Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Sportchilarimiz Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli start oldi

Sportchilarimiz Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli start oldi

Baho:
+ | -

Turkmaniston poytaxtida Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarining dastlabki chempionlari aniqlandi. Musobaqalar mezbonlarning milliy sport turi - turkman milliy kurashi bilan boshlanganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Shuningdek, jiu jitsu va futzal bo‘yicha bahslarga start berildi.

Turkman milliy kurashi bo‘yicha bellashuvlar ayniqsa katta e’tibor qozondi. Shanba kuni polvonlar ushbu sport turining erkin uslubida bahs olib borishdi. Aksariyat vazn toifalarida mezbonlar zafar quchgani bejiz emas. Lekin -75 va -90 kg vazn toifalarida oltin medallar o‘zbek polvonlariga nasib etdi.

Ilhomjon Mashrabov yarim finalda mezbonlar vakili Daryo Abdiyevni dog‘da qoldirdi. So‘ngra turkman polvonlaridan yana biri Orazmammed Velmammedovni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. 23 yoshli polvonimiz O‘zbekiston terma jamoasiga Ashxoboddagi o‘yinlardagi dastlabki oltin medalni keltirdi.

Obidali Mavlonov chorakfinalda afg‘onistonlik Bashir Ahmad Muhammadi ustidan g‘alaba qozongach, chempionlik yo‘lida ikki mezbonning qarshiligini sindirishga muvaffaq bo‘ldi. Arslon Ibragimquliyev va Ovezgeldi Berdiyev o‘zbek polvoni bilan bellashuvlarda ojiz qolishdi. Oltin medal uchun bahs chog‘ida Obidali qo‘llagan usulga nafaqat raqibi, balki uning ustozi va minglab muxlislar ham tasanno aytishgani e’tiborga loyiq.

-100 kg vazn toifasida Islomjon Qo‘ldoshev chorakfinalda mo‘g‘ulistonlik Batbold Botirni yengdi. Lekin final yo‘llanmasi uchun kurashda turkman raqibi Seydi Botirovga yutqazib qo‘ydi va bronza medali bilan taqdirlandi.

-62 kg vazn toifasida Fayzulla Ummatov chorakfinalda eronlik Nosir G‘orbanpurdan ustun keldi. Yarim finalda turkmanistonlik Navro‘z Eyebberdiyevga imkoniyatni boy berib, uchinchi o‘rin sohibiga aylandi. Xuddi shu vaznda Abdurasul Habibullayev tojikistonlik Ibodullo Aliberdizoda bilan chorak finaldagi bellashuvda zafar quchdi. Ammo final yo‘llanmasi uchun bahsda afg‘onistonlik Ahmad Amiriga yutqazib qo‘ydi va jamoadoshi Fayzulla Ummatov bilan birga bronza sovrindoriga aylandi.

-68 kg vazn toifasida Shahobiddin Sangilov chorakfinalda tojikistonlik Musurmonqul Mustafoqulovni dog‘da qoldirdi. Keyin esa turkman polvoni Toylimurot Durdimurodovga yutqazib qo‘yib, bronza medali bilan qanoatlanishga majbur bo‘ldi. -82 kg vazn toifasida Eldor Ne’matov afg‘onistonlik Hikmatulloh Fanusni yengib yarim finalga chiqdi. Ammo turkman raqibi Begmurot Boydurdiyev final eshigini yopib qo‘ydi. Natijada Eldor shohsupaning 3-pog‘onasiga ko‘tarildi.

Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlar ham o‘ta murosasiz kechdi. -52 kg vazn toifasida Shahzoda Ergasheva chorakfinalda eronlik Leyla Siyohvashini yengdi, keyin musobaqa mezboni Gulfiya Jumayevadan ustun keldi. Finalda Ergasheva turkmanistonlik boshqa sportchi Lochin Badagliyevaga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi. Kelgusi haftada 19 yoshga to‘ladigan Shahzodaning yorqin g‘alabalari oldinda ekaniga ishonamiz.

Shu vazn toifasida Manzuraoy Mo‘ydinova pokistonlik Maryamni ortiqcha qiyinchiliksiz mag‘lubiyatga uchratdi. Biroq yarimfinalda 17 yoshli Mo‘ydinova bo‘lg‘usi chempionga yutqazib qo‘ydi. Manzuraoy uchun bronza medali keltirgan ushbu turnir o‘ziga xos maktab bo‘ladi va orttirilgan tajriba kelgusida asqotadi degan umiddamiz.

-58 kg vazn toifasida Gulhumoroy Dadaboyeva eronlik Zahro Mahmudiy va mo‘g‘ulistonlik Lxagvakxu Ochirpurevni yengib, finalga chiqdi. Ammo oltin medal uchun bellashuvda turkmanistonlik Zuhra Madraimova kuchlilik qildi. - 68 kg vazn toifasida mutaxassislarimiz tajribali Gulmira Ismatovadan g‘alaba kutishgan edi. Pokistonlik Benish Xon va turkman raqibasi Ra’no Uzoqova bilan uchrashuvlarda yaqqol ustunlikka ega bo‘lgan Gulmira finalda mezbonlar vakilasi Nasiba Surkiyevadan yengildi va delegasiyamiz hisobiga navbatdagi kumush medalni keltirdi.

-63 kg vazn toifasida Dilafro‘z Mamajonova besh marta gilamga chiqdi. Jamoadoshi Havasxon Jo‘raqo‘ziyeva va eronlik Leyla Salarvand ustidan qozongan g‘alabalari muxlislarda katta taassurot qoldirdi. Lekin 17 yoshli Dilafro‘z hozircha bronza medali bilan taqdirlandi, xolos. Turkman milliy kurashining erkin usuli bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda o‘zbekistonlik sportchilar 2 ta oltin, 3 ta kumush va 7ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Jiu jitsu turnirining dastlabki kuni O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan ikkitasi o‘z omadini sinab ko‘rdi. -77 kg vazn toifasida Suhrob Usmonov yarim finalga qadar yetib bordi. Biroq shu joyda to‘xtashga majbur bo‘ldi. Turkman raqibi Begenchmurot Kakabayev bilan jangda eski jarohati pand bergan Suhrob bronza medali sohibiga aylandi.

Shuningdek, futzal bo‘yicha terma jamoamiz Yaponiya jamoasi bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazdi. Qiziqarli bahs 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Umuman olganda, V yopiq inshootlarda va jang san’ati bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining birinchi kunida mezbon Turkmaniston sportchilari ko‘plab g‘alabalari bilan muxlislarini quvontirishdi. 16 oltin, 14 kumush va 7 bronza medali qo‘lga kiritildi.

Mehmonlar orasida peshqadam O‘zbekiston delegasiyasi – hamyurtlarimiz hisobida 2 ta oltin, 3 ta kumush va 8ta bronza medali bor. Kuchli uchlikdan Tailand delegasiyasi ham joy olib turibdi (2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali). Pokiston, Mo‘g‘uliston va Afg‘oniston vakillari bittadan oltin medalga sazovor bo‘lishdi. Tojikistonliklar hisobida 6 ta (barchasi bronza), Eron va Qozog‘iston termalarida 3tadan (barchasi bronza) medallar bor.

Eslatib o‘tamiz, bugun soat 20:17 da Ashxoboddagi Olimpiya stadionida musobaqaning tantanali ochilish marosimi boshlanadi. Ertadan esa asosiy bellashuvlar start oladi.

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 13:00, 17.09.2017.
O'qildi: 6971 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.