Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonasizmi? Temur Kopadze sovrinlar bo‘yicha butun dunyoda to‘rtinchi...

Ishonasizmi? Temur Kopadze sovrinlar bo‘yicha butun dunyoda to‘rtinchi...

Baho:
+ | -

Mana, O‘zbekiston chempionati bosh ligasi nomi tarixga yuzlanmoqda. Kelasi mavsumdan e’tiboran elit divizionimizni Superliga iborasi bilan tilga olamiz.

Tabiiyki, oliy liga ham butun tarix uchun qisqa davrda shonli yo‘llarni bosib o‘tdi, birinchilikda milliy miqyosda olsak, bir qator afsonaviy futbolchilar to‘p surishdi.

Ha, biz odatda oliy ligaga tanqidiy nazar bilan qaraymiz ko‘pincha. Ammo chempionat saviyasi o‘z yo‘liga, uning qahramonlarini vaqtida munosib e’tirof etish kerak, baribir. Anglagan bo‘lsangiz, bugun O‘zbekiston chempionatida ko‘p bora g‘alaba nashidasini surishgan futbolchilarga nazar solamiz.

Avvalo, aytish joiz, so‘nggi mavsumlarda chempionlik rutbasi poytaxt klublaridan ortmagani sabab, oliy liga g‘oliblari ro‘yxatining yuqorisida u qadar katta o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

*****

Joriy yilgi mavsum yakunida katta futboldagi faoliyatiga nuqta qo‘ygan Temur Kapadze O‘zbekiston milliy chempionatida oltin medal yutish bobida 3 nafar rekordchidan biridir.

1998 yili «Neftchi» orqali katta sahnaga chiqqan milliy jamoamizning sobiq yarim himoyachisi hisobida elit ligamizning 12ta oliy probali medali bor.

U shulardan 10tasini ketma-ket ravishda qo‘lga kiritgan - 2001-2010 yillarda. Kapadzening 2011-2015 yillar oralig‘ida xorij chempionatlarida ham o‘ynaganini inobatga olsak, rekordchi futbolchi 2001 yildan keyin oliy ligamizda faqat mavsum-2014dagina yakuniy g‘alabani tantana qilmagan.

Aytgancha, Temur 2013 yili «Aktobe» klubi safida Qozog‘iston chempioni ham bo‘lgan.

Fakt. Temur Kapadze jahon futbolida chempionlik soni soni bo‘yicha 4-o‘rin (!)ni egallab turibdi (manba: transfermarkt.de). Qoyilmisiz?

«Rusenborg» bilan 16 marta Norvegiya chempioni bo‘lgan Roar Strand bu borada jahon rekordchisi sanaladi. Keyingi o‘rinlarda Alfredo di Stefano va Aleksandr Shovkovskiy bor - 14tadan oltin medal.

*****

«Lokomotiv» bilan 2013 yilning 10 dekabr kuni shartnoma tuzgan Ignatiy Nesterov osiyolik darvozabonlar orasida alohida mavqega ega. Ya’ni milliy jamoamiz kiperining shaxsiy statistik ko‘rsatkichlari yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.

Ignat 2001 yili Samarqand «Dinamo»si safida oliy ligaga kirib kelgandi. U ortda qolgan davrda xuddi Kapadze kabi naq 12 marta mamlakat chempioni bo‘ldi. Bitta farqi shuki, Temur 4ta jamoada oltin medal yutgan bo‘lsa, Ignatiy 3ta klubning birinchi o‘rinni egallashiga hissa qo‘shgan.

Darvozabonning faoliyati hali davom etishini inobatga olsak, u bu borada yaqqol rekordchiga aylanishi ham mumkin. Aytgancha, 2016 yilning qishida Nesterov Tehronning «Persepolis» klubi e’tiboriga tushgandi, biroq bu qiziqish yakunda amaliy natija bilan tugamadi.

Fakt. Ignatiy Nesterovning chempionlik masalasidagi seriyasi 6 mavsumga teng. U 2002-2007 yillar oralig‘ida «Paxtakor»ning ketma-ket ravishda zafar quchishida bosh rollardan birini ijro etgan.

*****

1996 yilgi mavsumda Namanganning «Navbahor» jamoasi o‘z tarixidagi birinchi va hozircha yagona bo‘lib turgan chempionlikni nishonlaganida, uning tarkibida 18 yoshli Anvar Soliyev ham bor edi.

Sobiq hujumchi keyinchalik navbati bilan «Paxtakor» va «Bunyodkor» klublari sharafini himoya qilib, ko‘p bora shohsupaga ko‘tarildi. Oddiy aytganda, Anvar kolleksiyasida ham oliy ligamizning 12ta chempionlik medali bor.

Qolaversa, Soliyev shu 3ta jamoa safida jami 9 marta O‘zbekiston kubogi sohibiga aylangan.

Fakt. Anvar Soliyev hisobidagi 12ta oltin medaldan 8tasida «Paxtakor» belgisi bor. Diqqatga sazovor tomoni, sobiq hujumchi birinchi va ikkinchi chempionlik o‘rtasida 5 mavsum «oltin» yutmagan. 

*****

«Navbahor» 1997 yili chirchiqlik 15 yoshli o‘smir yigitcha Server Jeparovni o‘z tizimiga qo‘shib olgandi. Uning jamoa asosiy tarkibiga kirishigacha 3 yil ketdi.

«Paxtakor» atrofida milliy jamoa bazasini yaratish jarayoni boshlangach, Serverni ham Toshkent klubiga taklif etishdi. 2010-2015 yillarda xorijda o‘ynagan mohir yarim himoyachi ayni payt Eron chempionatida to‘p surmoqda. Bular Jeparovning samarali professional faoliyatida oddiy sahifalar hisoblanmaydi, albatta.

Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi hisobida jamlangan oliy liganing 9ta oltin medali ko‘p narsadan dalolat beradi. Uni  bemalol o‘zbek futbolining yangi asrdagi bunyodkorlaridan biri sifatida ta’riflash mumkin.

Fakt. Server Jeparov 8ta chempionlikni ketma-ket ravishda qo‘lga kiritgan bo‘lsa, oxirgisini 7 yillik tanaffusdan keyin rasmiylashtirdi.

*****

Ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagandir, 2002 yili «Paxtakor»ning ichki birinchilikdagi bosh to‘purari maqomi turkmanistonlik markaziy himoyachi Gochquli Gochquliyevga nasib qilgandi.

Turkman yigiti o‘sha mavsum oliy liga bahslarida naq 14ta gol urgan va yakunda yilning eng yaxshi futbolchisini aniqlash so‘rovida 2-o‘ringa loyiq ko‘rilgandi.

Ayni payt Turkmniston chempionati ishtirokchisi - «Oltin asr» klubida murabbiy rolini bajarayotgan sobiq himoyachi hisobida 2ta O‘zbekiston kubogi ham bor.

Fakt. Gochquli Gochquliyev O‘zbekistonda eng ko‘p chempion bo‘lgan xorijlik futbolchi sanaladi. U 7ta oltin medalni «Paxtakor» (4 marta) va «Bunyodkor» (3 marta)da yutgan.

*****

Tojiyevlar oilasining o‘rtancha vakili Kamoliddinni alohida tanishtirishga hojat yo‘q. Vaqtida Xitoy chempionati kumush medali sovrindori bo‘lgan bu futbolchi «Paxtakor»dagi faoliyati davomida 7 marta chempionlik rutbasiga erishgan.

U yurtimizda «Paxtakor»dan tashqari, «So‘g‘diyona» safida ham ma’lum muddat to‘p surgan.

Fakt. Kamoliddin Tojiyev bitta klub safida chempion bo‘lish bobida yurtimizda ikkinchi yaxshi ko‘rsatkichga ega futbolchidir.

*****

Buxorolik Eldor Magdeev «Paxtakor»ning oltin davrida 6 marta chempion maqomini olish barobarida mamlakat kubogini 7 marta boshi uzra baland ko‘targan, lekin har doim ham asosiy tarkibning o‘zgartirilmas futbolchisi sanalmagan.

Vaqtida o‘z salohiyatini Xitoy chempionatida ham sinab ko‘rgan Eldor faoliyati yakunida «Oq-tepa»da o‘ynaganini eslatish joiz.

Fakt. Eldor Magdeev chempionlik seriyasi bo‘yicha  eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri muallifidir.

O‘zbekiston oliy ligasida eng ko‘p chempion bo‘lgan futbolchilar

Futbolchi

Jami

Klublar

Temur Kapadze

12 marta

2001 («Neftchi»); 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007 («Paxtakor»); 2008, 2009, 2010 («Bunyodkor»); 2016, 2017 («Lokomotiv»)

Ignatiy Nesterov

12 marta

2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007 («Paxtakor»); 2009, 2010, 2011, 2013 («Bunyodkor»); 2016, 2017 («Lokomotiv»)

Anvar Soliyev

12 marta

1996 («Navbahor»), 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007, 2014, 2015 («Paxtakor»); 2008, 2009, 2011 («Bunyodkor»)

Server Jeparov

9 marta

2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007 («Paxtakor»); 2008, 2009 («Bunyodkor»); 2016 («Lokomotiv»)

Gochquli Gochquliyev

7 marta

2002, 2003, 2004, 2005 («Paxtakor»); 2008, 2009, 2010 («Bunyodkor»)

Kamoliddin Tojiyev

7 marta

2002, 2003, 2004, 2005, 2007, 2014, 2015 («Paxtakor»)

Eldor Magdeev

6 marta

2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007 («Paxtakor»)

Marat Bikmayev

5 marta

2002, 2003, 2004 («Paxtakor»); 2016, 2017 («Lokomotiv»)

Asror Aliqulov

5 marta

2003, 2004, 2005, 2006, 2007 («Paxtakor»)

Xayrulla Karimov

5 marta

1996 («Navbahor»); 2008, 2009, 2011, 2013 («Bunyodkor»)

Anzur Ismoilov

5 marta

2003, 2004, 2005, 2006, 2007 («Paxtakor»)

Sergey Lebedev

4 marta

1992, 1993, 1994, 1995 («Neftchi»)

Rustam Do‘rmonov

4 marta

1992, 1993, 1994, 2001 («Neftchi»)

Islom Inomov

4 marta

2004, 2006, 2007 («Paxtakor»); 2011 («Bunyodkor»)

Zayniddin Tojiyev

4 marta

2002, 2003, 2004, 2006 («Paxtakor»)

Viktor Karpenko

4 marta

2008, 2009, 2010, 2011 («Bunyodkor»)

Jasur Hasanov

4 marta

2008, 2009, 2010, 2013 («Bunyodkor»)

Shuningdek... Shavkat Salomov - 3 marta (2008, 2009, 2011 - «Bunyodkor»), Aleksey Nikolayev - 3 marta (2003, 2004, 2005 - «Paxtakor»), Pavel Bugalo - 3 marta (1992, 1998 - «Paxtakor»; 2008 - «Bunyodkor»), Rivaldo - 3 marta (2008, 2009, 2010 - «Bunyodkor»), Aziz Haydarov - 3 marta (2008, 2009, 2010 - «Bunyodkor»), Aleksandr Geynrix - 3 marta (2002, 2005, 2007 - «Paxtakor»), Stanislav Andreev - 3 marta (2007, 2012, 2014 - «Paxtakor»), Igor Sergeev - 3 marta (2012, 2014, 2015 - «Paxtakor»), Aleksandr Lobanov - 3 marta (2012, 2014, 2015 - «Paxtakor»), Mirjalol Qosimov - 3 marta (1998, 2002, 2003 - «Paxtakor»), Ravshan Bozorov - 3 marta (1992, 1993, 1994 - «Neftchi»), Oleg Shaskix - 2 marta (1992 - «Paxtakor»; 1996 - «Navbahor»), Ja’far Irismetov - 2 marta (2000 - «Do‘stlik»; 2003 - «Paxtakor»), Odil Ahmedov - 2 marta (2006, 2007 - «Paxtakor»), Anvar Berdiyev - 2 marta (2001 - «Neftchi»; 2013 - «Bunyodkor»).

Bilasizmi?

Ayni payt «Bunyodkor» yoshlar jamoasiga ustozlik qilayotgan Shuhrat Maqsudov faqat 1992 yili mamlakat chempioni bo‘lgan va 6 marta (1993, 1996, 1997, 1998, 1999, 2000 yillar) vise-chempion maqomi bilan cheklangan.

1999 yilning 28 iyul kuni Yevropa Chempionar Ligasida gol urgan ilk osiyolik futbolchiga aylangan yurtdoshimiz Maksim Shaskix Kiyev «Dinamo»si bilan Ukraina birinchiligida 6 marta g‘oliblik nashidasini surgan.

«Bunyodkor» bilan 3 marta oliy liga bosh sovrinini yutgan Rivaldo Braziliyada 1 marta, Ispaniyada 2 marta va Gresiyada 3 marta chempionlikni tantana qilgan.

Lionel Messi va Janluiji Buffon 8 martadan, Krishtianu Ronaldu esa atigi 5 marta mamlakat chempioni bo‘lishgan, Stiven Jerrard hisobida esa milliy birinchilik oltin medali yo‘q.

Dovudxon AKRAMOV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 14:36, 03.01.2018.
O'qildi: 17463 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.