Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Super-liga klublarining yangi mavsum rejalari (eksklyuziv)

Super-liga klublarining yangi mavsum rejalari (eksklyuziv)

Baho:
+ | -

Yangi mavsumda Superliga nomi ostida start oladigan chempionatimiz jamoa­lari «qishki uyqu»dan uyg‘onishni boshlashdi.

Mamlakatimizdagi ob-havo sharoitidan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, dekabr bizda haqiqiy sarhisob oyidir. Qolaversa, klublar ham keyingi yil uchun rejalar tuzib, homiylar va rahbariyatga taqdim etishadi.

Quyida Superligada ishtirok etish ehtimoli yuqori bo‘lgan klublarning tayyorgarlik rejalari xususida o‘rtoqlashsak.

«LOKOMOTIV»

Amaldagi chempion va kubok sohibi 18 dekabrda ta’tildan qaytdi. Jamoa aynan shu sanadan to 8 yanvarga qadar TTZdagi qarorgohi - «Lokomotiv» sport majmuasida kuniga 1-2 mahal shug‘ullanadi. Mashg‘ulotlar 1,5-2 soat nazariy va 2 soat amaliy shaklda o‘tadi. Berilgan jismoniy yuklamalardan kelib chiqqan holda mashg‘ulot vaqti o‘zgarishi mumkin.

2018 yilning 9-21 yanvar kunlari BAAning Dubay shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari tashkillanadi. Jismoniy yuklamalardan kelib chiqqan holda kuniga 1-2 mahal mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. U yerda mashg‘ulot olib borayotgan xorij klublariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etish ham ehtimoldan xoli emas.

«Temiryo‘lchilar» 22 yanvarda O‘zbekistonga qaytgach, yana o‘z qarorgohlarida mashg‘ulotlarga zo‘r berishadi. Fevral oyi uchun rejalar Osiyo Chempionlar Ligasi qur’asidagi raqiblarga qarab keyinroq takomillashtiriladi.

«NASAF»

Qarshi klubi 28 dekabrgacha o‘z qarorgohida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi. Ro‘ziqul Berdiyev unda asosan amaliy va nazariy mashqlarga e’tibor qaratadi. 2018 yilning 3-7 yanvarida jamoa yangi mavsum tayyorgarligini davom ettiradi. 7-20 yanvar oralig‘ida klub Antaliya yoki BAAda yig‘in o‘tkazishni rejalashtirgan.

23-30 yanvarda esa «ajdarlar» o‘z qarorgohlarida OCHL guruh bosqichiga yo‘llanma beruvchi «pley-off» bahslariga tadorik ko‘radilar. Mabodo Iordaniyaning «Al-Faysali» klubi mag‘lub etilib, guruh bosqichi chiptasi qo‘lga kiritilsa, jamoaning fevral oyi uchun rejalari keyinroq ma’lum qilinadi.

«PAXTAKOR»

Qisqa tanaffusdan so‘ng OCHLga qaytgan «sherlar» oldida o‘ta muhim o‘yin turibdi. Qatarda «Al-Garafa» mehmoni bo‘ladigan jamoa 23 dekabrdan ta’tildan qaytadi. Klub shundan so‘ng 29 dekabrgacha Toshkent shahridagi «JAR» sport majmuasida kuniga 1-2 mahal mashg‘ulot o‘tkazadi.

«Paxtakor» tushgacha nazariy, kechga yaqin esa 2 soatli amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Berilgan jismoniy yuklamalarga qarab shug‘ullanish vaqti o‘zgarishi ehtimoli mavjud. Jamoa 29 dekabrdan 2018 yilning 4 yanvarigacha bir haftalik ta’tilga chiqadi.

4-15 yanvar kunlari esa Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkillashtiriladi. U yerda ham jismoniy yuklamalardan kelib chiqib, kuniga 1-2 mahal mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. «Al-Garafa» bilan o‘yin uchun tuziladigan dastur haqida keyinroq ma’lum qilinsa kerak.

«BUNYODKOR»

Mirjalol Qosimov shogirdlari 29 dekabrgacha o‘z qarorgohlarida yig‘in o‘tkazishadi. Mashg‘ulotlar kuniga ikki marta olib boriladi. Dastavval 2 soat nazariy, tushdan so‘ng esa amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

3 yanvardan jamoaning o‘z qarorgohidagi mashg‘ulotlari tiklanadi va bu holat 10 yanvarga qadar davom etadi. 2018 yilning 12 va 26 yanvari oralig‘ida mazkur klub Turkiyaning Blue Waters yoki Birlashgan Arab Amirligidagi Jebel Ali mehmonxonasiga joylashadi.

U yerda mashg‘ulotlar kuniga 2 mahal olib boriladi. 29 yanvardan to chempionat startigacha jamoa yangi mavsum taraddudini yuqori darajaga ko‘taradi.

«NAVBAHOR»

«Lochinlar» 25 dekabrga qadar Namanganning o‘zida o‘quv yig‘ini o‘tkazishadi. «Navbahor» Markaziy stadionida nazariy mashg‘ulotlar tashkil etilsa, amaliy mashqlar sun’iy qoplamali maydonda o‘tkaziladi.

2018 yilning 5-18 yanvar hamda 20 yanvar-2 fevral kunlari Toshkent shahrida o‘quv yig‘ini uyushtiriladi. Namangan klubi mash­g‘ulotlar o‘tkazishda «Bunyodkor» sport majmuasidan foydalanishni rejalashtirgan.

Nazariy (1,5 soat) va amaliy (2 soat) mashg‘ulotlar ketma-ketlik asosida o‘tkazib boriladi. Klubning xorijda yig‘in tashkillashtirishi to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.

«BUXORO»

Ma’lumki, bu jamoa dekabr oyi­da ta’tilda bo‘ladi. 2018 yilning 4-18 yanvar kunlari esa Toshkent shahridagi «Grand Atlas» mehmonxonasiga joylashib, avvalgi tartibda tayyorgarlik olib boradi.

«Bunyodkor» sun’iy maydonida ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 22 yanvardan 6 fevralgacha Toshkent yig‘ini davom ettiriladi. 10-25 fevral sanalari oralig‘ida Ulug‘bek Baqoyev jamoasi Turkiya davlatida odatiy o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazadi.

«MASH’AL»

Muborak klubi 28 dekabrgacha Yangiyer shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazishni rejalashtirgan. Bu jarayon dastlab nazariy, keyinchalik amaliy shaklda davom ettiriladi. 28 dekabrdan 4 yanvargacha jamoaga ta’til beriladi.

2018 yilning 5-21 yanvar sanalarida yana Yangiyer shahrida yig‘in tashkillanadi. 21-24 yanvarda esa futbolchilarga dam beriladi.

24 yanvardan 8 fevralgacha Farg‘ona viloyati hokimi kubogi musobaqasida ishtirok etish uchun tayorgarlik olib boriladi. 11-26 fevralda jamoa yana Yangiyer shahriga qaytadi.

«OLMALIQ»

Viktor Kumikov shogirdlari 29 dekabrga qadar Toshkent viloyatidagi «Oltin olma» sanatoriyasida o‘quv-yig‘in tashkillashadi. Nazariy (1,5 soat) va amaliy (1,5 soat) mashg‘ulotlar tushgacha va kechga yaqin ketma-ketlik asosida o‘tkazib boriladi. Berilgan jismoniy yuklamalardan kelib chiqqan holda mashg‘ulot vaqti o‘zgarishi mumkin.

2018 yilning 4-31 yanvar kunlari yig‘inni Antaliyaga ko‘chirish rejalashtirilgan. Jamoa u yerda mashg‘ulot vaqtlarini biroz qisqartiradi.

Ya’ni, nazariy mashg‘ulotlarga 1 soat ajratilgan, xolos. 22 fevraldan to chempionat boshlanguncha Toshkent shahridagi «Turkiston» mehmonxonasidan TTYMI maydoniga qatnagan holda mashg‘ulotlar davom ettiriladi.

«QO‘QON-1912»

Bu klub 20-28 dekabr sanalari oralig‘ida Qo‘qon shahridagi Markaziy stadionda 1-2 mahaldan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazadi. Nazariy va amaliy mashqlar uchun 1,5 soatdan vaqt ajratilishi ko‘zda tutilgan. Murabbiylar shtabining yuklamalarni kuchaytirishi ehtimoli ham yo‘q emas.

2018 yilning 4-16 yanvar kunlari Toshkent shahridagi mehmonxonalardan biriga joylashib, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Chilonzor tumanidagi «Paxtakor» maktab majmuasida tashkillab, u yerda nazorat uchrashuvlari o‘tkazish rejalashtirilgan. Jamoa shundan so‘ng Farg‘onaga qaytadi va 20 yanvardan 5 fevralga qadar Farg‘ona viloyati hokimi kubogida qatnashadi.

«Qo‘qon-1912» mazkur turnir yakunlangach, yana eski manzil bo‘yicha Toshkent shahriga borib, nazorat o‘yinlariga zo‘r beradi. Bu jarayon 8-24 fevral sanalariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Chempionat starti boshlangunga qadar jamoa yana Qo‘qon shahriga qaytadi.

«METALLURG»

29 dekabrgacha Chirchiq shahridagi «The Room» mehmonxonasiga joylashadigan bekobodliklar tushgacha «Bun­yodkor» majmuasidagi sun’iy qoplamali maydonda mashg‘ulotlar o‘tkazishadi. Zaruratga qarab yuklamalar orttirilishi mumkin. Futbolchilar 2018 yil 3 yanvardan 1 fevralgacha shu taxlit shug‘ullanishda davom etishadi.

Chirchiqdagi «Kimyogar» maydonida soat 18:00dan 19:30gacha mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Bunisi dastlabki yig‘indan biroz farqli bo‘ladi. 2-16 fevral kunlari Antaliyada o‘quv-mash­g‘ulot yig‘ini o‘tkaziladi. 20 fevraldan to chempionat startigacha jamoa yana «Bunyodkor» - «Kimyogar» yo‘nalishi bo‘ylab shug‘ullanishni davom ettiradi.

«QIZILQUM»

27 dekabrgacha Navoiy shahrida ikki xil (nazariy va og‘zaki) shakldagi mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Berilgan jismoniy yuklamalar asosida mash­g‘ulot vaqti o‘zgarishi mumkin. 2018 yilning 5-28 yanvar sanalari oralig‘ida Navoiydagi GMZ-1 stadionida o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar oldingi formatda davom ettiriladi.

1-10 fevral sanalari oralig‘ida jamoa Toshkent shahridagi «Grand Atlas» mehmonxonasiga joylashadi. «Qizil­qum» ertalab «Yoshlik» stadionida shug‘ullansa, tushdan so‘ng mashq­lar «Bunyodkor» sport majmuasining sun’iy qoplamali maydoniga ko‘chadi. 12-28 fevralgacha imkoni topilsa, Turkiya yoki Toshkent shahrida yana bir bor o‘quv-yig‘ini o‘tkaziladi.

«SEMENTCHI»

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bu klub 28 dekabrgacha Quvasoy shahrida shug‘ullanadi. Mashg‘ulotlar «Sementchi» qarorgohida olib boriladi. Soat 09:00dan 10:15gacha nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazilsa, 15:00dan 16:30gacha futbolchilar amaliy mashqlarga zo‘r berishadi.

Yangi yildan so‘ng bu turdagi mashg‘ulotlar 12 yanvargacha aynan Quvasoyning o‘zida davom ettiriladi. 15-29 yanvar kunlari jamoa Toshkentdagi «O‘zbekiston» mehmonxonasiga joylashadi va «Paxtakor» sport majmuasida shug‘ullanadi. Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan olib boriladi.

1-15 fevral kunlari esa Farg‘ona shahridagi «Istiqlol» majmuasida mavsum taraddudini davom ettiradi. Mashg‘ulotlar kuniga ikki marta olib boriladi. Katta ehtimol bilan bu jamoa ham Farg‘onadagi viloyat hokimi kubogi turnirida ishtirok etadi.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 20:12, 25.12.2017.
O'qildi: 5732 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.