Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Qilmish-qidirmish yoxud «Yuventus»ni kim yomon ko‘radi?

Qilmish-qidirmish yoxud «Yuventus»ni kim yomon ko‘radi?

Baho:
+ | -

Yaqinda Italiya futbol federasiyasi «Yuventus» prezidenti Andrea Anyellini bir yilga futboldan chetlatdi. Quyida «Keksa sinyora»ning qay tariqa rahbarsiz qolganiga batafsil to‘xtalamiz.

DosYE: Andrea Anyelli - italiyalik biznesmen, EXOR va FIAT kompaniyalari direktorlar kengashi a’zosi, 2010 yilning 19 mayidan buyon «Yuventus» prezidenti.

Andrea — Anyellilar dinastiyasining vakili. «Yuventus»ning sobiq prezidentlari Eduardo, Janni va Umberto Anyellilar mos ravishda Andreaning bobosi, amakisi va otasi hisoblanishadi.

U o‘z faoliyatini xorijda va Italiyada turli sohalarda mehnat qilish orqali boshlagan. Piaggio, Auchan va Ferrari kompaniyalarida marketing bo‘yicha faoliyat yuritgan.

2001-2004 yillarda Philip Morris Internationalda ishlagan. 2007 yilda esa Lamse S.P.A xolding kompaniyasini tashkil qilib, uning bosh direktoriga aylangan.

Uning karyerasi FIATning turli tashkilotlariga borib taqaladi. 2005-2006 yillarda IFILda ishlagan. 2004 yili Fiat, 2006 yili esa Exor kompaniyalari direktorlar kengashi a’zosiga aylangan.

Bu voqea o‘tgan yilning yozida boshlangandi. O‘shanda Pyemonteda 18 nafar mafiya a’zosi qo‘lga olingan. Ular orasida Turin «oila»sining yetakchilari bo‘lgan Saverio va Rokko Dominellolar ham bor edi. Ularni uzoq muddatga panjara ortiga jo‘natishdi.

Ammo hammasi shu bilan tugamagandi. Sudda Anyelli nomi ham tilga olindi. Baxtga qarshi, Dominello «Yuventus» fan-klublaridan biriga rahbarlik qilishdan tashqari, Ndrangeta oilasi vakili hisoblanardi.

DosYE: Ndrangeta - Kalabriya mafiyasi. Neapolning Kamorresi haqida qo‘shiqlar, Sisiliyaning Koza Nos­trasi haqida afsonalar yuradi.

Lekin unchalik tanilmagan kalabriyaliklar Italiyadagi eng qudratli mafiya hisoblanishadi. Ndrangetada 3 mingdan 5 minggacha mafiyachi bor. Ular turli ndrinlar (oilalar)ga bo‘linishgan.

Har bir ndrinaning o‘z tumani mavjud. Ndrangeta oilalari butun Yevropa Ittifoqi, Kanada, Argentina, Avstraliya bo‘ylab tarqalgan. Mafiya ishlarning borishi osonlashishi uchun Bryussel yaqinidagi kichikroq shaharni sotib olgan.

YEIning 80 foiz narkotrafiki - bu Ndrangeta. Kalabriya portlari - bu Ndrangeta. Rivyeradagi villalar va Bolgariyadagi mehmonxonalar - Ndrangeta. Butun Yevropadagi italyan restoranlari ham Ndrangeta.

To‘rt yil oldin «Yuventus Stedium»­da yangi I Gobbi fan-klubi tashkil etildi. Uning rahbari hech kimga tanish bo‘lmagan, lekin juda ishbilarmon Rokko Dominello edi.

Ushbu shaxs qisqa vaqt ichida asosiy fan-klub bo‘lgan Drughi rahbarligigacha yetib bordi. 2015 yilning bahorida Dominelloga tegishli kishilar «Real»ga qarshi o‘yinga qo‘llarida bir talay chiptalar bilan tashrif buyurishdi. O‘shanda bir dona chipta 200 yevroga sotilgandi.

Surishtiruv ishlaridan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Ndrangeta aynan chiptalar sotuvi tufayli «Yuventus»ning «kasali»ga aylangan ekan.

Polisiyaning taxminlarini Drughi yetakchisi Dino Mochchiola tasdiqlashi lozim edi. Lekin u tergov boshlanishi bilanoq qayergadir yo‘qoldi. O‘shanda fanatlar yetakchisi va «Yuve» maslahatchisi bo‘lgan Chicho Buchchi «sayrash»ni boshladi.

Buchchi sudda Ndrangetaning chiptalar sotuviga aloqasi borligini aytdi. Oradan ikki kun o‘tib, ko‘prikdan o‘zini tashlab, halok bo‘ldi. «Yuventus» mazkur voqea jabrlanuvchisiga aylandi.

Okrug prokurori Armando Spataro klubning tergovdan tash­qarida ekanini aytdi. Anyelli esa ishga guvoh sifatida ta’sir o‘tkazdi, xolos. Lekin jarayonga Juzeppe Pekoraro aralashdi.

DosYE: Juzeppe Pekoraro - FIGC (Italiya futbol federasiyasi) bosh prokurori. Uddaburon qonunchi, suvdan doim quruq chiqadi. 2002 yili Rim polisiyasi rahbarligiga ta­yinlangan.

Birinchi ishi bosh vazir o‘rinbosari Marko Byajining eskortini chaqirib olish bo‘lgan. Natijada siyosatchini o‘ldirib ketishgan.

Lekin Pekoraroni tajribasizlikda ayblab, o‘z lavozimida qoldirishgan. 2011 yilga kelib Juzeppe Rimning okrug prokurori bo‘ladi. Uning nomi Kapitale mafiyasiga aralashib qoladi. O‘shanda ham Pekoraro suvdan quruq chiqadi.

Aynan u Muxtor Abzalovning rafiqasi Alma va qizi Aliya Shalabayevalarni Italiyadan chiqarib yuborgandi. Keyinchalik bu deportasiya noqonuniy deb topildi. Lekin prokuror o‘z lavozimida qoldi. Aynan uning rahbarligida «Roma» fanatlari «Napoli» muxlisini otib qo‘yishgandi.

Uning paytida 200 ming rimlik Mudofa vazirligi binosini yoqib yuborib, shaharni qo‘lga olay degandi. Ammo Pekoraro har doimgidek tegirmondan butun chiqadi. U e’tiborini sportga qaratib, IFFning afsonaviy prokurori Stefano Palassining o‘rnini egalladi.

Esingizda bo‘lsa, Palassi lavozimidan ketganidan bir yil o‘tgach, «Kalchopoli»da hakamlarni «Inter» sotib olganini aytgandi. Ana o‘sha «Inter» «Yuventus» «taxt»dan ag‘darilgach, Italiya futbolida gegemonlikni o‘rnatganini yaxshi bilasiz.

Pekoraro Anyelli va Dominelloning telefon so‘zlashuvi yozuvi borligini aytdi va «Yuventus»ning mafiya bilan aloqa qilgani uchun sud qilinishi lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng jiddiy muammolar yuzaga keldi. Chunki mafiya bilan aloqa turinliklarga «Mojigeyt»dan ko‘ra qimmatroqqa tushishi hech gap emasdi.

Juzeppe turli gap-so‘zlarni gapirib yuborgan bo‘lsada, telefon yozuvlarini taqdim eta olmadi. Hammasi hali boshlanmay turib yakunlanishi mumkin edi. Shunda bu ishda Antimafiya paydo bo‘ldi.

DosYE: Antimafiya - parlamentning mafiyaga qarshi kurashish komissiyasi, kuchli apparat, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida keng vakolatga ega.

Uni Rozariya Bindi boshqaradi. Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri, Italiyaning eng obro‘li ayollaridan biri, «Fiorentina» muxlisasi. Tashkilotning sportga bog‘liq ishlarini kotib Marko Di Lello olib boradi. U neapollik, «Napoli» muxlisi.

Bu juftlikning o‘z dastagi bor. Ular shu dastakni tortishdan cho‘chishmaydi. «Yuventus» «Napoli»ning yuqori lavozimda ishlaydigan muxlisi tomonidan aytilgan gaplar uchun ishga aralashtirilgan.

20 may kuni bo‘lib o‘tgan sudda Andrea Anyelli qatnashgandi. Qoralovchi Dominello bilan telefon suhbatiga izoh berishni talab etardi. Pekoraro ana shu yozuvning nusxasini himoyaga taqdim etganini aytgandi.

Ammo «Biz bu yozuvni eshitmadik. Kimdir aldayapti», - deydi milliarderning advokati. Natijada Pekoraro sudda ko‘rsatma berdi. Jasur qonunchi xato bo‘lganini bahona qildi.

Keyin vaziyatdan kelib chiqib, Turin prokurorini aybladi. Aynan shu yerda u jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygandi. Armando Spataro bilan hazillashib bo‘lmaydi. Hattoki, Markaziy razvedka boshqarmasi ham uni izdan chiqarishni uddalay olmagan.

DosYE: Armando Spataro - Turinning 68 yoshli okrug prokurori. Italiya adliyasi chirog‘i, Prodi va Berluskoni jangining akulasi. Siyosatchilar orasida bir yarim ming nafar mafiya­chi borligi aniqlangan «Toza qo‘llar» operasiyasi faxriysi.

U AQSHning MRBsi Italiya harbiy razvedkasi bilan imom Abu Umarni noqonuniy o‘g‘irlaganda mashhurlikka erishgan. Mazkur ishni besh yil mobaynida olib borgan. Bu vaqt oralig‘ida Amerika va Italiya josuslariga kun bermagan.

Shuningdek, MRBning yonini olgan Italiya hukumatiga qarshi chiqqan. O‘shanda hech nimadan qo‘rqmagan. AQSH tashqarisida MRB agentlarini jinoiy javobgarlikka tortgan birinchi inson sanaladi.

Spataro xalq oldida Pekoraroning ayblarini ochib tashladi. Natijada «Yuventus» ishi boshlanmayoq yopildi. Dominello qamaldi.

Agar u taniqli fanat bo‘lmaganida, Anyellini guvohlikka ham chaqirishmasdi. Endi «Yuventus» sport etikasi kodeksining 12-bandi bo‘yicha javob berishi kerak edi.

Anyellini fanatlarga keragidan ortiq chipta berganlikda ayblashdi. Bu boradagi eng maksimal jazo - 50 ming yevro miqdoridagi jarima.

Ish IFF prokurori, ya’ni Pekoraroga topshirildi. U «Yuve»ni kelishuvga chaqirdi. Agar klub aybini tan olsa, yengil 9 oylik diskvalifikasiya va 8 millionlik jarima jazosi qo‘llaniladi. Ammo huquqshunos rad javobini oldi.

Turinliklar «Maksimal jarima 50 ming bo‘lganda, nima uchun klub 8 million to‘lashi kerak?», deyishdi. Xullas, suddan so‘ng Anyellini bir yilga chetlatishdi. «Yuventus» 300 ming yevro miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.

Endi «Keksa sinyora»ga nima bo‘ladi? Hech nima. Yangi kalchopoli yutqazdi. Garchi mafiya bilan aloqa qilganlikda ayblashsada, hech qanday jazo berilmadi.

Qolganlari sportdagi mayda-chuydalar. Anyelli bir yildan so‘ng qaytadi. To‘g‘ri, faqat qog‘ozlardagi dastxat o‘zgaradi, xolos. Pekoraro esa bundan ortig‘ini qila olmaydi.

Italiyaliklarda bir gap bor: «Yuventus»ni unga muxlislik qilmaydigan barcha yomon ko‘radi.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 11:18, 20.10.2017.
O'qildi: 4659 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.