Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Umid Ahmadjonov: «Afsuski, so‘nggi yillarga kelib yurtimizda futbol tizimi butunlay izdan chiqib ketgan»

Umid Ahmadjonov: «Afsuski, so‘nggi yillarga kelib yurtimizda futbol tizimi butunlay izdan chiqib ketgan»

Baho:
+ | -

— Sizni O‘zbekiston milliy Olimpiya qo‘mitasiga rahbar bo‘lib tayinlashingiz haqidagi xabar internet saytlarida tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimiz tomonidan turlicha fikrlar bildirila boshlandi. Jumladan, aksariyat sport ishqibozlari bir odamning ikki tashkilotga rahbarlik qilishi avvalgidek “eski hammom, eski tos” bo‘lib qolmaydimi degan mazmunda xavotir bildirishmoqda. 

—  Avvalo, meni ushbu lavozimga munosib ko‘rgan davlatimiz rahbariga yuksak ishonchlari uchun cheksiz minnatdorlik izhor etaman. Zimmamga qanday mas’uliyat yuklanganligini juda yaxshi his etib turibman, shunday ekan, Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlash uchun ikki karra kuch va g‘ayrat bilan ishlashga tayyorman.

Savolingizga keladigan bo‘lsak, ikki tashkilotga rahbarlik qilishim bu vaqtinchalik bo‘lib, joriy yilning 25 yanvarida O‘zbekiston futbol federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tadi va unda tashkilotga yangi rahbar saylanishi kutilmoqda. Demakki, futbol federasiyasida rahbarlik vakolatimni topshiraman. Ammo bu futboldan butunlay ketaman degani emas. Chunki o‘zbek futbolida boshlab qo‘ygan bir qator yangi loyiha va rejalarimiz bor, ularni nihoyasiga yetmazmay turib ortga chekinish adolatdan bo‘lmaydi.  

Xabaringiz bor, biz Milliy chempionatimiz formatini butunlay  o‘zgartirib, eng avvalo, Super Liga va Pro Liga musobaqalariga asos soldik. Bundan boshqacha yo‘l tuta olmasdik, boisi o‘zbek futboli allaqachon islohotlarga muhtoj edi. So‘nggi bir necha yil davomida milliy chempionat o‘yinlari, hattoki eng keskin va murosasiz ruhda kechadigan derbi o‘yinlariga ham muxlislarning tashrifi keskin kamayib ketgani xaqida ko‘p gapirildi, ammo aytingchi, ishqibozlarni yana stadionlarga qaytarish borasida qanday amaliy ishlar qilindi? Hech qanday! 

Chempionat formatini o‘zgartirib biz birinchi navbatda jamoalar orasida kuchli raqobat yuzaga keltirishni, har bir o‘yin finalga teng bahsga aylanishini maqsad qilgandik. Chunki o‘z o‘zidan ma’lumki Super Ligada klublar soni kamaygach elitada faqat respublikamizning eng sara futbolchilari, kuchlilar safida o‘ynashga munosib bo‘lgan eng iqtidorli yoshlar to‘p surishadi. Har bir ochko oltinga teng bo‘ladigan chempionatda esa o‘z o‘zidan futbolning noxush illati — kelishilgan o‘yinlar barham topadi.

Shu paytga qadar chempionat o‘yinlari noyabr oyida yakuniga yetgach, futbolchilar yangi mavsumga qadar 2-3 oy mobaynida dam olishgan. Yevropa milliy chempionatlarida ta’tillar shuncha davom etishini tasavvur qila olasizmi? Axir shuncha payt mashg‘ulotlar va o‘yin amaliyotisiz qolgan futbolchidan yangi mavsumda qanday natija kutish mumkin? Ana shu jihatlarning bari milliy chempionatimiz saviyasi yil sayin tushib borishiga olib kelgan. 

Biz joriy yildan boshlab  mavsum start olishidan avval futbolchilar jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha test normativlarini topshirish amaliyotini joriy qildik. Dastlabki sinovlarning o‘ziyoq bizning futbolchilarning asl jismoniy imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi. Agar testdan o‘tgan futbolchilar sonini foiz hisobida oladigan bo‘lsak, bor yo‘g‘i 12 foiz sportchilar normativlarni topshira olishdi. Axir bu dahshat emasmi? 

Butun dunyoda qo‘llaniladigan ushbu amaliyotdan ba’zi murabbiylar hattoki norozi bo‘lishdi, chunki o‘z futbolchilari imkoniyatlarini yaxshi bilishar edi-da. Aynan shu normativlar bizga asl xaqiqatni ko‘rsatib berdi. 

O‘zbek futboli taraqqiyoti yo‘lida joriy etayotgan yangiliklarimiz albatta, bular bilan cheklanib qolmaydi. Men hozir sizga faqatgina ularning ayrimlari xaqida aytib o‘tdim. Ishonchim komilki, ishni to‘g‘ri tashkil qilsak, barcha o‘ylagan rejalarimizni amalga oshirsak, muxlislar o‘z o‘zidan stadionlarga qaytishadi. Ularni har qanday ko‘ngilochar tomosha yoki lotereyalar bilan stadionga majburlash shart emas. Haqiqiy muxlis faqat chiroyli futbol ko‘rish uchun arenaga keladi.

Shuni aytishim mumkinki, Milliy olimpiya qo‘mitasini ham jiddiy islohotlar kutib turibdi. Biz nafaqat qo‘mitani, balki yurtimizda butun Olimpiya harakati va shu orqali sport taraqqiyoti, uni yanada rivojlantirish va ommaviyligini oshirishning yangi mexanizmini ishlab chiqamiz. Bu borada kechayu kunduz tinmay mehnat qilishga tayyorman. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

— Qo‘mita oldiga 2020 yilda Tokioda o‘tkaziladigan Olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etish vazifasi qo‘yildi. Bilasiz, “Rio — 2016”dagi natijalarimiz Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu raqamni zabt etish uchun qo‘mita qanday ishlarni amalga oshiradi?

— Albatta, Kunchiqar yurtda Rio-de-Janeyroda erishgan natijalarni takrorlash oson bo‘lmaydi. Ammo biz nafaqat o‘sha yutuqlarni qaytarish, balki undan-da ko‘proq sovrinlarga ega chiqishni istaymiz va buning uchun bor imkoniyatni ishga solamiz. Axir yana qaysi mamlakatda davlat rahbari bizdagi kabi sportni rivojlantirishga, uning taraqqiyotiga e’tibor qaratadi?! Shunday ekan, bunday yuksak ishonch va e’tiborni oqlash uchun ham Tokio — 2020 Olimpiya o‘yinlarida eng yuksak marralarni ko‘zlaymiz va albatta, o‘z maqsadimizga erishamiz. 

Aslida XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik allaqachon boshlab yuborilgan. Bu borada bizga muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2017 yilning 9 mart kuni imzolangan “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yilda Tokio (YAponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori keng imkoniyatlar yaratib berdi. Ana shu hujjat asosida ishlab chiqilgan Dasturga ko‘ra Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda. 

Biz yaqin orada O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi bilan qo‘shma qaror imzolaymiz va unga ko‘ra respublikamizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan barcha Olimpiya zaxiralari kollejlarini nazoratga olamiz. Aslida Olimpiya zaxiralari kollejlari terma jamoalar bazasi sifatida ishlashi kerak. Yurtimizning eng iqtidorli sportchi-yoshlari ana shu o‘quv maskanlarida kamol topishadi. Shunday ekan, ushbu maskanlarga kirish imtihonlaridan tortib, uning samarali faoliyat ko‘rsatishi, terma jamoalarimizga munosib nomzodlar yetkazib berishi bizning jiddiy nazoratimizda bo‘ladi. Ishonchim komilki, bu qilinayotgan ishlar yaqin kelajakda o‘z mevasini beradi.

Shuningdek, joriy yilning avgust oyida Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XVIII Osiyo o‘yinlari ham sportchilarimiz uchun jiddiy sinov bo‘lib, aynan mazkur musobaqada murabbiylarimiz terma jamoalarimiz a’zolarining imkoniyatlarini yana bir bor chamalab olishadi.       

— Bugun dunyoda sportchilarning doping-tekshiruvlardan o‘ta olmasligi ko‘plab muammolarni keltirib chiqarayapti. Masalan, Rossiya Federasiyasi shu sabab tufayli yirik sport musobaqalaridan chetlashtirilayapti. Qolaversa, oradan 5-6 yil o‘tgandan keyin ham bizning ayrim sportchilarda doping qo‘llagani aniqlanayapti. Umuman, dopingdan chekinish uchun nimalar qilish kerak? 

— Albatta, sportda dopingga qarshi kurash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri. O‘zbekiston sog‘lom sport tarafdori. Biz Butanjahon antidoping agentligi (WADA) bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. O‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlik doirasini kengaytirish maqsadida kelasi oyda nasib qilsa WADAning bosh qarorgohi joylashgan Kanadaning Monreal shahriga xizmat safari uyushtiraman. Butunjahon antidoping agentligi rahbarlari bilan uchrashuvda ko‘pgina masalalar yuzasidan fikr almashishni rejalashtirganmiz. 

Milliy olimpiya qo‘mitasida ham alohida shifokorlar guruhini tashkil etmoqdamiz. Ular nafaqat sportchilar salomatligi, ovqatlanish rasioni, ta’qiqlangan preparatlar haqida ma’lumotlar beradi, balki federasiya va assosiasiyalarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu masalada muntazam o‘quv-seminarlar o‘tkazib borishadi.     

— Babayan o‘zbek futbolidan chetlatildi. Unga berilgan jazo shuning o‘zimi? Yoki yana qandaydir choralar ko‘riladimi? Masalan, bugun ishni rasvo qilgan rahbarlarning oyligi, vazifasini suiiste’mol qilib topgan boyligi davlatga qaytarilayapti...

— Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tishni xohlardimki, Samvel Babayanning futboldan chetlatilishi, ushbu sohada turli qing‘irliklar bilan shug‘ullangan, faqat o‘z manfaatini o‘ylab futbol orqasidan kun ko‘rib kelayotgan ayrim shaxslarga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib xizmat qilishi lozim. Babayanning “Paxtakor” klubi boshqaruvida va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida amalga oshirgan turli qing‘irliklari bizga ma’lum. Biz o‘z vakolatimiz doirasida, o‘rnatilgan tartibda  O‘zbekiston futbol federasiyasi ustavidan kelib chiqib, uni futbol faoliyati bilan shug‘ullanishdan bir umrga chetlashtirdik. Shu bilan birgalikda, uning hujjatlari va materiallarini prokuraturaga topshirdik. Babayan ishi bilan bundan buyog‘iga prokuratura xodimlari shug‘ullanishadi va uning aybi to‘liq isbotlansa, u qonun oldida, albatta, javob beradi.   

Afsuski, so‘nggi yillarga kelib yurtimizda futbol tizimi butunlay izdan chiqib ketgan. Murabbiy va hakamlarni qo‘ya turaylik, yurtimizda “futbol atrofidagi shaxslar” paydo bo‘lgan. Garchand sohaga hech qanday aloqasi bo‘lmasa-da, mas’ul rahbarlarning e’tiborsizligidan foydalanib vositachilik bilan shug‘ullangan. Ular asosan jamoalar o‘rtasida kelishilgan o‘yinlarni tashkil etishda, kerakli natijaga erishish uchun hakamlar bilan kelishishda, futbolchilarning boshqa klubga transfer qilinishida, yosh futbolchilarning yoshini sun’iy ravishda kichraytirishda  “jonbozlik” ko‘rsatishgan. Aynan shunday illatlar tufayli yurtimizda futbol tizimi yillar davomida izidan chiqib ketgan. 

Bizda ana shunday “futbol atrofidagi shaxslar”ning bir nechtasi haqida ham ma’lumot bor. Futbolimizni ana shunday illatlardan tozalamas ekanmiz, jahon chempionatiga chiqish bizga armon bo‘lib qolaveradi.

P/S: Mazkur suhbat Umid Ahmadjonovning “Real Madrid” klubi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazishi uchun Ispaniyaga ketishidan avval uyushtirildi.

Manba: xs.uz
Kiritildi: 18:25, 24.01.2018.
O'qildi: 5742 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.