Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Andijonda futbol tizimi endi tubdan o‘zgaradi

Andijonda futbol tizimi endi tubdan o‘zgaradi

Baho:
+ | -

O‘zbekiston futbol assosiasiyasining birinchi vise-prezidenti, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Umid Ahmadjonov o‘z chiqishlarida bir necha bor o‘zbek futbolini rivojlantirish, milliy terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqish va olimpiya termamizni Olimpiada musobaqasiga yetaklash asosiy maqsadlar ekanligi haqida aytib, buning uchun allaqachon yeng shimarib ishga kirishgan.

Maqsad jiddiy, shunday ekan, ko‘zlangan vazifalarga erishish uchun Umid Ahmadjonov yurtimizda futbolning barcha bo‘g‘inini isloh qilgan holda uning nufuzini kuchaytirmasa bo‘lmasligini ta’kidlagan. Shu maqsadda O‘FAning birinchi vise-prezidenti boshchiligidagi ishchi guruh viloyatlarga chiqib u yerdagi futbolning mavqeini oshirish, ish yo‘nalishini to‘g‘ri tartibga solish uchun jiddiy qadamni tashlashgan. Bu safar ishchi guruh a’zolari 2 fevral kuni Andijonga tashrif buyurishdi.

Nima uchun Andijonda futbol fabrikasi bo‘lmasligi kerak?

Ishchi guruh a’zolari   dastlab Sho‘rbuloqdagi futbolga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo‘ldilar. O‘quv xonasida Lochin Guldayev murabbiylik qilayotgan jamoa tarbiyalanuvchilari bilan suhbatda bo‘ldi. Yaratilayotgan sharoitlar, maqsadlari qanday ekanligi bilan qiziqdi. Shu payt Umid Ahmadjonov bolalardan yiliga nechta musobaqa tashkil etib berishi haqida so‘raganida tarbiyalanuvchilar bir yilda 50 ta turnirda qatnashish istagida ekanliklarini ma’lum qilishdi. «Kim nimani xohlaydi, - deydi Umid Muhammadjonovich. - Bu yoshlar o‘qishni tugatishgach, keyin nima qilishadi, qayerga boradilar? Menga takliflar bo‘lsa aytinglar. Olimpiya terma jamoamiz Osiyo chempioni bo‘ldi. Lekin nega o‘sha chempionlar orasida andijonliklar yo‘q? Demak, qayerdadir xatolik bor. Biz umumiy tizimni ko‘rib chiqishimiz kerak. Hattoki, superligada o‘ynayotgan futbolchilarning 10 foizi ham andijonliklar emas». 

Futbol maktab-internatini ko‘zdan kechirar ekan, shuningdek, sport zalini ham kuzatdi. Ammo bolalar shug‘ullanadigan zalning sovuq ekanligi Ahmadjonovning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Darhol sport zalini isitish lozimligini va buning nazoratini Andijon viloyati futbol federasiyasining birinchi vise-prezidenti Bekzod Karimovning zimmasiga yukladi va bu haqda O‘FAga ma’lumot berib turish majburiyatini topshirdi. Ushbu futbol dargohida 10-17 yoshli bolalarning 170 nafari tahsil oladi. O‘FAning birinchi vise-prezidenti yana quyidagilarni aytdi: «10-17 yoshli bolalar o‘rtasida futbol festivallarini tashkil qilinglar. Kerak bo‘lsa boshqa viloyatlardagi futbol maktab-internatlariga 10 tadan bolani beringlar, o‘zaro tajriba almashinglar. Nega, sizlar bu yerda tarbiya olgan yosh futbolchilarni boshqa joylarga sotmaysizlar? Nima uchun ularni sotib foyda olmaysizlar?».

Maydonni ko‘zdan kechirar ekan, ixtisoslashtirilgan futbol maktab-internati direktori Nasibillo Madrahimovdan nechta ishchi xodim ishlashini so‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dargohda 60 ta shtat bor. Ammo Umid Muhammadjonovich ish o‘rinlarini boshqatdan ko‘rib chiqilishini va yangicha uslubda shtatlar tuzilishi kerakligi bo‘yicha topshiriqlar berdi. U yerga jami 170 nafar bolalar qabul qilinadi. Lekin endilikda songa emas, balki sifatga jiddiy qaralishini aytdi. Ixtisoslashtirilgan futbol maktab-internatiga yillik byudjet sifatida 1 milliard 800 ming so‘m ajratiladi. Endi ushbu mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlagan holda oylik maoshlarini ham qayta ko‘rib chiqilishini ta’kidladi. «Bu yerdagi 170 nafar bolaning hayotiga javobgarmiz. Ammo biz songa qarab ishlamasligimiz kerak. Biz faqat sifatga jiddiy e’tibor beramiz. Endi o‘z aravamizni o‘zimiz tortaylik. Qachongacha hokim pul berarkin deb qarab o‘tiramiz? Braziliyani futbol fabrikasi deyishadi. Nima uchun o‘zimizda ham futbol fabrikasi bo‘lmasligi kerak? - deb ta’kidladi Ahmadjonov. 

«Andijanka» Superligaga qaytarildi

Navbatdagi manzil «Sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi» bo‘ldi. U yerda bir qator sport turlari faoliyat olib boradi va shu bilan birga «Andijanka» ayollar futbol jamoasining bazasi hamda mashg‘ulot maydoni xam ushbu sport maktabida joylashgan. Ahmadjonov mashg‘ulot o‘tkazayotgan Orif Mamatkazin bosh murabbiylik qilayotgan jamoa a’zolari bilan uchrashdi.

Mashg‘ulot maydonining talabga javob bermasligi Umid Muhammadjonovichni g‘azablantirdi va darhol  maydonning sifatini yaxshilash yuzasidan sport maktabi direktoriga tanbeh berdi. «Andijanka» jamoasi esa pro-ligada ishtirok etmoqda. Ahmadjonov o‘z nomi va tarixiga ega bo‘lgan jamoaning o‘rni superligada bo‘lishini aytib, shunday dedi: «Andijanka» jamoasining o‘zbek futbolida o‘z o‘rni va mavqei bor. Mayli, bu safar reglamentga o‘zgartirish kiritamiz va yangi mavsumda superligada 12 ta emas, 14 ta jamoa ishtirok etadi. «Andijanka» jamoasi ham superligada qatnashadi. Lekin sizlar chempion bo‘lishga va’da beringlar».

Muxlislar bilan uchrashuv

Qilichbozlik sport majmuasini ko‘zdan kechirganidan keyin delegasiya a’zolari «Sog‘lom avlod» stadioniga tashrif buyurishdi. U yerda fan-klub a’zolari mehmonlarni olqishlar bilan kutib oldilar. «Andijon» klubini superligaga olib chiqamizmi? - deydi Ahmadjonov. - Mana, viloyat futbol federasiyasi va klub rahbariyati barcha muxlislarning oldida jamoani superligaga qaytarishga va’da berishyapti. Bilasizlar, superligada oldindan 12 ta klub qatnashishini tasdiqlab bo‘lganmiz. «Andijanka» jamoasini reglamentni buzib bo‘lsa-da, superligaga chiqardik. «Paxtakor», «Nasaf», «Bunyodkor» kabi jamoalardan futbolchilarni olinglar. Hozirgi tarkibdagi o‘yinchilar bilan «Andijon»ni superligaga olib chiqa olasizlarmi? Muxlislarni ham eshitinglar, bular kimlarni xohlashadi? Eshitgan bo‘lsanglar, 25 mart kuni Osiyo chempionlarining Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinini Andijonda o‘tkazamiz. Biz buni Andijon xalqi uchun qildik. Xudo xohlasa, o‘sha kuni hammamiz birgalashib, shu stadionda terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlaymiz. 

«Andijon» jamoasining fan-klub raisi Nodirbek To‘ychiyev «U.Ahmadjonov» nomi yozilgan futbolkani esdalik sovg‘asi sifatida topshirdi. O‘FA birinchi vise-prezidenti esa andijonlik muxlislardan 10 nafarini «Nasaf»ning Osiyo Chempionlar ligasidagi safar uchrashuvlariga yuborishini aytib ishqibozlarni yanada xursand qildi. Qolaversa, Umid Ahmadjonov O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘yini oldidan bayram tashkil etish maqsadida san’atkorlar ham taklif etilishini ma’lum qildi.

Shundan keyin delegasiya a’zolari Andijon olimpiya zaxiralari sport kollejiga tashrif buyurishdi. Kunning ikkinchi yarmida O‘FAning birinchi vise-prezidenti Qo‘qonga yo‘l oldi. Bu orada esa Asqar Tolibjonov «Andijon» klubining bazasini ko‘zdan kechirdi. Kechki payt Ahmadjonov Qo‘qondan qaytib kelganidan keyin «Bog‘ishamol» mehmonxonasining anjumanlar zalida viloyat sport federasiyalari, futbol maktab-internatlari rahbarlari, umuman barcha sportga aloqador bo‘lgan shaxslar bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Dastlab viloyat hokimining o‘rinbosari Serobiddin Ismoilov yig‘ilishni boshlab berdi. Keyin esa Umid Ahmadjonovga so‘z berildi.

- Muhtaram Prezidentimizning futbolga qaratayotgan e’tibori hamda bildirayotgan fikrlari bizga qo‘shimcha kuch va mas’uliyat yuklayapti. Andijon futboli haqida gaplashib olishimiz kerak. Chunki viloyat futbolida ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgan. Andijon xalqi futbolni nihoyatda sevishadi. Bu yerdagi yosh bolalarni ko‘rdik, hammasi kelgusida Osiyo va jahon chempionatlarida to‘p surishni orzu qilishyapti, Olimpiadalarga borishni xohlashyapti. Lekin biz ishni to‘g‘ri yo‘naltirmasak, murabbiylar haqqoniy ishlashmasa, u holda aybdor bo‘lib qolamiz. Nega superligada «Andijon» jamoasi yo‘q? Ashaddiy muxlislarni ko‘ryapmiz, biroq nima sababdan viloyatning bosh jamoasi superligada emas? Menga bir hafta ichida ko‘rilayotgan ishlar va aniq takliflarni yetkazasizlar (Bekzod Karimov va «Andijon» klubi vise-prezidenti Ma’ruf Abdisalomovga qarata). Futbol maktab-internatlari u yoki bu tashkilotga qaraydi, degan gap endi o‘tmaydi. Bu yerda aniq tizimni yaratish zarur. Davlat tomonidan ajratilayotgan pul havoga uchyapti. 170 nafar bolani qabul qilish shart emas, bu bilan bolaning hayoti bekorga o‘tib ketmasin. 

«Kelasi yili «Andijon» albatta Superligada bo‘lishi shart!»

Shuningdek, Umid Ahmadjonov viloyat futbol assosiasiyasining ishi bilan qiziqdi. Ayni paytda ushbu federasiya «Navro‘z» stadioni binosida faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Endilikda esa AVFAning yangi binoga ko‘chib o‘tishi zarurligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Shu bilan birga viloyatda talabga

javob beradigan hakamlar va murabbiylarning yetarli darajada emasligiga urg‘u qaratgan holda O‘FAning hakamlar va murabbiylar bilan ishlash bo‘limi boshliqlariga zarur topshiriqlarni berdi. «Yosh bolakaylar yiliga 50 ta musobaqa o‘tkazib berishimizni so‘rash-yapti. Demak, bir hafta muhlat ichida barcha masalani tasdiqlab yetkazasizlar, - dedi Ahmadjonov. Yana so‘zida davom etar ekan, shunday dedi: «Biz xalq ta’limi yoki boshqa tashkilotga qaraymiz degan gaplarni aytgan odamni shu zahotiyoq arizasini olamiz. Bizning davlatimiz bitta, Prezidentimiz bitta. Vatanni sevmaydimi, sportchilar orasida unga joy yo‘q. Kelasi yili «Andijon» klubi albatta superligada bo‘lishi shart! Stadionga bordik, muxlislarning jonkuyarligini qaranglar.

Barcha berilgan topshiriqlarni bir hafta muddat ichida tugatasizlar. Viloyat futboli 26 yil or-qada qolib ketgan. Milliardlab pullar bekorga ketyapti. Ertaga davlat tomonidan berilayotgan pullarga javob berishimiz kerak. Respublika federasiyasi bir yilda bir marta bularning ustidan tekshiruv o‘tkazishi kerak. Bu pullar qayerga ishlatilyapti, to‘g‘ri taqsimlanyaptimi-yo‘qmi, hammasini nazorat qilib boramiz. Darvoqe, Andijonda qanaqa tadbir o‘tkazyapsizlar? (Bekzod Karimovga qarab) Men hech qayerda bu yerda tadbirlar o‘tkazilayotgani to‘g‘risida xabarlarni o‘qimayman. Nima uchun viloyatda qilinayotgan ishlarni xalqqa yetkazmaysizlar? Mahalliy ommaviy axborot vositalari bormi, nega ularga xabar bermaysizlar? 

Bekzod Karimov esa ushbu masala bo‘yicha asosan televideniyelar bilan ishlayotganini aytdi. Ammo bunga javoban Umid Ahmadjonov yana shunday dedi: 

 

- Qanaqa televideniYE? Hech qayerda ko‘rmayapman-ku! Viloyat futbol federasiyasining matbuot bilan ishlaydigan alohida bo‘limi bo‘lishi kerak. Bizning matbuot xizmati boshlig‘i bilan doimiy aloqada bo‘lasizlar. Shuningdek, futbol maktab-internatlaridagi shtatlar jadvalini boshqatdan ko‘rib chiqish kerak. Menga viloyat futboli bo‘yicha tizimni umuman boshqatdan tayyorlab ko‘rsatasizlar».

Qolaversa, viloyat futbolida barcha taqsimlangan mablag‘lar rejali va o‘rinli ravishda ishlatilishiga ham alohida urg‘u berdi. Bundan buyon ishlatiladigan mablag‘larni O‘zbekiston futbol assosiasiyasi bilan maslahatlashib ishlatilishi borasida ko‘rsatma berdi. «Maqsad bu pullarni qisqartirish emas, shunchaki, samarali ishlatishni bilishimiz kerak, - deya so‘zini davom ettirdi Ahmadjonov. - Axir qancha mablag‘ bo‘lsa, davlatimiz tomonidan ajratilyapti. Lekin ertaga o‘sha pullarga kim javob beradi?

 Biz viloyat futboliga qancha mablag‘ ketishini taqsimlab berganimizdan so‘ng shunga qarab maqsadli ravishda ishlatiladi. Bu yerda futbolni yaxshi ko‘radigan fidoyi odam qolishi kerak, bo‘lmasa ketishi shart. Qachongacha yuramiz? 26 yildan beri jahon chempionatiga chiqa olmaymiz. Buni yana qancha kutishimiz kerak? 2020 yili Olimpiada musobaqasi, 2022 yili jahon chempionati o‘tkaziladi. Bu yil esa Osiyo      o‘yinlari bo‘ladi. Ushbu Osiyo o‘yinlarida terma jamoa safida Andijondan futbolchi yo‘qligi uyat emasmi? Shu narsani o‘zinglarga savol qilib beringlar. Viloyat futboliga yiliga 6 milliard so‘m pul ajratiladi, ammo viloyatning bosh jamoasi superligada yo‘q. Bu yerda kadrlar masalasiga ham jiddiy qaraymiz. Endi har birini qaytadan attetasiyadan o‘tkazamiz. Bu yerdagi yosh bolalarni ko‘ziga qarang, qanchalik «yonyapti». Andijon viloyatida aholi ko‘p, bu borada Respublika birinchi o‘rinda, lekin sportda oxirida. Bungacha qo‘lga kiritilgan g‘alabalar endi tarixga aylandi. Viloyat futbolidagi tizim meni umuman qoniqtirmaydi. Bu yerda noto‘g‘ri tizim o‘rnatilgan. Oddiy misol, futbolchining shartnomasini hech kim bilmayapti. Bu kulguli holat emasmi? Unisi u yoqqa, bunisi bu yoqqa ketib qolyapti deyishadi. Bechora viloyat hokimi pul topib bersinmi yoki ularning ortidan yugursinmi? - deydi Ahmadjonov.   

FIRDAVSXON

Kiritildi: 13:05, 07.02.2018.
O'qildi: 4422 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.