Tumanli o‘lkada «Barnsli» degan klub borligini hamma ham bilavermasa kerak.
Shu nom bilan ataluvchi shahar sharafini himoya qiluvchi mazkur jamoa yuz yildan ortiq tarixi davomida maqtashga arzigulik yutuqlarga erisholmagan. 20-asr boshida «ko‘ppaklar» (laqabi xuddi shunday) Angliya kubogini qo‘lga kiritishdi.
Bir yil avval esa futbol ligasi(birinchi va ikkinchi divizion vakillari o‘rtasidagi musobaqa)ning bosh sovriniga ega chiqishgan. Shu, xolos.
Bugungi kunda chempionship o‘rtamiyonalaridan biri hisoblanuvchi «Barnsli» 2002 yili tanglikka yuz tutgandi - klub uchinchi divizionga tushib, homiylaridan ayrildi.
Vaziyat bankrotlik bilan xotima topishi taxmin qilinayotgan pallada shahar meri Piter Doyl qarzlarning ma’lum qismini to‘lab, jamoani saqlab qolgach, uni mahalliy biznesmen Patrik Krayn ixtiyoriga topshirdi. Bu shaxs sog‘liqni saqlash tizimi konsaltingi hamda birjalarda moliyaviy faoliyat bilan shug‘ullanardi.
Oradan 5 yil o‘tib, Krayn jamoani chempionshipga qaytardi, 2008 yili esa «ko‘ppaklar» hattoki, butun mamlakatni lol qoldirib, Angliya kubogida «Liverpul»ni yengishdi, turnir yarim finaliga qadar yetib borishdi.
Yana bir ahamiyatga molik jihat - moliyaviy barqarorlik. 2007 yili Krayn iSoft kompyuter kompaniyasini mo‘may daromadga pullagach, klubi va o‘zining yorqin kelajagini ta’minladi. O‘sha kezlari u italiyalik hamkasblarini «Barnsli»ga pul tikishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi, ammo tomonlar raqamlar borasida kelisha olishmadi va barcha mas’uliyat yana Patrikning zimmasida qoldi.
O‘tgan yilning kuzida klub rasmiy saytida Kraynning saraton xastaligiga chalingani haqida ma’lumot berildi: «Yaqin orada u jamoamiz hayotidagi ishtirokini yakunlashi mumkin.
Oila advokati klubdagi aksiyalar paketining holatini nazorat qilishda davom etadi». Rahbar intensiv davolanishdan oldin yetakchi lavozimlarga o‘zi ishongan shaxslarni qo‘ydi: ijrochi direktorlik Linton Braunga, moliya direktorligi esa Robert Zuk zimmasiga yuklatildi.
Qishda ishqibozlardan biri maxsus sayt orqali Patrik Kinga atalgan ulkan bayroq uchun pul yig‘ayotganini bildirdi. Natijada keragidan ortiq mablag‘ yig‘ildi - ular xayriya maqsadiga yo‘naltirildi.
O‘tgan mavsum yakunlangach, matbuot klubning ichki muammolari haqida bong urdi, ammo «Barnsli» kutilgan o‘rinni egalladi. Yaqinda esa jamoa bosh murabbiyi Pol Xekkinbottom yangi rahbar qidirilayotganini aytdi. Variantlardan biri - amerikalik Pol Konvey. Shuningdek, «Nissa» aksiyalariga egalik qiluvchi xitoylik biznesmen Chiyen Lining nomi ham tilga olingan. Aftidan, aynan shu tandem «Barnsli» boshqaruvini qo‘lga olishadi.
Yaqinda Krayn ishqibozlarga ochiq xat yo‘llab, unda kasallik arimayotgani, aksincha, kundan-kun og‘irlashayotganini bildirdi: «Men og‘riqlar iskanjasida yashayapman, ammo hayotimdan nolimayman. Saraton - makkor, shafqatsiz va vahshiy. Hammaga muntazam ravishda shifokor ko‘rigidan o‘tishni maslahat beraman.
Umrimning katta qismini behuda o‘tkazdim, holatim yaxshi ekanligidan unumli foydalana bilmadim. Hamisha oilamni barcha narsadan ustun qo‘yganman, biroq yaqinlarimga ko‘proq vaqt ajratib, ularni yaxshi ko‘rishimni aytmaganman.
Hozir shunday qilyapman va bu barchamizga quvonch bag‘ishlamoqda. Albatta, qo‘l ostimdagi klub ham men uchun muhim bo‘lgan. Oila a’zolarimda «Barnsli»ga nisbatan muhabbat uyg‘ongani omadimdir».
So‘ngra ko‘pchilikning dilini xira qiladigan so‘zlarni qo‘shimcha qildi: «Mavsum oxirigacha yetib borib, yakuniy natijalarni ko‘rolmasam kerak, ammo umidimni so‘ndirmay, o‘yinlarni kuzatyapman. Hammaga eng ezgu tilaklarimni bildiraman, ko‘p yillar davomida ko‘rsatgan mehribonligingiz uchun rahmat».
Kraynning sharofati bilan shahar professional klub hamda muntazam ravishda tomoshabinlarga liq to‘ladigan (23 ming kishi, ya’ni mahalliy aholining to‘rtdan bir qismiga mo‘ljallangan) stadionga ega chiqdi.
Mahalliy muxlislarning APLdagi ishtirokdan umid uzganlariga ancha bo‘ldi (vaholanki, Krayn bir necha marta bu haqda orzu qilayotganini bildirgandi), ammo ularga futbol kerak. Adrenalinga boy zavq, qadrdon shahar va uning aholisiga yaqinlikni his qilish uchun millionlar o‘yinidan voz kecha olishmaydi.
Yaqinda «Barnsli» liga kubogida «Derbi Kaunti»ni mag‘lubiyatga uchratdi (3:2). Uchrashuvdan so‘ng Xekingbottom shunday dedi: «Biz ushbu g‘alabani Patrikka bag‘ishlaymiz. U jamoamizni ruhlantirib turadi». Ha, bu yigitlar sodiq rahbarlari uchun har qancha kurashishsa arziydi.
O‘.UMAROV tayyorladi