Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Ole-Gunnar Sulsher faoliyatidagi eng qadrli onlari, 1:0 hisobini yoqtirmasligi va boshqalar haqida

Ole-Gunnar Sulsher faoliyatidagi eng qadrli onlari, 1:0 hisobini yoqtirmasligi va boshqalar haqida

Baho:
+ | -

«Manchester Yunayted»ning afsonaviy g‘alabasi qahramonlaridan biri, «kulib turuvchi jallod» Ole-Gunnar Sulsher Red News portaliga katta intervyu berdi. E’tiboringizga intervyuning e’tiborga molik qismlarini havola qilamiz. 

— Ishlar qalay, Ole?

— Yomon emas. Yangi mavsumga («Myolde» bilan) tayyorlanyapman. Bu yerda hammasi boshqacha. Misol uchun, maydon — sen hech qachon u qanday holatda bo‘lishini bilmaysan. Aytaylik, bugun isitish moslamasi ishdan chiqibdi, ko‘chada havo minus ikki, natijada, mashg‘ulotni ochiq havoda emas, kichik zalda o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Bunday holat har qaysi kuni bo‘lishi mumkin.  

— Ishga qaytish — to‘g‘ri qilganingni his qilyapsanmi?

Arxiv foto

— Ha. Kundan-kunga o‘sib borayotgan futbolchilar bilan kuningni o‘tkazish zavqli. Ularning har birida ertaga Angliyada yoki Germaniya chempionatiga o‘tib ketish imkoniyati bor, shuning uchun ularning har bir mashg‘ulotga, vazifaga bor kuchini berayotganini ko‘raman. Masalan, Chempionshipni olaylik, u yerda katta pul oladigan va o‘z joyida qolishni istaydigan, yangi sinovlarni istamaydigan futbolchilar ko‘payib ketgan. Bu yerda unday emas.

— Ser Aleks ko‘p aytardi — sen zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, o‘yinni diqqat bilan tomosha qilar ekansan. Rostmi shu? Maydonda bo‘layotgan voqealarni yaxshi his qila olarmiding?

Arxiv foto

— Menimcha, ha. Avvalambor, bu o‘yinga qay darajada aloqador ekanimni anglay olardim. Balki shu tufaylimi, o‘sha yerda o‘tirganimda, «hammasi jonga tegdi» degan fikrlar ko‘p bo‘lmagan. Men maydonga tushishga tayyor bo‘lardim va bu amalga oshardi. Agar jamoa yutqazayotgan bo‘lsa, Boss mening maydonga tushishim sheriklarimga, muxlislarga, raqibga qanday ta’sir qilishini bilardi. Bu o‘ziga xos, juda ustalik bilan to‘qilgan obraz edi — «u maydonga tushsa, gol uradi» deb o‘ylashardi. Boshqa tarafdan, agar biz 2:0 yoki yirikroq hisobda oldinda borsak, o‘yin oxirida yoki tanaffusdan keyin maydonga tushardim — murabbiy hamma rozi bo‘lishini istardi. Demak, hisobning bizning foydamizga 1:0 bo‘lishi men uchun eng yomoni edi — bunday holatlarda meni tushirishmasdi (kuladi)

— Xo‘sh, sen zaxira o‘rindig‘idan turib aynan nimalarga e’tibor berarding, qaysi taktik jihatlarni qayd qilarding? 

— Men shunchaki, fikran o‘yinga tayyorgarlik ko‘rardim. Mening o‘yinni chuqur tahlil qilib o‘tirishim, bu haqida sal oshirib yuborishgan to‘g‘ri, lekin rostan ham o‘yinga tushishga tayyorgarlik ko‘rardim — masalan, qaysidir qanot himoyachisi juda sekin yugurarkan, mana bu markaziy himoyachini yuqori qavatda dog‘da qoldirishim mumkin, shunga o‘xshash. 
Bu haqiqatan ham juda muhim, oldindan raqibning ojiz va ustun tomonlarini payqash, shu orqali o‘yinga tushganda qanday harakatlar qilish mumkinligini yoki mumkin emasligini belgilab olish.

— Ana endi, murabbiy sifatida bu qobiliyating bilan futbolchilaringni tayyorlayapsan, to‘g‘rimi?

— Albatta. Ayniqsa, zaxiradagi futbolchilarga aytaman — ularda maydonga tushib, o‘yinda burilish yasash imkoniyat bor. Nolib o‘tirishdan hech qanday foyda yo‘q.

— Seni «superzaxira» deb atashlari jaxlingni chiqarmasmidi, rostini ayt?

— Rostini aytsam, yo‘q, jaxlim chiqmasdi. Qaysidir pallada, futbol faoliyatim yakunlanayotganda sezdim — men Boss uchun mukammal zaxira o‘yinchisi bo‘lgan ekanman. U mening janjal qilmasligimni, nolimasligimni, maydonga tushsam, o‘yinni o‘zgartira olishimni bilardi. U menga jamoaviy o‘yinchi sifatida ishonardi. Albatta, o‘yinning boshidan maydonga tushish yoqimli, lekin o‘z rolimdan ham rozi edim.

— Yana bir savol, menimcha, ilgari sendan bu haqida so‘rashmagan. Teddi Sheringem va Endi Koul bir-birlari bilan chiqishmas ekan. Sen uchun qanday bo‘lgan — ular ikkisi bilan birga o‘ynash yoki qaysidir biri bilan noqulay emasmidi?

— Yo‘q, mutlaqo. Futbolchilar bo‘sh vaqtlarida birga bo‘lmasliklari maydondagi holatga ta’sir o‘tkazmasdi. Faqat bir marta shunday voqea bo‘lgan — faqat bir o‘yinda, shundan keyin ular maydonda birgalikda juda yaxshi o‘ynashgan, «yo‘q, senga pas bermayman» qabilidagi harakatlar bo‘lmagan. Agar shunday bo‘lganda ham, Boss darrov buni sezgan bo‘lardi, bizning professionalligimizga bo‘lgan ishonchini poymol qila olmasdik. Odamlar o‘zaro chiqishmasliklari, birga tushlik qilmasliklari mumkin, lekin maydonda bor imkoniyatni ishga solish lozim. 

— Hozir ham o‘zingni «Manchester Yunayted» bilan bog‘liq his qilasanmi? Qanday?

— Eh, albatta. Bundan qutulib bo‘lmaydi. Nazarimda, ajoyib kunlar qaytmoqda — Zlatan biz bilan, Mxitaryan, Pol qaytdi, uni yoshlar jamoasida murabbiyi bo‘lganman. Yana mashxur futbolchilar «Yunayted»da o‘ynay boshlagani zavqli. «Boro»ni yutgan o‘yinimiz zo‘r bo‘lgandi, Pol so‘nggi daqiqalarda gol urdi-ku, esingizdami? Yangi yil oldidan edi adashmasam. O‘g‘lim Noa bilan birga tomosha qilgandik. O‘yin tugashiga 15 daqiqa qolganda yutqazayotgandik, men unga: «xavotir olma, biz yutamiz, bunday o‘yinlarni ko‘p ko‘rganman» degandim.

— Yakunda g‘alaba qozonilganda, xonada yugurib, irg‘ishlagna bo‘lsang kerak?

— Ha! Keyin Bossga sms yozdim: «biz ham shunaqa qilgandik, to‘g‘rimi?». Undan javob kelgandi: «ha, bir ikki marta shunaqa bo‘lgandi». Keyin biz uni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladik, xuddi o‘sha eski kunlardek.

— Nima deb o‘ylaysan, hammasini eski holga qaytarish va navbatdagi chempionlikni yutish Mourinyoning qo‘lidan keladimi?

— Ha, biz chempion bo‘lamiz, bu yo‘lda to‘g‘ri ketyapmiz, deb o‘ylayman. Albatta, ligada ko‘p narsa o‘zgargan. Ilgari kurash faqat biz va «Arsenal» o‘rtasida kechardi. Keyin «Chelsi» qo‘shildi. Hozir esa, «Siti» bor, «Tottenhem» bor, «Liverpul» ham qaytmoqda — sovrin uchun kamida olti jamoa kurashyapti. Lekin ishonchim komilki, Mourinyodek kuchli shaxs va jalb qilinayotgan futbolchilar bilan g‘alaba qozona olamiz.

— Qaysi jamoaga qarshi o‘ynash senga ko‘proq yoqardi? Taqvim chiqqanida asosan qaysi jamoani izlarding?
— «Liverpul». Birinchi navbatda «Liverpul» bilan o‘yinlarni qidirardim. «Siti», adashmasam, bir necha mavsum Chempionshipda ham yurgandi, to‘g‘rimi?

— Ha, 1999 yilda, zo‘r-a?

— Demak «Liverpul»ga qarshi o‘yinlarga e’tibor qaratardim. Ayniqsa, safardagi o‘yin haqida ko‘p o‘ylardim — o‘sha o‘yin yozilgan qatorga qarardimda: «biz ularni o‘z uylarida yutishimish kerak» deb qo‘yardim. Buni ko‘p marta uddalaganmiz.

— «Kamp Nou»dagi o‘yinchi? Haligacha sendan o‘sha xotiralarni so‘rashsa kerak?

Arxiv foto

— Ha, bu o‘yin haqida shuncha ko‘p gapirganmanki, doimo xayolimda turadi. O‘sham o‘yin bilan bog‘liq kichik detallargacha esda qolgan. Esimda, o‘yin oldidan Jim Rayanga «bugun men bilan nimadir buyuk voqea bo‘ladi» deb yuborgandim.

— «Charlton»ga qarshi o‘yinda maydonga tushganingni stadiondan kuzatgandim. Sen og‘ir jarohatdan tuzalib qaytding va gol urding. O‘sha qisqa muddatga qaytishing sen uchun shunchalik ahamiyatli edimi?

— Tizzamdan olingan jarohat shu bo‘yi tiklanmadi, lekin bu boshqa mavzu. Men jarohat olganimda Noa uch yoshda edi. Keyin men qaytishga harakat qildim, lekin o‘xshamadi. Operasiya stoliga yotganimda o‘g‘lim 4 yoshda edi. Bilasizmi, otam yunon-rum kurashi bilan shug‘ullangan va olti karra Norvegiya chempioni bo‘lgan. Ammo u paytlarda men hali tug‘ilmagandim, ya’ni uning g‘alabalariga guvoh bo‘lmaganman, faqat gazetadan o‘qiganman. Aytdimku, men o‘ynab yurganimda, Noa juda yosh edi, meni tiklanish jarayonida faqat shu fikr motivasiya berardi — Noa mening «Old Trafford»da urgan golimni ko‘rishi va butun umrga eslab qolishi kerak!

— Qoyil, bu ajoyib!

— Qaytishimning eng muhim sababi shu edi. «Charlton»dagi o‘yinda gol urganim, ajoyib hissiyot, chunki o‘sha goldan biroz oldin qulay vaziyatni boy bergandim. Goldan so‘ng o‘zimni yenglil his qila boshladim. Lekin ayniqsa, keyingi turda, uy uchrashuvida «Nyukasl»ga urgan golib butunlay boshqa hissiyot. Noa stadionda edi, hamon goldan keyin u qo‘llarini ko‘tarib nishonlagani ko‘z oldimda turibdi. Haddan tashqari baxt bu. Menimcha, bu faoliyatimdagi eng buyuk daqiqalar. Qaytganimdan keyingi.

— Bu sen uchun eng sevimli gol ekan-da?

Arxiv foto

— Men uchun eng sevimli daqiqalar — o‘yin tugab maydondan chiqib ketayotganimda, o‘g‘lim qo‘llarini musht qilib g‘alabani nishonlayotgandi. Yig‘lab yuboraman deb o‘ylagandim. Lekin, albatta, 1999 yil finalidagi gol juda katta voqea edi. Eng zo‘r golimni esa, Chempionlar Ligasida Grasning «Shturm» jamoasiga urgandim. Jarima maydoni chizig‘idan, havodan kelayotgan to‘pni chap oyoq bilan darvozaga joylagandim.

— Keyin bir necha bor yevrokuboklarni yutish imkoniyatini boy berdinglar. Roy Kin o‘z kitobida «Bayer»ga qarshi maydonga tushgan tarkibning g‘alabalarga chanqoq bo‘lmaganini yozgandi. Shu fikrga qo‘shilasanmi? Yoki gap faqat omaddami?

— Albatta, boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin, lekin biz juda yaqin edik — 2:1 yutayotgan pallada Veronning zarbasi ikki marta darvoza ustuniga tegdi vp ular qarshi hujumda hisobni tenglashtirishdi. Bu omad bo‘lmasdan nima? Futbol bu!

— Kantona va Kin kabi kuchli shaxsiyatlar bilan birga o‘ynash - qanday? 

Arxiv foto

— Fantastika. Ular bir-birlariga o‘xshamaydilar, lekin Kin — bu men uchun eng zo‘r sardor edi. Men uchun. Ko‘p marta mendan so‘rashgan: birga o‘ynagan sheriklarim ichida eng yaxshisini tanlashim haqida. Aytishim mumkin, Kantona mening pozisiyamdagi eng zo‘r futbolchi, Ronaldu — u hozir dunyodagi eng yaxshi o‘yinchi, Giggz — ajoyib xislatlari uchun, Skoulz — menimcha, u jamoamizdagi eng yaxshi o‘yinchi edi, Beksning ajoyib paslari uchun, Yap Stam va Rio — ulardan hech kim o‘tib keta olmasdi, Loran Blan, chunki u haqiqiy afsona, lekin agar bir kishini tanlash kerak bo‘lsa, u  — Roy Kin. Uning jamoaga va atrofdagilarga bo‘lgan ta’siri, qilgan mehnatlarini o‘lchab bo‘lmaydi. 

— U senga ko‘p baqirarmidi? Yoki bunday voqealar ko‘p bo‘lmagan, shunchaki, oshirib yuborishganmi?

— Ha, bo‘lgan bir necha bor, lekin hozir juda yaqin do‘stmiz. Tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turamiz, sms yozishamiz. Angliyaga borib qolsam, birga qahva ichamiz. Men u nega o‘zini shunday tutganini tushunaman — shu orqali u jamoa o‘yiniga, jumladan, mening o‘yinimga ijobiy ta’sir ko‘rsata olgan. Jamoa futbolchilarning eng yaxshi o‘yinlariga muhtoj edi va sardor sifatida Roy shuni talab qilardi. Roy Kindan gap eshitmagan futbolchilar, sizlar omadsiz ekansizlar.

— «Nyukasl» bilan o‘yin. Seni maydondan chiqarib yuborishgandi. Fergidan rosa gap eshitgandirsan?

— Aslida, o‘shanda meni koyishmasa kerak, deb o‘ylagandim. O‘sha palla uchun eng to‘g‘risini qildim deb bilgandim. «Arsenal»dan bir ochko ortda qolib chempionlikni boy berganmiz o‘sha yili. «Nyukasl» bilan o‘yinning so‘nggi daqiqasi edi, hisob — 1:1. Bizga g‘alaba juda zarur edi. O‘sha yerda gol o‘tkazmaslik va g‘alaba to‘pini kiritish imkoniyatini saqlab qolmoqchi bo‘ldim. Oldimda ikki yo‘l bo‘lgan, yo penalti tepishadi, yoki hozir hujumchi ochiq darvozaga gol uradi. Albatta, bu halol usul emasdi, ammo men kichik bo‘lsa-da, imkoniyat saqlab qolishni o‘yladim. Sheriklarim yelkamga urib olqishlashdi, jamoa uchun o‘zingni qurbon qilyapsan, barakalla, deyishdi. Ammo murabbiy bor alamini mendan olishni istadi va ertasigayoq o‘z xonasiga chaqirdi. Ohho, bu juda qattiq bo‘lgandi. Gap qaytarish yoki o‘zingni oqlashga imkon yo‘q. Shunchaki, boricha qabul qilasan va yo‘lingda davom etasan.

— Agar u jahlini chiqarmaganda, xotirjamroq bo‘larmiding?

— Rostini aytsam, agar u tanaffusda «barakalla, Ole» yoki «yanayam diqqatliroq bo‘l» deb o‘git berib tursa, yanayam mamnun bo‘lardim. O‘ylashimcha, u menga ishongan. Bossning eng buyuk xislati shu ediki, u odamlarni boshqarishda ustasi farang edi. Qachon baqirish kerak, qachon indamaslik foydaliroq, buni sezardi, u seni qay usul bilan eng yaxshi holatda ushlab turishni bilardi.

— Agar kiritilgan gollarni bir chetga qo‘ysak, klub bilan bog‘liq eng yaxshi xotiralaring bormi?

— Men doim asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisi bo‘lishga harakat qilganman. Bunga yuz foiz ishonmagandirman, lekin jamoaga foyda keltira olishimni bilardim. 1998 yilning yozida «MYU» va «Tottenhem» mening transferim bo‘yicha kelishib bo‘lishgandi, lekin Boss tufayli bu amalga oshmay qolgan. Meni oldiga chaqirdi va: «Klublar o‘zaro kelishuvga erishib bo‘lishdi, ammo men sening ketishingni istamayman. Biz Duayt Yorkni sotib olyapmiz, lekin sen qolsang, yetarlicha o‘yin vaqting bo‘ladi va jamoaning muhim bo‘lagi bo‘lasan» dedi. Menga shu so‘zlar yetarli bo‘lgan. Keyin esa, «Faqat sen bilan gaplashganimni hech kimga aytma» deb qo‘shib qo‘ydi. Mavsum oxiridagi golimdan keyin, bu haqida aytsa bo‘laveradi, o‘shanda Boss meni «MYU» da olib qolgandi.

Manba: kun.uz
Kiritildi: 16:03, 23.09.2017.
O'qildi: 3668 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.