Avstraliya milliy jamoasi 14 noyabr kuni KONKAKAF vakili - Gonduras termasini 3:1 hisobida yengib, JCH-2018 final raundi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa Rossiya mundialida OFK sharafini himoya qiluvchi jamoalar soni 5taga yetdi. Diqqatni tortadigan fakt shuki, Osiyo futboli tarixga aylangan avvalgi 20ta jahon chempionatining hech biriga bu qadar ko‘p vakil yubormagan.
«Sokkeruz»ni ulkan muvaffaqiyat bilan tabriklash barobarida mundialga qit’alararo «pley-off» orqali yo‘l olgan va ololmagan qit’adoshlarimizga to‘xtalamiz.
JCH-30. Futbolning Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgani boshida yangi formatdagi turnir kelajagiga shubha uyg‘otgan. Bundan tashqari, Yevropaning bir qator mamlakatlari ilk turnirga jamoa yuborishni istamagan. Shular ta’sirida tarixdagi debocha jahon chempionati uchun saralash bosqichi o‘tkazilmagan. Shuningdek, Urugvay-30 mundialiga Osiyodan biror jamoa bormagan.
JCH-34. Italiyada tashkillashtirilgan hisob bo‘yicha ikkinchi JCH yo‘llanmalari taqdiri esa saralash bahslari orqali hal etilgan. Xususan, 12-saralash guruhida Afrika va Osiyo jamoalari yagona yo‘llanma uchun kurash olib borgan. Aniqroq aytsak, trio shaklidagi guruhda Misr, Falastin (Britaniya mandati ostida edi) va Turkiya jamoalari joy olgandi. Biroq turkiyaliklar so‘nggi pallada saralashdan bosh tortishadi va guruhda 2ta jamoa qoladi. O‘sha vaqt Falastin termasi tarkibida 9 nafar ingliz, 6 nafar yahudiy va bir nafargina arab futbolchisi bor edi. Xullas, misrliklar ushbu baynalminal jamoani 7:1 va 4:1 hisobida yengib, JCH-34ga yo‘l oladi. Falastin termasi gollarini Abraxam Nadelmann (birinchi bahsda) hamda Yoxanan Sukenik urishgandi. O‘yinlar esa Qohira va Tel-Avivda tashkillashtirilgan.
JCH-38. Bu safar ham 12-saralash guruhi «uchinchi dunyo» vakillari uchun ajratiladi: Avstraliya, Xitoy, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Filippin va Gollandiya Hindistoni (Indoneziya). Biroq bu jamoalar saralashda ishtirok etishni istamagani sabab, Gollandiya Hindistoni termasi kurashsiz yo‘llanma oladi. Britaniya mandati tasaruffida bo‘lgan Falastin termasi esa bu safar 6-guruhda o‘ynab, Gresiya jamoasiga yo‘l bo‘shatadi - 1:3, 0:1. Falastinliklar qaysi asosga ko‘ra, greklar bilan o‘ynashgani futbol qaydnomalarida ko‘rsatilmagan. Ayrim manbalarda taxmin qilinishicha, Falastin jamoasining so‘nggi 5 yildagi natijalari Isroil futboli statistikasiga qo‘shib yuborilgan.
JCH-50. Ikkinchi jahon urushi tufayli 12 yillik tanaffusdan so‘ng tashkillashtirilgan uchinchi mundial yo‘llanmalari jami 10ta guruhda o‘ynalgan. Osiyoda joylashgan Isroil va Suriya mamlakatlari jamoalari esa Yevropa hududidagi saralashda ishtirok etgan. Suriyaliklar 2-guruhda Turkiya termasiga 0:7 hisobida imkoniyatni boy berishadi, isroilliklar esa 3-guruhda Yugoslaviya jamoasiga bas kelolmaydilar - 0:6, 2:5. Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Isroil tarixda 3ta konfederasiyaga a’zo bo‘lgan: OFK (1954-1974 yillar), OkFK (1974-1991 yillar) va UYEFA (1994 yildan buyon).
JCH-54. Shveysariya jamoasi mezbon, Urugvay termasi esa amaldagi chempion sifatida saralashdan ozod qilinadi. Qolgan 14ta chiptaning 11tasi Yevropa jamoalari (Misr, Isroil va Suriya termalari ham inobatga olinganda)ga ajratiladi. 2ta yo‘llanma taqdiriga Amerikada oydinlik kiritilgan bo‘lsa, ulkan Osiyoga 1ta chipta beriladi. Aytgancha, Vyetnam va Hindistonning saralashda qatnashish uchun arizasi rad etilgandi. Aynan o‘sha saralashdan e’tiboran jamoalarga o‘yin davomida bir o‘yinchini almashtirish uchun ruxsat berilgan.
JCH-58. Bu safar 16ta yo‘llanma quyidagicha taqsimlanadi: Yevropa - 11ta, Janubiy Amerika - 3ta, Shimoliy va Markaziy Amerika - 1ta, Afrika va Osiyo - 1ta. Isroil, Kipr va Turkiya termalari ham AFK|OFK guruhida o‘ynaydi. FIFA Efiopiya va J.Koreya jamoalarini saralashga qo‘ymaydi. Xullas, Osiyo nomidan Indoneziya, Xitoy, Avstraliya, Isroil, Suriya termalari kurashga kirishadi. Yakunda isroilliklar yo‘llanma uchun Sudan termasi bilan o‘ynashlari kerak edi. Biroq Afrika vakili siyosiy sabablarga ko‘ra, o‘yin-dan bosh tortgach, FIFA Isroil termasini qit’alararo «pley-off»ga ro‘baro‘ qiladi. Unda UYEFA a’zosi Uels jamoasi har ikki o‘yinni 2:0 hisobida o‘z foydasiga hal etadi. Natijada 1958 yilgi mundialda Osiyodan hech kim ishtirok etmaydi.
JCH-62. Osiyoga bu safar 0,5ta yo‘llanma beriladi. Yaponiya va J.Koreya termalarining o‘zaro o‘yin-larida koreyslar ustun kelishadi - 2:1, 2:0. Yugoslaviyaliklarga qarshi kechgan qit’alararo «pley-off»da esa OFK vakili hech narsa qilolmaydi - 1:5, 1:3. Bu qit’amiz vakili uchun haqiqiy ma’noda ilk «pley-off» bo‘lgandi.
JCH-66. 16ta yo‘llanmadan atigi 1tasi Afrika, Osiyo va Okeaniya mintaqalariga ajratiladi. Saralash bosqichi start olgan vaqt Okeaniya futbol konfederasiyasi hali tuzilgan emasdi. KXDRtermasi guruh raundida Avstraliya jamoasini 6:1 va 3:1 hisobida yengadi. Afrika jamoalari esa so‘nggi bosqichdan voz kechgach, Osiyo vakili Angliya mundialiga yo‘l oladi. Muhimi, KXDR termasi JCHda hammani o‘ziga qaratadi. Fakt: mundial-66 saralashida jami 51ta jamoa qatnashadi - 127ta o‘yin, 393ta gol.
JCH-70. Meksika mundialining 1ta chiptasi Osiyo va Okeaniyaga beriladi. Saralashning oxirgi bosqichida Isroil termasi Avstraliya jamoasidan ustun keladi - 1:0, 1:1. E’tiborlisi, har ikki o‘yinni avstriyalik hakam Ferdinand Marshall boshqargandi.
JCH-74. 4 yil oldingi holat o‘zgarmaydi. Ya’ni bitta yo‘llanma uchun Osiyo va Okeaniya jamoalari o‘rtasida kurash boradi. Avstraliya termasi avvalgi xatolaridan xulosa chiqarib oxirigacha kurashadi va Osiyoni mundialsiz qoldiradi. Janubiy Koreya termasiga qarshi 2ta o‘yinda ham durang qayd etilgach, qo‘shimcha bahs tashkillashtirilgandi.
JCH-78. Osiyo va Okeaniya mintaqalaridagi saralashda yana 1ta yo‘llanma taqdiriga oydinlik kiritiladi. Avvaliga 21ta jamoa 5ta guruhga bo‘linadi. 5-guruhda Avstraliya, Yangi Zelandiya va qit’amiz vakili - Xitoy Taypeyi termalari joy olgandi. Hal qiluvchi final raundiga esa Eron, J.Koreya, Quvayt, Avstraliya va Gonkong termalari chiqadi. Yakunda eronliklar ilk marta JCH chiptasini qo‘lga kiritishadi.
JCH-82. Ispaniya mundialining 24ta chiptasidan 2tasi Osiyo va Okeaniyaga ajratiladi. Quvayt termasi final bosqichida Yangi Zelandiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni jamoalarini ortda qoldiradi. Ikkinchi yo‘llanma uchun esa guruhda bir xil ochko (7ta) to‘plagan Xitoy va Yangi Zelandiya termalari alohida maydonga tushadi va unda qit’adoshlarimiz yutqazib qo‘yishadi - 1:2.
JCH-86. Meksika mundialining sof 2ta yo‘llanmasi OFK ixtiyoriga beriladi. Okeaniya vakillari esa 0,5ta chiptani butun qilishga urinib ko‘rishadi. Biroq Avstraliya termasi qit’alararo «pley-off»da UYEFA a’zosi Shotlandiya jamoasiga bas kelolmaydi.
JCH-90. 4 yil oldingi holat: osiyoliklar 2ta yo‘llanmaga ega bo‘lishadi, okeaniyaliklarga esa yana 0,5ta chipta ajratiladi. Yakunda na Osiyo va na Yevropaga siqqan Isroil termasi qit’alaro «pley-off»ga yo‘l olib, kolumbiyaliklarga yutqazadi. Xullas, isroilliklar o‘sha yili Okeaniya nomidan ishtirok etishgandi.
JCH-94. DAVOMI