki tabiatimga bog‘liq. Misol uchun, maydonda hech qachon kuchimni tejashga urinmayman, doimo borini sarf­layman. Maktabda ham, ko‘cha futbolida ham shunday edi, hozir ham o‘zgarmaganman.

- Qiziq, bolalik yillari nimani orzu qilgansiz?

- Sayohatchi bo‘lishni xohlagandim. Geog­rafiya faniga o‘zgacha mehr bilan qarardim. Deylik, boshqa qit’alarda nimalar ro‘y berayotgani haqida o‘qish maroqli edi. Ammo darslarni o‘zlashtirish bobida rosa qiynalganman, chunki ko‘proq futbol haqida o‘ylardim. Liseydagi tahsildan so‘ng hisobchilik ixtisosi bo‘yicha o‘qidim, negaligini o‘zim ham bilmayman. Lekin futbolga muhabbat ustunlik qilib, tez orada o‘qishdan voz kechganman.

- Aytishlaricha, regbichi bo‘lishingizga sal qolgan ekan...

- To‘g‘ri, maktabning basketbol va regbi jamoalarida o‘ynaganman. Ayniqsa, regbida hech kimga yon bermasdim, zarbayu, yiqilishlarga parvo qilmasdim. Xullas, bir kuni regbi seksiyasiga taklif etishdi, biroq o‘sha payt «Syuren» bolalar maktabi a’zosi edim.

OLTINCHI DIVIZION SABOG‘I

- Siz uchun professional futbol yo‘li «uzoq va mashaqqatli» bo‘lganini tasdiqlaysizmi?

- Futbol maktabida osongina cho‘qqiga chiqdim. Bungacha futbolga shunchaki, zavq olish manbaidek qarardim. Keyin murabbiylar meni noyob iqtidor sohibi sifatida tan olishgach, turli akademiyalar ko‘riklarida qatnashishimga to‘g‘ri keldi.

Garchi «Renn», «Sosho» va «Amyen» kabi klublar sinovida risoladgidek ko‘rinsamda, birov jiddiy qiziqmadi. Shundan so‘ng hali ancha ter to‘kishim zarurligi, mendan-da iqtidorliroq bolalar ko‘pligini tushundim.

- 2012 yili «Bulon syur Mer» klubi safida professional futbolga qadam tashladingiz. Keyin navbati bilan uchinchi, ikkinchi va oliy ligaga yengilgina moslashdingiz. Aytingchi, hozir siz uchun deylik, «Manchester Siti» bilan o‘yin va vaqtida uchinchi divizion vakili - «Burg-Peronnas»ga qarshi kechgan uchrashuv o‘rtasida farq bormi?

- Bir narsa aniq, «Burg-Peron-nas»ni yengish oson emasdi, xuddi hozir «Siti»dan ustun kelish qiyin bo‘lgani kabi. Muhimi, mahoratimni tinmay oshirib, divizionlar bo‘ylab yuqoriga intildim.

- Har holda, qaysidir bosqich nisbatan og‘irroq kechgandir...

- 2010 yili «Bulon» yoshlar jamoasi tarkibida oltinchi divizionda to‘p surganman va rosa qiynalganim esimda. Chunki tezkor futbolga ilk marta duch kelgandim. Hammasini juda tez bajarish talab etilardi. Aksiga olib, jamoa tarkibiga qo‘shilgan payt jarohatdan to‘liq forig‘ bo‘lmagandim. Xullas, qaysidir pallada hattoki, ikkilandim: «Yo‘q, bu darajada o‘ynashga qodir emasman». Xayriyatki, o‘sha murakkab davrni ham yengib o‘tdim va bu katta saboqdir.

- Xo‘sh, yangi sharoitga aynan nimaning evaziga moslashib oldingiz?

- O‘sha vaqtdagi murabbiy va jamoadoshlarimga rahmat. Xususan, ustozim Kristof Raymon har kuni bir gapni uqtirishdan charchamasdi: «Shug‘ullan, shug‘ullan». Ertalab maktabga, kechqurun mashg‘ulotga. Futboldan boshqasiga vaqt qolmasdi. Orada boshqalar mashg‘ulotini ham kuzatib, nimanidir o‘zlashtirishga urinardim. Xullas, tinim bilmay ishladim. Hozir ham shunday. Mana, «Chelsi»da ajo­yib jamoadoshlar qurshovidaman: Fabregas kabi ulkan tajriba sohiblaridan ko‘p narsa o‘rganish mumkin.

- Siz kabi tayanch yarim himoyasida to‘p surishgan buyuk futbolchilardan nimalarni o‘rgandingiz? Hozirda sizni ko‘proq Tigana va Makelelega qiyoslashadi...

- O‘smirlik chog‘i internet orqali Maradona, Ronaldo va Ronaldinyo harakatlari aks ettirilgan roliklarni tomosha qilardim, garchi ular tayanch hududida o‘ynashmasada. Jan Tigana ijrosidagi o‘yinlar videoyozuvini ham ko‘rganman, albatta. Lekin baho berishga yoshlik qilardim. Makeleleni esa termadagi o‘yinlari orqali yaxshi bilaman. Ammo hech qachon kimgadir kumir sifatida qaramaganman.

O‘ZGARISHGA MOYILLIK

- Jamoaviy o‘yinchi sifatida har doim umummanfaatni ustun qo‘yasiz. Biroq ba’zan fidoyilikni biroz oshirib yubormayapsizmi?

- Men uchun asosiysi - jamoadoshlarimning mashg‘ulotlarda ko‘rib chiqilgan kombinasiyalarni oson amalga oshirishlari. Hujum va himoya chizig‘ini bog‘lovchi hudud o‘yinchisiman va vazifamni sifatli bajarishga intilaman. Demoqchimanki, hech kim o‘zini qurbon qilayotgani yo‘q.

- Konte hujum chizig‘iga yaqinroq hududda to‘p surishingiz tarafdori ekanligini aytgandi...

- Muhimi - taraqqiyotdan to‘xtab qolmaslik. O‘tgan mavsumdan ko‘nglim to‘ldi, yangisida yanada yaxshiroq natijalarga erishish ilinjidaman. Buning uchun gol va samarali uzatmalar sonini ko‘paytirishim talab etiladi.

- Sizni avvalgi mavsum APLning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etishdi.

- Bu maqom APLdagi ikki yillik mehnatlarim samarasi, menimcha. Dastlab bitta jamoada chempion bo‘ldim, keyin ikkinchisi safiga qo‘shilib, bo‘ynimga yana oltin medal taqdim. Aslida shunchaki, o‘z o‘yinimni namoyish etishga intildim. Aytishim kerak, jamoadoshlarim yordamisiz bunday natijalarga erisholmasdim.

- Ajoyib parvoz, shon-shuhrat. Ko‘rinishidan, barchasini xotirjam qabul qilyapsiz...

- Sir emas, har qanday faoliyat faqat ko‘tarilishlar emas, balki omadsizliklardan ham iborat. Hayotning o‘zi hammasiga nisbatan xotirjam qarashga undaydi. Ha, g‘oliblik shukuhi unutilmas lahzalarni hadya etadi. Ammo ertaga barchasi mutlaqo teskari tus olishi mumkinligini unutmaslik kerak.

- Otangiz bolaligingizdayoq olamdan o‘tgan ekan. Bu judolik tabiatingizga ta’sir qilganmi?

- Ha, albatta. Birinchi navbatda, irodamni yanada kuchaytirgan. Taqdir oldida hammamiz ojizmiz. Fakt shuki, bunday ayriliq yoki omadsizliklar bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Buni tushunib, qiyinchiliklarga tik boqqancha olg‘a intilsangiz, bas.

- Shon-shuhrat insonni ma’lum darajada o‘zgartiradi, baribir. Bunga o‘z misolingizda amin bo‘l-yapsizmi?

- Futbolchilar - turfa olam, kimdir kamtarin, boshqasi biroz xudbinroq, yana biri janjalkashroq... O‘zimga kelsak, tabiatan «yopiq»man va ko‘zga tashlanishni uncha xush ko‘rmayman. Ammo tan olishim kerak, oxirgi vaqtlarda oz-moz o‘zgaryapman, baribir. Misol uchun, endilikda matbuot va muxlislar bilan ko‘proq muloqotga kirishyapman.

- Hattoki, bod xastaligiga chalinganlarga ko‘mak beruvchi jamiyat faollaridan biriga aylandingiz.

- Fransiyaning har 5 nafar fuqarosidan biri ushbu xastalikdan jabr chekadi. Bemorlar orasida hattoki, yosh bolalar va sportchilar ham bor. Umid qilamanki, jamiyatimiz ko‘pchilikka madad qo‘lini cho‘zadi.

N~GOLO - QIROL ISMI

- Joriy mavsum siz uchun uzunroq bo‘lishi aniq - ilk marta CHLda qatnashasiz.

- Nufuzli turnir. Unga puxta hozirlik ko‘rishimiz talab etiladi. Hafta davomidagi uchrashuvlar soni ko‘payadi, tiklanish uchun kam vaqt qoladi. Demak, kuchni to‘g‘ri taqsimlash muhim.

- Endi terma jamoadagi faoliyatingiz xususida: qiziq tomoni, oxirgi vaqtlarda sizni goh taklif etishyapti, gohida yo‘q...

- Futbolchining qismati shu. Har qanday vaziyatda murabbiy qarorini hurmat qilish lozim. Axir u doimo jamoa manfaatini o‘ylaydi. Fransiya termasi avvalo, JCH-2018 yo‘llanmasini naqd qilishi kerak. Shundan ke-yin boshqa masalalarni xotirjam hal etish mumkin.

- Endi terma jamoadagi faoliyatingiz xususida: qiziq tomoni, oxirgi vaqtlarda sizni goh taklif etishyapti, gohida yo‘q...

- Futbolchining qismati shu. Har qanday vaziyatda murabbiy qarorini hurmat qilish lozim. Axir u doimo jamoa manfaatini o‘ylaydi. Fransiya termasi avvalo, JCH-2018 yo‘llanmasini naqd qilishi kerak. Shundan keyin boshqa masalalarni xotirjam hal etish mumkin.

- Futboldan tashqari, yana nimalarga qiziqishingiz haqida aytarli ma’lumot yo‘q.

- Umuman olganda,  sport - jonu-dilim. Xususan, tennisga mehrim baland - yirik turnirlarni kuzatish barobarida gohida o‘zim ham o‘ynab turaman. Rojer Federerni buyuk tennischi sifatida hurmat qilaman - dahshatli uzatmalar ustasi. Havaskorlar darajasida ham uningdek zarba berolmayman.

- Ismingiz - N~Golo qanday ma’no beradi?

- Mali qirollaridan birining ismi shunday bo‘lgan. U quyi tabaqa vakillari orasidan hukmdor darajasiga ko‘tarilgan. Aytgancha, Maliga 2 marta borganman, u yerda qarindoshlarimiz bor.

Kante haqida qiziqarli faktlar

*** Bolalarga xos qiyofaga ega N~Golo Kante avvaldan kamtarona kiyinadi. Uni ko‘cha-ko‘yda osongina tanish qiyin. Yorqin misol, futbolchi «Chelsi» safiga o‘tgach, ma’lum vaqtdan keyin sobiq jamoadoshlari bilan ko‘rishish uchun «Lester» bazasiga boradi. Baza xodimi darvoza oldida «er chizib» turgan Kantedan so‘raydi: «O‘g‘lim kimni kutyapsan? Onang ichkaridami?» Ha, bunga ishonish juda qiyin.

*** Kanteprofessional futboldagi debyutini 2012 yilning may oyida nishonlagan. O‘sha vaqt «Bulon»ning uchinchi divizionga tushib ketishi oydinlashib ulgurgandi. Xullas, jamoa murabbiylari «Monako»ga qarshi uchrashuv tugashiga 11 daqiqa qolganida, N~Goloni maydonga tushirishadi. Ilk o‘yinda futbolchi uchun ham, jamoa uchun ham aytarli esda qoladigan voqea kuzatilmaydi - «Bulon» tezkor gol urgan bo‘lsada, yakunda yutqazadi. Faqat shunisi borki, o‘shanda «Monako»ga g‘alaba keltirgan golni ...darvozabon Daniel Subashich o‘z nomiga yozib qo‘ygandi. Ya’ni u jarima zarbasini mukammal darajada ijro etgan.

*** Syuren - Parijdan atigi 9 kilometr uzoqlikdagi shaharcha. 10 yoshli Kante futbolchilik faoliyatini poytaxtga eng yaqin ushbu shaharcha jamoasida boshlagan. «Syuren» 80 yillik tarix va o‘z an’analariga ega klub, ammo 9-diviziondan yuqoriga ko‘tarilgan emas. Ayni payt havaskorlar maqomidagi klubning kiyinish xonasi devorlari gazetalarda chiqqan Kante suratlariyu, u haqdagi maqolalar bilan to‘la. Aytgancha, futbolchining avvaliga «Kan», keyin «Lester»ga o‘tishidan «mitti» «Syuren» tegishlicha 8 ming va 240 ming yevro olgan. Jamoa rahbariyati shuncha mablag‘ni sarflashdan oldin alohida yig‘ilish o‘tkazgan va unda klub uchun 2ta mikroavtobus sotib olish va murabbiylar shtabiga professional mutaxassislarni jalb etishga qaror qilingan.

*** Jeymi Vardi o‘z kitobida Kantening pulga munosabatini yaqqol ifoda qiluvchi bitta voqea haqida ham yozgan: «N~Golo bir safar mashg‘ulotga kechikdi va ichki tartib-qoidalarga ko‘ra, 100 funt miqdorida jarima to‘lashi lozim edi. U o‘sha vaqt inglizchada aytarli hech narsani tushunmasdi va «Lester» tomonidan tashkillashtirilgan kurslarga qatnardi. Xullas, futbolchi darsda bo‘lganini tushuntirishga urindi, jarimadan qutulish uchun uzoq bahslashdi. Kante keyin ajoyib yurishni amalga oshirdi: «Aytingchi, Afrikada odamlar ochlikdan qiynalayotgan bir paytda nega endi bekordan-bekorga 100 funtni bu yerda qoldirishim kerak?» Qisqasi, u belgilangan jarimani xayriya jamg‘armasiga o‘tkazishni taklif qilgandi».

*** Kante Angliya futboliga qadam qo‘ygach, ilk  kunlarda mashg‘ulotlarga yayov qatnay boshlagan va avtomobilga ehtiyoji yo‘qligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Jeymi Vardi premyer-liga vakiliga bunday yo‘l tutish yarashmasligini tushuntiradi. Natijada futbolchi chor-nochor Mini markali «toychoq» sotib oladi. «Kan»da esa barcha futbolchilar sport mashinalaridan foydalanishardi, N~Golo esa oddiy skuterdan. Uning avtomobillarga munosabati majburiy holda o‘zgardi. Ya’ni onasi tuzukroq mashina xarid qilishini qistayvergach, Renaultni tanladi.

*** Kantening onasi farrosh bo‘lib ishlab, 9 nafar farzandni tarbiyalagan. Otasi vafot etgan vaqt N~Golo atigi 11 yoshda edi. Xullas, mehnatsevarlik unga aynan onasidan o‘tgan. Kantening sobiq jamoadoshlaridan biri shunday degandi: «N~Gole rasmiy o‘yinda to‘liq vaqt to‘p surib, go‘yoki, bor kuchini sarflardi va uyiga qaytishda marafon olardi va keyin kamiga ko‘chada do‘stlari bilan ham o‘ynardi».

Vardining hikoyasi bu fikrni to‘liq tasdiqlaydi: «Alohida mashg‘ulotimizda 11 kishi aylana hosil qilib, o‘rtadagi ikki futbolchiga to‘p oldirmaslikka urinardi. Kante nuqul to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘yib, o‘rtada «kuchukcha» bo‘lardi. Keyin bilsam, u to‘pni ataylab oldirar ekan. Chunki o‘rtada tinmay yugurishdan shunchaki, zavqlangan...».

*** Professionallik va mas’uliyat - bular Kantening hayotiy aqidalari. N~Golo bilan «Syuren»da tanishgan futbolchilardan biri yaqinda 2 haftacha uning mehmoni bo‘ldi va xayrlashish chog‘i tarz «yorildi»: «Kantening hayot tarzi dahshat: hech qayerda bunchalik zerikmagandim. Qarang, yulduz yarim himoyachi faqat ikki narsani bilar ekan: mashg‘ulot va uxlashni. Hech qanday ko‘ngilxushlik yoki tungi klublarga borish yo‘q...».

*** Kante Fransiya milliy jamoasi tarkibida ilk marta 2016 yilning  29 marti, ya’ni o‘zining tug‘ilgan kuni maydonga tushdi. Munosib sovg‘a: fransuzlar Rossiya termasini 4:2 hisobida yengishdi va N~Golo hattoki, gol ham urdi. Qizig‘i, yarim himoyachi avvaliga ajdodlari yurti - Mali uchun o‘ynash haqida o‘ylagan. Faqat «Lester» futbolchilari Fransiya termasi taklifidan yuz o‘girish ahmoqlik ekanligini tushuntirishgach, fikrini o‘zgartirib, fransuzlarga ijobiy javob bergan.

*** N~Golo Kanteni «Lester»ga skaut Stiv Uelsh tavsiya etgan. Biroq Klaudio Ranyeri futbolchining premyer-ligada o‘ynab ketishiga shubha bilan qaragan. Riyod Mahrez va Jeymi Vardi kabi yigitlarni quyi divizionlardan APLga olib chiqib, Angliya futbolini yangi yulduzlar bilan boyitgan skaut esa qat’iy turib, klubni shartnoma tuzishga ko‘ndirgan, baribir. Xullas, italyan mutaxassisi Kanteni 2tagina mashg‘ulotda ko‘rgach, Uelsh oldiga borib, ochiqchasiga tan olgan ekan: «Endi hech qachon menga quloq solma. Gohida nima deyayotganimni o‘zim ham bilmay qolaman».

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:50, 14.09.2017.
O'qildi: 4916 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.