Qatar yulduzlar ligasi qit’amizdagi eng kuchli milliy birinchiliklardan biri sanaladi. Hamyurtimiz Sanjar Tursunov ayni paytda ushbu birinchilik vakili — «Xaraytiyat» jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
O‘zbekistonlik yarim himoyachi mazkur klub yetakchilaridan biriga aylanib ulgurdi. Lekin uning jamoasi uchun chempionat u qadar muvaffaqiyatli boshlanmadi.
Yaqinda muxbirimiz Tursunov bilan suhbatlashib, turli mavzudagi savollarga javob oldi.
— «Xaraytiyat» uchun Qatar yulduzlar ligasining yangi mavsumi qanday boshlandi?
— Afsuski, u qadar muvaffaqiyatli start olmadik. Sababi, dastlabki 2ta bellashuvda kutilmaganda imkoniyatni boy berib qo‘ydik. 3-turda esa o‘yinning so‘nggi daqiqasida gol o‘tkazib, durang qayd etdik.
— Lekin jamoangiz qayd etayotgan natijalar tobora yaxshilanib bormoqda...
— Ha, shunday. Startni unchalik muvaffaqiyatli olmagan bo‘lsak-da, keyinchalik o‘yinimiz va natijalarimiz nisbatan yaxshilana boshladi.
Mashg‘ulotlarda kamchiliklar ustida ishlayapmiz. Oldingi o‘yinlarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni keyingilarida qaytarmaslikka intilyapmiz. Sekin-asta musobaqa jadvalida ham yuqorilay boshladik. Lekin ko‘plab o‘yinlarda kutilmaganda gol o‘tkazib yuborib, yakunda durang qayd etayotganimiz achinarli bo‘lyapti.
— Chempionatda ishtirok etayotgan jamoalar o‘rtasidagi tafovut kattami?
— Yo‘q. Qatar yulduzlar ligasi ishtirokchilari o‘rtasidagi farq u qadar sezilarli emas. To‘g‘ri, musobaqa jadvalidagi yetakchilar ochko yig‘ish borasida autsayderlardan ancha o‘zib ketishdi.
Buning asosiy omili esa ushbu klublar safida Qatar fuqaroligini olgan xorijlik futbolchilar soni ko‘p ekanidadir. Boshqa jihatlar bo‘yicha jamoalar saviyasi bir-biriga yaqin, deya olaman.
Buni yetakchilar va quyi pog‘onada borayotgan klublarning o‘zaro o‘yinlarida kutilmagan natijalar tez-tez qayd etilishidan ham bilish mumkin.
Ko‘pincha favorit deb qaralgan jamoalar ham pastki o‘rindagilarga imkoniyatni boy berib qo‘yishadi. Bu Qatar chempionatida normal holat sanaladi.
— Ushbu mavsum oldidan «Al-Jaish» hamda «Laxviya» negizida yangi «Duhayl» klubi tuzildi. Aynan shu jamoa hozir yulduzlar ligasida peshqadamlik qilmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, «Duhayl»ning tashkil etilgani Qatar chempionatini kuchaytirdimi? Bu klub boshqa ishtirokchilardan ancha kuchayib ketmadimikan?
— Ha, mavsum oldidan «Laxviya» va «Al-Jaish» birlashtirilib, endilikda «Duhayl» nomi ostida chempionatda ishtirok etmoqda. Yangi tuzilgan jamoa har ikkala klubdan ham eng mahoratli futbolchilarni saralab oldi.
Hozir ularda juda kuchli tarkib mavjud, musobaqa jadvalini boshqarib borishayotgani ham bejiz emas. Lekin agar «Laxviya» va «Al-Jaish» bo‘lganida ham chempionat bundan zerikarli o‘tmasdi.
Shu bois «Duhayl»ning tuzilgani chempionatni kuchaytirdimi?», degan savolga hozircha aniq javob berishga shoshmaslik kerak, fikrimcha.
— Ayni payt o‘zingiz namoyish etayotgan o‘yindan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
— Agar futbolchi o‘z o‘yinimdan qoniqyapman, desa o‘sishdan to‘xtab qoladi. Men ham hozirgi holatim bilan cheklanmay, mashg‘ulotlarda astoydil ishlayapman. Buni murabbiylar shtabi ko‘ryapti va muntazam o‘ynash imkonini taqdim etyapti.
Men ham ular bildirayotgan ishonchni oqlashga urinyapman. Har bir uchrashuvda jamoamiz g‘alabasiga o‘z hissamni qo‘shishga intilyapman. Nasib etsa, joriy mavsum «Xaraytiyat» bilan yaxshi natijalarga erishmoqchiman.
— «Xaraytiyat» oldiga mavsumda qanday vazifa belgilangan?
— Jamoamiz sekin-asta o‘z infratuzilmasini yaxshilab bormoqda, raqobatbardosh jamoa shakllantirilmoqda.
Buning uchun murabbiylar shtabiga qulay sharoit va yetarlicha vaqt taqdim etilyapti. Shu sababli ham klub rahbariyati oldimizga o‘tgan yilgidan ko‘ra yuqoriroq o‘rinni egallash vazifasini qo‘ydi.
— Temurxo‘ja Abduxoliqov ham Qatarda faoliyat olib bormoqda. Uning tez-tez gol urayotgani sizni ham quvontirayotgandir?!
— Albatta! Temurxo‘ja — yaqin do‘stim. Uning yulduzlar ligasida to‘purarlar orasida borayotganidan juda xursandman. Abduxoliqov o‘ynayotgan jamoa o‘yinlariga ham befarq emasman.
«As-Sayliya» qayd etayotgan natijalar bilan qiziqib turaman. Ayniqsa, hamyurt bo‘lganimiz uchun ham Temurxo‘janing to‘purarlar poygasida yetakchilardan biri ekani quvonch bag‘ishlayapti.
— Qatar chempionatida 12ta jamoa qatnashadi. Kelasi mavsumdan boshlab O‘zbekiston elitasida ham shuncha ishtirokchi qoladi. Ushbu format ostidagi birinchilik qiziqarliroq o‘tadi, degan fikrga qo‘shilasizmi?
— Ha, yulduzlar ligasidagi jamoalar 12tani tashkil etishi rost. Biroq O‘zbekiston hudud jihatidan va aholi soni bo‘yicha Qatardan ancha katta. Shu sababli ham avvaldan bizda ishtirokchilar ko‘proq bo‘lib kelgan.
Lekin endilikda qatnashchilar ro‘yxati qisqartiriladi. Shu tariqa raqobatbardoshlikni oshirish maqsad qilingani tayin. 12ta jamoaning barchasi kuch jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lsa, chempionat qiziqarli va tomoshabop kechishi aniq. Shunda har bir uchrashuv shiddatli tarzda o‘tadi.
Zokir Shoh suhbatlashdi.