«Barselona»ning Nelson Semeduni xarid qilishi «Arsenal» muxlislari tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olingandi. Zero ular Belyerinning Londondan Kataloniyaga ko‘chib o‘tishi mumkinligidan xavotirda edilar.
Hozirga kelib esa «Barsa» muxlislarini muhim bir savol qiynay boshladi: «Semedu Belyerin va Sidibedan ko‘ra mahoratliroqmi? Asosiysi, Nelson o‘ng qanotda Dani Alveshning o‘rnini bosa oladimi?»
Semedu Jorje Mendeshning mijozi ekanligi esa kataloniyaliklar xavotirini yanada kuchaytiradi - taniqli agent ishtirokidagi transferlarning aksariyati sarflangan xarajatlarni oqlay olmagan.
Demak, Semedu «Barsa» uchun omadli xaridmi? Bu savolga javob topishga urinib ko‘ramiz. Ma’lumki, o‘ng qanot himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun «Barsa» uch nafar nomzodni mo‘ljallayotgandi. Nelsinyoning «Arsenal» va «Monako»dagi kasbdoshlaridan birinchi ustunligi - o‘tgan mavsumda ulardan ko‘ra ko‘proq maydonga tushdi.
To‘g‘ri, Portugaliya chempionati APL va Fransiya 1-ligasidan kuchsizroq. Ammo samara borasida ustunlik yana Semedu tomonida - u 6ta samarali uzatmani amalga oshirgan, Belyerin va Sidibening ko‘rsatkichlari mos ravishda 4 va 5ga teng. Raqiblaridan to‘pni olib qo‘yishda ham portugaliyalik himoyachi fransiyalik va ispaniyalik kasbdoshlaridan faolroq.
Bundan tashqari, «Benfika» vakili aniqlik borasida ham oldinda - har bir o‘yinda o‘rtacha 50ta «pas»ni amalga oshiradi. Belyerin va Sidibening natijalari biroz kamtarona. Qolaversa, Valverde o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda nomdorlar ortidan chopmadi, balki Dani Alveshga o‘xshash uslubda doimo oldinga intiladigan himoyachini xarid qildi.
Shuningdek, Nelsinyoning harakatlari yosh Roberto Karlosning «Palmeyras» va «Inter»dagi o‘yinlarini eslatadi. Ammo uni o‘tgan mavsumdagi Karvaxal bilan taqqoslaganda, «Real» vakili ustunlik qiladi. Himoya chizig‘idagi ishonchli harakatlari va jamoadoshlarini qulay vaziyatga olib chiqish bobida Daniel oldinroqda. Semedu kuchli zarba yo‘llash qobiliyatiga ega, garchi ancha sustkash bo‘lsada, Dani Alveshdan intizomliroq.
Shu paytga qadar «Barsa» himoyasining o‘ng qanotiga bir qator nomdor o‘yinchilar - Moria Fernandes, Srna, Kanselu, Soaresh, Uoker va Oryeni mo‘ljallashgandi.
Asta-sekin nomzodlar soni kamayib bordi. Yakunda «Arsenal» Belyerinni saqlab qoldi, Sidibeni jamoa o‘ziga loyiq ko‘rmadi. Shu tariqa kataloniyaliklar Semeduni tarkibga qo‘shib olishdi. Vaholanki, «MYU», «Chelsi» va «Bavariya» himoyachiga xaridor bo‘lishgandi.
«Barselona» portugaliyalik himoyachi uchun 30 mln. yevro (shartnoma bahosidan 1,5 baravar ko‘proq) sarfladi. Bitim muddatini 2021 yilga qadar uzaytirganlarini inobatga olsak, qimmat emas. 24 yoshga chiqmagan Semedu Portugaliya terma jamoasi tarkibida 8ta uchrashuv o‘tkazdi. Jumladan, Konfederasiyalar kubogida Meksikaga qarshi maydonga tushib, qizil kartochka tufayli bahsni muddatidan avval tugatdi.
Nelson ikki marta Portugaliya chempioni, mamlakat va liga kubogi, superkubok sohibi. Uning kolleksiyasida «Yil shiddati» sovrini ham bor. Portugaliyaning ushbu nufuzli sovriniga o‘z vaqtida Xalk, Koentrau, Gaytan, Xames, Vilyam Karvalyu va Renatu Sanshesh sazovor bo‘lishgandi.
Portugaliya vakillarining «Barsa»dagi ishtiroki
«Evropalik braziliyaliklar» deya ulug‘lanadigan yurtning Kataloniya grandi tarkibidagi vakillari soni 9 nafarga yetdi. Buyuk sardor va «xoin» Figu ularning eng nomdori. Kuarejmani o‘z salohiyatidan to‘liq foydalana olmagan, deyish mumkin. Deku o‘rtamiyona saviyada to‘p surdi.
So‘nggi chiziqda Vitor Bayi paydo bo‘lgandi. Shuningdek, himoyachi Koutu, yarim himoyachilar Simau va Andre Gomesh ham yodimizda. Joze Albertu - Angolada tug‘ilib, Portugaliyada voyaga yetgan «Barsa»ning dastlabki futbolchisi. Bularning orasida faqat Deku hamda Figu asosiy tarkibda yolchib to‘p surishga muvaffaq bo‘lishgan. Qolganlar faoliyatlariga ijobiy baho berish qiyin.
Semedu yangi Alvesh bo‘la oladimi?
Portugaliyaning to‘qqizinchi vakili sifatida «Barsa» sharafini himoya qilayotgan Semedudan Dani Alveshning o‘rnini to‘ldirish talab etiladi. Bu esa anchayin jiddiy vazifa. Boisi, oldinda 30 yoshli Messi harakat qiladi, uni himoyaviy majburiyatlardan ozod etishgan. Leoning ayrim kamchiliklarini Rakitich yopib yuradi.
Shunga qaramay, Alveshning o‘rnini to‘ldirishning ilojini topsa bo‘ladi. Sababi - Alvesh afsona darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsada, o‘ta qo‘pol himoyachi. Faoliyatining oxirigacha bu illatdan qutula olmasa kerak. Semedu esa ancha kamtar, itoatkor o‘yinchi. Maydondagi tezkorlik, texnika va raqiblarga yon bermaslik bo‘yicha Danidan kam emas. «Barsa»dek nomdor jamoaning yoqimtoyiga aylanish uchun tinmay ter to‘kish kerakligini yaxshi tushunadi.
Semedu nomzodining xavotirli jihatlari
Yangi shogirdining o‘ng qanotdagi harakatlarini Valverde puxta ishlab chiqishi, kuchli va zaif jihatlarini e’tibordan qochirmasligi lozim. Masalan, Semedu o‘z darvozasi yaqinidagi pozision o‘yinda xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, murabbiy Pikening sport formasi talab darajasida emasligini ham inobatga olishi shart.
Avvallari Jerar o‘ng qanotning qalqonlaridan biri edi. Hozir o‘yinning boshidan oxirigacha yuksak saviyada to‘p sura olmayapti. Albatta, o‘zining reydlari va aniq uzatmalari bilan Nelson hujum shiddatini oshirishi aniq. Ammo o‘ng qanot himoyasida uning yolg‘izlanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Aks holda, Semedu o‘z o‘yinini topolmay, kataloniyalik muxlislar uchun ikkinchi Andre Gomeshga aylanishi mumkin. Chunki Nelson Jorje Mendeshning mijozi, dastlabki omadsizlik har qanday muxlisda shunday fikr uyg‘otadi.
Nelson - Ronaldu agentining navbatdagi «fokus»imi?