Yangi asr avvalida iqtisodiyot bo‘yicha katta taraqqiyotga yuz burgan Xitoy bugungi kunda eng yirik sarmoyadorlar mamlakatiga aylanib ulgurdi.
Xususan, yer yuzida bu yurt tadbirkorlari kirib bormagan hudud ham, soha ham qolmadi, hisob. Tabiiyki, xitoylik milliarderlar millionlar o‘yini - futbolga ham oshuftalar va qiziqishlari jiddiy ekanligini keng namoyish eta boshlaganlariga ancha bo‘ldi.
Mana, yaqindagina Angliya premyer-ligasi ishtirokchisi «Sautgempton»ning 80 foiz aksiyasi ishbilarmon Jisheng Gao tomonidan 210 million funt sterlingga sotib olindi.
Bu voqea yevropalik hamkasblarimizni futbol imperiyasidagi xitoyliklarga yana bir karra e’tibor qaratishga undadi...
Tumanli o‘lkaga hujum
Endilikda futbol vatani hisoblanmish Angliyaning naq 6ta klubida xitoylik ishbilarmonlar ulushi bor. Ha, bunga birdaniga ishonish qiyinroq, kimdir hattoki, matbuotni ortiqcha safsata tarqatayotganlikda ham ayblar balki. Yo‘q, bu ayni haqiqat: «Manchester Siti», «Sautgempton», «Vest Bromvich» va chempionshipdagi yana 3ta jamoa («Aston Villa», «Vulverxempton» hamda «Birmengem») aksiyalarining bir necha foizi xitoylik tadbirkorlar ixtiyorida.
Aslida ko‘pchilik nazdida Xosep Gvardiola boshqaruvidagi «Siti» shayx Mansur bin Zaydga tegishli. To‘g‘ri, u 2008 yili Manchesterda ikkinchi maqomda bo‘lgan klubni Tailandning sobiq bosh vaziri Taksin Shinavatradan 265 million funt sterlingga sotib olgandi.
Arab shayxi keyinroq atigi 13 foiz ulushni aynan shuncha summaga pulladi. Xaridor guruh - Xitoyning Media Capital va CITIC Capital kompaniyalari.
E’tiborlisi, shayx Mansur manfaatli kelishuv yo‘lida 6 oy muzokara olib bordi. Uzoq 1919-1920 yillar mavsumida mamlakat chempioni maqomiga erishgan «Vest Bromvich» esa o‘tgan yilning ayni shu payti Chin yurti vakili qaramog‘iga o‘tdi. Klubning 88 foiz ulushi Yunyi Guokai tashkiloti nomiga rasmiylashtirilgach, mahalliy muxlislar orzusi nihoyat, ushaladigandek edi.
Biroq Xitoy kompaniyasi hozircha «Bromvich»ni raqobatbardosh jamoaga aylantirolmayapti. «Birmengem»da Xitoy ishbilarmonlari ulushi ancha oz. Ular klubning bor-yo‘g‘i 11 foiz aksiyasini sotib olishgan. Ammo «Aston Villa» va «Vulxerxempton» butunlay «milliarder» mamlakatning milliarderlari nazorati ostida.
Li Yongxong najotkormi?
Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni siyosat maydonida ketma-ket tanqidlarga uchrab, raqobatchilarga imkoniyatni boy bergani yetmaganday, uning futbol bobidagi ishlari ham chappasiga ketdi. Deylik, 3-4 yilki, «Milan» uchun Yevropa Chempionlar Ligasida ishtirok etish orzu bo‘lib qoldi.
Jamoa hattoki, «A» seriyasi ko‘lami bo‘yicha ham o‘rtamiyona maqomiga aylandi-qo‘ydi. «Rossonerlar» klubi tashkil topganidan buyon tarix uning bu qadar ayanchli ahvolini ko‘rgan emasdi. Mana, endi yaqin o‘tmish ortda qolgandek.
Har holda, «Milan»ning yangi sahifasi ochilmoqda. «Ko‘hna qit’a»da yangi mavsum start olganiga ko‘p bo‘lmadi, «qizil-qoralar» muxlislarining esa yana yorug‘ kunlar kelishiga ishonchlari tobora ortmoqda. Sabab bor - Berluskoni 31 yillik boshqaruvdan keyin o‘z uyidek bo‘lib qolgan jamoani xitoylik ishbilarmon Li Yongxongga sotdi. Albatta, arzon-garovga emas.
Yongxong «Milan»ni Sport Investment Lux mulkiga aylantirish yo‘lida 740 million yevro sarfladi. Shunda ham klub butunlay uning ixtiyoriga o‘tmadi. Aniqroq aytsak, 0,7 foizgina ulush italiyaliklarda qoldi. Xitoyliklar «Milan» hamshahrini yolg‘izlatib qo‘yishni istashmadimi yoki «A» seriyasida kurashni yanada keskinlashtirishni o‘ylashdimi, harqalay, «Inter»ga ham «og‘iz solishdi».
«Neradzurralar» sarmoyadori - Erik Tohir esa vaziyatni paysalga solmay, klubning 68,55 foiz aksiyasini elektronika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Suning Holdingler Groopga pulladi, 31 foizdan ko‘proq ulushni o‘zida qoldirdi.
To‘g‘ri, Chin yurti tadbirkorlari hozircha «A» seriyasiga yoppasiga e’tibor qaratishmayapti. Lekin agarda «Milan» va «Inter» joriy mavsum ishonchni oqlasa, unda Italiya chempionati ishtirokchilari ham xitoyliklar orasida talash bo‘lishi, shubhasiz.
Ikkinchi «El-klassiko»
«Barselona» - «Real» yoki «Real» - «Barselona». La-liga tilga olinishi bilan avvalo, shu ikki grand klub tushuniladi. E’tiborlisi, Xitoy puldorlari endi bunday qarashlarga ham qarshi chiqishmoqchi. Ular «El-klasiko» mavqesini tushirish bo‘yicha allaqachon harakat boshlashgan.
Misol uchun, Xitoyning eng yirik kompaniyalaridan biri - Dalian Wanda Groop rahbari Vang Jianlin 2015 yili «Atletiko»ni butunlay sotib olishga urindi. Biroq madridliklar uning talabiga ko‘nishmadi. Shunda ham o‘z maqsadidan qaytmagan Jianlin oxir-oqibat, 45 million xarjlab, 25 foiz aksiyaga ega chiqdi.
Rastar Groop boshlig‘i Chen Yasheng esa Barselonaning ikkinchi jamoasi «Es-panyol»ga ta’sir o‘tkazish yo‘lida 56 foiz aksiyaga 64 million yevro ajratdi. Demakki, xitoylik sarmoyadorlar Ispaniyada ikkinchi «El-klasiko»ni vujudga keltirmoqchilar.
Umuman olganda, osiyoliklar «olovli yurt» tomon hamlani shu bilan to‘xtatganlari yo‘q. «Granada» aslida italiyalik biznesmen Janpaolo Possoga tegishli edi. U futboldan charchadi, shekilli, 2016 yili jamoani xitoylik hamkasbi Jiang Lishangga pulladi.
Bu tadbirkor futbolning katta muxlisi emas. Harqalay, u shu paytga qadar basketbolga sarmoya tikib kelayotgandi. Ayni payt AQSHning «Minnesota Timbervulvs» jamoasi aynan Lishangga qarashli.
Biroq yurtdoshlari ispan futboliga chang sola boshlashgach, u ham bu masalada ortda qolishni istamadi, go‘yo. Aytgancha, «Valensiya» ham allaqachon xitoyliklar mulkiga aylangan.
Sharqiy Yevropa tomon yo‘nalish
«Nissa» avvalgi mavsum Fransiya chempionatida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi. Buni ko‘pchilik klub tarkibida mahoratli ijrochilar jamlanishgani bilan izohladi. Aslida esa bu ko‘tarilish avvalo, xitoylik milliarderlar - Chin Li va Aleks Zeng harakatlariga bog‘liq.
Chunonchi, ular hamkorlikda «Nissa»ni kuchli klubga aylantirish uchun pul ayashmayapti. Li va Zeng juftligi 2016 yili jamoaning 80 foiz aksiyasini sotib olgandi. Fransiyada yana bir jamoa - «Sosho» ham xitoylik ishbilarmonlar nazoratida.
Yevropa nashrlarida yozilishicha, futbol bozori hududini yanada kengayishiga Chin yurti millionerlari katta hissa qo‘shishmoqda. Negaki, ularning barchalarida kuchli beshlik sirasiga kiruvchi chempionatlar klublarini xarid qilish imkoniyati yo‘q.
Sharq va Shimol bozorida esa «to-var»lar nisbatan arzonroq. Shu bois, biroz «kambag‘al» tadbirkorlar Gollandiya, Daniya, Chexiya va Bolgariya kabi mamlakatlar klublariga qo‘l uzatishmoqda.
Abdulloxon Isroilxonov tayyorladi