Ispaniyaning «Barselona» klubi prezidenti Jozep Bartomeu Neymarning jamoani tark etishi, yozgi transferlar, yangi loyiha va ertangi rejalar haqidagi ko‘pgina savollarga batafsil javob qaytardi.
- O‘zingizni Neymar tomonidan aldangandek his qilmayapsizmi?
- Uzoq vaqt boshimizni aylantirishdi. Ular yakuniy qarorlarini ertaroq bildirishlarini xohlagandim. Bu bizga bozor sharoitida munosib zaxira yaratish imkonini berardi. O‘zini bunday tutish mas’uliyatsizlikdir.
- Vaziyat shunchalik yomonmidi?
- «Barsa» azaldan ketishni ixtiyor etgan o‘yinchilarni (Sesk, Pedro, Aleksis...) uzoq vaqt ushlab turmaydi. Neymar bilan ham xuddi shunday bo‘ldi va oqibatda Dembeleni qulay narxda sotib oldik.
- Neymarning qolishini ma’qullarmidingiz?
- Albatta, jamoangda yuksak iste’dod sohibining bo‘lgani afzal. Ammo bu «Barsa»ga jamoaviy o‘yin ko‘rsatish uchun yaratilgan imkon hamdir. Biz Luis Enrike loyihasini yakunlab, Valverde bilan yangisini boshladik. U murabbiy bo‘libgina qolmay, «Barsa» modeliga va La Masiya o‘yinchilariga ishonadi.
- Neymarning ketishi yana qanday imkoniyatlar eshigini ochadi?
- «Uchlik» hukmronligidan qutulishga imkon yaratadi. Hammasi a’lo darajada davom etayotgandi, ammo negativ holatlar ham yo‘q emasdi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, bu o‘zgarishlar jamoaviy o‘yinga, eng avvalo, azaldan «Barsa» uchun an’anaviy bo‘lgan maydon markazidagi uyush-qoqligimizning kuchayishiga xizmat qiladi.
- Ya’ni, aytmoqchisizki, Neymarning borligi bunga to‘sqinlik qilgan?
- Yo‘q, albatta. Ammo uning ketishi «uchlik»ka tayanmagan uslubning kuchayishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, biz katta mablag‘ egasiga aylandik va 105 millionini sarflashga ham ulgurdik. Qolgan qismini esa, futbolga, uning infratuzilmasini yanada rivojlantirishga yo‘naltirishimiz mumkin. Hozirdanoq ushbu maqsadni qanday amalga oshirishni bilamiz. Bu yangi murabbiy va yangi loyihaga berilgan imkondir. Tashqaridan qaraganda, Neymarning ketishi jamoani kuchsizlantirganga o‘xshaydi. Aslida esa, biz bu o‘zgarishdan jamoani kuchaytirish yo‘lida foydalanishimiz lozim.
- Ayrim futbolchi (Pikening ta’kidlashicha, Messining to‘yida) va jurnalistlar Neymarda ketish istagi borligini klubdan avvalroq bilishgani xususida nima deya olasiz?
- Mish-mishlar turne boshlanishida paydo bo‘lgandi va barchaga bir paytda yetib bordi.
- Mingelyaning aytishicha, u may oyidayoq Neymarning ketish ehtimoli haqida ogohlantirgan ekan.
- Menga bu haqda churq etmagan, boshqalarga aytganidan ham bexabarman. Mingelyani juda hurmat qilaman va u bilan so‘nggi bor yanvarda hamsuhbat bo‘lgandim. Klub Neymarning ketish ehtimoli to‘g‘risida turne davomida xabar topdi va darhol harakatga tushdi. Murabbiylar shtabi tomonidan tanlangan zaxira - Dembele bo‘ldi. Keyin transfer cho‘zilib ketdi. Agar Neymarning otasi o‘g‘lining ketmoqchi ekanligini ertaroq aytganida, uning bahosi ham butunlay boshqacha bo‘lardi.
- Klub va o‘yinchilar o‘rtasida muloqot o‘tkaziladimi?
- Ha, muntazam ravishda suhbatlar tashkil etiladi.
- Neymarning ketishi qachon aniq bo‘lib qoldi?
- Mayamida hammasi oydinlashgandi. Tan olamiz, biz uzoq paytgacha ota va o‘g‘ilning shubhalariga ishongandik.
- Qachon u bilan oxirgi marta gaplashgandingiz?
- Mayamiga uchayotgan samolyotdaligimizda.
- Bu Neymarni qolishga undovchi navbatdagi urinishmidi?
- Unga shunday dedim: «Nima qilmoqchi ekanligingni ayt. Axir biz ham qanday chora ko‘rish lozimligini bilishimiz kerak-ku».
- Sizningcha, Neymar nega ketdi?
- Bilmayman. Buni undan so‘rasangiz to‘g‘ri bo‘lardi. Bizga sababini aytmadi. Balki pul uchundir? Sport loyihasi yetakchisiga aylanmoqchidir? U dunyoning eng yaxshi klubida to‘p surardi, atrofida sayyoramizning sara futbolchilari jamlanishgandi va ular orasida Messi bor edi. Ammo Neymarni bu qadamni qo‘yishga undagan sabablarni bilmayman.
- «Neymar ishi»dan qanday dars oldingiz?
- Tovon puli miqdorini oshirish lozim.
- Dembeleda bu «bor-yo‘g‘i» 400 mln. ekani shunga isbotmi?
- Tushuntirishga urinaman. Faoliyatimizga ta’sir o‘tkazayotgan bozordagi pullar futbol emas, balki boshqa usullar bilan topilgan. Bizning qarorimiz: futbol akademiyasi va aktivlarini kuchaytirish; «feyr-pley»ga amal qilinishi va transferlarga limit qo‘yilishini ta’minlash uchun FIFA, UYEFA va ECA (Evropa Klublari Assosiasiyasi) bilan aloqalarni yanada mustahkamlash.
- Transferlarga limit deysizmi?
- Millionlar o‘yiniga futbolga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan sohalar orqali topilgan pullarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
- Qatarni nazarda tutyapsizmi?
- Birlashgan Arab Amirliklarini ham. Bu davlatlar ikki klub egasi hamdir. Agar «Barsa» o‘yinchisini «Bavariya», «Manchester Yunayted», «Real Madrid» yoki «Arsenal» sotib olayotgan bo‘lsa, bu pullar futbol orqasidan topilganligini bilasiz. Ammo arablarga tegishli klublarda bunday emas.
- «Barsa» liboslaridagi reklamalar uchun ajratilgan pullar-chi? Avvalroq ushbu masalada indamasdingiz...
- Bu bozor narxidagi homiylik edi. Masalan, ikki yil avval UYEFA Qatar turizm asssosiasiyasiga tegishli 200 mln. yevroning «PSJ» hisobiga o‘tkazilishini cheklab qo‘ygandi. Barchamizning imkoniyatimiz bir xil bo‘lishi lozim.
- O‘tgan yiliyoq «Barsa» Dembelega qiziqqanday bo‘lgandi, ammo alal-oqibat u «Borussiya»ga o‘tib ketdi. Axir Usmon Kataloniya grandiga yoqqandi-ku?
- Dembele kelishni xohlamadi, chunki MSN triosi bilan raqobat qilishiga to‘g‘ri kelardi.
- Sizningcha, Neymar va «PSJ»ga qarshi norozilik bildirish hamda transfer oynasi nihoyasida fransuzlardan Di Mariyani xarid qilish fikri bir-biriga zid emasmi? Axir shu tariqa parijliklarda siz tilga olgan moliyaviy «feyr-pley»ga amal qilish imkoniyati tug‘ilardi...
- Unday emas, «Barsa»ning taklifi «feyr-pley»ga amal qilish uchun kamlik qilardi.
- Va siz bu haqda bilardingiz?
- Albatta. Biz uning uchun qancha to‘lashganini, shartnomasi bo‘yicha qancha qolganini bilardik, amortizasiyani ham hisobga olgandik. «Barsa» shunga ko‘ra taklif tayyorlagandi.
- «PSJ» uzoq yillardan buyon shunchaki «o‘yin» qilayotganini ko‘ra-bila turib, yana ulardan futbolchi sotib olishga urinish g‘alati emasmi? Axir Verratti, Di Mariya, Silva, Markinyos, David Luisga taklif bilash chiqish chog‘ida shunday holat takrorlangandi?
- Hamma klubning o‘z siyosati bor. Bizning murabbiylar shtabimiz ma’lum bir o‘yinchini so‘raydi, biz so‘rov o‘tkazamiz, kelishib olishga intilamiz. Xarid qilish imkoni bo‘lmasa, boshqa futbolchi uchun harakat boshlaymiz.
- Shuncha vaqt yo‘qotish evazigami?
- Oxir-oqibat maqsadimizga erishdik-ku: jismoniy holati kuchli bo‘lgan himoyachi va yarim himoyachi o‘tgan yilgi holatimizni ancha yaxshilashi aniq. Biz sotuvdan emas, xariddan mamnunmiz.
- «Aytishim mumkinki, bizda ishlar unchalik ham yomon emas» (Joan Laportaning 2008 yilda bo‘lib o‘tgan fan-klublar s’ezdidagi mashhur iborasini keltiryapti. O‘shanda katta qi-yinchiliklarga uchragan Raykaard jamoasiga barham berilgandi).
- Biz Luis Enrikening 3 yillik muvaffaqiyatli mavsumini yakunladik. Endi esa, Valverde mavsumi boshlanmoqda. Ular mutlaqo boshqa-boshqa murabbiylardir. Ernesto o‘yinchilarni muntazam kuzatuv ostiga olgan.
- Masalan...
- Marlonni ijaraga berishni aynan u so‘radi. Buni ushbu futbolchini yoqtirmagani uchun emas, aksincha, iqtidorini sezgani uchun amalga oshirdi. U Marlonning o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini va kelgusida jamoaga qaytishini xohladi.
Deulofeuning kelishi, qolaversa, Ortolning 3-darvozabon o‘rnida o‘ynashidan ko‘zlangan maqsad ham shundan iborat. Alenya yaqinda shartnomasini yangilaydi, bu esa jamoa kelajagi uchun xizmat qiladi.
- Paulinyoning safga qo‘shilishi va Samperning qo‘yib yuborilishi - klubdagi modelga zid emasmi?
- Samper bilan xuddi Marlondagidek holat kuzatildi. Murabbiyning fikricha, u «Barselona»da kam o‘ynaydi, boshqa yerda esa ko‘proq. Murabbiy futbolchi ko‘proq maydonga tushishidan manfaatdor. Boisi, uning xizmatidan kelajakda foydalanish tarafdori.
Samper mavsumoldi tayyorgarligini yaxshi o‘tkazdi, ammo uning asosiy o‘yinlarda maydonga tushish ehtimoli juda past, o‘ynashi esa shart. U biz tanlagan yo‘ldagi yagona futbolchi emas. Rafinya, Denis Suares, Deulofeu bu yo‘lni bosib o‘tishga ulgurishgan.
- Ya’ni, maqsad shunday: qaytish uchun ket...
- Hozir maqsad quyidagicha: yaxshi mavsumlarni o‘tkaz, biz esa senga joy hozirlaymiz. Avlodlar almashinuvi, futbolchilarning yoshi, shartnoma bo‘yicha kimlar bilan xayrlashishimizdan kelib chiqib ayrimlarni ortga qaytaramiz. Bu quruq gap emas, rejalashtirilgan ish.
- Koutinyo kelmaganidan ko‘ngil to‘lmay qolmadimi?
- Balki, shtatni berkitish uchun yana bir o‘yinchi olishimiz lozim bo‘lgandir ham, ammo bunday narx va inflyasiyani ko‘rib, muzokaralarga chek qo‘yishga qaror qildik. Qishki transferlar oynasi ochilishigacha vaqt bor va jamoani kuchaytirish uchun ehtiyoj tug‘ilsa, bu ishni, albatta, amalga oshiramiz.
- Koutinyo yanvarda kelishi mumkinmi?
- Nomlarni aytishni istamayman, hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- «Liverpul» uning uchun chindan ham 200 mln. so‘radimi?
- Ha.
- Seri nega kelmadi?
- Murabbiylarning qarori shunday bo‘ldi. Unga qiziqqanimiz rost, ammo maydondagi o‘rni haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rgach, bu fikrdan qaytdik.
- «Barsa» Mbappeni 120 mln.ga sotib olmoqchi edimi?
- Neymar ketganidan keyin murabbiylar shtabining maqsadi Dembele edi. Mbappe haqida umuman gap bo‘lmagan.
- Hozirgi tarkib o‘tgan yilgisidan kuchsizmi?
- Kuchli! Ham hujum, ham maydon markazida. Raqib qarshi hujumini qaytarishda muammolarimiz bor, Paulinyo bilan kuchayamiz. Oldinda Deulofeu va Dembele hujum kengligini ta’minlashlari kerak.
- Siz jamoa kuchayganini aytyapsiz, ammo jahondagi eng kuchli klublardan biri bugun «Real»dan kuchsizroqday tuyulmayaptimi?
- Bu pessimistik qarash. Keling, pessimizga nuqta qo‘yaylik. Barcha sov-rinlarni yutishga qodir jamoani yig‘dik. Ajoyib o‘yinchilarimiz va o‘tgan yilgidan kuchli jamoamiz bor. Endi Deulofeu, Dembele kabi iqtidorlarning rivojlanishini kuzatishimiz kerak, jamoamiz esa baribir kuchliligicha qolaveradi. Muxlislar bizga ishonishsin. O‘yinchilarimiz avval qanday bo‘lishsa, hozir ham shunday va ulkan potensialga egalar. Bu haqda yuqorida aytgandim.
- Eslatib o‘ting...
- Ernesto Valverdening loyihasi - boshqacha sport loyihasi. Unga ishonch bor, chunki u «Barsa» bilan tanish, tajriba yetarli, kanteraga, modelga ishonadi...
- Aynan pessimizm «Real»ga qarshi kechgan superkubok bahsida mag‘lubiyatga sabab bo‘lgandi...
- Xuddi shunday, madridliklar Ispaniya superkubogini qo‘lga kiritishdi. Biz bu sovrin egasiga aylanmoqchi edik... biroq mag‘lub bo‘ldik. Ammo qo‘rqinchli hech narsa ro‘y bermadi - «Real» «Barsa»dan kuchli emas.
- Sizning ishonchu umidlarga to‘la bu so‘zlaringiz Xavinikidan tubdan farq qiladi. U o‘yinchilar Joan Laporta davridagidan ko‘ra baxtsizroq, degandi.
- Ular hozir ham nisbatan baxtsizroqday tuyulishadi. Futbolchilar yoqtiradigan narsa bu - o‘ynash va g‘alaba qozonish. Zero, «Barselona» libosida maydonga tushishning o‘zi aksariyat futbolchilar uchun ulkan baxt.