Moskvaning «Dinamo» klubida faoliyat olib borayotgan Pavel Pogrebnyak uzoq tanaffusdan so‘ng maydonga tushdi. U Rossiya termasi bilan bo‘lgan o‘yinning ikkinchi bo‘limida harakat qildi.
Milliy jamoaning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bahsdan so‘ng Pogrebnyak Championat.som saytiga intervyu berdi.
— Terma jamoa «Dinamo»ga qarshi o‘ynashini bilganingizdan so‘ng nima haqida o‘yladingiz?
— Ajablanmadim, xotirjam qabul qildim. Kuchsiz bo‘lsa ham terma jamoaga qarshi o‘ynash qiziqarli. Birinchi o‘rinda o‘zimga e’tibor berdim. Axir bir yarim yildan buyon maydonga tushmasdim. Katta o‘yinlarga tayyorligimni bilish qiziq edi.
— Siz kutgandek bo‘ldimi?
— Bu men uchun juda foydali uchrashuv bo‘ldi. Murabbiyning o‘yin amaliyotini taqdim etganidan quvondim. Umuman olganda, jismoniy holatim hali yuqori darajaga chiqmagan. Terma jamoamiz haqqoniy ravishda g‘alaba qozondi.
— O‘ynashda davom etasizmi?
— Faoliyatimni to‘xtatmoqchi emasman. Bir umr kurashdim va yana mehnat qilishda davom etaman.
— Rossiya terma jamoasida kimga e’tibor berdingiz?
— Zabolotniy yaxshi o‘ynadi. Hamma vaqt e’tiborini raqib darvozasi tomon qaratdi. Yakunda esa gol urdi. Yuqoridagi kurashlarning deyarli barchasida g‘alaba qozondi. Shuningdek, Miranchuk va Tarasovlar ham iliq taassurot qoldirishdi.
— Panchenko terma jamoa ixtiyoriga ketayotganda nimalar dedingiz?
— Hech nima. Buning hojati ham yo‘q edi. Kirill uchun imkoniyat tug‘ildi va uning o‘zi hammasini yaxshi tushunib turibdi. Intervyusida «Gol ursam xursand bo‘laman», deb to‘g‘ri aytdi.
— Fanatlar Panchenkodan Lunyov darvozasiga gol urishini so‘rashdi...
— O‘ylaymanki, Kirill «Dinamo» darvozasini ishg‘ol qilganidan keyin ham muxlislar xursand bo‘lishdi. Ular Panchenkoni yaxshi ko‘rishadi, u esa yetakchi ekanligini shu o‘yini bilan isbotladi.
— Tarasovning terma jamoa sardori bo‘lganiga munosabatingiz qanday?
— Menimcha, to‘g‘ri qaror. Yana kim bor? Miranchuk? Unga hali erta.
— Milliy jamoaga qarshi o‘yinda avvalgi damlarni qo‘msadingizmi?
— Meni yana termaga chaqirishlari uchun ko‘p mehnat qilishimga to‘g‘ri keladi. Hozircha bu aktual savol emas. Lekin futbol o‘ynarkanman, milliy jamoadan chaqiruv olishga harakat qilaveraman.
A.ESHONXONOV tayyorladi