“San Siro” stadionidagi uchrashuvni uchta avlod tomosha qildik: Otam, men va katta o‘g‘lim. O‘ylab qarasam, mana shu uchta avlodning faqat o‘zigagina tegishli davri, shaxsiy suyuklisi va o‘zigagina tegishli yulduzlari bor ekan. Otamga tegishli yulduzni men, menga tegishli dahoni o‘g‘lim, o‘g‘lim suygan goleadorni otam qabul qila olmasligi turgan gap. Biroq, bu Italiya hammamizning Italiyamiz ekan. Otam ham, men ham, o‘g‘lim ham Italiyani birdek tanirkanmiz, o‘yinni ko‘ra turib sezib qoldim shuni.
Otamga ham, menga ham, o‘g‘limga ham tanish bo‘lib ulgurgan Italiya hammamizni so‘nggi soniyalargacha kurashga o‘rgatib qo‘ygan ekanmi, deyman, hammamiz unga bir xil muxlislik qilib o‘tirdik. Oxirigacha. Yo‘g‘-e, hozir uradi, derdi otam, men va o‘g‘lim. Oxirgi soniyalarda bo‘lsa ham g‘alabani yulqib oladi, degan ishonch hammamizning ko‘zimizda tungi uchlarda ham yaqqol ko‘rinib turardi.
Lekin futbol yovuz o‘yin ekan, bir asrda bir marta bo‘lsa ham noto‘g‘ri yo‘lda ketayotganlarni bir martaga bo‘lsa ham jazolarkan. Bu voqea otam 70ni qoralayotganda, men qirqdan oshganimda, o‘g‘lim 18ga kirganida sodir bo‘ldi. Hammamizga birdek tanish bo‘lgan va hammamizda birdek tasavvur uyg‘ota olgan yagona terma jamoa o‘rtamizdan chirt etib uzildi. Moviy libos dasturxon ustiga yoyilib tushgandek bo‘ldi.
Ha, azizlar, Italiya Shvesiyadan o‘ta olmadi. Zlatanning taxminlari to‘g‘ri chiqdi. Men o‘ynamasam terma jamoamizning ustida bosim bo‘lmaydi, degandi. Bosim bus-butkul skuadro adzurraga tushdi. Tushganda ham, bu yukni ko‘tarishni hatto tasavvuriga ham sig‘dirmagan Ventura atalmish murabbiyning ustiga tushdi. Eng katta ishlagan jamoasi “Torino” bo‘lgan va futbolchilikda ham V seriyadan boshqasini ko‘rmagan 69 yoshli murabbiy Italiyani o‘sha jarga qulatdi. Ha, aynan murabbiy qulatdi.
Murabbiyni kim qo‘ygan o‘zi, dersiz? To‘ppa-to‘g‘ri, Italiya futbol uyushmasi. Dunyoga eng zo‘r murabbiylarni yetishtirib chiqargan, shu yilgi The Bestning o‘zida uchta eng yaxshi murabbiydan ikkitasini jahon futboliga taqdim etgan Italiya ayni shu masalada oqsagani kulgili bo‘ldi. Kontedan keyin terma jamoaga terma jamoani imkon qadar mundialdan qoldirishga xizmat qiladigan eng qulay variant topildi. Ventura degan murabbiy borligini ko‘pchilik o‘sha payti bildi chog‘i. Yurtning bosh jamoasiga birorta tuzukroq odam topilmasa-ya? Italiyada tag‘in…
Men ushbu uchrashuv arafasida juda ko‘p italiyalik jurnalistlarning chiqishlarini, maqolalarini, tahliliy yondoshuvlarini kuzatib bordim. Ularning aksari bitta gapni takrorlashardi: “Venturani olish kerak. Javob uchrashuviga yarim soat qolsa ham olish kerak. Mayli, murabbiysiz chiqsak ham Allegri taktikani belgilab ketsa, kifoya qiladi, muhimi shu insonni yo‘qotish kerak”, deyishdi.
Bu nolalarni tinglab, men o‘zbekistonlik jurnalistlarning holatidan u qadar xafa bo‘lmadim. Chunki biz ham mutasaddilardan faqat shu narsani so‘ragandik. Babayanni oxirigacha qo‘yib berishdi va kutilgan voqea sodir bo‘ldi. Venturaning darajasi ham bizning murabbiyimizga teng bo‘lsa tengki, aslo ustun emas. Ventura terma jamoani Rossiyaga bormasligi uchun hamma ishni qildi. Ayniqsa, tarkibni belgilashda, beshta yarim himoyachi bilan o‘ynashida va eng qizig‘i… ayni paytda A seriyada eng yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan Insinyeni o‘ynatmasligida yaqqol sezildi.
Faktlar tasodifan tushib qoladimi yoki izlab topamizmi, bilmadim. Ammo terma jamoadagi faoliyatini Rossiya maydonlarida boshlagan Janluidji Buffon aynan shu diyordagi bahslarga bormaydigan bo‘ldi.
Oltmish yil muqaddam oxirgi marta skuadro adzurra jahon chempionatiga bormaganida, musobaqa mezboni Shvesiya bo‘lgan ekan. Taqdir bu nomlarni “San Siro” stadionida birlashtirganiga qarang-da!
Italiya terma jamoasi aslida birinchi o‘yinni boy berib, mundial eshiklarini o‘ziga yopib qo‘yayozgan edi. Nega deysizmi? Birinchidan, Shvesiya Milanga juda qulay hisob bilan kelayotgan edi. Ikkinchidan, 1:0 hisobida yenggan jamoa raqibi o‘zidan kuchliroq bo‘lsa qo‘rqmasdan bor e’tiborni himoyaga qarataveradi. Birinchi bo‘limning yarim soatigacha turib bersa, buyog‘iga asabiylashayotgan mezbonlarning o‘yinida aniqlik yo‘qoladi. Shvesiya bosh murabbiyi bu masalada adashmadi.
Ha, deyarli hamma matbuotda shunday tahlil. Agar maydonda Italiya terma jamoasi o‘ynamaganida, biz ham shu tahlillarga qo‘shilsak bo‘lardi, lekin maydonning bir tomonida biz bilgan va biz tanigan moviy gvardiyachilar o‘ynashdi-da, hamma gap shunda!
Bugungi Italiya ushbu mag‘lubiyatga haqlimidi yoki mundialga borishi shartmidi degan savolga javob izlamang. Foydasi yo‘q. Biz bu yurtning har qanday tarkibini eng katta musobaqada ko‘rishga odatlangandik. Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatida kim chempion bo‘lishidan qat’iy nazar, qaysi yulduz porlashidan qat’iy nazar kelajakda eslanganida birinchi navbatda Skuadro adzurra ishtirok etmagan mundial deb yodga olinadi. Messi, Ronaldu va shunga o‘xshash hozircha nomi yodimdan ko‘tarilgan yulduzlarning ro‘yxatini keyin eslasak kerak.
Xullas, jangchilaridan ayrilgan musobaqaga xush kelibsizlar, aziz futbol shaydolari!
Xayrulla HAMIDOV, «Erudit Sport» gazetasi.