Joze Mourinyo o‘zining o‘ta keskin qarashlari bilan ham mashhur. Mana, «MYU» bu mavsum APLda ham, CHLda ham ajoyib start olgach, portugaliyalik mutaxassis yana baralla gapira boshladi. Ya’ni so‘nggi yillarda faqat mega-klublarni boshqargan bo‘lsada, katta muammolarni yengib o‘tganiga sha’ma qildi. Xususan, Manchester jamoasini global qayta qurish vaqtida qabul qilib olganini eslatdi.
- Darhaqiqat, faqat katta jamoalarni boshqaryapman. Biroq oxirgi 3ta klubim - «Real», «Chelsi» va «MYU»ni olsak, men ishga kirishgan vaqt ulardagi umumiy holat o‘xshash edi. Ya’ni har uchalasi muammolar girdobiga tushib qolgandi. Madridda ham, London va Manchesterda ham vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartira olganim murabbiy sifatida omilkor ekanligimdan dalolat, - dedi Mourinyo.
Murabbiy suhbatni shu ruhda boshlagach, birinchi savol o‘z-o‘zidan yuzaga keldi: «Xo‘sh, «MYU» boshqaruvini qo‘lga olganingizda, klubda muammolar qay darajada edi?» Joze esa bunga obdon o‘ylab olganidan keyin javob berdi: «Ha, klub chindan ham, buyuk tarixga ega. Biroq bu tarix uzilib qolgandi. Zero, ulkan g‘alabalardan so‘ng «MYU» hayotida murakkab davr boshlandi. O‘tmishning og‘ir yuki futbolchilar, murabbiylar va klub tizimidagi barcha xodimlar zimmasiga katta bosim yuklardi. Hattoki, direktorlar kengashi a’zolari va ehtimolki, klub egalari ham o‘zlarini qandaydir chuqurlikda his qilishgandir. Chunki sen uzoq vaqt faqat g‘alaba nashidasini surishga o‘rgangan bo‘lsang va bu davr birdaniga xotima topsa, o‘zingni darhol o‘nglashing oson emas. Bu kuchli zarba, axir. Albatta, orqaga ketishning sabablari yo‘q emas. Shaxsiy fikrimcha, asosiy sabab - premyer-liga tarixidagi eng yaxshi murabbiyning klubdan ketgani. To‘g‘ri, bu eng oddiy sabab, qolganlari esa ancha murakkab edi».
Xullas, Mouning xulosasiga ko‘ra, «MYU» Aleks Fergyusondan ayrilish barobarida g‘oliblik ruhini ham yo‘qotgandi: «Bu vaqtda boshqa klublarda taraqqiyot - evolyusiya davom etardi. Ammo «Yunayted» o‘z an’analarini unutgan va yangi yuksalish davriga qadam tashlash o‘rniga joyida qotib qolgandi. Albatta, dastlabki mavsumdayoq barchasini, xususan, yondashuvni to‘g‘ri yo‘lga burishga urindim, ammo klubga birinchi navbatda, tetiklashtiruvchi turtki zarur edi. Boshqacha aytganda, qandaydir sovrin yoki muvaffaqiyat. Shu bois ham, sovrin yutishga asosiy vazifa sifatida qaradim, chempionatdagi 3 yoki 4-o‘rindan Yevropa Ligasidagi zafarni ustun ko‘rdim. Chunki salmoqli g‘alaba jamoani oldinga, barchani jilmayishga undashini o‘z tajribamdan yaxshi bilaman. Qarabsizki, ichki muhit tabiiy ravishda yaxshilanadi, futbolchilar yanada kattaroq muvaffaqiyatni ko‘zlashadi. O‘tgan mavsum shu taktika asosida ishladim va bu samara berib, jamoa Chempionlar Ligasiga qaytdi. Bugun esa ishlash uchun eng yaxshi sharoitlarga egamiz - talab darajasidagi tibbiy xizmat, tahlilchilar guruhi, skautlar, media... Eng muhimi, aksariyat yo‘nalishlarda xodimlarni almashtirmadik, ya’ni eski jamoa bilan yorug‘ yo‘lga chiqishni uddaladik. Ishoning, bu katta gap. Chunki klubga kelib, hammasini bir boshdan o‘zgartirishingiz mumkin, ammo nimalarnidir to‘g‘rilashingiz butunlay boshqa masala. Mana, atrofimdagilar mening falsafamga moslashishyapti, aynan nima xohlashimni anglashyapti. Albatta, bu jarayonni yanada tezlashtirishimiz kerak, zero, yaxshi kayfiyat ijobiy natijalar garovidir».
Mourinyoni «Yunayted»ga 2015 yilning mayida taklif qilishdi. Uning shartnomasi 3 yilga mo‘ljallangan. Jozening ishonch bilan ta’kidlashicha, klubda ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish vazifasi uddalandi, hisob. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, «Yunayted»ni eng yuqori darajali sovrinlarga bemalol qo‘l uzatadigan jamoa sifatida shakllantirish uchun 3 yil kifoya qiladi: «Uch yoz - bu mukammal tarkib tuzish uchun yetarli muddat. Deylik, yanvarda biror futbolchini faqat zarurat yoki talab taqozosiga ko‘ra, sotib olishingiz mumkin. Uning yaxshi formada kelish-kelmasligi alohida masala. Shu ma’noda aytsam, jamoaning yaqin kelajakdagi yuzi aynan yozda tashkil topadi. Xullas, 3ta yozgi transferlar bozori jamoani muvaffaqiyat yo‘liga qaytarish uchun yetarli, menimcha. Shuningdek, bu muddatda boshqa muhim jihatlarni ham to‘g‘rilashga bemalol ulgurasiz. Bunda jamoa o‘tmishini o‘zgartirishga qodir, taraqqiyot uchun xizmat qiladigan alohida futbolchilarni topish katta ahamiyat kasb etadi. Boshqa yigitlar esa tarkib sifati va barqarorligini ta’minlash uchun xizmat qilishadi. Shuningdek, jamoadagi ortiqcha futbolchilarni ham to‘g‘ri aniqlash muhim. Manchesterda ish boshlaganimdayoq bizga alohida - sifatli futbolchilar zarurligini tushundim. Shu tariqa Pogba bilan shartnoma tuzdik - u kelgusi 10 yilda betakror o‘yinchiga aylanishi mumkin. Shuningdek, Ibragimovichning yana 5-6 yil to‘p surolmasligini bilsakda, uni ham safga qo‘shib oldik. Chunki buyuk klub tuzish uchun shunday buyuk ijrochiga ehtiyojimiz bor edi. Mikki (Genrix Mxitaryan) va Erik (Bayi) saviya va sifat bobida zo‘r, ammo ularga aynan buyuklik yetishmaydi. Hozir Mikkini Ferdinand yoki Vidich bilan solishtirish niyatim yo‘g‘u, lekin bemalol ayta olaman: u APL talablariga to‘liq javob beradigan o‘yinchi. Skyda Anri, Roy Kin va Kenni Dalglish kabi afsonalar ishtirokidagi ayrim ko‘rsatuvlarni tomosha qilganman. Ular har safar deyarli bir xil gapni takrorlashadi: «Kiyinish xonasida yagona oila bo‘lmagan jamoaning katta sovrinlarga ega chiqqanini bilmaymiz». Mutlaqo haq gap».
Mourinyoning yana ba’zi fikrlari
*** «Qachondir Matichdan yaxshiroq yigitni uchratmagan bo‘lsam kerak. Umrbod yodda qoladigan voqea: Nemanyani o‘yinning 45-daqiqasida zaxiradan maydonga tushirdim, ikkinchi bo‘lim yarmida esa uni yana almashtirdim. Natijada jahli chiqdi, mening ham kayfiyatim buzildi, chunki bu yaxshi holat emasdi. Butun faoliyatimda ikki marta shunday bo‘lgan, xolos. E’tibor bering, Matich ertasi kuni oldimga kelib, uzr so‘radi: «Ha, noroziman, lekin barchasiga o‘zim aybdorman. Tabiiyki, qaroringiz yoqmadi, ammo maydonda siz kutgan darajada o‘ynay olmaganim ham ayni haqiqat. Shunday ekan, o‘z ustimda ishlashda davom etaman».
*** «Bungacha birgina Lindelyof bilan ishlab ko‘rmagandim, xolos. Ammo Portugaliyada hammasi nazoratim ostida - maxsus axborot markazim bor. Futbolchilar fazilatlari, shaxsiy va jamoat ishlari - barchasidan boxabarman. Hattoki, ular bilan yaqindan tanish bo‘lmasam ham».
*** «Uslubimiz har jabhada global. Maydonning har bir burchagida hukmronlik o‘rnatmas ekansan, jamoangni kuchaytirolmaysan. Deylik, APLning so‘nggi 2ta g‘olibi muvaffaqiyatida superhimoya va dahshatli hujumning o‘rni katta».
*** «Ko‘pincha o‘zgalar yutug‘i seni g‘alaba sari undaydi. Ammo bizning o‘z yo‘limiz bor va futbolchilar shaxsiy saviyalaridan kelib chiqqan holda to‘p suradilar. Misol uchun, hech qachon 5 nafar himoyachi va 2 nafar tayanch himoyachisiga tayanib o‘ynamaymiz».
*** «Lukaku qo‘l ostimda o‘ynagan o‘sha vaqtda hali bolakay edi va «Chelsi»dan aynan yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida ketgandi. Uning yuksak saviyaga chiqishiga hech shubha qilgan emasman».
*** «Ba’zida yomon xotiralarni quvishga harakat qilib, yaxshi kunlarni yodga olamiz: «Hoy, 20tadan ortiq sovrin yutganmiz. Olg‘a, hamon eng yaxshi jamoamiz. Olg‘a. 4 oygina avval ham sovringa ega chiqdik». Yakunda bir-birimizga qaraymiz va bu biz haqimizda emasligini tushunamiz. Ha, bu to‘liq baxtiyorlik uchun yetarli emas».
***«Yozda uyim - Portugaliyaga bordim. O‘z ofisimga kirdim va devorga razm soldim: kuboklar, medallar, futbolkalar... Shunda beixtiyor o‘yladim: «Oh-ho, katta ishlarni bajarishga ulguribman». Ammo yangi mavsum boshlanyapti va yana yo‘l boshidaman. Bu bir umr davom etishi mumkin. Faqat o‘zing shuni xohlasang, bas».