Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Gari Lineker: «JCHdagi gol – mislsiz ehtiros»

Gari Lineker: «JCHdagi gol – mislsiz ehtiros»

Baho:
+ | -

Xabaringiz bordir, Angliya futboli tarixidagi afsonaviy hujumchilardan biri Gari Lineker JCH-2018 final bosqichiga qur’a tashlash jarayonida boshlovchilik rolini munosib bajardi.

Yaqinda FIFA.com sayti muxbirlari 1986 yilgi mundial «Oltin butsa»si laureati bilan alohida uchrashib, uning aynan jahon chempionatlariga bog‘liq xotiralariyu, bo‘lajak futbol forumi xususidagi fikrlariga qiziqishdi. Linekerning aytishicha, JCH-2018da Angliya terma jamoasidan munosib natija kutish mumkin.

Ayniqsa, joriy mavsum goleadorlik qobiliyatini to‘la-to‘kis namoyish etayotgan Garri Keyndan umid katta. O‘z o‘rnida aytish kerak, Gari Lineker futbolchilik faoliyatida o‘ziga xos nozik uslubi bilan ajralib turardi. U shuning barobarida raqib jarima maydonidagi vaziyatni to‘g‘ri baholashi evaziga ko‘p gol urardi.

Angliya futboli faxri ayni payt Britaniya sport matbuotida taniqli kishilardan biri hisoblanadi. Muhimi, «Lester», «Tottenxem» va «Barselona» klublari sobiq hujumchisi hamon omma e’tiborida.

- O‘z intervyularingizda bolaligingizdan jahon chempionatiga katta qiziqish bilan qaraganingizni ko‘p bora ta’kidlagansiz. Shu ma’noda aytsak, Meksika-86 mundialidagi ishtirok faoliyatingizdagi eng yorqin xotiralarni taqdim etgan bo‘lsa kerak...

- Albatta. Tarkibdan joy olganimni eshitgach, qanday holatga tushganim hamon yodimda, ammo buni so‘z bilan ifodalab berolmayman.

Tushunarliki, futbol olamining asosiy turnirida qatnashish har qanday o‘yinchi uchun orzu sanaladi. Meksika xotiralariga kelsak, biz juda noqulay ob-havo sharoitida o‘ynagandik.

Deylik, Monterrey shahrida havo harorati 43 daraja issiq edi. Shunchaki, dahshat - mislsiz jazirama. Afsonaviy «Asteka» maydoniga tushganimizda esa, o‘zimizni yo‘qotib qo‘yishimizga sal qolgandi. Ajib muhit, betakror manzara.

- O‘sha jahon chempionatida 6ta gol urgansiz, ulardan qay biri xotirangizda alohida muhrlangan? Ya’ni eng muhimini ajratib ko‘rsata olasizmi?

- Ehtimolki, eng muhimi, Polsha terma jamoasiga qarshi bahsda urgan birinchi golimdir. Axir debocha gol bo‘lmaganida, balki boshqalari ham yuzaga kelmasmi-di...?

Boz ustiga, Meksikaga yo‘l olishdan oldin Angliya termasi safida bir necha o‘yin davomida raqiblar darvozasiga yo‘l topolmagandim. Shuning uchunmi, bosim bor edi, hattoki, tarkibdagi joyim xavf ostida qolgandi. Kamiga yomon start (inglizlar dastlabki 2ta o‘yinda 1 ochko olishgandi) qo‘shimcha mushkulotlar tug‘dirgandi.

Demakki, o‘zimni o‘nglab olish uchun bitta aniq zarbaga suv va havodek ehtiyoj sezganman. Tabiiyki, goldan so‘ng yelkamdan tog‘ ag‘darilganini his qilganman, o‘z salohiyatimga ishonch ortgan.

Qisqasi, birinchi gol mundialdagi yo‘limga yorug‘lik bag‘ishlagandi. Shu tariqa yana bir necha daqiqalardan keyin polshaliklar darvozasini ikkinchi marta ishg‘ol qilgandim. Yakunda «xet-trik»ka erishganman.

Ochig‘i, o‘sha damda xuddiki, o‘zga dunyoga tushib qolgandek yengil tortgandim. Xullas, birinchi gol bo‘lmaganida, mundial men uchun mutlaqo boshqacha davom etardi...

- Oradan 4 yil o‘tib, jamoangiz Italiya-90 mundiali yarim finalida bo‘lajak chempion - Germaniya termasi bilan to‘qnash kelgan va unda chin qahramon bo‘lishingiz hech gap emasdi (Lineker o‘yinning so‘nggi daqiqalarida hisobni tenglashtirgan, shuningdek, penaltilar seriyasida ham gol urgan, ammo inglizlar yakunda yutqazishgan - 3:4). O‘sha uchrashuvdagi golingizni qanday ta’riflaysiz?

- Aslida Italiyada bizni ikkinchi darajali favoritlar qatorida qabul qilishgan. Bundestim esa g‘oliblikka yaqqol da’vogarlardan biri edi. Qolaversa, nemislar yarim final o‘yiniga qadar bizga nisbatan bir kun ko‘p dam olish imkoniyatiga ega bo‘lishgandi.

Esimda, nimchorak va chorak final o‘yinlarida rosa qiynalgandik. Ya’ni tegishlicha Belgiya va Kamerun termalariga qarshi uchrashuvlarda 120 daqiqadan to‘p surishimizga to‘g‘ri kelgan. Xullas, yarim finalgacha obdon charchagandik, shunga qaramay, kuchli raqibga munosib qarshilik ko‘rsatish uchun kuch topganmiz.

Rostini aytsam, hisobni tenglashtiruvchi golni qanday urganimni tushunmaganman. Ammo keyinchalik televizor orqali hammasi qanday ro‘y berganini ko‘p bora tomosha qilganman. Pol Parker to‘pni uzoq masofadan kuchli zarba bilan oldinga yo‘naltirganidan keyin u menga qulay tarzda yetib kelgach, shunchaki, chap oyog‘im sonini ishga solganman.

Tan olaman, odatda asosan o‘ng oyoqda zarba berardim va ikkinchisi bilan aytarli hech narsa qilolmasdim. Lekin o‘sha lahzada qandaydir ichki nido menga kuch bag‘ishladi: «Bo‘l, tepmaysan-mi?» Vaholanki, darvozagacha masofa ancha uzoq edi. Qaytaraman, o‘sha lahzada nima bo‘lganini tushunmagandim.

Faqat zarbamdan so‘ng to‘p kimningdir oyoqlari orasidan o‘tib ketganini ko‘rganman, xolos. Keyin tribunalarda birdan kuchli hayqiriq ko‘tarilgach, to‘p darvozaga kirganini angladim.

Qiyosi yo‘q hissiyot... Afsuski, yakunda biz penaltilar seriyasi bo‘yicha yutqazdik va ajoyib hissiyotlar alam bilan qorishib ketdi. Ammo o‘sha sehrli vaziyatni hamon zo‘r entikish bilan esga olaman.

- Ha, to‘p darvozaga tushganini bilganingizdan keyin nechog‘li ehtirosga berilganingizni tasavvur qilish qiyin emas...

- Menimcha, o‘sha ehtiroslarni umrim oxiriga qadar unutmasam kerak. Axir JCHdek turnirning yarim finalida, eng muhim pallada chiroyli gol urish har kuni ham nasib etavermaydi. Umuman, chindan ham, muhim gollar ortidan keladigan ehtirosni so‘z bilan ifodalash mumkin emas.

Bunday vaqtda go‘yoki, portlab ketasiz. Bu oddiy xursandchilik yoki ehtiros emas, balki yengil tortish, osmon qadar yuqorilashdir. Ayniqsa, jamoangiz 0:1 hisobida yutqazayotgan bo‘lsa va golingiz tufayli o‘yinga qaytsangiz...

Muxlislar jahon chempionatidagi har bir gol qadrini juda yaxshi bilishadi. Menimcha, o‘sha yarim finalda urgan golimning qadri ikki hissa baland bo‘lsa kerak.

- Rossiya mundiali-2018dan nimalar kutyapsiz, Angliya termasi imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Garri Keyn umidlarni oqlay olarmikan?

- Garrining ajoyib to‘purar sifatida gavdalanayotgani ayni muddao. Ishonamanki, u milliy jamoada katta rol bajaradi. Gap chinakam iqtidor va serqirra hujumchi haqida ket-yapti. Garrining ayniqsa, maydonning turli nuqtalaridan gol urayotgani quvontirmoqda.

Deylik, jarima maydonchasi tashqarisidan ham yaxshigina zarba yo‘llay oladi, havodagi kurashlarda chaqqon. Muhimi, vaziyatni to‘g‘ri baholaydi va munosib pozisiya tanlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, yaqqol zaif tomonlari yo‘q. Menimcha, Angliya termasi bunday ideal hujumchi bilan ko‘p narsalarga da’vo qilishi mumkin. Xullas, Keyn mundialga hozirgi yaxshi sport formasida kirib borsa, bas.

- Keynni Angliya terma jamoasining qaysi sobiq hujumchisi bilan taqqoslash mumkin, sizningcha?

- Angliya futboli uzoq yillar davomida munosib goleadorlari bilan alohida maqtalgan. Shaxsiy fikrimcha, Keyn o‘yin uslubi bo‘yicha ko‘proq Alan Shirerni esga solmoqda.

Tezligi, bosh bilan gol urish va uzoqdan zarba yo‘llash  qobiliyati - hammasi Shirernikidek. Asosiy o‘xshashlik - serqirra harakat...

Gari Lineker JCH-86da 6ta gol urib, bosh to‘purarga atalgan «Oltin butsa» sovrini sohibiga aylangan. U chempionat doirasidagi 3ta o‘yinda o‘zini ko‘rsatgandi.

Ya’ni guruh bosqichida Polsha termasi bilan bahsda «xet-trik»ka erishgan futbolchi 1|8 finalda paragvayliklar darvozasini ikki bora nishonga olgan.

Shuningdek, chorak finalda Argentina termasiga qarshi o‘yinda 1ta gol urgan. O‘sha mundial qahramoni - Diyego Maradona 5ta golga mualliflik qilgandi. JCH-90da esa Lineker o‘z hisobiga 4ta gol yozib qo‘ygan.

Linekerning tvitterdagi shaxsiy sahifasiga nazar

57 yoshli sobiq hujumchi teleekspert sifatida «o‘tkir» tili bilan e’tiborga tushdi. Uning eng «yorqin» izohlaridan tuzilgan «guldasta»ga qarab, o‘zingiz baho berishingiz mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurash uchun yo‘naltirilgan vositalar haqida

- Jahon chempionatida qo‘llanilgan tezda yo‘qolib ketuvchi sprey juda yoqdi. Qiziq, uni Zepp Blatterning o‘ziga nisbatan ishlatsak, nima bo‘larkin? Ish berarmikin?

CHL-2013|2014 1|8 finali doirasidagi «Barselona» - «Manchester Siti» o‘yini (2:1)dan so‘ng

- Messiga qarab, naqadar noshud bo‘lganimni anglayapman!

«Tottenxem» hujumchisi Roberto Soldado

5 metrdan gol urolmaganidan so‘ng

- Rahmat, Soldado, sen tufayli uncha noshud bo‘lmaganimni angladim.

Ueyn Runi Angliya terma jamoasi uchun 46-golini urganidan so‘ng (Lineker hisobida 48ta gol bor).

- TEZKOR XABAR: Ueyn Runi hozirgina xalqaro faoliyatini yakunladi (Runi keyinchalik terma jamoa to‘p-urarlari ro‘yxatida Linekerdan o‘zib ketdi, baribir)...

 O‘z quloqlari haqida (Lineker 3 yil oldin CHL yarim finali - «Real» va «Bavariya» o‘rtasidagi o‘yin davomida agar madridliklar 1:0 hisobini saqlab qolishsa, jarrohlik amaliyoti vositasida quloqlarini boshiga «yopishtirib» olishini aytgan va yakunda natija o‘zgarmagandi)

- Janob jurnalistlar! Iltimos, Garet Beyldan shaxsiy lori telefon raqamini olib bersanglar. Juda zarur!

Aqlga sig‘mas voqea haqida

- Agar «Lester» chempionatda g‘olib chiqsa, keyingi mavsumda birinchi Match of the day ko‘rsatuviga bitta trusaning o‘zida chiqaman (xuddi shunday qildi).

Aqlga sig‘mas voqea-2 haqida

- Agar «Lester» chempionlik maqomini himoya qilsa, keyingi mavsumda birinchi Match of the day ko‘rsatuvini qip yalang‘och holda olib boraman, Alan Shirer va Ian Rayt esa qamchi bilan chiqishsa ham mayli...

Angliya terma jamoasining Yevro-2016dagi omadsizligi haqida

- Angliya termasi tarixida bundan og‘riqli mag‘lubiyat yo‘q. Biz futbolchilardan ko‘ra, vulqonlari ko‘p mamlakat jamoasiga yutqazib o‘tiribmiz.. Islandlar zo‘r o‘ynashdi.

Angliya terma jamoasining JCH-2018 saralashidagi ishtiroki haqida

- Doimiy g‘alabalarga g‘arq bo‘lishga tayyormisiz? Biz - yangi Germaniya...

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:17, 05.02.2018.
O'qildi: 2397 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.